Soyabonlar tarixi Amir Temur saroyiga borib taqaladimi?


Saqlash
16:32 / 16.04.2025 175 0

 

Ispaniyalik sayyoh Klavixo esdaliklarida yozishicha, 1404-yil 3-sentyabr kuni Amir Temur oʻzining “Dilkusho” bogʻida uni qabul qilgan. Elchining ushbu bazm haqidagi tafsilotlarida eʼtiborli boʻlgan bir jihat bor: “Malika bilan uch yuzga yaqin ayol birgalikda keldi. Malikaning yuziga oftob tushmasligi uchun bir kishi xuddi chodirning tepa qismidek dum-dumaloq qilib oq shoyidan yasalgan va halqasimon yogʻoch chiviqqa tortilgan soyabonni tutib borardi”.

 

Katta ehtimol bilan Gʻarbiy Yevropada soyabonlarning urf boʻlishiga mana shu elchilarning yurtimizga tashrifi davomida koʻrgan-kechirganlari sabab boʻlgan. Zero Fransiyada dastlabki soyabonlarning paydo boʻlish sanasi XVII asr ekanligi bizda shu kabi mulohaza uygʻotadi.

 

1341-yilda Chigʻatoy ulusiga mansub moʻgʻul xonlaridan Qozonxonning xonadonida qiz farzand dunyoga keladi. Saroy koʻrki, gavhari boʻlsin deya niyat qilib, unga Saroymulkxonim nomi beriladi. Mamlakatdagi nizolar sabab otasi taxtdan yiqitilib, qatl etilganda Saroymulkxonim endigina besh yoshga toʻlgandi.

 

U yoshligidan ayovsiz kurashlarni koʻrib katta boʻladi. Malika balogʻatga yetgach, 1355-yil Movarounnahr hukmdori amir Qozogʻonning nabirasi Amir Husayn nikohiga kiritiladi. Biroq ziddiyatlarga toʻla davr bu nikohga ancha erta chek qoʻyadi. Bunga Amir Husayn va Amir Temur oʻrtasidagi kurash sabab boʻlgandi.

 

Maʼlumki, 1370-yilda Amir Temur Amir Husaynni yengib, uni qatl ettirgach, Samarqand taxtiga oʻtiradi. Shu asnoda Temur Movarounnahr hukmronligini oʻz qoʻliga oladi. Zamon talablaridan kelib chiqib, yengilgan xon harami gʻolib xonga oʻtardi. Bu safar ham shunday boʻladi. Amir Temur Husayn haramidagi toʻrt xotinni oʻz haramiga oladi va idda muddati tugagach, ularni oʻz nikohiga kiritadi. Saroymulkxonim ham ushbu zavjalar qatorida edi.

 

Saroymulkxonim xon avlodiga mansub boʻlgani bois ushbu nikohdan soʻng Amir Temur “Kuragon”, yaʼni xon kuyovi unvoniga musharraf boʻladi. Saroymulkxonimning nasl-nasabi haramdagi barcha malikalardan ulugʻligi sabab, unga Bibixonim”, yaʼni katta xonim unvoni beriladi. Albatta bu unvonga nafaqat uning kelib chiqishi, balki, aql-zakovati ham sabab boʻlgandi. Hatto ayollar haqida yozishni uncha xush koʻrmaydigan Sharq tarixnavislari ham bu ayol haqida toʻxtalib, uning yuksak idrokli, husn-latofatda benazir boʻlganini taʼkidlagan.

 

Xususan, Amir Temur saroyida yashab ijod qilgan arab tarixchisi Ibn Arabshohning “Ajoyib ul-maqdur fi tarixi Taymur” (“Temur tarixida taqdir ajoyibotlari”) kitobida Saroymulxonimga katta boʻlmasa-da, eʼtiborli bir taʼrif berilgan: “Temurning xotinlaridan eng muqaddami va barkamoli Katta Malika (Saroymulxonim)”.

 

Bunday bahoga Saroymulkxonimning xon saroyidagi mavqeyi ham sabab boʻlgandi. Oʻta mushohadakor va qatʼiy Amir Temur katta tadbirlarni amalga oshirishda aynan shu malikaning dono maslahatlariga bot-bot murojaat qilgani manbalarda qayd etiladi.

 

Oʻrta asr sharoitida mamlakatga kelgan chet ellik elchilarni qabul qilish marosimlarida ayollarning ishtiroki va ularning oʻrni oʻzini madaniyatda eng ustun, deya taʼriflab kelgan davlatlarda ham kam uchraydigan hodisa edi. Holbuki, Amir Temur saroyida joriy etilgan tartiblarga koʻra, ajnabiy elchilarni qabul qilish marosimlarida hukmdor yonida uning xotinlari ham ishtirok qilgan. Bu xususda ispan tarixchisi Klavixoning esdaliklari bizga juda qimmatli maʼlumotlar beradi.

