Arslan Bayir. Bu nom bugun o‘zbek ijodkorlariga bir qadar tanish. Ikki xalq adabiyotini yaqinlashtirishga, mavjud rishtalarni mustahkamlashga astoydil harakat qilayotgan yozuvchi, tarjimon, muharrir.
Antalyaning Alanya shahri Bayir ko‘yida 1958-yili tug‘ilgan. Hikoya va ertaklari, o‘ziga xos uslubdagi she’rlari Turkiyada o‘z o‘quvchilarini topib ulgurgan. Bir qancha xalqaro adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan.
Asarlari o‘zbek, qirg‘iz, qozoq, uyg‘ur, turkman, ozarboyjon, arab, fors, tojik, ukrain, moldavan, rus, nemis, litva, boshqird, bolgar, polyak, hind, tatar, yoqut, bolqor, koreys, yunon, gagauz, mo‘g‘ul, ingliz, chuvash, nemis tillarida nashr etilgan.
– Assalomu alaykum, Arslanbey. Bizga ijodiy ishlaringiz hamda muharrirlik faoliyatingiz haqida so‘zlab bersangiz.
– Va alaykum assalom. Maktabda o‘qib yurgan paytlarimdan yozishga qiziqqanman. Maktabimizda devoriy gazetani tayyorlardim. Universitetga kirganimdan so‘ng gazeta va jurnallarga maqolalar yozishga kirishdim. O‘sha paytlardan o‘zimning gazetam va jurnalim bo‘lishini orzu qilardim.
Mana shunday qilib adabiyot va noshirlikning qiziqarli yo‘liga kirib bordim. Ko‘p o‘tmay Adanadagi do‘stlarim bilan “Aykırısanat” (“Qarama-qarshi san’at”) jurnalini chiqara boshladik. Jurnalda 13 yil ishlash jarayonida o‘qishli maqolalar, she’r va hikoyalarni basma-bas nashr etdik. Birinchi kitobim “Tohum” (“Urug‘”) nomida o‘sha paytlarda chop etildi. So‘ngra hikoya va she’rlarim, bolalarga oid asarlarim, tadqiqotlarim, jami 34 ta kitobim dunyoga keldi.
To nafaqaga chiqqunimcha o‘zimni yozish va o‘qishga bag‘ishladim. Turk tiliga oid hamda turk dunyosi peshvolaridan, buyuk Otaturkning faoliyatiga tegishli ilmiy tadqiqot ishlari olib bordim.
Bilasizmi, hayotimda she’riyat alohida o‘rin tutadi. Ayni paytda yangi asarlar ustida ishlayapman. Xorijda chop etilgan kitoblarim orasida o‘zbekistonlik tarjimon Boboxon Muhammad Sharif tarjimasida chop etilgan “Bahor mujdasi” men uchun qadrli. Shoir Omon Matjon tarjimalaridagi she’rlarim kiritilgan kitoblar ham shular jumlasidandir.
Xabaringiz bor, “Güncel Sanat” (“Zamonaviy san’at”) jurnali asoschisiman. Hozirda tahririyatga keladigan barcha hikoya, she’r va boshqa maqolalarni o‘qish va keyin jurnalda chop etish ishlari bilan mashg‘ulman. Shuningdek, “Baygenç Yayıncılığı” nashriyotimda o‘n bir yildan buyon nafaqat turkiyalik, balki butun dunyo adiblarining kitoblarini nashr etamiz. Nashriyotga keladigan har bir asarni avval muharrir sifatida sinchliklab o‘qib, so‘ngra kitob holida ommaga taqdim qilamiz. Shu kungacha O‘zbekistondan, Rossiyadan, Bolgariyadan, Fransiya, Ozarboyjondan ko‘plab asarlar turk tiliga tarjima etilib, dunyo yuzini ko‘rdi.
Alohida aytishni istardimki, mazkur nashriyotda har yili bolalar adabiyoti bo‘yicha hikoyalar tanlovini o‘tkazamiz va eng yaxshi asarlarni jurnalda chop etamiz. Qilayotgan ijodiy ishlarim, foto va rassomlik san’atida o‘tkazgan 32 ta ko‘rgazmam, dunyoning ko‘plab tillarga tarjima etilgan asarlarim tufayli hozirda 27 ta xalqaro mukofotga loyiq topildim.
