
Arzon tashviqot, g‘o‘r inkor
Sharqni ulug‘lash bahonasida G‘arb adabiyotini, madaniyatini yerga uradiganlarga, “So‘fi Olloyor oldida Tolstoy kim bo‘pti?”, “Mashrab kim-u Kamyu kim?” qabilidagi jo‘n taqqoslarga ko‘p duch kelamiz. Donishmand Sharq bunaqa arzon tashviqotga muhtoj emas. Mutafakkir G‘arb ham chiranish ohangidagi g‘o‘r inkorlarga qilt etmaydi. Sharq ma’naviyati – xazina. Insonni tadqiq etadigan G‘arb, xususan, rus adabiyoti xazinaga eltuvchi yo‘llarni ko‘rsatadi. Mutolaa asnosida minglarga bo‘linib ketgan O‘zing bilan yuzma-yuz kelaverasan. Bora-bora ruhingdagi to‘siqlar qulay boshlaydi: dunyoni kengroq, insonni ichkinroq idrok eta boshlaysan, bag‘rikengroq bo‘lasan. Ikkisi ham “Vah, menga Mashriq nadir, Mag‘rib nadir, / Balki ko‘klarga ucharmen, bari bir...” degan umuminsoniy g‘oyaga kelmoq uchun bir sulukdir.
Maqsad na edi jahona kelding...
O‘zimga savol beraman: sobiq Ittifoq davrida gruzinlar qanday qilib gruzin sovet kinosini emas, GRUZIN milliy kinosini yarata oldi? Bizga “Basmachfilm” yorlig‘i yopishtirilgan kezlarda ular Xudo haqida, din haqida, e’tiqod-u maslak, odamzodning zamindagi o‘rni, shoir missiyasi haqida kosmik ko‘lamdagi “Iltijo” filmi bilan dunyoga chiqdi. Vaholanki, tarixchilarning yozishicha, Stalin qatag‘oni Gruziyada ham ayovsiz kechgan. Badiiy adabiyotdan ham bilamizki, Kavkaz chor Rusiyasi davridayoq rus amaldorlarining dalahovlisiga aylanib qolgan. Qanday qilib ular o‘zligini asrab qola bildi?
Yana savol beraman: nega oxirgi yigirma-o‘ttiz yilda o‘zbek estradasida shlyagerlar – durdonalar yaralmadi? Holbuki, bugun ham tili gruzincha, ohangi kavkazona, ta’sir kuchi esa umuminsoniy, tuyg‘ularni koinot, borliq ila oliy uyg‘unlik qadar ko‘taradigan yangi-yangi qo‘shiqlar yaratilmoqda. Jo‘shqin nolalar ruhingizni chunon erkalaydi, notavon ko‘nglingiz qanday qilib arzanda ko‘ngilga aylanganini bilmay qolasiz. Gruzin – jigaringizga, Tiflis – ikkinchi yurtingizga aylanadi... “Maqsad na edi jahona kelding, / Kayfiyatini bayon etib ket!” – Otar Ioseliani, Vaxtang Kikabidze, Tamara Gverdsiteli, Valeriy Meladze kabi gruzin farzandlari misolida ko‘ryapmizki, ular doim buni eplagan va eplayapti. Shuning uchun ham bu xalq katta san’at yarata oladi.
Kayfiyatingniki bayon eta olmadingmi, sen hech kimsan, hech narsasan!..
Kosa tagida nimkosa
“Telba” romanida Afanasiy Toskiy obrazi bor – hali rasidalik chegarasiga ham bormagan qizaloqning bokiraligini toptagan kibor. Kimsasiz yetim qizchani kimsan Nastasya Filippovna xonimga aylantirgani uchun o‘zidan g‘oyat minnatdor. Hech qachon bir ayolni badbaxt qildim, ma’sum bolaligini o‘ldirdim-ku, demaydi. Yo‘q-yo‘q, bu fikr xayolining ko‘chasiga yaqin ham yo‘lamaydi. Aksincha, men unga muruvvat ko‘rsatdim, marhamat etdim, savodini chiqardim, u mensiz hech kim emasdi, deb ishonadi.
