O‘z kuchim, bilimim va maqsadlarimga ishonishni o‘rgandim – Vengriya, Germaniya va Turkiyada tahsil olayotgan irodali o‘zbek qizlari


Saqlash
16:02 / 13.08.2025 128 0

Toshkent viloyati, Bekobod shahridagi ziyolilar oilasida besh qizning uchinchisi bo‘lib dunyoga kelgan Shohista Turdaliyeva tibbiyot kollejidagi ta'limidan keyin Toshkent davlat agrar universitetida bakalavr darajasini qo‘lga kiritgan. U ko‘p mehnati va urinishlari ortidan 2023-yil Vengriya hukumati moliyalashtiradigan “Stipendium Hungaricum” granti sovrindoriga aylangan. Hozirda Vengriyada Qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari universitetining magistratura bosqichida tahsil olish bilan birga, mamlakatdagi eng taniqli restoranlardan birida faoliyat yuritadi.

 

Shohista chet eldagi talabalik hayoti, ta‘lim va tajribasi haqida aytib berdi.

 

 

Barchasiga ulgurish uchun ba’zan kuniga 3-4 soat uxlayman

 

Vengriyadagi talabalik davrim butun hayotimni o‘zgartirdi. Bu yerda o‘zligimni angladim – asl Shohista kim, u nimani xohlaydi, hayotda haqiqiy maqsadi nima, shularni tushunib yetdim. Bolaligimdan turli qiyinchiliklarni boshdan kechirganman, bakalavrda o‘qish bilan bir vaqtda ishlar edim.

 

Odamlar ko‘pincha o‘g‘il bolalar mustaqil bo‘lib ketadi, qizlar esa bunday qila olmaydi deb o‘ylashadi. Lekin bu noto‘g‘ri tasavvur. Agar qizlar ham mehnat qilib, qat’iyat bilan harakat qilsa, o‘zini bemalol eplay oladi. Men doim muvozanat saqlashga, o‘qish va ishga teng vaqt ajratishga intilaman. Ishlash men uchun muhim, chunki bu yerga kelganimdan keyin mustaqil bo‘lishim, hatto uyga pul yuborishim kerakligini bilardim. Buning uchun ba’zida kuniga atigi 3-4 soat uxlayman, lekin imkon topganimda dam olish uchun o‘zimga vaqt ajratishga harakat qilaman – bu sog‘liq uchun juda muhim.

 

Tejamkorlik mustaqil hayotimning bir qismi

 

Vengriyada talabalarning haftasiga 30 soatgacha ishlashiga ruxsat berilgan. Men aniq soat asosida ishlamayman, ba’zida 20 soat, ba’zan esa 28-30 soatgacha ishlashimga to‘g‘ri keladi. Ish haqi va stipendiyam asosiy xarajatlarimni bemalol qoplaydi: daromadim ijara, transport, ovqatlanishga, hatto oilamga yuborish va sayohat qilish uchun ham yetadi. Lekin bu istagancha sarflay olishimni anglatmaydi. Daromadimni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilaman: ko‘chada ovqatlanmay uyda o‘zim tayyorlashga, mahsulotlarni ulgurji narxlarda olishga va keraksiz kiyimlarga pul sarflamaslikka harakat qilaman.

 

Yaxshiyam onam palov qilishni o‘rgatgan ekan

 

