
Ilk navoiyshunos
Zahiriddin Muhammad Bobur ‒ Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, yoshlari o‘rtasidagi farq 42 yil. Demak, ular o‘zaro ota-o‘g‘il yoshida bo‘lgan, lekin hayotda ko‘rishmoq nasib etmagan.
Professor Abduqodir Hayitmetov ilk navoiyshunoslar safida Boburni ham sanab, “Boburnoma” asarida Navoiy va u yashagan ijtimoiy-siyosiy, madaniy muhit yangicha qarashlar bilan yoritib berildi” deb yozadi (Hayitmetov A. Ilk navoiyshunoslar. “Naqshbandiya” jurnali, 2012-yil, 2-son. 9-bet).
Bu ikki siymo munosabatlari ozmi-ko‘pmi o‘rganilgan. “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”dagi maqolaning bir fasli aynan shu masalaga bag‘ishlangan (Sirojiddinov Sh., A’zam A. Navoiy. Amir Nizomiddin Alisher. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. Toshkent, “Sharq”, 2014. 386–388-betlar). Jumladan, ularning shaxs sifatidagi o‘xshash jihatlari, Bobur lirikasiga Navoiy ta’sirining ayrim qirralari, “Aruz” risolasining birinchi qismida Navoiydan 26, ikkinchi qismida esa 264 bayt misol o‘laroq olingani, asarda faqat Navoiydangina bir necha g‘azal to‘liq keltirilgani, Bobur “edi” radifli g‘azalini Navoiyning bir voqeaband g‘azalidan ta’sirlanib yozgani bayon etiladi. Ayni choqda kichik zamondoshining Navoiyga tanqidiy munosabati ham eslab o‘tiladi: “Boburnoma”da bunday yuksak baholar bilan bir qatorda Navoiy ijodining ayrim jihatlari: “Mezon ul-avzon”, “Munshaot” asarlari va forsiy devoniga nisbatan salbiy baholar mavjud. Bunday mulohazalarning tug‘ilishi, bir tomondan, Boburning qo‘liga tushgan qo‘lyozmalarning xatolar bilan ko‘chirilgani (S.Hasanov) yoki Navoiy ijodi bilan to‘liq tanishib ulgurmagan paytda aytilgani bilan izohlanadi”. Maqola mualliflari Boburning Navoiyga munosabatini belgilashda faqat “Boburnoma” bilan cheklanish xatoligini qayd etib, “Boburnoma”dagi fikrlarni muallif umrining oxirlarida bitgan “Aruz” risolasi va Navoiy she’riyatining Bobur “Devon”iga ta’siri bilan birga qarash lozim” deydilar va isbot tariqasida mazkur misolni keltiradilar: Bobur “Aruz” risolasida Navoiy tomonidan “Daryoi abror” (Xusrav Dehlaviy) qasidasiga javoban yozilgan “Tuhfat ul-afkor” qasidasidagi kabi matla’ kam voqe bo‘lganini qayd etgan ekan. Xullas, bu olimlarimiz fikricha, “Bobur Navoiyning ijodi va siyosiy faoliyati bilan yaqinroq tanishib borar ekan, unga e’tiqodi ham yuksala borgan”.
Bizningcha, bu dalillar Boburning Navoiyga tanqidiy munosabati butkul o‘zgarganini to‘liq isbotlay olmaydi.
Taniqli adabiyotshunos Otabek Jo‘raboyev “Bobur ‒ navoiyshunos” (“Jadid” gazetasi, 2024-yil, 9-fevral) maqolasida ikki ulug‘ zot munosabatlariga oid qator fakt va ma’lumotlarni keltiradi. Maqola muallifi “Aruz risolasi”da Navoiydan 215 ta parcha keltirilib, bittasidagina uning muallifi ochiq aytilmaganini qayd etadi, “Xazoyin ul-maoniy”ning birinchi devonidan 88, ikkinchi devonidan 38, uchinchi devonidan 26, to‘rtinchi devonidan 24 she’riy parcha keltirilganini aniqlaydi. Bu jami 186 tani tashkil etadi. “Qolgan 37 ta she’r (bayt va ruboiylar) esa “Xazoyin ul-maoniy” tarkibida yo‘q asarlardir. Albatta, ularning ham aynan Alisher Navoiyniki ekanligiga hech bir shubha yo‘q” deb yozadi O.Jo‘raboyev. Keltirilgan sonlarni qo‘shsak, 215 emas, 223 kelib chiqyapti, demak, bu yerda raqamlarda ozgina adashish bor. Shuning uchun olimning o‘zi ta’kidlagan mana bu fikrga biz ham qo‘shilamiz: “Boburning “Aruz risolasi” ustida hali ilmiy-qiyosiy va matniy tadqiqlar davom etishi lozim”.