O‘ylab qaralsa, Toskiy o‘z bosqinchiligini “xaloskorlik” deb biladigan, jinoyatini madaniyatni targ‘ib etish niqobida amalga oshiradigan tajovuzkor davlat mohiyatini o‘zida mujassam etgandek. Bugungi qonli “postanovka”ning ko‘r ijrochilari o‘tgan asr inqilobidan bus-butun, omon chiqqan takabbur toskiylarning, kuraginlarning zurriyodlari emasmikan? Nega Dostoyevskiy Rossiyaning ahli arkoni sig‘inadigan, manaman degan xonimlar iziga zor turadigan to‘rani qalbi ko‘r, mol-u davlatidan gunohi ulkan zodagon qilib gavdalantirdi? Nega Tolstoy tug‘ishganidan ham parhez etmaydigan fahsh qulining otasini ordendor saroy mulozimi sifatida taqdim etdi? Vasiliy Kuragin – Napoleonni mag‘lub etgan qudratli imperiyaning vaziri! Vazir bo‘laturib, o‘lim to‘shagidagi qariyaning boyligini o‘zlashtirish uchun har qanday tubanlikka tayyor. Adabiyotning buyuk adolati badiiy asarni tarixiy qiymatga ham ega hodisaga aylantira oldi. Bunda faqat o‘tmish solnomasini emas, mangulikka muhrlangan millat ruhiyatini, xalq qalbini ko‘ramiz.
Yuragi sahnaga aylangan san’atkor
Vaxtang Kikabidze yarim bo‘g‘iq, biroz xirildoq ovozda qo‘shiq aytsa ham nega tanangizga titroq yuguradi? Sizga butkul notanish gurji tilida aytilgan nolalar nega buncha tanish tuyuladi?.. Men Kikabidzeni tinglab dard bilan dardning farqiga yetgandayman, aniqrog‘i, shu sirga izoh topgandayman: Buba amaki katta ijtimoiy-insoniy dardlarni shaxsiy dardiga aylantirgan, illo shaxsiy dardini zinhor ijtimoiy ko‘lamga ko‘tarmagan.
Uni Rossiya sahnasi dunyoga tanitdi. Aynan shu diyorda Vaxtang Kikabidze nomi bilan mashhur bo‘ldi. Lekin misqollab yiqqan shon-shuhratini, o‘zini kutayotgan “yuksak” marhamatni gruzin tuprog‘iga kirgan rus tanki oyoqlari ostiga sochib yubordi. Na yubileyini o‘tkazish uchun qadrdon Moskvasiga bordi, na ular tortiq etgan “Do‘stlik” ordenini qabul qildi!
U kuch-qudratga hisob bermadi, aksincha, undan HISOB so‘rab o‘tdi. U merosini Vatanini himoya etayotgan mazlum millat qo‘llariga topshirmasdan tinchgina ketolmasdi. Siyosiy diydiyolarning u uchun zarracha qiymati qolmagan edi. Insoniy burchini bajarsa bas...
Asl eranga xos qadamlarni tashlagan shaxsning o‘y-xayolidan qanday kechinmalar o‘tgan? Yuragini qanday hissiyotlar kemirgan? Bular beiz ketadimi? Yo‘q. Aynan o‘sha hil-hil pishgan hissiyotlar-u toblangan kechinmalar uning qo‘shiqlari ohangida yuz xil jilvada sizib chiqadi. Chehrasiga istara baxsh etgan ajinlarning izohi kuy bo‘lib voqelanadi. Shuning uchun ham uni tinglaganda kibor va zabun Kavkaz tarixini o‘qigandek bo‘laveramiz. Qo‘shiqlari inson dramasini, uning quvonchi-yu anduhini dardchil va o‘ktam ovozda tushuntiradi.
San’atkor dunyoni o‘z sahnasiga aylantira olishi kerak, degan gap bor. Lekin ijodkor yuragi ham dunyo sahnasiga, insoniyat istig‘foriga aylanmog‘i shart!
Iqror
Maktab insholarida Alisher Navoiyni “g‘azal mulkining sultoni” deb yozishni odat qilgan edim. Aslida, hazrat dunyosidan butkul uzoq edim, hali u haqda o‘z aytar so‘zim yo‘q edi. Hozir ham Navoiy ijodini yaxshi bilaman deb aytolmayman, lekin nuqul Shayxzoda iborasi ortiga berkinish yaxshi emasligini bilaman. Ul zot haqida qay darajadadir o‘z tasavvurim, munosabatim bor.