Vengriyaga ilk bor kelganimda, o‘zimga bir maqsad qo‘ygan edim: avval o‘qishga moslashaman, keyin ish izlayman. Ammo hayot rejalardan tezroq harakat qilishni talab qildi. Uzoq izlanishlar, rad javoblari, qisqa muddatli ishlardan so‘ng o‘zimga bir yo‘l tanladim: Budapeshtdagi barcha turk restoranlarini ro‘yxatga olib, bittalab ish so‘rab chiqaman. Shunday yurib-yurib, hozir ishlayotgan, shahardagi eng nufuzli turk restoranlaridan biriga duch keldim. To‘g‘risini aytsam, avvaliga ichkariga kirishga ham cho‘chidim. Juda hashamatli, obro‘li joy edi. Lekin o‘zimni qo‘lga oldim, restoran haqida internet orqali ma’lumot to‘pladim va ishga kirish uchun xat yozib e-mail orqali yubordim. Oradan ikki soat o‘tmay menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi: suhbatga taklif qilishdi. Shu tariqa, men bu turk restoranida tozalovchi sifatida ish boshladim. Ishim ertalab, restoran ochilishidan oldin bo‘lardi – yolg‘iz ishlayman, darslarimga xalal bermasdi. Vaqt o‘tgan sayin, oshpazlar bilan til topisha boshladim. Har kuni ishdan keyin oshpazlar bilan muloqotda bo‘lib, ishlash jarayonlarini qiziqib kuzatardim. Chunki bolaligimdan ovqat pishirishga mehrim bor edi.

 

 

Bir kun restoran menejeri “Biror taom tayyorlab ko‘rishni xohlaysanmi?”, deb so‘radi. Hayron bo‘ldim, kutmagandim. Ularga birinchi bo‘lib o‘zbek palovini pishirib berdim. U barcha ishchilarga, hatto oshpazlarga ham birdek ma’qul bo‘ldi. Keyin manti tayyorladim, bir necha shirinliklar ham pishirdim. Har safar ular mamnun bo‘lishdi. Men tayyorlagan taomlarim orqali turk oshpazlarining ko‘ngliga yo‘l topdim. Menda hech qanday rasmiy tajriba yo‘q edi, lekin ular menda qobiliyat ko‘rishdi. Vaqt o‘tib, restoran oshpazlaridan biri boshqa ishga o‘tdi. Shunda bosh menejerim menga taklif bildirdi: “Sen bizga oshpaz bo‘lib ishlasang-chi?”. Aynan shirinliklar va meva dekoratsiyasi bo‘yicha oshpazlik lavozimi edi bu. Men bunga ishonolmadim. Axir men bu joyga oddiy tozalovchi bo‘lib kirgan edim. Nufuzli restoran oshxonasida, professional oshpazlar qatorida ishlashni orzu ham qilmaganman. Bu ro‘yodek tuyulsa-da, ayni haqiqat edi. Tajribali oshpazlardan saboq oldim, doim o‘rganishga ochiq bo‘ldim va hozir restoranda aynan shu lavozimda ishlab kelmoqdaman.

 

Albatta, hayotda “qo‘limdan kelmaydi”, degan vaziyatlarim ham bo‘lgan. Bu holat, ochig‘i, tez-tez uchrab turadi. Hozir chet elda o‘qishni istayotgan yoki tayyorlanayotgan qizlarga bir gap aytaman: hech qachon sinab ko‘rishdan qo‘rqmang. Ish yoki o‘qishga hech kim mukammal bo‘lib kirmaydi. Tajriba yo‘q deyish – qo‘rquvga berilish degani. Ishga, o‘qishga kirish orqali siz o‘rganasiz. Sizga ko‘rsatma va yordam beradigan odamlar har doim uchraydi. Keyinchalik esa siz ham boshqalarga o‘rgata oladigan bo‘lasiz.

 

 

 

Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan Madina Rahimova 20 yoshida Au Pair dasturi orqali Germaniyaga kelgan. Mazkur dastur shartnomasi yakunlangach, Frankfurt shahrida Ausbildung dasturi asosida stomatologiya yo‘nalishida  ta'lim ola boshlagan.

 

Au Pair dasturi – bir yil davomida nemis oilasida yashab, oila farzandlariga qarash va uy ishlarida yordam berish davomida mamlakatning til va madaniyatini bevosita o‘rganish imkonini beradi. Oila har oy 280 yevro miqdorida cho‘ntak puli to‘laydi, yo‘l xarajatlari qoplab, til kurslariga qatnash imkoniyatini beradi. Kuniga olti soatdan ishlab, dam olish kunlari Germaniyaning turli shaharlarini sayohat qilish mumkin. Aytilganda barchasi juda oson eshitiladi, juda zo‘r imkoniyatdek tuyuladi, aslida-chi?

