Musulmonlarni ruslar bilan yaqinlashtirish niqobida ochilgan gazeta – “Samarqand”ning faoliyati nega qisqa bo‘lgan?


Saqlash
17:07 / 15.04.2025 126 0

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonda gazeta va jurnal tashkil etishda ham yo‘lboshchilardan bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Gazeta faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida bosmaxona ochgan. “Nashriyoti Behbudiy” deb atalgan bu bosmaxona qachon ochilgani, jihozlari qayerdan sotib olingani haqida hozircha aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, kutubxona ochgan yili ishga tushgan, deb taxminlash mumkin. Bosmaxonada ilk bor Behbudiyning turkiy tilda tuzgan Turkiston, Buxoro, Xiva xaritasi, darsliklari, qo‘llanmalari, “Padarkush” dramasi va Fitratning “Hind sayyohi qissasi” ruschaga o‘girib chop etilgan. U bu kitoblarni o‘z hisobidan nashr qilib, tarqatgan. Shuningdek, “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnali ham shu bosmaxonada nashr qilingan. Nashriyot 1915-yilgacha, ya’ni “Oyina” jurnali faoliyati to‘xtaguncha “ishlagan”.

 

Gazeta ochilishi uchun 5 yil harakat qilingan. Nihoyat, 1913-yil 14-fevralda Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga gazeta chop etishga ruxsat so‘rab yozilgan iltimosnoma inobatga olingan. Iltimosnomaga gazeta yo‘nalishlarini ko‘rsatuvchi mundarija va gazetani nashr etishdan ko‘zlangan maqsad ilova qilingan:

 

˗                    Hukumat farmoyishlari;

˗                    Bosh maqola;

˗                    Xorij xabarlari;

˗                    Doxiliy xabarlar;

˗                    Axborotlar;

˗                    O‘lka bo‘ylab mahalliy va savdo xronikasi;

˗                    Rus va xorijiy matbuot yangiliklari;

˗                    Ziroat;

˗                    Felyeton, adabiy va ilmiy bo‘lim;

˗                    Muxbirlar va xususiy telegrammalar;

˗                    Umumimperiya xalq sudyalari va xususan, qozilarning sud hisobotlari;

˗                    Teatr;

˗                    E’lonlar;

˗                    Idoradan javoblar;

˗                    Bezak va rasmlar;

˗                    Aralash.

 

Gazetaning maqsadini rus madaniyati va Yevropa ilmini Turkiston aholisi o‘rtasida tarqatish, musulmonlarni ruslar bilan yaqinlashtirishdan iborat deb ko‘rsatgan bo‘lsalar-da, gazetaning hech qaysi sonida bu “maqsad” uchun biror marta harakat qilinmagan.

 

“Samarqand” gazetasi 1913-yil 15-apreldan Samarqand shahrida haftada 2 marta o‘zbek, fors va rus tillarida 400–600 nusxada chiqqan. Unda Turkistonning taraqqiyotini ko‘zlovchi va jamiyatda islohotlarni amalga oshirishni targ‘ib qiluvchi maqolalar va she’rlar chop etilgan. Gazetada Yevropa va AQShda nashr etiladigan gazetalar, ularning o‘quvchilari haqida ham xabarlar berilgan. Hoji Muin, Munavvarqori, Fitrat, Kamiy, Saidrizo Alizoda, Siddiqiy Ajziy, Nusratilla Qudratilla o‘g‘li (Milliy), Rojiy kabi jadidlarning maqolalari chop etilgan.

 

Gazetaga birinchi navbatda Turkiston jadidlari obuna bo‘lgan edi. Ulardan biri Vadud Mahmud gazetaga obuna bo‘lganini faxr bilan eslaydi: “Muallim Shakuriy maktabida men yordamchi muallim (xalfa) bo‘lub ishlab yurgan chog‘larim edi. Bir kun meni birga olib shu gazetning idorasiga bordilar. Hozir yodimda qolg‘an. Reshitnikov ko‘chasida yangi yasalgan bir binoga kirdik. Katta bir uy. To‘rda stol orqasida gazetaning muharriri Behbudiy, ko‘zlarida oynak taqqan. O‘tirgan. Bir tomondan gazetaning tarjimoni Saidrizo Saidzoda, boshqa tomonda gazetni tarqatuvchi. Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li adrilar yozmoq bilan mashg‘ul. Mana shu yerda gazetga obuna bo‘lib qaytdik. Bu hodisa mening hayotimda muhim bir hodisa tarzida jilvalandi. Chunki u zamonlar kim biladi Samarqand kabi katta shaharda gazetga obuna bo‘lib gazetxon sifatida noil qancha kishi edi ekan. Haftada ikki yoki uch karra chiqatirgan gazetni maxsus pochtalion tashib keltirib berib ketardi. Shular qatorida men ham bor edim va bu mening uchun zo‘r bir iftixor edi.

