1958-yilning bahor kunlaridan birida kamina ishga kelsam, shundoqqina eshik oldidagi kursida xipchadan kelgan, qoshlari kamon, ko‘zlari tiyrak bir yigitcha o‘tiribdi. U o‘rnidan turib, salom bergan bo‘ldi. Tovushi chiqdimi, chiqmadimi, bilmay qoldim. “Vaaleykum...” dedim-u, joyimga borib o‘tirdim. Boshqa xodimlar ham birin-ketin kirib kela boshlashdi. Ular bilan andarmon bo‘lib, boyagi yigitcha yodimdan ko‘tarilgan ekan. Qarasam, hali ham o‘sha eshik yonidagi kursida qunishibgina o‘tiribdi. O‘zim gap ochdim:
– Uka, kimning oldiga keldingiz?
U xuddi o‘rta maktab o‘quvchilariday o‘rnidan dik etib turdi, bir nimalar deganday bo‘ldi. So‘zlari tishlarining orasidan chiqdi-yov... anglayolmay qoldim.
– Uka, beriroq kelib... tushuntiribroq gapiring.
U oldinga uch-to‘rt qadam tashlab:
– Menga Nosir Fozilov kerak edi, – dedi iymanibgina.
– Men bo‘laman o‘sha aytganingiz.
U qo‘lidagi buklanaverib uvadasi chiqib ketgan umumiy daftar ichidan bitta konvert olib, menga uzatdi. Bundoq olib qarasam, “Gulxan” tahririyatining emblemasi tushirilgan xos konvert, konvertning sirtiga razm soldim: “Surxondaryo viloyatining Boysun tumani... Shukur Xolmirzayevga...” deb yozilibdi unda. Avaylabgina ichini ochib, xatga ko‘zim tushdi. O‘zim yozgan xatim. Xat “Mulla Shukur...” deb boshlangan edi. Xatning oxirida: “... sizdan yaxshi yozuvchi chiqadi...” degan ekanman. Ichimga qandaydir bir iliqlik yugurganday bo‘ldi. Bu holat oldimda iymanibgina turgan yigitchaning kayfiyatiga ham ko‘chdi. O‘rtamizdagi begonasirash pardasi sal ko‘tarilganday bo‘ldi.
– Obbo siz-ey, mulla Shukur o‘zingiz ekansiz-da.
Yigitcha: “Ha, men o‘zimman”, deganday nim tabassum qildi.
Mulla Shukur kaminadan ushbu xatni olganida o‘rta maktabning yettinchi sinfida o‘qir ekan. Shu xat turtki bo‘lib, u tinmay hikoyalar, lavhalar yozibdi. U tahririyatimizga kelib tanishguniga qadar “Gulxan”da bir-ikkita hikoya chiqarib ham ulgurgan edi.
– Xo‘sh, mulla Shukur, yozuv-chizuvlar nima bo‘lyapti? – deb so‘radim ko‘zlariga tik boqib.
Yana o‘sha ahvol. Tishlarining orasidan pis-pis qilib nimalardir deganday bo‘ldi.
– Dadil-dadil gapiravering.
– Uch-to‘rtta mashqlarimni olib kelgandim.
– Qani, oling bu yoqqa...
U boyagi uvadasi chiqib ketgan umumiy daftarni uzatdi. Ochib qarasam, o‘sha o‘zimga tanish Surxonning Boysunidan keladigan dastxat. U juda husnixat edi. Ko‘rinib turibdiki, bu dastxat dastlabkisi emas, kamida uch-to‘rt marta ko‘chirilgan, qariyb top-toza edi. Shunday bo‘lsa ham, “bolani boshidan...” deganlariday, tahririyatga qo‘lyozma olib kelish odobini o‘rgatmoqchi bo‘ldim.
– Mulla Shukur, endi siz shahardasiz, — dedim asta daftarni varaqlay turib. – Bundan buyon yozgan narsalaringizni mashinkada ko‘chirtirib, top-toza qilib olib kelishni odat qiling. Shunda... o‘zingizga ham, bizga ham yaxshi bo‘ladi.
Yigitcha sal qizarindi, ma’qul deganday bosh silkidi.
