27-mart – Butunjahon teatr kuni!
Teatr sanʼati sintetik sanʼat boʻlgani uchun ham jamiyat hayotida – tomoshabinlarning maʼnaviy va estetik tarbiyasida muhim oʻrin tutadi. Bugungi shiddatli, kiber olamda ushbu klassik sanʼat turining oʻrni, nufuzi qay darajada. Oyina.uz muxbiri sanʼatshunos Maftuna MUHAMMADAMINOVA bilan sohaning bugungi “ob-havo”si, muammo va ogʻriqlari haqida gaplashdi.
– Tartibsiz zamonda insonlar diqqatini, vaqtini bo‘laklab olayotgan vositalar talay. Ammo shaxsdagi ma’naviy va moddiy ehtiyoj muvozanati buzilmasligi kerak. Shu ma’noda bugungi o‘zbek teatri xalqimizning ma’naviy ehtiyojini qondira olyaptimi?
– Savolingiz qisqa, lekin men uchun katta savol. Avval siz nazarda tutayotgan Shaxsning ma’naviy ehtiyojlari haqida emas, shunchaki bugungi zamon kishilarining hayot tarzi, intilishlaridan kelib chiqib, san’atning, teatrning o‘rni borasida gaplashsak. Xo‘p, moddiy ehtiyojning-ku nimaligi ma’lum. Lekin ma’naviy ehtiyoj izoh talab qiladigan tushuncha. Ya’ni, bu ehtiyoj muqarrar mavjud, lekin uning shakl-u shamoyili o‘zgarib turadi. Avval odamlar filmni kinoteatrga borib ko‘rishgan, teatrga ehtiyoj sezib atay kelishgan. Bugun hammasi boshqacha. Biz axborot asrida, texnik va kiber olamda yashayapmiz. Bu olamning qulayliklari ham, aytganingizdek, bizning vaqtimizni va diqqatimizni o‘g‘irlaydigan, chalg‘itadigan narsalar ham ko‘p. Bugun har birimizning qo‘limizda smartfonlarimiz bor. Uyida televizori yo‘q odam yo‘q hisobi. Yana shu ham muqarrarki, endi bu narsalarni cheklab, yo‘qotib bo‘lmaydi. Internet va televideniyeda hamma narsa topilsa, odamlar nega ovora bo‘lib teatrga borsin?! Rejissor Olimjon Salimovning bugun odamlarda teatrga ehtiyoj yo‘q, degan achchiq iqrorida jon bor. Qolaversa, hozirgi jamiyat g‘oyat band, tik oyoqda fast-fud yeb, tirikchilik yo‘lida yelib-yugurayotgan, teatrga hafsalasi qolmayotgan vaqti tig‘izlar jamiyati. Shunga qaramasdan teatr hali ham bor ekan, teatrsiz yasholmaydigan ijodkorlar, uni sevguvchilar borligi uchun mavjud. Lekin bu masalaning bir tarafi. Boshqa tomondan jamiyat hayotida teatrning nufuzi pasayishiga ijodiy inqirozlar sabab bo‘lgani ham bor gap. Teatr zamonaviy insonning ehtiyojini keragiday qanoatlantirolmayotgandir? Demak, teatr har jihatdan yangilanishi kerakdir? TV va internet bera olmaydigan boshqa bir taassurot bera olish qudratiga qaytishi zarurdir? Bunday kuch teatrda bo‘lgan. Bilasizmi, men ko‘plab ziyolilardan, yozuvchi-shoirlardan so‘raganman. Nima uchun teatrga borgingiz kelmaydi, deb. Ularning aksariyatidan “teatrdagi spektakllardan ko‘nglim to‘lmaydi”, “kutgan narsamni ololmayman”, “meni qanoatlantirmaydi”, degan mazmundagi javoblarni olganman. Demak, teatrlarimizning faoliyati fikrlovchi insonlarning talabiga javob berolmaydi, qay bir ma’noda ziyoli qatlamning ishonchini yo‘qotgan... Lekin, har bir teatrning o‘ziga yarasha tomoshabini bor. (Viloyatlardagi teatrlar haqida bunday deyolmayman, albatta.) Ommaga yoqayotgan spektakllarning saviyasi esa ko‘p hollarda tanqidga sabab bo‘ladi. Muqimiy teatrining taniqli rejissorlaridan biri teatrshunoslar tanqid ostiga olgan bir spektakl muhokamasida “Tomoshabin guldiros qarsaklar bilan juda yaxshi qabul qilyapti. Spektaklni biz tomoshabin uchun qo‘yamiz. Uning haqiqiy bahosini tomoshabin beradi” deganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. Sezyapsizmi, masala qayerda? Teatr odamlarning saviyasini ko‘tarishga emas, tomoshabin darajasiga moslashib borayotganida va shu holidan mamnunligida.