 

Samolyotga chiqmay turib parvozim qulagandek edi

 

Germaniyaga ilk bor ketish arafasida edim. Viza allaqachon chiqqan, yuragim quvonchdan to‘lib-toshgan, chamadonlarim yig‘ilgan, chiptam qo‘limda. Endi orzularim sari birinchi qadamni qo‘yishim kerak edi. Meni kutayotgan oila 3 nafar farzandi bor stomatologlar oilasi edi. Oila bilan har bir mayda detallargacha muhokama qilingan: bolalarning sevimli o‘yinlari, uy tartibi, til darajasi… Men bu xonadonga faqat Au-pair sifatida emas, balki yaqin inson bo‘lish niyatida borayotgan edim. Ammo bir kuni telefonimga xabar keldi. “Kechirasiz, biz boshqa qizni tanladik. Sizga omad tilaymiz!” Hamma narsa bir zumda barbod bo‘lgandek edi. “Nega?” deb o‘zimdan so‘radim. Qanday og‘riq bo‘lganini faqat orzu bilan yashagan odam tushunadi. Hali samolyotga chiqmagan bo‘lsam ham, parvozim qulagandek edi. O‘shanda tushundim: bu yo‘l orzularingni sinovdan o‘tkazadi. “Bu yo‘lni tanlaganingga achinmayapsanmi, Madina?” deb ichki ovozim so‘radi. Yo‘q, achinmadim. Bu voqea menga birinchi saboqni berdi: hech narsa kafolatlangan emas, eng ishonchli ko‘ringan narsa ham yo‘qolishi mumkin. Men yana oila qidira boshladim. Bir muddat o‘tgach, Nürnbergdan yangi oila chiqdi.

 

 

Pokémonni bilmaydigan, kulgili va zerikarli qiz edim

 

Nürnberg. Yangi oila, yangi shahar, yangi imkoniyatlar… Ichimda esa shubha: “Bu safar boshqacha bo‘larmikin?” Bu oilaning ikki nafar o‘g‘il farzandi bor bo‘lib, ularning butun olami Pokémon o‘yinidan iborat edi. U vaqtlari mening nemis tili darajam hali A2, bolalarning tez, aralash va bolalarcha gaplarini tushunish men uchun deyarli imkonsiz edi. Ular har kuni yangi Pokémonlar haqidagi o‘yinlarga sho‘ng‘ib, men bilan o‘ynashni istashmasdi. Men yig‘lab yubormaslikka urinardim. Ko‘zlarim yoshlansa ham, labim jilmayib turardi. Ularning nazdida men Pokémonni bilmaydigan, kulgili va zerikarli qiz edim. Oxiri bu oila bilan xayrlashishga qaror qildim. Chamadonimni yig‘dim va yana yangi oila qidira boshladim. Men yaxshi odamlar borligini, faqat ular bilan yo‘llarim hali kesishmaganini bilardim.

 

Nemis tilini o‘rganish uchun vaqtim ham, kuchim ham qolmadi

 

Har safar chamadonimni yig‘ganimda, ichimda ikki xil tuyg‘u uyg‘onardi: biri umid bo‘lsa, biri xavotir. Ko‘nglimda esa bitta o‘y: “Balki shu safar omadim kelar…”

 

Yangi oila turk millatiga mansub edi. Otasi nemis tilida, onasi ingliz, bolalari esa faqat turk tilida gaplashardi. Men bo‘lsam bu tillarning hech birini mukammal bilmasdim. Dastlabki kunlarda o‘zimni xuddi eshik ortida turgandek his qildim. Ichkarida hayot qaynayapti, lekin men undan chetda edim. Ular kulsa men gap nima haqida ketayotganini ham tushunmasdim. Har kuni til bilimlarimni oshirishga harakat qildim. Uch oy ichida turk tilim B2 darajaga yetdi. Bu oila sababli men yangi bir tilni o‘zlashtirishga erishdim,  ammo Germaniyaga qanday maqsad bilan kelganimni batamom unutdim. Bolalar har kuni kechki 22:30 gacha uyg‘oq bo‘lishardi. Men tun yarmigacha uylarni tozalab, uyquning yetarli bo‘lmagani tufayli tanamda doimiy charchoq his qilardim.