 

Amir Temur 1402-yilda Ispaniyaga xoja Muhammad Keshin boshchiligida elchilar yoʻllagan. Bir necha yildan soʻng qiroli Henrix de Trastamar mana shu tashrifga javoban badavlat va nufuzli oqsuyak ispan oilasida tarbiya topgan Gonsales de Klavixoni elchi sifatida yuboradi va unga ilohiyot ilmining nomzodi Alfanso Poes de Santa Mariya, qirolning maxsus soqchisi Gomes de Salazarni hamroh qiladi.

 

Amir Temur saroyiga elchi tariqasida yuborilgan bu shaxslar Samarqandda bir necha yil boʻladi. Elchi oʻz kundaliklarida oʻsha vaqtda Amir Temur qoʻl ostidagi mamlakatlar va shaharlarning umumiy ahvoli, xalq turmushi, urf-odatlari, sohibqiron saʼy-harakati bilan tiklangan turli inshootlar, jumladan qasrlar, masjidlar, madrasalar, xonaqolar, savdo rastalari, doʻkonlar, ustaxonalar, shuningdek Amir Temur davlatining qoʻshni davlatlar, xususan, Xitoy, Hindiston, Oltin Oʻrda, Moʻgʻuliston va boshqa mamlakatlar ila olib borgan munosabatlari, Temur saroyidagi tartib-qoidalar haqida yozib qoldirgan.

 

Muallif sohibqironning xotinlari, kelinlari va ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrniga ham alohida eʼtibor qaratgan. Tarixchining nazaridan saroy xonimlarining yurish-turishidan tortib, ularning kiyinish madaniyati, pardoz andozi, yashash tarzi, foydalanadigan ashyolari ham chetda qolmaydi.

 

“U bunday kiyingan edi: egnida zarhal bilan tikilgan, etagi yerda sudralib yurgan uzun va keng, yengsiz, yoqasiz, qizil shohi koʻylak. U belidan toraytirilmagan, etagigacha kengayib borardi. Malikaning yuziga oftobdan saqlanish uchun oq upa shu qadar qalin qilib surtilgan ediki, chehrasi bamisoli oq qogʻozga oʻxshardi. Qishda yoki yozda safarga chiqqan barcha aslzoda ayollar yuzlariga shunaqa qilib upa suradilar. Malikaning yuziga yupqa oq roʻmol tutilgan. Boshida xuddi urushlarda kiyiladigan dubulgʻaga oʻxshash baland qizil bosh kiyimi. Roʻmolning uchlari xonimning yelkasiga tushib turibdi, quyi qismiga matoh tutilgan. Ularga durra poyonlar, yoqut, feruza, va boshqa xilma-xil qimmatbaho toshlar juda chiroyli qilib qadalgan. Bosh kiyimning zarhal bilan tikilgan va xonim yelkasiga tushib turgan qismi ham qimmatbaho toshlar va duri nob bilan bezatilgan, unga chiroyli tilla bargak qadalgan. Qalpoq uchi chiroyli, ikki barmoq yoʻgʻonligida yal-yal yonib turgan tiniq uch dona yoqut qoplangan. Shuningdek, unga qadalgan, uzunligi ikki qarich oq jigʻaning ayrim parlari pastga egilgan, baʼzilari yuz-u koʻzga tushib turardi. Zar iplar bilan bogʻlangan parlar oʻrami oxiridagi jigʻaga qimmatbaho toshlar tikilgan, ularning orasida oq marvaridlar ham boʻlib, ular yurganda pirpiraydi”, deya Bibixonimga taʼrif bergan Klavixo.

 

Koʻrinadiki, liboslar nafaqat tashqi jihatdan koʻrimli boʻlgan, shuningdek, ular biz hozir yevropacha deb taʼrif beradigan ayollar liboslari rusumiga ham juda yaqin. Klavixo esdaliklarida bizni qiziqtiradigan yana bir jihat mavjud. Unda yozilishicha, 1404-yil 3-sentyabr kuni Amir Temur oʻzining “Dilkusho” bogʻidagi elchilarni qabul qilgan. Marosimda ispan qiroli yuborgan hadyalar orasidan hukmdorga ayniqsa, qizil movut maʼqul boʻlgan hamda bu haqda oʻz xotinlari, birinchi navbatda Saroymulkxonim bilan fikrlashgan. Avvalo, bu detal ham sohibqironning ayolga munosabatning yana bir katta va yorqin namunasidir.