Jabhalar
Bizningcha, Boburning Navoiyga munosabatini quyidagi to‘rt yo‘nalishda o‘rganish zarur: Bobur lirikasiga Navoiyning ta’siri; “Aruz risolasi”da Navoiy she’riyatiga munosabat; “Boburnoma”da Navoiy ijodiga berilgan ijobiy baho; “Boburnoma”da Navoiy ijodiga nisbatan tanqid.
Ko‘rib o‘tilgan tadqiqotlarda bularning har biriga oid ozmi-ko‘pmi mulohazalar bor. Hech bo‘lmaganda, ular ilmiy masala qilib o‘rtaga qo‘yilgan. Kelajakda shu to‘rt jabha bo‘yicha jiddiy va yirik tadqiqotlar yozish kerak.
Tanqid ustiga tanqid
“Boburnoma”da muallifning Navoiyga yuksak ehtiromi yuqorida ko‘rsatilgan ishlarda, ayniqsa, Otabek Jo‘raboyev maqolasida bayon etilgan, ammo bir jihat – “Boburnoma”da Navoiy ijodiga tanqidiy munosabat ochiq qolgan. Xo‘sh, shuncha yuksak ehtiromiga qaramay, Bobur nega Navoiyga ba’zan bepisandroq munosabatda bo‘ladi?
Odatda chin muxlis ixlos qo‘ygan insonidan ayb qidirmaydi. G‘arbona qarashda ifodalasak, “kumir” deb bilgan kishisida ayb ko‘rsa-da, uni ko‘rmaslikka oladi. “Beayb – Parvardigor” deb qo‘yaqoladi. Navoiy Sulton Husaynda ayb ko‘rmagan deb o‘ylaysizmi? Axir, buyuk mutafakkir umrining yarmidan ko‘pi, aniqrog‘i, 31 yili bevosita yoki bilvosita aynan shu hukmdor xizmatida kechgan-ku. Asarlaridagi shohlarga xos qanchadan qancha illatlar tanqidida zimdan o‘zi doxil bo‘lgan saroyda ko‘rgan-kechirganlarining ta’siri yo‘qmi? Bor. Yo Sulton Husayn shu darajada tanqiddan xoli, ya’ni farishta zot edimi?..
Nega Bobur Navoiyga nisbatan shunday diplomatik yo‘l tutmadi?
Bu savolga javob bermoq uchun “Boburnoma”dagi Navoiy tanqid qilingan barcha parchalarni ko‘rib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Ayon bo‘ladiki, Bobur dastlabki navoiyshunoslardan biri, shu bilan birga, uning dastlabki ashaddiy tanqidchisi hamdir.
Navoiy “taqlidchi”mi?
Bobur “Xamsa”, “Lison ut-tayr” hamda “Xazoyin ul-maoniy”ni tilga oladi. Albatta, bular o‘zbek adabiyotini jahon so‘z san’ati darajasiga olib chiqqan asarlar. Shundan so‘ng birdan tanqid boshlanadi: “Yana ba’zi musannafoti borkim, bu mazkur bo‘lg‘onlarg‘a boqa pastroq va sustroq voqe’ bo‘lubtur. Ul jumladin, insholarini Mavlono Abdurahmon Jomiyg‘a taqlid qilib jam’ qilibtur. Hosili kalom, har kimga har ish uchun har xatkim, bitibtur, yig‘ishtirubtur” (Boburnoma. Toshkent, “Fan”, 1960. 233-bet).