Teatrning ma’naviy hayotimizdagi o‘rnini, ta’sirini kengaytirish rejalarda, orzularda bor, baholi qudrat harakatlar ham to‘xtagani yo‘q. Lekin har qanday g‘oya tuyg‘uga aylansagina u kuchga aylanadi. Xuddi jadid bobolar davrida bo‘lgani kabi teatr tuyg‘uga aylanishi kerak. O‘z ahlining qalbidagi otashin tuyg‘uga.
– Repertuarlardagi aksariyat “sahna asarlari” yengil-yelpi. Tomoshabin sifatida bir g‘ashingiz kelsa, bir ne-ne aktyor, aktrisalar izi botgan sahnaga va rol ijro etayotgan iste’dod egalariga achinasiz. Bugunning tomoshabini dangasami, dramaturglar yozolmayaptimi yoki boshqa sabablar bormi? Teatr sahnalarida shov-shuv ko‘tarayotgan spektakllar nega yo‘q?
– Tafakkur qilishdan qochish, ko‘ngilochar tomoshalarga moyillik aslida insonning tabiatida bor. Shuning uchun kitobdan ko‘ra, sportning ixlosmandi ko‘p. Yoki odamlar jiddiyroq spektaklga emas, estrada xonandalarining konsertlariga tushishni afzal ko‘rishi ham bir misol. Albatta, zavq kerak odamga, lekin bu zavqqa o‘chlikni rag‘batlantiraverish bilan tomoshabinni fikrlashga noqobil qilish kerak emas. Me’yor bo‘lishi kerak. Teatrlar repertuarida ko‘ngilochar spektakllarning “yashovchan”ligiga kelsak, bu ijtimoiy sharoitning mahsuli deb o‘ylayman. Mustaqillikning dastlabki yillarida teatrlar uchun tomoshabin jiddiy muammoga aylangan. Odamlarni teatrga qaytarish uchun yengil qabul qilinadigan maishiy komediyalar qo‘yilgan. Keyinchalik repertuarlar janr jihatdan ancha rang-baranglashdi, mazmun jihatdan kengaydi. Lekin tomoshabinda o‘sha “o‘rganish” saqlanib qoldi. Yuqorida aytilganidek, teatrlar tomoshabin bilan hisoblashadi, kassabop spektakllarni qo‘yishda davom etadi. Aktyorlarga kelsak, ular o‘zi ishlayotgan teatrda shtatda turadi, maosh oladi, tanlangan asar, berilgan rol o‘ziga yoqsa-yoqmasa o‘ynaydi. Ular ham ko‘ngillarida buyuk asarlarda ajoyib qahramonlarni o‘ynash orzusi bilan yashashadi. Rejissor shunday spektaklni sahnalashtirsa va uni rolga munosib topsa – baxti, yo‘qsa nachora. Bugungi tomoshabin dangasami yo‘qmi, bilmadim-u, menga yetarlicha “to‘qdek” tuyuladi. Bu to‘qlik aktyorlarni teleekranlarda, yana tadbirlarda kun ora uchratishi, hatto to‘ylariga chaqirib olishga qobilligi ham bir sabab. Yanayam aniqrog‘i, teatrga, san’atkorlarga nisbatan odamlarning hayrati oz. Boshqa tarafdan ularning boshi turfa turmush g‘avg‘olari bilan to‘la. Jiddiy, o‘ylantiradigan, iztirob beruvchi spektakllarga toqatsizligi ehtimol shundandir. Lekin san’at uyg‘otadigan iztirob xayrli, hayotbaxsh bo‘ladi. Dunyoga mashhur bir aktyor “to‘qqizdan to‘qqizgacha ishlaydigan inson chin inson bo‘lib yuksalolmaydi. Negaki uning o‘zi, odamlar haqida o‘ylashga, suhbatlar qurib, falsafa yuritishga, rasm chizib, qo‘shiqlar aytishga vaqti bo‘lmaydi”, degandi. O‘shanday gap. Umuman, ijodkorlarni ham, tomoshabinni ham har vaziyatda tushunish mumkin. Lekin san’at yaralmayotgan joyda hech kimni oqlab ham bo‘lmaydi.