Biz mulla Shukur bilan mana shunday tanishgan edik. Men uni ko‘rmay turib, g‘oyibona yoqtirib qolgan edim. Nega? Hozir o‘ylab qarasam, buning o‘ziga yarasha sabablari bor ekan. U birinchi galda qishloq bolasi. Boysun tog‘larida xuddi ohu misol tog‘dan toshga sakrab, o‘ynab yurgan tabiat bolasi. Hali hayotning makkor sinovlarini tatib ulgurmagan, qalbi toza yigitcha. Ikkinchidan, xudo unga yozish-chizishdek iqtidor beribdi. Shu paytgacha yozganlari mening shu fikrimni tasdiqlab turibdi.
Gap shundaki, elliginchi yillarning oxirlari va oltmishinchi yillarning boshlarida bolalar hikoyachiligida bir shablon syujet paydo bo‘lgan, bu sayyor syujet hikoyadan hikoyaga ko‘chib, shunaqangi jonga tegadigan darajaga kelib qolgan ediki... Masalan, bola bir ayb ish qilib qo‘yadi. Unga kattalar tanbeh beradi. Bola aybiga iqror bo‘lib, kattalardan kechirim so‘raydi, vassalom! Hikoya tayyor. Bu syujet vositasida yuzlab, minglab hikoyalar yozilgan va yozilayotgan edi o‘sha paytlar. Bunday hikoyalarni aksariyat shaharda istiqomat qiladigan, kitob o‘qib yozishni mashq qiladiganlar yozar edi. Xuddi ana shunday paytda Shukur bolalar prozasiga bir sof havo olib kirdi, hayot nafasini olib kirdi. Shukur yozgan hikoyalarda tasvir tiniq, dialoglar pishiq-puxta bo‘lardi. Men uni xuddi mana shuning uchun o‘zimga yaqin olar edim. To‘g‘ri-da, yozadigan narsangni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib, qalbing bilan his qilib, so‘ng qog‘ozga tushirganingga nima yetsin!
U paytlarda tahririyatlarga shunchalik ko‘p xatlar kelardiki, xatlar bo‘limida ishlovchi xodimlarning qo‘li-qo‘liga tegmasdi. Ba’zi tahririyatda ishlovchi do‘stlarimiz: “Men bugun yuz ellikta xatga... ikki yuzta xatga javob qildim”, deb maqtanardi ham. Men hayron bo‘lardim, qanday qilib ulgurar ekan-a, deb. Keyinchalik bilsam, ular bir xat nusxasini yaxshilab tayyorlab, o‘sha xatni ikki yuzta, uch yuzta nusxa ko‘chirtirar ekan-da, o‘sha shablon xatning tepasiga: “Hurmatli falonchiev! Yozgan narsangizni oldik. Hali ko‘p o‘rganishingiz, tinmay mashq qilishingiz kerak...” degan mazmunda jo‘nataverar ekan. Hammaga bir xil javob! Qoyil-e! Xat muallifining iqtidori bor-yo‘qligiga ham qaralmaydi. Viloyatlardagi, qishloqlardagi bechoralar: “Menga tahririyatdan xat keldi”, deb uni baland ko‘tarib, maktab koridorlarida maqtanib, yugurib yuradi.
Yo‘q. Men buning aksini qilardim. Kechalari uxlamasdan, uzoq-yaqindan kelgan xatlarni erinmay o‘qib chiqib, diqqat bilan ularga tashhis qo‘yar edim. Pichoqqa ilinadiganlarini tanlab olib, jurnalda chop etishga harakat qilardim. Men mulla Shukurni, Muhammad Alini, Ne’mat Aminov bilan Yo‘ldosh Sulaymonni, To‘xtash Ashurov bilan Habibulloni, o‘shlik Mirzohid bilan buxorolik Valijon Bobomurodovlarni ana shu sa’y-harakatlarimizning amaldagi hosilasi deb bilaman.
