Qoʻqon bekligini xonlik maqomiga koʻtargan hukmdor – Olimxon qismati


Saqlash
16:43 / 15.04.2025 149 0

 

XVIII asr boshlarida tashkil topgan Qoʻqon xonligi XIX asr birinchi choragiga qadar beklik maqomida faoliyat yuritgan. Mamlakat hukmdorlari “bek”, “biy” unvonlari bilan atalib, davlatni boshqargan. Qoʻqon xonligini birinchi boʻlib, “xon” maqomida boshqargan rahbar — Olimxon edi.

 

Olimxon minglar sulolasi vakili, Qoʻqon hukmdori Norboʻtabiyning oʻgʻli edi. Uning onasi Mingoyim ham minglar sulolasidan boʻlgan. Olimxon tavallud sanasini Xudoyorxonzoda oʻzining “Anjum at-tavorix” asarida 1772-yil deb qayd etadi. Olimxonning jiyani Muhammad Hakimxon Toʻra esa “Muntaxab at-tavorix” asarida Qoʻqon xoni 1810-yilda, 36 yoshida vafot etganini koʻrsatib oʻtgan.Yaʼni, Olimxonning tavallud sanasi sifatida 1774-yil belgilangan.

 

Qoʻqon xoni Norboʻtabiy vafot etganidan keyin uning uch oʻgʻli – bir onadan tugʻilgan aka-ukalar Olimxon va Umarxon hamda yana bir boshqa onadan tugʻilgan oʻgʻli Rustambek, shuningdek Norboʻtabiyning ukasi Hojibek taxtga daʼvogarlik qiladi. Olimxon va Umarxon ona tomondan ming urugʻidan, Rustambek esa yuz urugʻidan boʻlgan. Oʻzaro kurashlardan soʻng Qoʻqon xonligi taxtiga Olimbek keladi.

 

Olimxon shaxsiga ikki xil yondashuv mavjud. Isʼhoqxon Ibrat oʻzining “Tarixi Fargʻona” asarida Olimxonni shunday taʼriflaydi: “Bu Olimxonning laqabi Zolimxon edi. U amakisi Hojibekni qatl qilib, koʻp zulmlar chiqargan ediki, gʻazabindan, zulmindan Zolimxon mashhur va maʼruf, munkiri ahli tasavvuf edi. Maʼa mofiyhi oʻzini mutashshari bilib, ijroyi shar iddaosi-ila koʻp zulmlar qilur ekan”.

 

Isʼhoqxon Ibratning bunday fikrlari Olimxon taxt masalasida amakisi Hojibekni qatl etgani va oʻz pirini 70 darra urishni buyurganiga asoslangan. Albatta, hukmdorlar oʻzaro kurashlarda qarindoshlari bilan mojarolarga boradi, bu deyarli barcha saltanat rahbarlariga xos. Olimxon ham bundan mustasno emas edi.

 

Olimxon shaxsiga uning jiyani Muhammad Hakimxon Toʻra quyidagicha taʼrif beradi: “Olimxon oʻsha zamonning ungacha saltanat gulzorida bu podshoh kabi tarovat va latofatda tengsiz biror gul ochilmagan hamda mamlakat boʻstonida uning qaddi-qomati singari biror sarv boʻy choʻzmagan bir shohi edi. Maqsadi hosil va niyati yor shahriyor boʻlib, shohlik ulugʻvorligi va savlati bilan bezangan, shijoati jahon palosi uzra mashhur va mazkur, kurashlari zamon sahifasiga bitishgan edi.

 

Yaxshi koʻrinishli yuzi chiroyli va dilni erkalar chehrasi xushsurat hamda dushmanni yangchuvchi bilagida toʻla qudrat bor edi. Agar kamonidan oʻq otilsa, koʻzlangan nishonni turgan joyida qotirar, agar togʻ tepasiga borib tushsa, tekkan yerini qulatar edi”.

 

Muhammad Hakimxon Toʻra yashagan davr Olimxon hukmronlik qilgan davrga toʻgʻri keladi. U 1802-yilda Qoʻqon shahrida tugʻilgan. Olimxon vafot etgan vaqtda Hakimxon 8 yoshda edi. Biroz boʻlsa-da Olimxon bilan zamondosh boʻlganligi uchun ushbu asardagi Olimxonga berilgan taʼriflar nisbatan ishonchliroq deya aytish mumkin.

 

Olimxon davrida Qoʻqon xonligining siyosiy mavqeyi yanada ortdi. Olimxon 1805-yilda “xon” unvonini qabul qildi va shundan soʻng davlat rasmiy ravishda Qoʻqon xonligi deb atala boshlandi.

 

Olimxon davrida Qoʻqon Fargʻonaning madaniy va iqtisodiy markaziga aylanadi. Xonlik qoʻshni davlatlar bilan diplomatik aloqalar oʻrnatadi. U Xiva, Sharqiy Turkiston va Buxoroga elchilar yubordi. Aynan Olimxon davridan Qoʻqon xonligining tashqi iqtisodiy va elchilik aloqalarida taraqqiyot davri boshlanadi.