Axir, Navoiyning maktublari ham yuksak qalam sohibi tarafidan bitilgan-ku! Qolaversa, ular ulkan tarixiy ahamiyatga ega: shu asosda kitobxon shoir shaxsining ko‘p-ko‘p qirralari, jumladan, ijtimoiy faolligi, zamon kishilariga munosabati, hayotiy pozitsiyasi, davlat va jamiyat, din va tasavvuf masalalariga aralashuvi va hokazolarni bilib oladi. Xatga xat talabi bilan yondashish kerak, badiiy asar talabi bilan emas. Ikkinchidan esa, maktublarini Jomiy kabi yig‘ib, to‘plam holiga keltirishining nimasi yomon? Bir muallifning o‘z xatlarini jamlashini an’ana deb bilsak, Navoiy shuni davom ettirgan, xolos. Uchinchidan, mabodo, bu kamchilik bo‘lganida ham, Bobur aytmay ketishi mumkin edi-ku...
Navoiy aruzni Boburchalik bilmaganmi?
“Yana “Mezon ul-avzon” otliq aruz bitibtur, bisyor madxuldur. Yigirma to‘rt ruboiy vaznida to‘rt vaznda g‘alat qilibtur. Ba’zi buhurning avzonida ham yangilibtur, aruzg‘a mutavajjih bo‘lg‘on kishiga ma’lum bo‘lg‘usidur”.
Bu yerda “bisyor madxuldur” degani maqtov (madxul ‒ daxldor degani). “Mezon ul-avzon”da turkiy aruz vaznlari tasnif qilingan. Bunday sof turkiy aruz ilmiy tahlil etilgan asar Navoiygacha yaratilmagan edi. Unda birorta fors-tojik tilidagi she’rdan misol yo‘q. Xo‘sh, nega Bobur shunday buyuk tadqiqotda xatolar ko‘rdi? Professor Ummat To‘ychiyev Bobur xato deb hisoblagan o‘rinlarga to‘xtalib, uning qo‘lidagi asar xattotlar xato ko‘chirgan nusxa bo‘lganini aytadi. Ammo buni o‘sha qo‘lyozmani ko‘rmay turib isbotlab bo‘lmaydi. Chunki Bobur qaysi qo‘lyozmani o‘qigani ma’lum emas. Binobarin, “Mezon ul-avzon” Boburning tanqidi asosida jiddiy o‘rganilishi zarur.
Jomiy va Bobur bahosi nega zid?
“Forsiy devon ham tartib qilibtur. Forsiy nazmda “Foniy” taxallus qilibtur. Ba’zi abyoti yomon emastur, vale aksar sust va furudtur”. Bobur “Devoni Foniy”dagi she’rlarni nega “bo‘sh va past darajada” deb ta’riflagan? Yo haqiqatan ham shundaymi? Unda Mavlono Abdurahmon Jomiydek ulug‘dan ulug‘ zot “Xiradnomayi Iskandariy” dostonida Navoiy haqida mana bunday demagan bo‘lar edi:
Ba turky zabon naqshe omad achab,
Ki chodudamonro buvad mo‘hri lab.
...Bubaxshid bar forsi gavharon,
Ba nazmi dary durri nazmovaron,
Ki gar budy on ham ba lafzi dary,
Namondy macholi suxangustary.
Ba mizoni on nazmi mo‘chaznizom,
Nizomy ky budiyu Xisrav – kadom?
Mazmuni: turkiy tilda shunday bir ajoyib naqsh keldiki, jodugar-u sehrgarlar ham tillarini tiydi... Hali ham u forsiy tilda gavhar sochib, forsiyda durlarni nazmga soluvchilarni ayadi. Bordi-yu u ham forsiyda ijod qilganida edi, ularning so‘z aytishga majoli qolmas edi. Uning puxta-pishiq, ixcham nazmi oldida Nizomiy kim bo‘lar edi-yu Dehlaviy kim? (Jomiy va Navoiy. Toshkent, Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989. 20-bet).
Nima, Jomiy yolg‘on yozganmi? Mubolag‘adan foydalanganmi? Navoiyga xushomad qilganmi? Yo‘q. Bizningcha, unisi ham, bunisi ham emas.
Binoiy mudom Navoiyni mot qilganmi?