Dramaturgiya har zamonning muammosi bo‘lib kelgan. Oxirgi paytda publitsistik ruhdagi dramalar avj oldi. Bular ma’lum bir maqsadlarga xizmat qilar, lekin teatrni badiiy jihatdan boyitolmaydi. Ma’lum vaqt o‘tib sahnadan tushib ketadi. O‘tkinchi mavzularga o‘ralashib qolish ham sohani orqaga tortadi. Xo‘p, yaxshi pyesalar yozilmayotgan bo‘lsa, yozilganlari talab darajasida bo‘lmasa, teatrlarni boqadigan nasr bor, jaranggi har davrga mos klassika bor. Teatr ijodkorlarining izlanishi, rejissorlarning o‘qimishliligi ko‘p narsani belgilaydi. Teatrda birlamchi asos dramaturgiya bo‘lsa, birinchi shaxs – rejissor. Spektaklni rejissor ijod qiladi. Bizning teatrlarda kuchli rejissorlar ko‘p emas, lekin yo‘q ham emas. Bahodir Yo‘ldoshev bor edilar, Olimjon Salimov, Karim Yo‘ldoshev, Valixon Umarov, Nabi Abdurahmonov, Avliyoquli, Shomurod Yusupov, Sayfiddin Meliyev kabi taniqli rejissorlar qo‘ygan aksariyat spektakllar o‘zbek teatrini jonlantirgan. Hatto xalqaro maydonga olib chiqqan. Hozir ham teatrlarda hayot davom etyapti, ko‘rishga arziydigan spektakllar butkul yo‘q emas. Ammo eng shoh asarlar qo‘yilganida ham odamlar yopirilib teatrga kelarmikan? Bunga mening ishonchim hozircha komil emas.
– O‘zbek kinosi atrofidagi “gap”larga qulog‘imiz qotdi. Davlat muassisligidagi “proyekt”larning “filtr”ini ro‘kach qilsak, xususiy kinostudiyalar ham yamoq bo‘ladigan karomat ko‘rsatayotgani yo‘qdek. Jahon kinosiga birdek fanatmiz. Bir gal chet el xususiy teatrlariga tomoshabinlar falon pulga talashib bilet olib kirishlarini aytgan edingiz. Biznikilar eplolmayotgan “ishlab chiqarish san’ati” yoki bizga yetishmayotgan “tomoshabinlik madaniyati”ga nimalar sabab deb o‘ylaysiz?
– Yaqinda sizlarning saytingizda Shuhrat Rizayevning “Kino san’atmi yo sanoatmi?” degan maqolasi e’lon qilindi. Unda ayni shu muammolardan so‘z ochilgan, to‘g‘rimi? Sanoatdan san’atga o‘sish bo‘lish kerak. Lekin o‘zbek zamonaviy kinosining sanoatdan san’at darajasiga ko‘tarilishi ayni vaqtda qiyin kechayotgan jarayon. Xususiy sektorning kengayib borayotgani bugungi davrda normal holat. Lekin saviya, sifat masalasi har qadamda ko‘ndalang turibdi. Sababi, xususiy kinochilarning katta qismi tajribasizlar, havaskorlar. Kam xarajat qilib, yaxshi daromad ko‘rish maqsadida olinayotgan filmlarning badiiy darajasi ham shunga yarasha. Bunday filmlar kinoteatrlarda katta ekranlarga prokatga chiqarilgani bilan o‘zini oqlamay qo‘ydi. Odamlar deyarli ko‘rmay qo‘ydi. Endi unday arzon filmlarni telekanallarga sotish boshlandi. Va shu jarayonda xususiy studiyalarning seriallar biznesi avj oldi. Saviya o‘sha-o‘sha. Mediabozordagi bu munosabatlar haligacha to‘la tartibga solinmagan. Ularni efirga beradigan nodavlat kanallarning badiiy kengash, qandaydir mezonlari bor-yo‘qligini bilmayman. “Tomoshabin madaniyati” deganda o‘zimiznikilar ishlayotgan film va seriallarni ko‘rayotgan odamlarning holini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, ular ham ekranda nima bor bo‘lsa, shuni ko‘rishyapti. Tabiiyki, didi o‘tmaslashgan tomoshabin yuki bor asarlarning qiymatini bilolmaydi.