Biz mulla Shukur bilan Milliy universitetning birinchi kursida o‘qib yurgan chog‘laridayoq aka-uka bo‘lib ketdik. U endi tahririyatimizga iymanibgina emas, dadil kirib keladigan bo‘ldi. Jurnalimizda tag‘in besh-oltita hikoyalari chop etildi. O‘sha hikoyalarning ko‘pchiligi ov haqida, ayiq, tulki, bulduruqlarning o‘ziga xos xatti-harakatlari, fe’l-atvorlari haqida edi. Kamina ham tabiat qo‘ynidan kelganlardan emasmanmi, bunaqa hikoyalarga jon-jon deb jurnaldan joy ajratishga harakat qilar edim. Mening bu sirimni bilgan Shukurbek bir kuni Surxonday joydan ataylab bitta kaklik olib kelibdi. Tol chiziqdan to‘qilgan bejirim qafasda kaklik sho‘rlik kikir-kikir qilib turardi. Men xursand bo‘ldim albatta. Shukur ketganidan so‘ng o‘ylab qoldim: “O‘zim domda, torgina joyda yashayotgan bo‘lsam... kaklik bechora bu joyda qanday yashaydi? Unga keng, pastu baland, dov-daraxtlari bor joy kerak-ku, axir! O‘ylab-o‘ylab, oxiri Do‘rmonga, ustoz Abdulla akaga olib borib berishga qaror qildim. Har holda ustoz dala hovlisida, u yer keng, bog‘-rog‘. Olib bordim. Abdulla aka xursand bo‘lganday ko‘rindi. Bir haftadan keyin boqqa chiqsam, Abdulla akaning hovlisida o‘sha tolchiviqdan to‘qilgan qafas turibdi-yu, ichida kaklik yo‘q.
– Iye, kaklik qani, ustoz?
– Bilmasam, — dedilar ustoz yelka qisib. – Don-suv berganimizda qafasning eshigini berkitish xayolimizdan ko‘tarilgan shekilli... yugurib chiqib shox-shabbalar orasiga kirdi-yu, g‘oyib bo‘ldi.
Abdulla aka bu gaplarni hech achinmasdan, o‘kinmasdan xotirjam aytdi, shundan payqab qoldimki, ustoz bu jonivorning joniga jabr qilmay, atayin o‘zlari tabiat bag‘riga qaytargan edilar. Bu taxminimdan ich-ichimdan zil ketdim-u, masalani chuqurlashtirib o‘tirmadim. Ustoz ham boshqa hech nima demadilar, men ham...
Bir kuni uyga Shukur kelib qoldi. U tevarak-atrofga alang-jalang qilib, nazarimda kaklikni qidirardi.
– Kaklikni izlayapsiz-da, a?
Men Abdulla aka bilan bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay gapirib berdim va qalbimda kechgan taxminimni ham aytdim. U birpas indamay turdi-da:
– Ustoz ustimizdan rosa kulibdi-da, Nosir aka, – dedi sal xijolat tortib. – O‘zimiz-ku, tabiatni muhofaza qiladiganlardan bo‘lsak, tabiatning erkin parrandasini qafasga solib... tag‘in uni ustozga olib borib berganimiz nimasi?
U endi astoydil qizarib ketgan edi. O‘zinigina emas, meni ham qo‘shib ayblar edi. Biroz tin olgach, his-tuyg‘ularini jamlab turib:
– Ax, chert poberi! – deb soniga qattiq shapatiladi. – Qotiribmiz-ku!
Shundan keyin ham u yurtiga bir borib kelganida menga bitta sur qorako‘l terisini sovg‘a qilib olib keldi, telpak qilib kiyarsiz deb. Hozir o‘sha sur qorako‘l iqtidorli yosh yozuvchimiz Ilhom Zoirning boshida telpak bo‘lib yuribdi...
...Kunlardan birida Shukurjon tahririyatga kirib keldi. Kayfiyati sal chatog‘roq. Buning ustiga jindek ichib ham olgan, og‘zidan may hidi anqib turar edi. Rostini aytsam, bu andakkina nafsoniyatimga tegdi. Ko‘nglim og‘riganini bildirmaslikka harakat qilib, salom-alikdan so‘ng asta so‘radim:
– Bu nima yurish, uka?
– Bir og‘aynim... – deb chaynaldi u. “Tag‘in o‘zini oqlamoqchi bu”, deb xayol qildim. U qo‘llarini asabiy ishqalab gapini davom ettirdi. – Ketmoqchi qishlog‘iga...
– Nega ketadi?