 

Ular menga 500 yevro atrofida oylik to‘lagan. Undan 70 yevro til kursi uchun, 50 yevro jamoat transportidan foydalanish uchun chiptaga sarflanardi, qolgan summa esa Germaniyada yashash uchun kamlik qilardi. Oilada menga yuklatilgan vazifalar ko‘pligi sabab nemis tilini o‘rganishga deyarli vaqt qolmasdi. Shu kabi sabablar bilan bu oiladan ham ketishga qaror qildim.

 

Turk oilasi bilan kelishuv qilingandik, afsuski ular menga kerakli hujjatlarni tayyorlab bermadi, berilgan va’dalar esa va’daligicha qolib ketdi. 

 

Dunyoda sening millating, tiling, diningdan qat'iy nazar yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor insonlar bor

 

Germaniyaga men katta orzular bilan kelgandim. Ammo juda ko‘p sinovli kunlar bo‘ldi. Men hali ota-onasini issiq bag‘ridan chetga chiqmagan, qiyinchilik ko‘rmagan, mehrli nigohlar ichida ulg‘aygan qiz edim. Endi esa qayerga borishni ham bilmayman, atrofim to‘la begona odamlar, boshim o‘ylardan yorilib ketay derdi. Onamga telefon qilib, baqirib yig‘lagim kelardi, hoziroq aeroportga borib, O‘zbekistonga qaytib ketishni istardim. Qalbim huvullab qolgandi.

 

Nürnberg sari yo‘l oldim. Poyezddan chamadonlarimni tushirayotib oyog‘im toyib ketdi va qattiq yiqildim. Og‘riqdan nafasim qisildi, joyimdan tura olmasdim. Butun tanam zirqirab og‘riyotgani emas, miyamda faqat sug‘urtam yo‘qligi aylanardi. Oyog‘im singan bo‘lsa nima qilaman, rentgen qilish kamida 500 yevro, menda atigi 100 yevro bor. Butun kuchimni to‘plab o‘rnimdan turishga harakat qildim. Bu 20 yoshli Madinaning hayotidagi eng og‘ir kunlaridan biri edi. Yaxshiyamki, Nürnbergda turadigan bir dugonam bor edi. Atigi uch marta uchrashgan dugonam menga 15 kun davomida g‘amxo‘rlik qildi. Asta yurishni boshladim. “Uyga qaytsammi?” degan o‘ylar bosimi ham biroz kamaydi. Dugonam ishda bo‘lgan vaqtlari uning pokistonlik qo‘shnisi holimdan xabar olib turardi.

 

Dunyoda yaxshi insonlar bor, millati, tili, dini, e‘tiqodi va qarashlari mutlaqo boshqa bo‘lsa ham, ular yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor. Ular sababli yana o‘zimga keldim. Bu orada yaxshi bir oila chiqdi. Nemis tilini ham yetarli darajada o‘zlashtirdim.

 

Hozir Frankfurt shahrida stomatologiya sohasida Ausbildung qilmoqdaman. Bu dastur menga oyiga 1000 yevro stipendiya beradi, haftasiga mini-job orqali qo‘shimcha 500 yevro ishlab topish imkonim bor. Endi butun e’tiborimni o‘qishga va kelajakdagi kasbimga qaratyapman. Barchasi yaxshi tomonga o‘zgardi. Orzularim sari yana qat’iyat bilan boryapman va bilamanki, endi hech qanday yiqilish meni to‘xtata olmaydi.