– Jurnal qachondan beri faoliyat yuritadi? Unda turli xalqlarning ijodkorlariga katta o‘rin berilishining sababi nima?
– “Güncel Sanat” jurnali 2008-yili tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 44 ta davlatda o‘qiladi. Jurnalimizga turli o‘lkalardan she’r, hikoyalar, turli mavzudagi maqolalar oqib keladi. Ularni chop etish bilan biz o‘sha yurtlarning geografiyasini, adabiyotini, madaniyatini boshqalarga ham tanishtiramiz.
– O‘zbek shoir va yozuvchilarini yaqindan taniysiz. O‘zbek adabiyoti haqidagi fikrlaringiz biz uchun qiziq.
– Albatta, o‘zbek ijodkorlarini ancha yaxshi bilaman, deb o‘ylayman. Chunki “Güncel Sanat” jurnali hamda “Baygenç Yayıncılığı” nashriyoti orqali hozirgacha jami 415 nafar o‘zbek shoir, yozuvchi, rassom va olimlarining ijodiy ishlarini targ‘ib qildik. O‘zbekistonlik mashhur to‘rt rassomning asarlarini jurnal muqovasida chop etdik.
O‘zbek adabiyoti misoli bir ummondir. Bu ummonga sho‘ng‘igan sari uning tubsizligini anglab boraverasan. Buyuk Alisher Navoiyning butun turk dunyosini olamga tanitib turganining o‘zi bu adabiyotning biror bir o‘lchovga sig‘masligini anglatadi. Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Gulchehra Nurullayeva, Omon Matjon, Azim Suyun, Shavkat Rahmon, Erkin A’zam, Xurshid Davron, Tohir Qahhor, Dadaxon Hasan, shoir Miskin... bu nomlarning bari adabiyotingiz naqadar boy va rang-barangligini bildiradi. Bugungi yosh umidli ijodkorlarni ham kuzatib boraman. Shu ma’noda o‘zbek adabiyotini Osiyodagi eng muhtasham adabiyot deya ayta olaman.
–O‘zbek va turk xalqlari azim bir daraxtning ikki shoxiga mengzaladi. Mushtarak ildizlarning mustahkam bo‘lishida adabiyotning o‘rni qay darajada?
– Ta’kidlaganingizdek, o‘zbek, ozar, qozoq, qirg‘iz, turk, turkman bir daraxtning shoxlaridir. Ayniqsa, o‘zbek va turk adabiyoti bir-biriga juda yaqin. Chunonchi, ulug‘ Navoiy bizning darsliklarda qanchalik aniq o‘rgatilsa, turk shoiri Nozim Hikmatni o‘zbek ijodkorlari ham shunchalik sevib o‘qishiga shubha yo‘q. Millatlarning adabiy do‘stligi juda muhim. Xalqlar o‘zaro bir-birini yaqindan bilishi uchun biz shoir va yozuvchilar yanada yaqin bo‘lishimiz, bordi-keldi qilishimiz zarur. Adabiy ko‘priklarni mustahkamlashimiz uchun ijodkorlar ko‘proq muloqot qilishi, gazeta va jurnallarda ijodiy ishlarimizni berib borishimiz zarur.
Shoir va yozuvchilarni to‘plab adabiy sayohatlarni muntazam o‘tkazish samarali hisoblanadi. Aytish lozimki, shu paytgacha o‘tkazgan xalqaro simpozumlarimizga o‘zbekistonlik olimlar va ijodkorlarni ko‘proq chorladik. Pandemiya oqibatida orada biroz tanaffus bo‘ldi. Yaqinda Qozog‘iston bizdan olti ijodkorni xalqaro tadbirga chaqirdi. Jurnalimiz yil kashfiyoti sifatida e’zoz topdi. Biz ham shoirlarni chorlab, tadbirlar tashkil etdik.
Ayni vaqtga qadar “Güncel Sanat” jurnalida o‘zbek, uyg‘ur, boshqird, Shimoliy Kipr kabi maxsus sonlar tayyorlab, o‘sha mamlakat ijodkorlari haqida batafsil ma’lumotlar berdik. Bu turkiy xalqlar adabiyotini bog‘lashdagi biz tashlayotgan qadamlardir. Zero, shoirlar dunyoning tinchlik elchilaridir. Bu yo‘lda biz har qancha hamkorlikka tayyormiz.
Nargiza ASADOVA
suhbatlashdi.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q