Ha, aynan munosabat yo‘q joyda, fikr to‘xtagan joyda hashamdor gaplarga ruju qo‘yiladi. Qalam kimdir haqida qog‘oz qoralay boshladimi, o‘z-o‘zidan oshirib-toshirib, ideallashtirib tashlaydi. Chunki miyada qahramonni faqat maqtash kerak, degan “dastur” ishlaydi, xolos. Xuddi tug‘ilgan kunda qutlov aytayotgan odam holiga tushasiz.
Bahodir Yo‘ldoshev, Halima Xudoyberdieva, Rimma Ahmedova, Gulbahor Yo‘ldosheva, Jamshid Zokirov, Hojiakbar Nurmatov, Ibrohim Haqqul, Omon Muxtor, Mahmud Sa’diy, Murod Abdullayev, Luqmon Bo‘rixon va Hulkar Olimjonova bilan bog‘liq xotiralar meni tinimsiz ta’qib etadi. Lekin ular haqida yozmoq uchun men o‘zimga tik qaray olishim, haqiqiy istig‘for, chin iqror bosqichiga ko‘tarilishim shart. O‘shandagina u insonlarni mendan ham yaxshi biladigan odamlar ko‘ziga tik qaray olaman. Ular orasida iymon asirlari, Haqning tutqunlari bor. Menga o‘sha insonlarning o‘tkir nigohi xalal berayotir...
Uch ulug‘ siymo
Ko‘pdan beri uch buyuk ijodkor haqida o‘ylayman: Bobur, Tolstoy va Abdulla Oripov. Ulardagi umumiylik nimada, bilasizmi? Uchovi ham o‘z holini boricha bayon etib ketdi.
Aks ta’sir
Yigirma yillar oldin bir olimdan negadir ko‘p ko‘rinmayotgan, lekin g‘oyat iste’dodli ayol haqida so‘raganimda u kishi ro‘yxushlik bermay gapirgan edi. Qizig‘i, suhbatdoshimning gaplari aks ta’sir etib, ishtiyoqimni kuchaytirgandan kuchaytirdi. O‘shanda ta’nalarni aqlim qabul qilgandek bo‘ldi-yu, yuragim keskin inkor etaverdi. Nihoyat, u ayol ostonasiga bordim. Domlaning gapiga ko‘r-ko‘rona itoat etmay, yurakka bo‘ysunganim hayotimdagi eng to‘g‘ri qaror bo‘lganini ko‘p o‘tmay tushundim... Aynan o‘sha keskin e’tiroz uchun ham bugun o‘sha olimga rahmat aytaman.
Insonni fosh etar ovoz
Ovoz – nigoh, kulgi va yig‘i kabi odamning kimligi, ichki dunyosini fosh etadi. U, ta’bir joiz bo‘lsa, bizning yuragimizga o‘rnatilgan mikroskop. Asab sasi asabga tegadi. Kibrning tovushi ko‘krakdan tepada turadi, tomoqdan chiqayotgandek taassurot uyg‘otadi. Shang‘i ohang, xunuk ovoz yurakning g‘adir-budir chizgilarini ko‘rsatadi, o‘rgimchak to‘ri changalidagi fikr va qalbning mahdudiyatidan so‘zlaydi. Ming‘irlashga moyil bir maromdagi ovoz esa sohibining qanchalar zerikarli ekanidan, ilmiliqligidan darak beradi. Xoh diniy, xoh siyosiy yoki ma’rifiy tashviqotni kasb qilgan odam ohangida ta’kid ustun turadi. Bir tanada aqlli-ahmoq qorishib ketadi.
Maddoh va laganbardor kimsalar ovozi qanchalik chiroyli bo‘lmasin, gapi beta’sir. Go‘yo gapirmayapti, aljirayapti, go‘yo suvquvurdan shovqin chiqyapti deysiz. Qon yig‘lab gapirsa ham, so‘zi yodingizda qolmaydi. Chunki ular soxtakor kimsalar. Shuning uchun ham ularning ovozini asl ohanglar, xos tovushlar, tabiiy titroqlar tark etadi. Shaxsiyati ilmiliq odamning ovozida o‘zgachalik bo‘lmaydi. Hatto uning ovozi-da “hammalashgan” bo‘ladi.