Xususiy teatrlar borasida ham xuddi shunday holat. O‘zbekistonda professional faoliyat yuritayotgan ikki-uchta nodavlat teatrni bilaman: Mark Vayl asos solgan “Ilhom” teatri, Sayfiddin Meliyevning “Turon” teatri, nemislar bilan hamkorlikda ochilgan “Silk Route” marionetka teatri. Lekin mavsumiy spektakllar ko‘rsatadigan MChJ, YaTT shaklidagi havaskor teatr studiyalar ko‘p. Men bir necha yillar avval sobiq “O‘zbekteatr” birlashmasida ishlagan paytlarimda ularning soni yigirmatadan ortiq edi. Yana ko‘paygan bo‘lishi mumkin. Lekin hali ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan, sahnalashtirilayotgan tomoshalarining saviyasini mezonlaydigan tizim yo‘lga qo‘yilgani yo‘q. Men bir muddat xorijda kuzatishga muvaffaq bo‘lganim xususiy teatrlar ustidan qattiq nazorat yo‘q, lekin ularga bosh bo‘ladigan tashkilot, muvofiqlashtiradigan tizim bor. Teatrlar o‘rtasida shunday yaxshi raqobat muhiti paydo bo‘lgan ekanki, hech bir xususiy teatrning yomon spektakl qo‘yishga haqqi yo‘q. Saviyali spektakl ko‘rsatmasa, u teatr yashab qololmaydi. Chipta narxi, uni sotish tizimi ham, tomoshabini ham shunga yarasha. Bizdagi xususiy kino va teatr studiyalar sifatga ishlashi uchun kerakli tashkiliy ishlar amalga oshirilishi va erkin muhit yaratilishi kerak. Xususiy teatr, mualliflik teatrlari ko‘paygani yaxshi. Bu ma’lum vaqtlarni talab qilsa kerak.
– Adabiyotning boshqa yo‘nalishlarida turli tanlovlar o‘tkazilib turiladi. Dramaturgiyada esa yo‘q. O‘zbekiston teatr arboblari ijodiy uyushmasi faoliyati qoniqarlimi? Davlat rahbarining e’tibori shartmi?
– Madaniyat vazirligi yilda bir marta dramatik asarlar tanlovini e’lon qilib turadi. Lekin bunday tanlov bor-yo‘qligini tizim ichidagi odamlardan boshqalar bilmaydi, ochig‘i. Nimagaki, bu tanlov yetarli daraja keng targ‘ib qilinmaydi. Bundan tashqari, o‘tkaziladigan tanlovning aniq maqsadi, nufuzi ham bo‘lishi kerak-da. Loyiha mualliflarda qiziqish uyg‘otishi kerak. Deylik, tanlov e’lon qilingach, eng yaxshi deb topilgan asarlar mualliflarini rag‘batlantirish masalasi ham muhim omil. Tanlovda g‘olib deb topilgan asar uchun muallifga rag‘bat o‘sha asarni teatrga tavsiya qilish bo‘lsa-yu, o‘sha asar qachonki sahnalashtirilgandan keyin qalam haqi berilsa, unda tanlov o‘tkazishdan ma’no-maqsad nima bo‘ladi? Pyesasini qo‘ltiqlab yurgan dramaturg tanlov deb yurmasdan to‘g‘ri rejissorlarning eshigini taqillatgani yaxshi emasmi? O‘zim kuzatganlarimga tayanib shuni ayta olamanki, mualliflarni o‘z atrofiga yig‘ib olish uchun xorijiy teatrlarning o‘zi pyesalar tanlovini e’lon qiladi. Qolaversa, turli ijodiy tashkilotlar ham xalqaro miqyosda dramaturgik tanlovlar e’lon qilishadi. Loyihalar bir madaniy bayram darajasida o‘tkaziladi. Demoqchi bo‘lganim shuki, har qaysi tanlov nomigagina o‘tkazilmasligi, mualliflarga ham, teatr uchun ham ahamiyatga ega loyiha bo‘lishi kerak. Bunday loyihalarni ijodiy tashkilotlar amalga oshirgani yaxshi. O‘zbekiston teatr arboblari esa yopilib ketgan edi. Yaqin yillarda qayta tashkil etildi. Lekin faoliyati hali to‘liq iziga tushib ketolgani yo‘q.