 

Din, tabobat, iqtisodiy masalalar, milliy nuqsonlar, ijtimoiy ta’minot, maorif, tarbiya, til-imlo masalasi, askarlik, tarix, transport, shaharsozlik, urf-odatlar, adabiyotga oid maqolalar gazetada muntazam nashr qilib borilgan. Maqolalarning katta qismida millatni ma’rifatli qilish, ilmga qiziqtirish, taraqqiy etgan xalqlar qatorida turishga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand“ gazetasida chop qilingan “Millatlar qanday taraqqiy etarlar” maqolasida rivojlangan millatlar haqida ma’lumot berilib, uning asosiy sababi ilmga bo‘lgan e’tibor tufayli, deb xulosalangan. Maktab va madrasani isloh qilish davr talabi ekanini qayd qilgan: “Bugun islohi maktab, madrasa, ya’ni islohi millatga qo‘shish qilinmasa, bir asr so‘ngra diyonat barbod bo‘lur va aning javobi mas’uliyati bugungilarga qolur. Bu mas’uliyatdan qutulmoq uchun millatni diniy ilm va dunyoviy ilm-fan qilmoq uchun targ‘ib qilmoq kerakdur”.

 

Gazetada nafaqat milliy, balki turkiyalik taraqqiyparvarlarning ham maqolalari chop etilgan. Jumladan, gazetada turkiyalik muallima Favziya Abdulrashidning “Muslimalar uchun maktab” maqolasini ko‘rish mumkin. Unda yozilishicha, Favziya Abdulrashid 1913-yil mart oyida qizlar uchun xalqaro xususiy maktab ochgan. Maktabga Rusiya, Misr, Hindiston kabi mamlakatlardan ko‘plab talabgorlar kelgan. Turkistonlik qizlarni ham maktabiga o‘qishga taklif qilgan. Maktabni tashkil qilishdan maqsad boylik orttirish emas, bashariyatga xizmat qilish, deb ta’kidlagan: “Ushbu ishdan maqsadimiz, shaxsiy foyda bo‘lmay, faqat jamiyati bashariyaga xizmat etmak va olami islomga tarbiyali va ma’lumotli onalar yetishtirmakdur”.

 

Hukumatning doimiy tazyiqi, qadimchilar tomonidan xalq orasida gazeta o‘qiganlarning kofir deb targ‘ib qilinishi natijasida “Samarqand”ning obunachilari soni keskin kamayib boravergan. Vadud Mahmudning xotirlashicha, “Samarqand shahrining o‘zida yuz nusxasi zo‘rg‘a sotilaturgan bo‘lgan”. Mahmudxo‘ja Behbudiy moddiy qiyinchilik va doimiy senzuralar tufayli gazetaning faoliyatini 44-soni chiqqach to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Bundan xabar topgan Qo‘qon jadidlaridan Akobir Shomansur o‘g‘li va Mirzohid Oqiliy gazetaning davomiyligini ta’minlash uchun 500 so‘m iona bilan 200 ta obuna yuborishga tayyor ekanliklarini bildirganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy iona va obuna bilan gazetani uzoq muddat davom ettira olmasligini bildirgan va ionani qabul qilmagan. 1913-yil 17-sentyabrda bir betdan iborat “Samarqand” gazetasining oxirgi 45-soni chiqqan.

 

 

Millatning taraqqiy etishini istamagan, unga qora ishlarni qildirishdan manfaatdor bo‘lgan mustamlakachi hukumat “Samarqand” gazetasini o‘zining asosiy dushmani deb bildi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning 5 yillik harakati tufayli tashkil qilingan, bor yo‘g‘i 5 oy faoliyat olib borgan ushbu gazetani yoptirib qo‘ygan. Ammo bu gazeta asoschisining irodasini buka olmadi, mutafakkir endigina tashkil qilingan “Oyina” jurnali faoliyatini rivojlantirishga e’tiborini qaratdi.

 

Dilnoza JAMOLOVA,

tarix fanlari doktori, Tarix instituti direktorining

ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//