“Yarasi ochiq” ijodkor
Rimma Ahmedova bilan Hojiakbar Nurmatov ko‘ngliga cho‘kkan, o‘zini tinglay olgan nodir shaxsiyatlar edi. O‘ziga nima kerag-u nima kerak emasligini aniq bilardi. Har ishni o‘ziga ep ko‘rmas, har qanday vaziyatda ham o‘zini munosib tutardi. Xalqchillik va aslzodalik o‘rtasidagi oltin halqaga o‘xshardi ular. She’riyatda Rauf Parfi “yarasi ochiq” ijodkor bo‘lgan esa, aktyorlar orasida Rimma opa va Hojiakbar aka shunday edi...
So‘zsiz faryod, sassiz quvonch
Turkiyaning sobiq bosh vaziri Adnan Menderes haqida gap ketsa, polyak kinorejissyori Kshishtof Keslyovskiy yodimga tushadi. Yoki aksincha – san’atkorni o‘ylasam, vazir janoblarining nimtabassumli qiyofasi xayolimda gavdalanadi. Bular o‘rtasida qanday umumiylik bor, deb so‘rarsiz. Dor ostidagi Menderes bilan Venesiya kinofestivalida bosh sovrinni qabul qilayotgan pan Keslyovskiyning ruhiy holati, kayfiyati uyqash tuyuladi menga. Menderes afandi o‘z qatlini qanchalar xotirjam, nurli ma’yuslik ila qarshilasa, Keslyovskiy ham g‘alabasini xuddi shunday qabul qiladi. Go‘yo ro‘y berayotgan voqealarning unga hech aloqasi yo‘q. “Dunyoning tagiga yetganlar” deb shodlig-u qayg‘uni birdek qarshi oladigan, donishmandlik bosqichiga ko‘tarilganlarga aytilsa kerak.
Ruh bu darajada yuksalishi uchun qanday chig‘iriqlardan, so‘qmoqlardan o‘tmog‘i kerak? “Agarda imkon bo‘lsa, narigi dunyoga Nozim ko‘zidagi mungni olib ketardim”, degan ekan Mirtemir domla. Men esa yuragimda naqsh bo‘lib chizilgan shu ikki hazrati insonning muvaffaqiyat va halokat qarshisidagi kechinmalari mohiyatiga yetishni, yurak tubidagi javohirlarni anglashni shu qadar istaymanki!..
Nafaqat baxt, baxtsizlikka ham sokinlik yarashadi. Goh shodligingiz bilan o‘zga yurakka ozor berib qo‘yasiz, goh qayg‘ungiz bilan kimningdir quvonchiga soya solasiz. So‘zsiz faryod, sassiz quvonchga qanday erishmoq mumkin? “Oltin sher” haykalchasini ushlab turgan g‘olib bilan dor og‘ochiga salom berayotgan mag‘lub o‘rtasidagi masofa qancha? Ichingizda shunaqangi xarsangtosh bo‘lsa-yu, yutuqda ham, yutqiziqda ham sizni qilt ettirmasa, ruhning chayqalishiga yo‘l qo‘ymasa... Balki o‘zgaga malomat, o‘zidan mamnunlik, dunyosidan manfaat-u umidvorlik hissidan butkul forig‘ bo‘lgan odam ozodlikka erishar? Nazarimda, aynan shu hasbi holda baland, zavqli parvoz bordek...
Xomxayolga ergashib
Gohida o‘ylayman: nega falonchi ko‘p o‘qigan, uzoq yillardan beri qalam tebratib kelayotgan va katta adabiyotga mansublik iddaosi bo‘lsa-da, haminqadar yozuvchi darajasida qolib ketgan? Nega?..