 

 

Toshkentda tug‘ilgan Vazira Ixtiyorova 2020-yilda International House-Tashkent akademik litseyini tamomlagan. 35 dan ortiq universitetdan qabul xatlarini olib, AQSh, Turkiya, Vengriya va Singapurdagi to‘liq grant dasturlari asosida ta'lim olishga taklif etilgan. 2021-yilda u nufuzli “Türkiye Bursları ISDB” grantini qo‘lga kiritib, Marmara universitetida kompyuter muhandisligi bo‘yicha o‘qishni boshlagan. Keyinchalik Fenerbahçe universitetida Fintech yo‘nalishiga o‘qishini ko‘chirib, 2024-yil muvaffaqiyatli tamomlagan.

 

Ilmga, kitobga mehr bilan qarashni ota-onam o‘rgatgan

 

Ota-onam har doim ilmga, kitobga mehr bilan qarashni, orzularim ortidan qat’iyat bilan borishni o‘rgatgan. Ingliz, koreys va turk tillarini o‘rganishni maktab paytlarim boshladim va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdim. Bilardimki, chet elda tahsil olish uchun avvalo xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirish kerak.

 

Avvaliga O‘zbekistondagi Webster universitetiga bakalavr bosqichiga o‘qishga kirdim va bu yerda bir yil davomida tahsil oldim. Ammo qalbimda bir olov hanuz yonib turardi: “Men chetda o‘qishim kerak!”. Sa'y-harakatlarim natijasida 35 dan ortiq xalqaro nufuzli universitetlarga o‘qishga qabul qilindim. Ular orasida Turkiya Burslari, Stipendium Hungaricum va Singapur granti ham bor edi. Turkiya, Vengriya va Singapurda o‘rtacha yashash harakatlari, ta’lim imkoniyatlari, madaniyati, barcha-barchasini yaxshilab o‘rganib chiqdim. Odatda grantlar ayrim xarajatlarnigina qoplaydi, ya’ni o’zingiz qo’shimcha ishlamasangiz yoki sizga moliyaviy ko‘mak beruvchi insonlar bo‘lmasa unda chetda qiyin holatlarga tushib qolish ham hech gap emas. “Faqat o‘g‘il bolalar o‘zini eplaydi-yu, qizlar buni uddasidan chiqmaydimi?” – degan o‘ylar miyamda aylanardi.  Otamning maslahati va yo‘l ko‘rsatishlari bilan Turkiyani tanladim. Madaniyatimiz, tilimiz o‘xshash, dinimiz esa bir. Qarorimdan 8 kun o‘tib men Turkiyaga uchib keldim.

 

Barchasi oson bo‘ladi deb o‘ylagandim

 

Grant yutish endi hech qanday qiyinchilik bo‘lmasligini anglatmaydi. Meni aeroportda hech kim kutib olmadi, yotoqxona ham berilmadi. Buni faqat Turkiyaga kelgach bildim. Grant beruvchi tashkilot xodimlari: “biz faqat pul beramiz”, – deganida hayron bo‘ldim. Ilk marta chet davlatga borishim, tanishlarim yo‘q, nima qilishni bilmay qolganman. O‘sha payti endi ota-onasi doim muammolarini hal qilib beradigan qiz emas, balki mustaqil hayotga qadam qo‘yganimni anglaganman. Ota-onamga aytsam, ular vahimaga tushishi mumkin, eng yomoni baribir shu bugun yetib kelolmaydi. Shularni o‘ylab, ularga hech nima demaganman. Grant ajratadigan pulni olishga ham biroz vaqt kerak bo‘larkan, yaxshiyamki oz bo‘lsa-da onlayn ishlarimdan yig‘ib qo‘ygan pulim bor ekan. Internet orqali mehmonxona topib joylashdim, keyinroq kvartira topdim. Albatta, bu jarayonlar oson bo‘lmagan, menda “kurashish” yo‘li bor edi, “qaytib ketish” ni hech qachon variant sifatida ko‘rmaganman.

