Barchamiz Navro‘zni katta ishtiyoq va to‘y-u tomosha bilan o‘tkazdik. Bayram bahona bo‘ldi-yu, anchadan beri aytishni niyat qilgan bir mavzuda fikr bildirishning ayni mavridi ekanini tushundik. Gap – raqs san’ati, xususan, o‘zbekcha raqs haqida.
Bilmadik, qachon va qay tarzda bu odat paydo bo‘ldi, ammo yoshlar o‘rtasida gruzincha, chechencha raqs ommalashdi. Kim shu raqs elementlarini yaxshiroq eplasa, harakatlari o‘xshasa, o‘sha yigitcha bundan g‘ururlanadigan ahvolga keldik. Yomonmi? Albatta, bir qarashda beziyon. Naqd gap shuki, biz, aslida, boshqacharoq odamlar edik, yurak hovurini aks ettiradigan juda go‘zal va noyob raqs san’atimiz bor edi. Qiziq, qayoqqa g‘oyib bo‘ldi u?
YouTube’ni ko‘ring. “Lazgi” deb qidiruvga bersangiz, yigitlar, ulfatlar shayton raqsiga o‘xshagan, umuman tushunarsiz harakatlar bilan, shahvoniy qiliqlar qo‘shib eshilayotganini ko‘rasiz. Holbuki, Xorazm san’atining gultoji bo‘lgan “Lazgi” ohanglarida haqiqiy yigitlardek, chapani, g‘ururli, beqiyos usullarga ega raqs yo‘li bor edi. Bugun u davra, to‘y-hashamlardan yo‘qolib ketgan... “Dilxiroj”ni oling, aslida, bu haqiqiy ulfatlar davrasidagi vaziyatni namoyon qiladigan raqs turi. Laganda osh ko‘tarib kiradigan yigit do‘stlarini raqsga chorlaydi, taomdan avval besh daqiqa davra qurib o‘yin ko‘rsatadi, ammo taomga gard yuqmaydi, bir dona guruch to‘kilmaydi, buning zavqiga boshqalar ham qo‘shilib raqsga beriladi... Ammo bugun “Dilxiroj” o‘zbek yigitlarining raqs uslubi sifatida deyarli yo‘qolib ketgan. Rasmiy tadbirlarda diplomli raqqoslar o‘ynaydi, qarsak chalamiz va shu bilan tugadi: salom “Lezginka”, salom kavkazcha raqs.
“Andijon polkasi” esingizdami? Orif Toshmatov kuy yaratdi, Abdug‘affor Qodirov raqs yo‘lini topdi va bu kuy, raqs misli ko‘rilmagan darajada ommalashdi. Yigitman deganning yetmish ikki suyagini o‘ynatib, vujudini yayratadigan, o‘ziga yarashadigan, usullari ham juda yarashiqli bir raqs bu. Ammo nimagadir yigitlar orasida bu raqs turiga bo‘lgan qiziqish, o‘rganish ishtiyoqi yo‘qolib qolgan. Bu kichkina masala emasligiga bir misol aytay. Yoshlar, ayniqsa, o‘smirlar doimo o‘ziga ideal qidiradi. Bugungi O‘zbekiston o‘smirlarining bu jabhadagi ideali kim? Chechenlar, dog‘istonliklar, gruzinlar va hokazo. Qisqasi, biz bolalarimizning did va ideallarini milliy o‘zanlarimizga qaratishni eplolmayapmiz.
Eng xavotirlisi nima, bilasizmi? Vaqt o‘tgani sari musiqiy tobelik, orzumandalik hayotga ko‘chadi, bolaning ideal jamiyat va ideal shaxs haqida tasavvurlari o‘sha chechen raqqos yigitlari atrofida qolib ketadi. Yo‘q, men milliy mahdudlik tarafdori emasman, lekin har ishda me’yor bo‘lishi kerak, deyman. Eslaysizmi, 90-yillarda “Breyk” yo‘nalishidagi raqs postsovet hududida shitob bilan ommalashgan edi. Jamiyat qanday bo‘lsa, uning kun tartibi ham shunday bo‘ladi, deydilar. Shu ma’noda, o‘sha tartibsiz, tushunarsiz, bachkana kunlarga mos, o‘xshash bu raqs o‘smirlar orasida keng ommalashib, go‘yo o‘sha kunlarning yoshlar hayotidagi aksi bo‘lgandi.
Bu hali hammasi emas. Oxir-oqibat 90-yillar avlodi chuqur depressiyani boshidan kechirdi, qancha yosh-yosh yigitlar terrorristlar qarmog‘iga oson ilindi, yana qanchasi sal qiyinchilik ko‘rgandayoq, xorijga ishlash va yashash uchun ketib qoldi... Bu mafkura jabhasidagi alamli mag‘lubiyat edi! Bu voqealar o‘rtasida nozik bir bog‘liqlik borligini tushungan tushunadi. Zotan, ular ildizidan beixtiyor uzilib qolgan, ota-bobolarining o‘zanidan boshqa yoqlarga nazar tashlagan avlod edilar. Bugun ham shu tendensiya izchil davom etyapti, ishoning. Musiqada, raqsda yangi trendlar paydo qilish, keyin uni muayyan hududlarga realizatsiya qilish – o‘ylangan propaganda kampaniyasining bir qismi.
Xo‘sh, biz bu kurashning qayeridamiz? Biz qaysi buloqlardan suv ichyapmiz? Ildizlardan uzoqlashmang, mayda narsalar katta ko‘ngilsizliklarning debochasidir.
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q