“Boburnoma”da Navoiy va Binoiy munosabatlari, o‘rtalaridagi qattiq-quruq hazil-mutoyibalar nisbatan kengroq bayon etiladi. Bir misol keltiramiz: “Alisherbekki, qalin nimalar ixtiro’ qilib edi va yaxshi nimalar ixtiro’ qilib edi, har kishikim, har ishga bir nima paydo qildi, ul nimaning rivoj va ravnaqi uchun “Alisheriy” der edi. Ba’zi zarofat bila Alisherbekka isnod qilurlar edi. Nechukkim, Alisherbek quloq og‘rig‘ida yog‘liq (ro‘mol) bog‘lag‘on uchun xotunlar ko‘k yog‘liqni qiyiq bog‘lag‘onni “nozi Alisheriy” ot qo‘ydilar. Bu jumladin, Binoiy Hiridin azimat qilur vaqt eshagi uchun polondo‘zga (to‘qimchiga) g‘ayrimuqarrar (o‘ziga xos, boshqacha) polone buyurur, otini “Alisheriy” der, “poloni Alisheriy” mashhur bo‘ldi”.
“Boburnoma”da keltirilgan epizodlarda xuddi yuqoridagidek hamma vaqt Binoiy Navoiyni mot qilgan bo‘lib chiqadi. Holbuki, bu sira gap talashishlarda Navoiy juda ko‘p o‘rinlarda yutgan ham.
Bobur bir qo‘pol hazilni bitar ekan, ikki narsani unutmaydi: voqea bayonidan keyin “va-l-uhdatu al-ar-roviy”, ya’ni “buning to‘g‘ri yoki xatoligi menga shu rivoyatni aytgan kishining gardanida” deb yozadi. Demak, bu hazil-mutoyibaga Boburning o‘zi bevosita guvoh bo‘lmagan. Yana kitobxon huzurida bir oz xijolat chekib “Ma’zur tutung. Muncha zarofatkim, bo‘ldi, Tengri uchun xotiringizg‘a kechurmang” deya qo‘shib ham qo‘yadi.
Tanqid huquqi
Xo‘sh, nega Bobur Navoiydek ulug‘ zotga bepisandroq munosabatda bo‘ldi? Bizningcha, buning uch sababi bor: 1) Bobur tabiatan o‘ta realist shaxs edi. Borini boricha, hech narsani yashirmasdan yozish uning qat’iy aqidasiga aylangan. Hatto o‘z otasi va amakilari, boshqa yaqinlariga baho berayotganda ham shu jihatni sezish qiyin emas; 2) Bobur temuriy hukmdor edi. Yozayotganida u Tangri taolodan boshqa hech bir zot oldida o‘zini burchdor yoki javobgar his qilmas, Navoiy maqom nuqtai nazaridan shoh oldida bir vazir edi. Uning hayoti va ijodiga baho berayotganida Bobur aynan shu pozitsiyadan turib yondashdi; 3) Abusaid mirzo Boburga ota tomondan bobo bo‘lib, 1451-yili Samarqand taxtiga o‘tiradi. Abulqosim Bobur vafotidan keyin (1457-yil 21-yanvar) Hirot taxti uchun kurash boshlanib ketadi va bu kurashda Abusaid mirzo g‘olib bo‘ladi. Navoiy Abulqosim Bobur saroyida xizmat qilgan mulozim, bundan tashqari Hirot taxti uchun kurashgan Sulton Husaynning yaqin do‘sti edi. Shuning uchun Abusaid Navoiyni Hirotdan surgun qildi. Bu haqda “Bilmon, ne jarima bila Sulton Abusaid mirzo Hiridin ixroj qildi” deb yozadi Bobur.
Dastlabki ikki sababni batafsil sharhlab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Ammo uchinchi sababni kengroq talqin etishga to‘g‘ri keladi.
Nahotki, Bobur o‘z bobosining Navoiyni nima sababdan surgun qilganini bilmasa? Axir, u Abusaid mirzo Navoiyning ikki tog‘asini qatl ettirganini ochiq yozadi-ku. Kim ikki tog‘asini qatl ettirgan podshohga el bo‘la oladi? Bobur Navoiy tog‘alarining o‘ldirilishi sabab Sulton Abusaidga dushmanga aylanganini bilgan.