 

 

2021-yil Turkiyaning Istanbul shahridagi Marmara universitetida, Kompyuter muhandisligi yo‘nalishida o‘qishni boshladim, ammo keyin yo‘nalishimni o‘zgartirishga qaror qildim. Fenerbahçe Universitetida Fintech yo‘nalishida ta'limni davom ettirib, 2024-yil tamomladim. Turkiyaga tahsil olish uchun kelishim pandemiya davriga to‘g‘ri kelgan. Ish topish har doimgidan bir necha barobar qiyinlashgan, ish o‘rinlari qisqargan, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritadigan ish joylari esa yopilgan edi.

 

Upwork platformasi orqali $20,000 dan ko‘proq ishlab topdim

 

Ayni shu vaqtda dugonamdan Upwork platformasi haqida eshitib, ro‘yxatdan o‘tdim. Bu platforma onlayn ishlash imkoniyati yaratadi va unda dunyoning istalgan burchagidan turib, minglab chaqirim uzoqlikdagi kompaniyalarda ishlash mumkin. Dastlab, soatiga $7 dan ishlashni boshlaganman. Buyuk Britaniya, Amerika va Turkiyaning turli mahalliy va xalqaro kompaniyalarida faoliyat yuritdim. Turli qiyinchiliklar ham, albatta, bo‘ldi. Muhimi, o‘z ustimda tinimsiz ishladim, boshqalar birinchi omadsizlikdan keyin ishni tashlab ketsa, rad javoblari meni o‘z ustimda ko‘proq ishlashga undardi. Talabalik yillarim $20,000 dan ortiq pul ishlab topdim. Bu orqali men o‘zimning barcha xarajatlarimni qoplashga erishibgina qolmay, shaxsiy rivojlandim ham.

 

Turkiya prezidenti bilan uchrashuv

 

Turkiyada talabalarga bo‘lgan munosabat, qo‘llab-quvvatlash tizimi har bir insonni hayratga soladi deb o‘ylayman. "Öğrenci" – ya’ni o‘quvchi maqomi juda qadrli. Transportda chegirmalar, ko‘plab bepul seminarlar, xalqaro talaba tashkilotlari, vaqf va xayriya jamg‘armalari har doim talabalar uchun turli yordamlar ko‘rsatadi va xalqaro talabalar uchun ko‘plab imkoniyatlar berishadi. Ayniqsa, Ramazon oyida har kuni biror joyda iftorlik dasturxonlari yoziladi. Tasavvur qiling: o‘z davlatim prezidentini hali ko‘rmagan bo‘lsam-da, shunday tadbirlardan birida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan va boshqa siyosatchilar bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldim.

 

O‘zimga ishonishni o‘rgandim

 

Rad javoblaridan keyin, o‘zimga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib bu ishni davom ettirmaganimda Turkiyada o‘qiy olmagan bo‘lishim, boshqa jismoniy xizmat ko‘rsatish sohasida ishlagan bo‘lishim mumkin edi. Yoki Turkiya aeroportidan chiqishim bilan meni kutib olgan katta hayot sinovlaridan ortga qaytganimda hozirgi erishgan yutuqlarimni birortasiga ham erishmagan bo‘lardim. Men o‘z oyoqlarimda turishni, o‘z kuchim, o‘z bilimim va o‘z maqsadlarimga ishonishni o‘rgandim. Eng muhimi, qaysidir ma’noda atrofimdagi dugonalarim, qo‘ni-qo‘shnilar va qarindoshlar orasida qizlarga bir namuna bo‘la oldim deb o‘ylayman. Men sababli ularning bir qanchasi chetda ta’lim olyapti, boshqalari esa Upwork orqali uydan chiqmay xalqaro kompaniyalarida ishlashmoqda. Bularni o‘ylasam qiyinchiliklarni yengib o‘tganimdan sevinaman. Bir inson hayotining yaxshi tomonga o‘zgarishiga sababchi bo‘lish hissi qalbimni doim minnatdorlik bilan to‘ldiradi.

 

Mashhura Rahmonova,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//