 

Olimxon mamlakat iqtisodini rivojlantirish maqsadida kambagʻallar va qalandarlarga yer va chorva ajratib beradi. Bu Olimxonning quyi qatlamlari orasida nufuzi oshishiga olib keladi. Maʼlumki, Qoʻqon xonligida Norboʻtabiy davridan boshlab mis chaqalar bosila boshlangan, Olimxon esa kumush tangalar ham zarb qildiradi.

 

Uning hukmronligi yillarida Fargʻona vodiysining janubiy hududlaridagi suv taʼminotini yaxshilash uchun Soʻx daryosidan oltita ariq qazilgan va hozirgi Oltiariqqa asos solingan.

 

Olimxon davlatni qattiqqoʻllik bilan boshqargan. U diniy sohada tub islohotlar oʻtkazadi. Xonlik boshqaruv tizimida faoliyat yuritayotgan diniy ulamolar ustidan nazoratni kuchaytiradi. Masalan, diniy unvon hisoblangan “Eshon”ni bekor qiladi, ayrim dindor arboblarning toʻgʻri ibodat qilishini tekshirish maqsadida imtihon joriy qiladi va yolgʻonchiligi fosh qilinganlarni jazolaydi. Dindor-ruhoniylar Olimxonning bu xatti-harakatidan norozi boʻladi, natijada ularning aksari qatl etiladi.

 

Olimxon koʻplab sohalar qatori harbiy sohada ham islohotlar amalga oshiradi. U yangi muntazam qoʻshin tarkibidagi askarlar u yoki bu guruh taʼsir doirasiga tushib qolishidan xavfsirab, togʻlik tojiklardan iborat maxsus gvardiya tashkil qiladi. U bu qoʻshin yordamida koʻplab muvaffaqiyatlarga erishadi: Angren vohasi, Toshkent, Turkiston va Chimkent kabi hududlarni oʻz davlati tarkibiga qoʻshib oladi.

 

Mirzoolim Mushrifning “Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin” asarida Olimxonda shunday taʼrif beriladi: “... qoʻp siyosatlik podshoh boʻldi. Amiri Buxoro ham tavahhumga tushdi”. Aynan Olimxon davriga kelib Qoʻqon xonligi Buxoro amirligi bilan tengma-teng raqobat qila oladigan, ham iqtisodiy-ijtimoiy ham harbiy-siyosiy jihatdan yirik davlatga aylangan.

 

“Qamal vaqtida maʼqul boʻlgan xizmatlar koʻrsatib, dushman toʻp va toʻfangi oʻqidan olamdan oʻtgan yigitlarning barchasini roʻyxatga olib, ularning farzandlariga shafqat va marhamat koʻrsatdi. Ularning bolalarini daftarga yozib, yoshiga qaramasdan otalari oʻrniga amallarga tayinladi”, deya Olimxon haqida yozadi tarixchi Niyoz Muhammad Hoʻqandiy oʻzining “Ibratul Xavoqin” asarida.

 

Olimxon oʻsha mashhur Toshkentga qilgan yurishi paytida unga nisbatan koʻplab fitnalar uyushtiriladi. Uyushtirilgan fitnalarda uning ukasi Umarxon ham ishtirok etganligi toʻgʻrisida manbalarda maʼlumotlar bor. Fitnachilar “Olimxon Toshkentda oʻldi”, deya xabar tarqatadi va ukasi Umarxonni 1810-yilda xonlik taxtiga oʻtqazadi. Bundan xabar topgan xon zudlik bilan Qoʻqonga qaytadi. U yoʻlda, Saroy degan mavzeda otib oʻldiriladi. Muhammad Hakimxon Toʻra bu paytda Qoʻqongacha bir farsax masofa qolganligini aytib oʻtadi.

 

“Muntaxab at-tavorix” asarida Olimxonning ota-onasi yoniga dafn qilingani hamda oʻsha qabristonga “Daxmayi Shohon” deb nom berilgani qayd etilgan. Shu davrdan boshlab bu yerga xon xonadoni vakillari dafn etish anʼanaga aylanadi.

 

Olimxondan soʻng xonlik taxti uning ukasi, “Amir al-muslimin” nomini olgan Umarxonga nasib etadi.

 

Olimxonning farzandlari masalasiga keladigan boʻlsak, Muhammad Hakimxon Toʻraning yozishicha, Olimxonning uch nafar oʻgʻil farzandi boʻlgan. Birinchisi shahzoda Shohrux, ikkinchisi Otaliq xon nomi bilan tanilgan Ibrohimxon, uchinchisi Murodxon edi. Yana uchta qizi farzand: Oyimxon, Uluqxon va Oftobxonlar ham Olimxondan meros boʻlib qoladi.

 

Olimxon Qoʻqon xonlari orasida oʻzining mardligi, qat'iyatliligi, qattiqqoʻlligi va tantiligi bilan ajralib turadi.

 

Yahyobek TURSUNBOYEV

O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//