– Yechimini kutayotgan, ko‘nglingizga botib yuradigan muammolar, masalalar nimalar? Bu sohadan tashqaridagilar uchun ham qiziq?
– Bilasizmi, bizda jamoaviy futboldan ko‘ra shaxmat, boks, tennis kabi individual sport turlari yaxshiroq rivojlandi. San’atda ham shunaqa. Musiqa, tasviriy san’at, she’riyat ancha oldinda, teatr va kino ya’ni, jamoaviy san’at sohalarida bu borada muammolar ko‘p. Nega shunday? Buning sabablarini jiddiy o‘rganish kerak. Kadrlar masalasi, san’at ta’limi va boshqa tashkiliy-ijodiy ishlarda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar ko‘p. Teatr sohasida o‘sish-yangilanishlar bo‘lishi uchun, menimcha, ijodiy muhit yaxshilanishi kerak. Har bir teatr oldinga intilishi, izlanishi uchun festivallarning ahamiyati katta. Hozir O‘zbekistonda “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “Debyut”, Qo‘g‘irchoq teatrlari festivallari bor. Lekin ularning shakl-u mazmunini o‘zgartirish, saviyasiga katta e’tibor berish kerak. Bu loyihalar butun ziyolilarning e’tiborini teatrga qaratadigan madaniy bayramga aylanishi lozim. O‘tgan yili Alisher Navoiy asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar festivali o‘tkazildi. Lekin bu festival tor doirada, moliyaviy-tashkiliy siqiqlikda o‘tkazildi. Viloyatdan kelgan teatr ijodkorlarida boshqa teatrlarning spektakllarini ko‘rish imkoni bo‘lmadi. Mana, xalqaro teatrlar kuni munosabati bilan shu kunlarda mamlakatdagi 38 ta teatrda ochiq eshiklar haftaligi o‘tkazildi. Buni ham birov bilib-birov bilmay qoldi. Shu haftalikka teatrlarning eng yaxshi spektakllari qo‘yilib, xalq va butun madaniyat, fan, adabiyot ahli kengroq jalb etilsa, qiziqarli ijodiy loyihalar tashkil etilib, targ‘iboti ham joyiga qo‘yilsa, jarayon har jihatdan yanada qizg‘inlashardi. Bir-biri bilan ijodiy muloqot, kuzatish kam bo‘lgan muhitda yangilanish bo‘lishi qiyin. Festivallar ilhom va tajriba almashish imkonini beradi. O‘zbekistonda xalqaro festival tashkil etilishi kerak. Dunyo teatrlari bilan muloqot o‘zbek teatrini turg‘unlashib qolmasligi, o‘z qobig‘iga o‘ralib qolmasligi, ijodiy iqlimning kengayishi uchun zarur, deb o‘ylayman.
– Insonning sevgan qahramonlari o‘ziga yaqin shaxslar bo‘ladi. Eng yaxshi ko‘rgan film va spektaklingiz, qahramonlari, ularning boshqalardan farqli jihatlari haqida gapirib bersangiz.