Shukur bor gapni to‘kib soldi. Bir og‘aynisi anchadan beri she’r yozishni mashq qilarkan-u, o‘sha mashqlardan birini sobiq “O‘sh leninchi” – hozirgi “Turkiston” gazetasiga olib borgan ekan. O‘sha paytlarda mazkur gazeta tahririyatida bir shoir og‘aynimiz ishlar, u o‘zini o‘sha davrning eng yetuk shoiri deb hisoblar, tahririyatga kelgan uncha-muncha qalamkashlarni gap bilan dovdiratib qo‘yishi hech gap emasdi. Shular jumlasidan Shukurning og‘aynisi ham bitta “Mitti yulduz” degan she’r ko‘tarib borgan ekan, u sho‘rlik haligi shoir og‘aynimizning qo‘liga tushib qolibdi. Bu og‘aynimiz o‘sha paytda mayxo‘rlikka andak ruju qo‘yganlardan edi. U she’rni o‘qib bo‘lib, daf’atan shoirchaga daf qila ketibdi:
– Xo‘sh, siz qaysi yulduzni nazarda tutyapsiz? – debdi u sal ovozini ko‘tarib. – Siz aytayotgan yulduz sovet yulduzimi yo kapitalistik yulduzmi?
U paytlarda bunaqa savolni eshitgan har qanday odam dovdirab qolishi turgan gap edi. Davr shunaqa edi. Bu davr kishilari nazarida faqat ikkita rang mavjud edi: oq bilan qora! Oq bo‘lsang – do‘stsan, qora bo‘lsang – dushmansan! Dunyoda boshqa rang yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Sho‘rolar ma’naviyati shu arshin bilan o‘lchanar edi. She’r ko‘tarib kelgan bechora shoirning dovdirab qolganini ko‘rgan tahririyat xodimi darhol hamlaga o‘tibdi:
– Sizlarni kim o‘qityapti o‘zi? Komsomol kotiblaring kim? Men xat yozaman. Qanaqa tarbiya berishyapti sizlarga!
Shu gap, shu dag‘dag‘adan so‘ng yosh shoircha qo‘rqib ketib, kelgan qishlog‘iga juftakni rostlamoqchi bo‘lgan ekan-u, Shukur unga maslahat beribdi: “Mening tanish akalarim bor, bir maslahatlashib ko‘ray... Ja bo‘lmasa, ketish qochmas, sabr qil”.
Shukurning oldimga qovoq-tumshuq qilib kelganining boisi shu ekan.
– E, chatoq bo‘pti-ku. Yaxshi shoirmi o‘zi? Qaerdan?
– Yaxshi shoir. Qashqadaryodan.
– Boshqa she’rlari ham bormi?
– Ancha-muncha.
– Bo‘lmasa, she’rlarini olib kelsin mening oldimga. Qachon kelasizlar?
– Shu bugun... – u shunday dedi-yu, shartta o‘rnidan turib, otilib chiqib ketdi...
Tushlikdan qaytib kirsam, ikkalovi boshlashib kirib kelishdi. O‘tirishdi. Shukurning qanaqaligini bilaman, bu shoirni endi ko‘rishim. Salom-alikdan so‘ng bundoq ko‘z qirimni tashlasam, oddiy qishloq bolasi. Qirg‘iz qovoq, jikkakkina yigit ekan. Qarashlari dasht ohusidek hurkak. Hayt, desang ura qochadigan holatda omonatgina o‘tirardi. Ko‘rib turibman, ahyon-ahyonda Shukur bildirmaygina shoirchaning biqiniga: “Dadil bo‘l” – deganday turtib ham qo‘yardi.
– Uka, Qashqadaryoning qaysi qishlog‘idansiz?
– Nekuz degan joydan.
– She’rlar yozib turar ekansiz-da, a?
Xuddi she’r yozish bir gunoh ishday yigitcha xijolatomuz qo‘zg‘alib qo‘ydi. Vaziyatdan tezroq chiqish uchunmi, Shukur yigitchaning qo‘lidagi yupqagina papkani olib, menga uzatdi. Asta ochib qaray boshladim. Papkada ellik-oltmishtacha she’r, ikkita doston bor edi. Yigitcha menga termilib: “Nima derkin? Tag‘in nima gap eshitarkanman”, deganday hayajonda o‘tirar edi. “Ha, ukajonim-a, hayotning jindekkina sinoviga ro‘para kelib, dovdirab qolibsan-ku. Hali oldinda hayotning turli o‘yinlari turibdi: kishini chayonday chaqadigan makrlari, muhabbat deb atalmish noyob tuyg‘uning shirin va achchiq iztiroblari bor. Shuhrat va nafs, amal va xudbinlik kabi girdoblari bor. Ularning domiga tushib qolib, xudo bergan iqtidoring lat yeb qolmasmikin?”