Yetti-sakkiz yil oldin muhabbat mavzusida chuchmalgina qissa o‘qib qoldim. Qahramonlar sal depsinib ketay desa, oyoq ostidan o‘lgur bir toshcha ham chiqmaydi. Nazarimda, bu kabi g‘arib qissalarning mualliflari hayot qonuniyatlaridan, muhabbatning ziddiyatli mohiyati, inson tiynatidan ko‘ra o‘zining tor tutumlarini ustun ko‘radi. O‘z haqiqatini insoniyat haqiqatida ko‘rgisi keladi. Butun bir voqelikni, qahramonlari taqdirini mana shu xomxayolga bo‘ysundirmoqchi bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday asarlar o‘z o‘quvchisini, hasratdoshini topishi dushvor.
So‘z intiqomi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ish boshlagan kezlarim Gulchehra Umarova bir maqolani qo‘limga tutqazdilar. Bor-yo‘g‘i ikki yarim bet. Maqolaning oxiriga qarayman: “Falonchi Falonchiyev, filologiya fanlari doktori, teatrshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, falon orden sohibi...” Taassufki, shuncha vahimaga arzirli bittayam tirik so‘z topilmasa deng! Uzr-u, faqat rasmiy nekrologga yaraydigan o‘lik nimarsalar. Gulchehra opa o‘ziga yarashgan quv tabassum bilan dedi: “Aka bir umr shunaqa yozdi. Hech kim undan ortig‘ini kutmaydi. Lekin maqolani chiqartirmay qo‘ymaydi”.
Darhol tushundim: u muallif “so‘nggi ritsar” emas. Ha, aytar gapining tayini yo‘q “yozg‘uvchi”lar ism-sharifini hech yolg‘izlatib qo‘ymas ekan. Ilmi haminqadar bo‘lishi mumkin, lekin unvonlarining qatoridan xato o‘tishini xohlamas, keyin bilsam, bu ham bir himoya usuli ekan. Kimning o‘ziga, so‘ziga ishonchi qanchalik sust bo‘lsa, tirgakka, suyanchiqqa shuncha kuchli ehtiyoj sezar ekan. Vaholanki, g‘o‘ddayib turgan o‘sha “savlat” maqolaning ham, egasining ham g‘aribligini yanada qabartirib ko‘rsatadi.
Xo‘sh, davlatlar-chi? Ulama sifatlarga muhtoj mamlakat ham o‘sha ojiz olim ahvolidami? Isrof etilgan so‘z intiqomi og‘ir kelarkan. Yigirma besh yil davomida “mustaqil yurtimiz” degan ta’rifni naqorat qilganimiz sari, shaxs sifatidagi erkimizni anor suvi kabi siqib-siqib chiqardik. Endi bu sira xatolardan saboq chiqaraylik.
“Pokdomon” jodugar
Ilon Mask haqida bir post o‘qidim. E’tiqod borasida bahsliroq fikr aytgan ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yayrab-yayrab shunaqangi izohlar qoldirganki, go‘yo Mask tusholmaydigan jannat ular uchun naqddek! Odamzod – taskinlar ijodkori. Hatto yovuzlik timsoli bo‘lmish yalmog‘iz kampir ham achchiqqina tilini ikki qarich qilishga vaj toparmish: haligacha qo‘limni hech kimga ushlatmaganman, mening pokdomonligim oldida senlarning shuhrating-u kashfiyotlaring bir tiyin!..
O‘tda yonmas, suvda cho‘kmas
Yuriy Jivago Komarovskiydan “Sen qanday qilib har qanday tuzumdan bus-butun chiqasan? Har qanday hokimiyatning kerakli odamiga aylanasan, buning siri nimada?” deb so‘raydi. Javob bunday: “Chunki men Xudoga ishonmayman”.
Smoktunovskiy nadomati
1980-yillarning boshida bir filmni suratga olish ishlari “vatangadolar shaharchasi” Gorkiyda kechadi. Atoqli aktyor Innokentiy Smoktunovskiy yaqin atrofda dissident olim Andrey Saxarov yashayotganini eshitib, uni ziyorat qilmoqchi bo‘ladi. Yo‘lga otlanayotganida hushyor do‘stlari unga bormaslikni maslahat beradi. Lekin u Gorkiyga kelib, Saxarovni ko‘rmay ketolmasligini aytadi. Manzilga yaqinlashib, uy atrofida ikki nafar maxsus xizmat xodimi yurganini ko‘radi. Oniy qo‘rquvga yengilgan aktyor ortga qaytadi.