Ikki tog‘aning qotili
Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining ikkinchi majlisiga ikki tog‘asini ham kiritgan. Birinchi tog‘asi Mir Said Kobuliyning “turkchaga mayli ko‘proq” ekanini qayd etib, bir tuyug‘ini keltiradi. Biz uchun muhimi shuki, uni kim o‘ldirganini ham aytadi: “Sulton Abusaid mirzo ilgida Saraxs qo‘rg‘onida shahid bo‘ldi”. Ikkinchi tog‘asi Muhammad Ali G‘aribiy yanada iste’dodliroq, xushsuhbat, xushxulq ekani, musiqiy ilmidin ham xabardorligi, xati chiroyliligini yozadi. Nadomatlar bo‘lsinkim, shunday yigitni ham Abusaid o‘ldirtiradi: “Sulton sohibqiron xizmatidin g‘ariblik ixtiyor qilib, Samarqandda qolg‘onda og‘asining qotili shahodat martabasig‘a yetkurdi”.
Majlisiyni o‘limdan saqlagan mukofot
Hasanxoja Nisoriyning (XVI asr) “Muzakkiri ahbob” (“Do‘stlar yodnomasi”) tazkirasidagi bir bob chig‘atoy sultonlariga bag‘ishlangan. Holbuki, bu sultonlarning Chig‘atoyxonga (1183–1241) bevosita avlodligi yo‘q. Gap shundaki, bizning yurtimizni Chingizxon ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyga bergan, Movarounnahrning qarluq-chigil lahjasida so‘zlashadigan o‘troq aholisi bora-bora “chig‘atoylar” deb atalgan. Eski o‘zbek adabiy tili shu lahjaga asoslangani uchun “chig‘atoy tili” deb yuritilgan. Shu tariqa kishi ismi millat nomiga aylanib ketgan. Chig‘atoy sultonlari deganda esa o‘sha zamonlarda temuriy hukmdorlar tushunilgan.
Xullas, tazkirada qiziq bir voqea bayon etilgan: Mavlono Majlisiy Zahiriddin Boburga qasida yozib, hukmdor majlisida o‘qib beradi. Bobur shoirni 7 ming tanga bilan siylamoqchi bo‘ladi. Qasida hali tugamay turib, shohning xayoliga chig‘atoy ulusi tahqirlab yozilgan, Muhammad Solihga nisbat beriladigan bir ruboiy tushib, she’rini tugatishi bilan Majlisiydan “Muhammad Solih bu ruboiyni ne sabab bilan yozgan?” deb so‘raydi. Majlisiy “Bu ruboiy podshohga yoqqanga o‘xshaydi” deb o‘ylab, “U she’rni men yozganman, ayrimlar bilmasdan Muhammad Solihga nisbat berishadi” deydi. Bobur Mirzoning avzoyi buziladi, shoirni qatl ettirmoqchi bo‘ladi. Lekin Xudo ko‘ngliga afv solib “Qasida siylovi uchun tayin etilgan 7 ming tanga uning xun bahosi bo‘lsin, ammo o‘zini darhol bu yerdan daf qilinglar!” deb buyruq beradi (Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob. Do‘stlar yodnomasi. Toshkent, “Xalq merosi”, 1993. 80-81-betlar).
Atoqli adabiyotshunos Natan Mallayev Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’” asarida keltirilgan, Muhammad Solih Shayboniyxonning temuriylarga hujumini maqtab yozgan mana bu ruboiyni Boburning g‘azabini qo‘zg‘agan she’r deb taxmin qiladi:
Miskin chig‘atoyki, kunduzi tundur anga,
Ahvoli parishon-u, qaro tundur anga.
Mag‘rur bo‘lub, sig‘mas edi Yer yuziga,
Sichqon tushugi emdi ming oltundur anga
(Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi. XVII asrgacha. Toshkent, “O‘qituvchi”, 1976. 634-bet).
Bobur ona tarafdan Chig‘atoyxonning avlodi edi. Shuning uchun chig‘atoy ulusiga otilgan tosh uning yuragiga ikki karra tegar edi. Uzoq ajdodini va xalqini tahqirlab yozgan shoirdan shunday o‘ch olgan qaysi nevara ko‘nglida ota tarafdan bobosi Abusaid mirzoni yomonlab, tarixda badnom qilib ketgan shoirga nisbatan kek saqlamaydi?..
Har qancha kechirimli bo‘lmasin...