– Yaxshi, – dedim men papkaning tepasiga razm solib. U yerda katta harflar bilan Abdulla Oripov deb yozib qo‘yilgan edi. – Abdullajon, Shukurjon, papkani menga tashlab ketinglar. Bir tanishib chiqay. Maylimi?
Yigitchalarning ikkalasi ham, mayli, deganday boshlarini siljitishib o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi.
– Qachon xabar olsak bo‘ladi? – deb so‘radi Shukurjon.
– O‘n kundan keyin.
Ular ketishdi. Ish vaqtim tugagach, haligi papkani qo‘ltiqlab, men ham uyga ravona bo‘ldim. Kechqurungi ovqatdan so‘ng sekin papkani ochib varaqlay boshladim. Qarasam, bir ajoyib she’rlarki, asti qo‘yaverasiz: ichida o‘xshatishlar, istioralar, majozlar, tesha tegmagan qofiyalar... Xuddi kul bosgan cho‘g‘dek yalt-yult qilib turibdi. Bu she’rlardan go‘yo qadim Nasaf dashtlarining muattar ifori ufurib turar edi. Birpasda o‘qib bo‘lib, dilim ravshan tortdi. Hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zimcha, she’rlarni saralashga tushdim. Tunning bir joyiga borib, o‘ntacha she’r tanlab oldim-u, unga: “Qishlog‘imni kuylayman”, deb umumiy sarlavha qo‘ygan bo‘ldim.
Ertalab tahririyatga kelsam, xayriyat, muharririmiz ham kelib o‘tirgan ekan. Shartta oldilariga kirib, suyunchi so‘radim.
– Erkin aka, men bir yaxshi shoir topdim.
– Yaxshi, – dedi u beparvogina.
– Shuni berishimiz kerak.
– Yaxshi, bering.
– Shu may soniga.
– Sal isitmangiz yo‘qmi? Beshinchi sonning nishona nusxasini indinga olamiz-ku, qanday qilib berasiz?!
– Beramiz. Men hozir o‘sha she’rlarni Floraxonga ko‘chirtirib, tayyorlab qo‘yaman-u, Gerkules akani chaqirib, qo‘liga tutqazaman. U zudlik bilan terdirib, jurnalning o‘rtasiga – razvorotga qo‘yib yuboradi. O‘sha yerdagi hikoyani olib qo‘ya turamiz.
Muharririmiz Erkin Jabborov bilimdon, odamoxun, Chorsu dahasining chapani ziyoli yigitlaridan edi. O‘sha paytlarda jurnalimizning obro‘si juda baland: hali to‘la ruxsat bo‘lmagan esa-da, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Qodiriy kabi adiblarimizning asarlarini birinchi bo‘lib bizning jurnalimiz chop etgan. Endigina hibsdan ozod etilgan Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Said Ahmad kabi adiblarimizning yirik asarlaridan parchalarni yurak yutib bizning tahririyatimiz e’lon qilgan, va buning uchun mushtariylarimizdan, adabiyot ixlosmandlaridan olqishlar olgan edik. Shundanmi, muharririmiz bizga o‘ziga ishongandek ishonar edi. Bir nima desak yo‘q demasdi, u dadil takliflarni hamisha qo‘llar edi. Xullas, men o‘z gapimda turib oldim. Axiyri bo‘lmagach, sensirab yubordi:
– E, bor-e, bilganingni qil, qozoq! — dedi u yasama jahl bilan. Men bundan o‘zimcha xulosa chiqardim: “sensiradimi, demak ishning bitgani shu! Sensiragani – o‘ziga yaqin olgani!”