So‘nggi nafasida esa san’atkor achchiq afsus-nadomat qiladi: “O‘sha sharmandali kunni eslasam, hanuz o‘zimdan uyalaman. Xo‘p, Saxarovnikiga kirsam nima bo‘lardi – men ishtirok etgan filmlar tokchada chang bosib yotishi, o‘zim imtiyozlardan mosuvo bo‘lishim mumkin edi... Xo‘sh, nima bo‘pti?! Lekin o‘zimga hurmatim yo‘qolmasdi-ku!”
Nega mohiyatdan qo‘rqamiz?!
Ulug‘ aktyor Nabi Rahimov aytgan ekan: “Men o‘lganimda falonchi odam mayitim tepasida gapirmasin. Buni vasiyat deb bilinglar!”
Ba’zida ustoz jurnalistlar-u hamkasblarning yodnomalarini o‘qiganda o‘sha vasiyat yodga tushadi. Haqiqat shuki, yolg‘on madhlar-u diletantcha hamdardliklar, nosamimiy bitiklar an’anaviy jurnalistikani ado qiladi. “Bo‘l tayyor – doim tayyor!” shiori samimiyatni o‘ldiradi. Har qancha titkilasak-da, bisotimizdan sof istig‘forga yo‘g‘rilgan fikrlar chiqmaydi. “U iste’dodining bor bo‘y-bastini ko‘rsata olmadi, javohiri o‘zi bilan ketdi. Sahnabop qiyofasi, aslzodalarga xos viqoriga qaramay, sahnada bir on ham nafas olmadi. Hayotidagi yo‘qotishlar, shaxsiy dramalari uni qadrdon teatridan ayirdi. Kinoda xam undan foydalana olishmadi. U o‘zbekning Nodirabegimi yoki O‘zbekoyimi bo‘lishi mumkin edi...” kabi rost gaplar go‘yo marhum obro‘yini tushiradigandek. Nega mohiyatga mo‘ralashdan cho‘chiymiz? Nega bunchalar shaklbozmiz?! Sayozlik qachon savlatga aylanishga ulgurdi? O‘zini zarracha hurmat qilgan odam o‘tganlar bizning yasama hamd-u sanomizga muhtoj emasligini tushunadi. Hali orom topmagan ruhni bezovta etmaylik. Bas, u yolg‘on dunyoni – bizni tark etayotir. Rost gapingiz bo‘lmasa, tinch qo‘ying marhumni!
Riyo shakkoklikni tug‘dirar
XX asr 50-yillari ikkinchi yarmidan 70-yillar boshigacha sovet kinosida oilali ayol muhabbati mavzusiga ko‘p murojaat etildi: “Jamila”, “Uch terak qahvaxonasi”, “Anna Karenina”, “Vanya tog‘a”, “Surayyo”, “Laylak keldi – yoz bo‘ldi”, “Inson qalbi haqida qissa”... Nega kinochilar bu qaltis mavzuga aynan ayol ko‘ksini qalqon qildilar? Stalin vafotidan so‘ng mamlakatda erk epkini yengil esganday bo‘ldi. Erkka tashnalik odam qonida bor. O‘shanda temir taqiqlarga, inson irodasini bukib turgan rutubatga isyon ifodasi sifatida ayol ishqi tanlandi.
Bugun ham yoshlar da’vo qilayotgan “jinsiy erkinlik” tushunchasini “buyuk kelajak” utopiyasi tug‘dirmadimikan? Tushunaylik va tan olaylik: biz aytib kelgan va aytayotgan cho‘pchaklar murod-maqsadiga yeta olmay, yunon tragediyasiga aylandi. Katta riyokorlik katta shakkoklikni tug‘dirdi.
Hayot haqiqati
Asl adabiyotsiz, sof san’atsiz, haqiqiy tarixsiz yasalgan har qanday g‘oya va mafkura qumdan qurilgan uy kabi omonatdir.
Iqbol QO‘SHSHAYEVA
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Yolg‘onning yonida turmaylik” maqolasi.
Tarix
Adabiyot
Tarix
Jarayon
San’at
Vatandosh
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q