 

Elchining tafsilotlarida yana bir eʼtiborli jihat bor. U ham boʻlsa, Sohibqiron ayollariga boʻlgan hurmat va eʼtibor: «Malika bilan uch yuzga yaqin ayol birgalikda kelishdi. Malikaning yuziga oftob tushmasligi uchun bir kishi xuddi chodirning tepa qismidek dum-dumaloq qilib oq shohidan yasalgan va halqasimon yogʻoch chiviqqa tortilgan soyabonni tutib borardi (kim biladi Gʻarbiy Yevropada soyabonlarning urf boʻlishiga mana shu elchilarning yurtimizga tashrifi davomida koʻrgan kechirganlari ham sabab boʻlgandir, har qalay Fransiyada dastlabki soyabonlarning paydo boʻlish sanasi XVII asr ekanligi bizda shu kabi mulohaza ham uygʻotadi).

 

Haram ogʻalari xonim va ayollardan oldinda borardi. Shunday qilib, xonim ulugʻ amir oʻltirgan koʻshkka kelib, Temurbekdan biroz orqaroqqa borib joylashdi... Xonimni kuzatib kelgan ayollarning hammasi koʻshkdan tashqarida joylashdi. Xonimning yonida uchta ayol uning boshidagi qizil qalpoq tushib ketmasligi uchun uni tutib turardi».

 

Bu kabi iltifot Temurning boshqa ayollariga ham koʻrsatilgan. Ular ham navbati bilan kelib, xuddi shuncha xos kanizaklari bilan tilga olingan tartibda oʻzlari uchun belgilangan joydan oʻrin olgan.

 

Shu yilning 17-sentyabrida Saroymulkxonim tomonidan berilgan katta ziyofatga taklif etilgan elchining eʼtiborini endi Bibixonimning soch turmagi oʻziga tortadi va bu haqda u shunday yozadi: “Xonimning tim qora sochlari yelkasiga tushib turardi. Ular, umuman, bu yerliklar qora sochni yuksak qadrlaydi. Hatto sochni yanada qoraytirish uchun uni boʻyaydi”.

 

Elchilarni xontaxta qarshisidagi oltin daraxt, ayniqsa hayratlantiradi. Boʻyi odam balandligicha keladigan ushbu daraxt oltin tovoqqa oʻrnatilgan. Daraxtning tanasi odam oyogʻi yoʻgʻonligicha boʻlib, uning shoxlari eman barglari singari yaproqlar bilan qoplangan. Uning yirik-yirik, dumaloq ajoyib mevalari boʻlib, ular sargʻish, qizil, zangori yoqutlar, zumradlar, feruzalar va marvaridlar bilan bezaklangan. Bu kabi qimmatbaho toshlar nafaqat mevalarga, shuningdek daraxt tanasiga ham oʻyib oʻrnatilgan. Daraxt mevalariga qoʻnib turgan oltin qushchalar bundan-da, ajoyib. Ular goʻyo turli holatlarda “qotib qolgan”. Turli ranglar bilan sayqal berilgan qushchalarning baʼzisi endi qoʻnyapti, boshqasi mevalarni choʻqib yeyapti, yana boshqasi tushib ketayotgandek shoxchaga zoʻrgʻa ilinib qolgan. Ayrimlari daraxtdagi yoqut, feruza, marvarid va boshqa toshlardan ishlangan mevalarni tumshuqlari ila choʻqib koʻryapti.

 

Klavixo bundan manzaradan zavqlanib, barchasini kundaliklariga tushirgan.

 

Amir Temur vafotidan soʻng Samarqand taxtiga uning nabirasi Xalil Sulton oʻtiradi. Ibn Arabshohning maʼlumotiga koʻra, Xalil Sultonning xotini Shod Mulk begim 1408-yilda Saroymulkxonimni zaharlab oʻldirgan. Saroymulkxonimning jasadi oʻzi qurdirgan madrasa yonidagi maqbaraga dafn qilingan.

 

1941-yil iyun oyida Goʻri Amir maqbarasida yotgan Amir Temur, Shohruh Mirzo, Muhammad Sulton Mirzo va Ulugʻbek Mirzolarning qabri ochib tekshirilgach, Saroymulkxonim qabri ham ochilib, uning jasadi tekshirish maqsadida Toshkentga olib kelingan. Keyinchalik jasad qaytadan qabrga qoʻyilgan.

 

Gʻarbiy Yevropa olimlari, xususan, Bretshneyder Shohruh Mirzo Saroymulkxonimdan tugʻilgan, deb yozgan boʻlsa-da, tarixiy maʼlumotlar Amir Temur bu malikadan farzand koʻrmaganini taʼkidlaydi. Ammo Sohibqiron oʻgʻli Shohruh Mirzoni, nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulugʻbek Mirzolar tarbiyasini bevosita Saroymulkxonimga ishonib topshirgan.

 

Dilfuza Rahmatullayeva

Sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

14:04 / 16.04.2025 0 237
Bobur nega Navoiyga e’tiroz qilgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//