Darhol chiqdim-u, boyagi aytganimday Floraxonga matnni ko‘chirtirib zudlik bilan nashriyotga qo‘ng‘iroq qildim. Hozirgi “Sharq” nashriyoti u kezlarda “Birlashgan nashriyot” deb atalardi. Bizning jurnalimiz o‘sha joyda terilib, o‘sha joyda chop etilardi. Telefon orqali darhol Gerkules akani chaqirib oldim-da, ahvolni tushuntirdim. Ha, aytganday, yoshi o‘tibroq qolgan, gavdali, haddan tashqari qora texmuharririmiz bor edi. Ismi – Zokir aka. Men uni qoraligiga ishora qilib, Gerkules aka deb ot qo‘yib yuborganman. Buning ma’nosi – o‘sha vaqtda bosmaxonada petit, borges, gerkules degan harflar bo‘lar edi. Eng katta – afishalar uchun ishlatiladigani gerkules deb atalardi. Shunga sha’ma qilib...
Jurnal qariyb tayyor holga kelgan. Haligi men aytgan o‘rtadagi hikoyani olib, o‘rniga bu matnni qo‘yish texmuharrirlar uchun juda qiyinchilik tug‘dirardi.
– Mana bu matnni olingda, zudlik bilan terdiring. Rassomimiz g‘aladonida eski sonlardan qolgan klishelar bor, she’rlarning u yer-bu yeriga sochib yuboring. Matn terilib bo‘lganida meni chaqiring. Borib o‘qiyman-u, o‘sha joyning o‘zida bosishga imzo chekib beraman...
Bilib turibman, Gerkules aka bu gapni juda og‘ir oldi, lekin rad ham etmadi, norozi bir qiyofada sekin chiqdi-ketdi.
Masalaning rivoji xuddi men aytganday bo‘ldi. Indiniga jurnalning nishona soni keldi, unga muharririmiz nimtabassum bilan: “Aytganingni qilding-a, qozoq!” deganday imzo chekdi. Va’daga muvofiq ertasiga Shukur bilan Abdulla tahririyatga kirib kelishdi. Salom-alikdan so‘ng ular eshik oldidagi o‘rindiqlarga o‘tirdilar.
Aslida ishim yo‘g‘-u, o‘zimni xuddi ishlayotganday ko‘rsatib:
– Jurnalning yangi soni chiqqan edi. Shuni varaqlab turinglar, men mana bu ishimni tugatib olay, so‘ng gaplashamiz, – deb ataylab olib qo‘ygan jurnalning nishona sonini ularning qo‘llariga tutqazdim. Yigitlar jurnalni beparvogina varaqlay boshlashdi. Ko‘zimning qirini tashlab o‘tiribman. Ana, nihoyat jurnalning o‘rtasi ochilib: “Abdulla Oripov. “Qishlog‘imni kuylayman”, degan joyga kelganda, ko‘rib turibman, hayajondan ikkalasining ham qo‘llari titray boshladi. Oradan uch kun ham o‘tmay, she’rlaring bosilib tursa! Ular uchun bu kutilmagan holat-da. Bu jurnal ekan-u, hatto gazetada ham juda kam uchraydigan voqea hisoblanar edi. Yigitchalar o‘zlarida yo‘q darajada xursand, nima deyishlarini bilmas edilar. Ularning bu holatlari menga ham ko‘chgan edi...
– Ukalar, shu jurnal sizlarga siylov!
Ular tish yorib bir nima demadi, men ham.
Biror soatlardan keyin zarur ish bilan Navoiy ko‘chasidagi Boshpochtaning oldidan o‘tib ketayotib, boyagi yigitchalarga ro‘baro‘ bo‘lib qoldim: jindek-jindek otib olishgan, kayfiyatlari chog‘ edi... Ko‘nglimdan: “Yuvishibdi-da!” – degan gap o‘tdi. – Ha, ukajonlar-a!”