Bobur bilar ediki, Navoiy uning bobosini avval Samarqanddan ustozi Sayyid Hasan Ardasherga yo‘llagan she’riy maktubi – “Masnaviy”da, keyin esa “Saddi Iskandariy”da qattiq tanqid qilgan. Maktubda Hirotda ahvol nihoyatda og‘irlashgani tasvirlanadi, Samarqand eli Hirot ahlini talagani, asir qilgani yoziladi – Samarqand eli boshida esa Boburning bobosi turgan edi.
“Saddi Iskandariy”ning 29-bobi Abusaid haqida. Unda dushman taraf Abusaid lashkarini yetarli maosh bilan ta’minlagani, lashkar shu bois g‘anim tarafga o‘tib, mirzoning qatl etilishiga yordam qilgani, Boburning bobosi sharmandalarcha halok bo‘lgani yoziladi. Mana, bobning sarlavhasi: “Sulton Abusaid Ko‘ragon navvara marqadahu hikoyatikim, royi uqdakushoyi bila ko‘p mamlakat oldi va tig‘i umrfarsoyi bila ko‘p elga oshub soldi va lekin sipohi rozi emas erkandin ish vaqti borcha qo‘zg‘oldi va o‘zi a’do (dushman) aro mahlakaga (tahlikaga, xavfli vaziyatga) qoldi, balki xasm (dushman) ul sarafrozning tig‘i kin bila bo‘ynin choldi” (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. 11-tom. Toshkent, “Fan”, 1993. 198-bet).
Navoiy Abusaid mirzoda jahongirlik da’vosi kuchliligi, unga g‘ayb olami ko‘p hunar bergan bo‘lsa ham, bir aybi borligi – eli va lashkarini ko‘p tanqis tutishi, ya’ni sipohiga durust maosh bermasligi, shu tariqa bisyor xazina to‘plashga mayli borligi, bundan o‘zi xursand-u, xalqi esa qattiq noroziligini ochiq bitadi.
Sulton suyagini xo‘rlamas, deganlaridek, har qancha adolatli va kechirimli bo‘lmasin, bu tanqid Boburga yoqmagani aniq.
Jomiy nega Hirotni tark etdi?
“Xamsat ul-mutahayyirin”da yo‘l-yo‘lakay aytib o‘tilgan, lekin jahon adabiyoti tarixi uchun muhim bir ma’lumot bor: Abdurahmon Jomiy Shohrux Mirzo hukmdorligining o‘rtalaridan to Abusaid Mirzo podshohligining avvaliga qadar poytaxt Hirotda, keyin shahar chetidagi Xiyobon degan joyda piri Sa’diddin Koshg‘ariy qabri boshida yashagan. Navoiy “Masnaviy”sidagi tasvirlardan Jomiy poytaxtni bekordan-bekorga tark etmagan bo‘lsa kerak degan taxminga boramiz. Chunki Abusaid Mirzo boshchiligidagi Samarqand lashkarining Hirotdagi talon-toroji, bosqinchiligi naqshbandiy pirni bu notinch joyni tark etishga majbur qilgan bo‘lsa ajab emas. Navoiy buni ochiqlamagan bo‘lsa ham, ishora bilan kitobxonga bildirib o‘tadi.
La’l ustunmi yoki tosh qozon?
Navoiy zamonasida fors-tojik tilidagi mana bu bayt juda mashhur bo‘lgan: “La’l sang astu degi sangin sang, // Lek andar miyon tafovuthost” (mazmuni: la’l ham, tosh qozon ham tosh, lekin o‘rtada farq bor).