– Ular ko‘p. Masalan, eron filmlari, Abuladze, Kim Ki Duk, Bergman, Zvyaginsev, Nuri Bilge Jeylan, o‘zimiznikilardan Yusuf Roziqov, Ayub Shahobiddinov kabi rejissorlarning ijodi menga yoqadi. Hammasi o‘ziga xos, baridan nimadir olish, o‘rganish mumkin. Ularning filmlarida inson jumbog‘i kengroq, teranroq, tabiiyroq ko‘rinadi. Ularning qahramonlari ayb-u qusurlardan xoli bo‘lmagan siz bilan menga o‘xshagan odamlar. Ammo ishonishingga, achinishingga, tushunishing va yaxshi ko‘rishingga arziydigan qahramonlar. Eronlik rejissor Muhsin Maxmalbafning “Chumolilar faryodi” degan filmi bor. Undagi qahramonlar hayotda ideallarini yo‘qotib qo‘ygan bugungi dunyoning vakillari. Shu juftlik dunyoni chir aylanib komil insonni axtarib yuradi. Oxir-oqibat mukammallik o‘zlarida ekanini anglab yetadi. Ularning ruhidagi haqiqatga yetguncha bo‘lgan evrilishlar menga o‘zgacha ta’sir qiladi negadir. Yana Bergmanning “Kuz sonatasi”, Abbos Kiorastamining “Shirin” filmi... Hammasi inson haqidagi go‘zal qissalar. Spektakllarni ham sanasak ro‘yxat hosil bo‘ladi. Mark Zaxarovning “Yunona va Avos”, B.Yo‘ldoshevning “Qora kamar”, O.Salimovning “Turna paytlari”, Valijon Umarovning “Ayolg‘u”, “Daraxtlar tik turib jon beradi” spektakllarini aytishim mumkin. Meterlink, Chexov, Tennissi Uilyams dramaturgiyasi, ular qalamga olgan qahramonlar meni doim o‘ziga tortib kelgan. O‘zimizning sevimli dramaturgimiz Sharof Boshbekovning boshqa asarlariday mashhur bo‘lmagan “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?” pyesasini alohida yaxshi ko‘raman. Asarning bosh qahramoni pyesa voqealarida yo‘q odam. Uning dunyosini ayblash ham, oqlash ham qiyin. Haddan ortiq odamiy, haddan ortiq yaxshi inson fojiasi haqida asar u...
– Teatrlarda katta avlod vakillarining asarlari qo‘yiladi, nega yoshlar ijodi ko‘rinmaydi. Uzilishning sababi nima? Yoki bu sohada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘qmi?
– Yuqorida aytilganidek, ko‘p narsa ijodiy muhitga bog‘liq. Muhitda nosozlik bordirki, teatr yoshlarni atrofida ushlab qololmayapti. Ko‘ryapsiz, kino sohasidagi ozgina o‘zgarishlar, yoshlarbop loyihalarning ko‘payotgani sabab deymizmi, aksariyat yoshlar kinoga qiziqyapti, o‘zini kinoga uryapti. Chunki u yerda o‘z kelajagini ko‘rayotgandir, non va shon topish mumkinligiga ishonayotgandir, kino bilan dunyoga chiqmoqchi bo‘layotgandir. Institutni bitirgan yoshlar yoppasiga teatrda qolishga talpinayotgani yo‘q. Yoki ko‘pga bormay, boshqa sohalarga o‘tib ketyapti. Hozir teatr atrofida yurgan yoshlar aktyormi, rejissormi, dramaturgmi, teatrshunosmi – sohadan ketmay yurgan bo‘lsa, ko‘nglida kasbiga nisbatan sevgisi borligi yoki ketadigan boshqa joyi yo‘qligidan. Men teatrda ishlayotgan ko‘p yoshlar, tengdoshlarim bilan suhbatlashaman. Ularning aksariyati “jomadon kayfiyati”da yurganini payqayman. Vaziyatga, muhitga real qaraganda men ularni qoralay olmayman. Hafsalaning pir bo‘lishi yomon. Dramaturgning shakllanishi iqtidor, bilimdan tashqari, hayotiy tajriba bilan bog‘liq. Hamma ijodkorlar kabi dramaturg o‘zini-o‘zi shakllantiradigan “samouchka” bo‘lishi kerak.
Katta avlod vakillarining ham hamma asarlari sahnada gullayapti deb bo‘lmaydi. Ularning ham necha asarlari taqdirini kutib turibdi. Yaxshi spektakl ko‘pchilikning mehnati bilan yuzaga keladi. Fikri fikringga, didi didingga mutanosib tushadigan rejissorning bo‘lishi ham muhim. Xuddi Chexov va Stanislavskiy kabi, Boshbekov va Salimov kabi.
Nargiza ODINAYEVA
suhbatlashdi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q