Oradan bir necha yillar o‘tdi. Ular o‘qishni bitirishdi. Shukur bu orada “Oq otli”, “To‘lqinlar”, “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?” degan qissalarni yozib, elga tanilib qoldi. Bu qissalarni ham mening nazarimdan o‘tkazib olgan edi. U menga juda-juda o‘rganib qolgan, xursand bo‘lsa ham, biror nimadan xafa bo‘lsa ham, jigarrang sakvoyaji bo‘lardi, shuni ko‘tarib biznikiga zipillab kelib qolardi. O‘sha paytlari, oxirgi kurslarda bo‘lsa kerak, Shukur meni teatrga taklif qildi. Bilmagan ekanman, u universitet dramto‘garagiga qatnashar ekan. Shekspirning “Hamlet” spektaklini Milliy teatr sahnasida qo‘yadigan bo‘lib qolishibdi. Hamlet rolini Shukur ijro qilar ekan. Borib ko‘rdim. Talant – talant ekan-da! Shukur shunaqa o‘ynadiki, men uni taniyolmay qoldim. Professionallardan kam emas! Shunda xayolimdan: “Bordi-yu, yozuvchilik qilmaganida undan zo‘r artist chiqar ekan”, degan fikr o‘tgandi o‘shanda. Ha, aytganday, Shukur o‘z baxtini – Saidasini o‘sha Milliy teatr sahnasida topdi. Xuddi o‘sha spektaklda u Saida bilan birga rol o‘ynagan edi...
...Shuncha yil aka-uka bo‘lib yurib, u bilan qattiq-qurum gaplashmagan edim. Kunlardan birida o‘sha kutilmagan holat ro‘y berdi. Bir kuni u biznikiga xursand bo‘lib kirib keldi.
– Bir qissa qoralagan edim. Uch-to‘rt toboqdan oshmaydi, kichkinagina. Bir ko‘rib berasizmi?
– Juda soz-da. Bugun dam olish kuni. Ikkovlashib birpasda o‘qib tashlaymiz, – dedim.
Asar o‘qishni galga solmaganim uchun u xursand bo‘lib ketdi. Choy-poydan so‘ng:
– Qani o‘qing, mulla Shukur, – dedim.
O‘qiy boshladi. Xullas, o‘qib bo‘lib: “Xo‘sh, qalay?” degandek menga tikildi. Men boshimni sarak-sarak qildim. U negaligini tushunolmay hayron. Xullas kalom, Abror Qosimov degan bir yaxshigina o‘rtog‘imiz bo‘lardi. O‘sha bilan Shukur keyingi paytlarda juda apoq-chapoq bo‘lib ketgan, uni o‘z yurti – Surxonga taklif qilgan ekan. Nimadir bo‘lib, ularning orasida gap qochib, u sho‘rlikni dashtu biyobon o‘rtasiga olib boribdi-da: “Ana, to‘rt tomoning qibla. Ketaver!..” – debdi. Qissadagi bor gap shu edi.
Shukur haliyam “Nega?!” deganday yuzimga tikilib turar edi.
– Mulla Shukur. Birinchidan sizning o‘rtog‘ingizga qilgan muomalangiz hech qanday odobga sig‘maydi. Qo‘polroq qilib aytganda odamgarchilikdan emas, – dedim ensam qotib. – Ikkinchidan, adabiyot degani yomon ko‘rgan odamdan o‘ch olish maydoni emas. Shuni yaxshi bilib oling! – Shukurning boyagi ko‘tarinki kayfiyatidan asar ham qolmagan edi. Qissaning nomi “O‘tkinchi” edi. Men sopini o‘zidan chiqarib, tasalli bergan bo‘ldim. – Hechqisi yo‘q. Ijodda shunaqa holatlar ham bo‘lib turadi, mulla Shukur. Bu bir o‘tkinchi holat...
Bilib turibman, ayni paytda u bu tanbehlarni hazm qilolmadi-yu, oradan ancha vaqt o‘tgach: “Gapingiz to‘g‘ri ekan. O‘ylab ko‘rdim!” – deb tan oldi. Bilmadim, o‘sha qissa uning arxivida bormi yo yo‘qmi? Qizi Sayyoradan so‘rasam, bilmadim, dedi. Meningcha, yirtib tashlagan bo‘lsa kerak. Bunaqa deyotganimning sababi – Shukurda shunday bir xarakter bor ediki, egri maslahatni ko‘tarolmasdi, ayni chog‘da to‘g‘ri gapni ham tez qabul qilolmaydigan qaysarlikka moyil odati bor edi. Ba’zida esa, maslahating to‘g‘ri bo‘lsa, agar shunga ko‘zi yetsa, mardlarcha tan olib, kechirim so‘rashni ham bilardi...