“Xamsat ul-mutahayyirin”da yozilishicha, bir kuni hazrat Jomiy huzurida birov shu satrlardan, la’l bilan tosh qozon o‘rtasidagi o‘xshash va farqli taraflardan so‘z ochadi. Shunda Jomiy bir shayxning bu haqda aytgan gapini keltiradi: “Tosh qozonda har xil laziz taomlar pishiriladi, undan katta-yu kichik hamma manfaat ko‘radi. La’ldan esa xaloyiqqa turli zararlar yetadi”. Yuzaki qaraganda, bu suhbat bir bayt ma’nolarining talqinidan boshqa narsa emas. Shohga, zamonga, siyosatga hech ham aloqasi yo‘qdek. Ammo Navoiy bu kichik imkoniyatni ham qo‘ldan chiqarmaydi – aloqa topadi va buni Abusaid Mirzo siyosatiga bog‘laydi: “O‘sha kunlari Sulton Abusaid Mirzo Hirotda har kishida javohir bo‘lsa – olib, bo‘lmasa – tintuv o‘tkazib, elga har xil azob va zarar yetkazayotgan va bu bayt o‘qilgan majlisda esa tosh qozonda osh pishayotgan edi”. Bu yerda ham Abusaid Mirzoning zulmkorligi, bosqinchiligi va adolatsizligi qayd etib o‘tilgan.
Qistirib o‘tilgan tanqid
Yozuvchilik qiziq kasb: yozadiganingizni birinchi va ikkinchi darajaliga ajratib olishga majbursiz. Kitobxonga keyingisining hech qizig‘i yo‘q-da. Uni aytmaslik kerak, vassalom. Xo‘sh, Navoiydek buyukdan buyuk sohibi qalam shu oddiydan-oddiy qoidani bilmaydimi? Bilganda qandoq! Lekin...
“Xamsat ul-mutahayyirin”da Jomiyning avliyoligiga misol sifatida bir voqea bayon etiladi: Xoja Dehdor degan kishining tushiga hazrat Jomiy kirib “Qur’on o‘qi!” debdi. Oradan yetti-sakkiz yil o‘tib, Xoja Dehdor buni Navoiyga aytadi. Ulug‘ shoir “Modomiki, piri komilimiz tushingga kirib “Qur’on o‘qi!” degan bo‘lsalar, endi Kalomullohni yod ol” deydi unga. Xoja Dehdor bu maslahatga kirib, kuchli qori bo‘lib yetishadi. Bu tush ko‘rilganidan o‘ttiz besh yil o‘tganidan keyin Jomiy jon uzayotganida boshida Qur’on o‘qish uchun qori topilmaydi. Xoja Dehdorni Navoiy Astrobodga yuborgan edi, u Navoiyning bu yerdaligini bilib yetib keladi va Jomiyning oxirgi nafasida boshida Qur’on tilovat etib turadi.
Bor gap shu, Abusaid mirzoga daxl qiladigan hech yeri yo‘q. Lekin... masala shundaki, Xoja Dehdor bu tushni ko‘rgan mahalda Abusaid Mirzo xizmatida edi. Navoiy o‘sha yili “Sulton Abusaid Mirzo avval qatla Shohruxiya qo‘rg‘onin borib qabab erdi, ul yurushta Xoja Dehdor bilan erdi” deya sultonning bosqinchiligini qistirib o‘tadi.
Navoiy nega Mashhadga bordi?
“Holoti Pahlavon Muhammad” manoqibida Navoiy Mashhadga borgani, u yerda betob bo‘lgani, Pahlavon Muhammad xabar topib, uni davolashga hissa qo‘shgani haqida so‘zlaydi. Ammo bahonada Hirotni tark etgani sababi ham aytiladi: “Sulton Abusaid Mirzo zamonidakim, Xuroson ahli Samarqand ahlig‘a asir erdilar va har nav’ zulm va taaddiki (tajovuz), alardin voqe’ bo‘lsa, bu asirlar mute’ va farmonpazir. Bu faqirni ayni iflosu falokat va sarnavishu ranjurish Mashhad sori tortib, eltti...” (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 15-tom. 114-bet). Ma’lum bo‘ladiki, Navoiy Abusaid Mirzo dastidan Hirotdan chiqib ketganda avval Samarqandga emas, Mashhadga borgan.
Bobur nega Navoiyning ukasiga ish bermadi?
“Yana Darvesh Alibek edi. Alisherbekning tuqg‘an inisi edi. Necha mahal Balxning hukumati munda edi. Balxda yaxshi bekliklar qildi. Tiyra mag‘z va behunarroq kishi edi. Sulton Husayn Mirzo avval Qunduz va Hisor ustiga kelganda tiyra mag‘zlig‘idin tutturdilar. Balx hukumatidin ma’zul bo‘ldi. Tarix to‘qquz yuz o‘n oltida men Qunduz kelganda mening qoshimg‘a kelib edi, masx (basharasi o‘zgargan) va mabhut (hayron qolarli) edi. Beklik qobiliyatidin dur (uzoq) va ichkilik salohiyatidin mahjur (tushkun). G‘olibo, Alisherbek vositasidin muncha rioyat topqandur” (“Boburnoma”, 235-bet).