Gap bilan bo‘lib sezmay qolibmiz: tushlik payti ham yaqinlashib qolgan ekan, birpasda bug‘i burqirab bir lagan sergo‘sht shilpildoq ham kelib qoldi dasturxonga. Shukurbek ko‘zlari yiltillab menga qaradi. Tushundim, deganday o‘rnimdan turib, servantdan bir shisha “Stolichniy” olib, stolga qo‘ydim. Buni ko‘rib shukur gul-gul yashnab, kaftlarini bir-biriga ishqaladi. Uning boyagi tund kayfiyatidan asar ham qolmagan edi. Tushlik tugagandan keyin ham adabiyot haqidagi gaplarimiz tugagani yo‘q. Gap aylanib, yana Abdullaga kelib taqaldi.
– Bir hurmatli olimimiz matbuotda Abdullani falonchi kashf qildi, degan gapni aytdi. Odamlar ham juda g‘alati bo‘lib ketgan-da, aka, kashf qilganmish... – dedi u istehzo bilan. – Axir uni siz bilan biz kashf qildik-ku.
Nega bu gap hozir o‘rtaga tushib qoldi? Balki, boyagi jinday xijoltbozlikni ko‘tarish uchundir. Yoki boshqa sababi bormi, bilmadim-u, ammo bu gapga juda-juda javob bergim keldi:
– Birinchidan, mulla Shukur, insonga nisbatan “kashf” so‘zini ishlatish xato. Nima, inson bir texnik matohmidiki, uni kashf qilsa! Texnika yangiliklarimidiki, uni kashfiyot desa. Bu bir so‘zni his qilolmaydigan munaqqidlarning o‘ylab topgan gapi, – dedim men beparvogina. – Ikkinchidan, Abdullani siz ham, men ham kashf qilganimiz yo‘q. Uni mening oldimga siz olib keldingiz, men esam qo‘limdan kelgan ishni qildim, she’rlarining chop etilishiga yordam berdim. Ko‘nglini ko‘tardim. Shu xolos! Aslida insonni yaratganning o‘zi kashf qilgan. Bunga parvardigorning o‘zidan o‘zga hech kim qodir emas!
– To‘g‘riku-ya... – deb chaynaldi Shukur. – Baribir, alam qilar ekan-da, odamga.
– Gapning ochig‘ini aytsam, mulla Shukur, u kashf qildimi, bu topdimi, masala unda emas. Gap shundaki, o‘sha topgan odamimiz xalqiga, millatiga qanday naf keltirganida. Adabiyotimiz rivojiga qanday hissa qo‘shganida. Boshqa mayda-chuyda gaplar bir pul.
Shu yerda munozaramiz barham topdi. Shukur o‘qilgan qo‘lyozmasini asabiy yig‘ishtirib, papkasiga joylay boshladi.
– Baribir men buni yozaman! – dedi o‘jarligi tutib. Yozdi ham, yozganlari uch-to‘rt joyda bosildi ham. Eshitishimga qaraganda o‘sha yozganlari tanlagan asarlari majmuasining to‘rtinchi jildiga ham kiribdi.
* * *
...Mana, azizlar, mulla Shukur haqida ba’zi bilganlarimizni sizlar bilan baham ko‘rdim. Dunyoning o‘zi shunaqa qurilgan ekan-da. Kechagina oramizda yurgan do‘stimiz bugun yo‘q! U bu dunyoga kelib, bekorga yashamadi. “Yosh gvardiya” nashriyotida, “Sharq yulduzi”, “Guliston” tahririyatlarida ishladi. Siz bilan bizga, millatiga talay-talay hikoyalar, qissalar, romanlar, dramalar qoldirib ketdi. U yozgan asarlar muallifning ikkinchi umriga aylanib, to‘rt jildlik kitob holida siz bilan bizning qo‘limizga tegdi. Mehnatlari hukumatimiz tomonidan yuksak qadrlandi. Ho‘ boya xotiramizning ibtidosida tasvir qilganmiz – tahririyatimiz eshigi oldidagi kursida iymanibgina o‘tirgan kamon qosh, tiyrak ko‘z yigitcha yillar o‘tib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi degan faxriy unvonga sazovor bo‘ldi, Davlat mukofotining sovrindori. Bu hazilakam gap emas! Eng muhimi, o‘z xalqining, o‘z millatining e’tiborini qozondi. Bundan ortiq tag‘in nima kerak yozuvchi uchun? Hech nima!
Iloyim joying jannatda bo‘lsin, ukajon!
Nosir FOZILOV
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q