Xo‘sh, Sulton Husayn Navoiy hurmatidan uning ukasini hokim qilgan ekan, Bobur nega unga ish bermadi? Bu ham mayli. Navoiyning hurmatidan muallif Darvesh Alibekning shu kamchiliklarini aytmay ketsa ham bo‘lar edi-ku. Boz ustiga, Husayn Mirzo Navoiyning hurmatidangina unga Balx bekligini berganini ham pisanda qilib o‘tadi...
Tabrik maktubi
Bobur ikkinchi bor Samarqandni olganda Navoiydan tabrik maktubi keladi. Samarqandda kim hukmdor bo‘lishi Sulton Husayn podshohligidagi Xuroson davlati uchun hayot-mamot masalasi edi. Xuroson davlatida “muqarrabi shohiy” (shohning eng yaqin kishisi) martabasiga ega, boshqacha aytganda, davlatning bosh mafkurachisi sifatida Navoiyning Boburni tabriklashi tabiiy edi. Bobur ham unga javob maktubi yo‘llagan. Oxirida bir turkiy bayt ham bitgan: “Bu ikkinchi navbat Samarqandni olg‘onda Alisherbek tirik edi. Bir navbat manga kitobati ham kelib edi. Men ham bir kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim. Javob kelguncha taqriqa va g‘avg‘o bo‘ldi” (“Boburnoma”, 142-bet). Chunki Bobur bungacha Samarqandni tark etishga majbur bo‘lgan. Shu tariqa bu ikki xat matni ham qo‘limizda yo‘q, Bobur bitgan maktubga javob yozilgan-yozilmagani ham tarix jumbog‘i bo‘lib qolgan.
Shoh eshigidagi tilanchi
Navoiy Abusaid Mirzo hukmronligidan qattiq norozi kayfiyatda bo‘lgani va buni u hukmron bo‘lgan kezlarda ham yashirmaganini zamondoshlari asarlaridan ham bilib olamiz. Xondamirning “Makorim ul-axloq”ida mavzuga daxldor bir voqea tasviri bor. Navoiy ustozi Pahlavon Muhammad bilan Hirotdagi “Bog‘i safed”ni kezib yurgan mahali Yusuf degan kishiga duch keladilar. Pahlavon Muhammadning tanishi bo‘lgan bu odam ayrim vazirlar uning suvini tortib olganidan shikoyat qila ketadi. Podshohga arz qilmoqchi bo‘lsa, yasovullar ichkariga kiritmabdi. Ahvoli shu qadar nochor bo‘libdiki, har kuni odamlardan bir burda non tilab, jon saqlab yurgan ekan. Buni eshitgan Navoiy unga “Gadoe, ki non az dari shoh chust, // Biboyad zi obi xudash dast shust” degan baytni aytadi (mazmuni: shoh eshigidan non tilagan tilanchi o‘z suviga qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga ursin) (G‘iyosiddin Xondamir. Makorim ul-axloq. Toshkent, “Akademnashr”, 2017. 180-181-betlar).
Xondamir bu voqea aynan Abusaid Mirzo hukmronligi zamonida yuz berganini alohida qayd etib o‘tadi. Demak, Navoiy bu she’ri bilan xalqning Abusaiddan adolat talab qilishi mutlaqo befoydaligini u hukmronlik qilib turgan zamonning o‘zida ochiqdan ochiq aytgan. 1501-yili yozib tugallangan “Makorim ul-axloq”dan Bobur bexabar bo‘lmagan, albatta.
Ko‘rinadiki, Navoiy va Bobur o‘rtasidagi munosabatlar unchalik oddiy bo‘lmagan. Bu maqolani tarix jumbog‘ini oydinlashtirish yo‘lidagi dastlabki urinish sifatida qabul qilgaysiz, aziz mushtariy.
Sultonmurod OLIM
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.
Adabiyot
Mafkura
Tarix
Tarix
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q