Millioner Sayfulmulkning sovetlar tomonidan mahv qilingan farzandlari kimlar edi?


Saqlash
17:23 / 15.04.2025 720 0

Oʻtgan asrning boshlarida Turkiston boʻlgasida taraqqiyparvarlik gʻoyalari va jadidchilik harakatining keng quloch yoyishida turk hamda ozarbayjon qardoshlarimiz qatorida tatar maʼrifatparvarlarining ham alohida oʻrni bor. Ushbu maqolada oʻz davrida Turkiston matbuotida koʻp uchraydigan Sayfulmulklar va ularning Turkistonning ilmiy-siyosiy taraqqiyotiga qoʻshgan hissalari hamda ayanchli qismatlari haqida hikoya qilamiz.

 

Xonadonning asoschisi – hozirgi Qozogʻistonning Qazali (Kazalinsk) shahrida yashagan asli orenburglik savdogar, millioner Kamoliddin Sayfulmulk edi. Kamoliddin Sayfulmulk mashhur Husayinov firmasi taʼsischilaridan boʻlib, oʻz vaqtida Turkistonning koʻplab sanoatchi boylari va savdogarlari bilan ish hamkorligi qilardi. Ammo, Husayinov firmasi Turkistonda savdo-sanoat doiralaridan ham koʻra oʻzining noshirlik ishlari, kitob va maktab jihozlarining imtiyozli savdosi orqali jadid taraqqiyparvarlari orasida yana ham koʻproq tanilgan edi.

 

Kamoliddin Sayfulmulkning 1885-yil tugʻilgan toʻngʻich farzandi Murtazo Sayfulmulk asosan otasining savdo ishlariga koʻmaklashgan. Hokimiyatga bolsheviklar kelishi bilan uning kapital va koʻchmas mulklari davlat hisobiga musodara etilib, oʻzi taʼqibga uchraydi. Shundan soʻng Murtazo Sayfulmulk 1925-yilda Toshkent shahriga koʻchib keladi.

 

Uning 1887-yil tugʻilgan ikkinchi oʻgʻli Mustafo Sayfulmulk 1912-13-yillar Moskva kommersiya institutini tugatgach, jadidchilik gʻoyasi taʼsiri ostida turkiy musulmon xalqlarning milliy muxtoriyat olishi uchun kurashga kirishadi. Mustafo Sayfulmulk 1917-20-yillar eserlar partiyasi safida Tataristonda muvaqqat hukumat tuzishga kirishadi. Ufada mustaqillikni saqlab qolish maqsadida Dutov bilan qizil armiyaga qarshi kurash olib boradi. Bolsheviklar taʼqibi ortidan Toshkentga koʻchib kelgan Mustafo Sayfulmulk 1922-yil mashhur millioner Yaushevlar xonadonidan boʻlgan Roziya Yausheva bilan oila quradi. Keyinroq, Buxoro Shoʻro Jumhuriyati hukumatining taklifiga koʻra Buxoro shahriga koʻchib keladi va 1922-1923-yillarda BXR Moliya noziri vazifasida ish olib boradi. Uning Buxorodagi moliya va pul-tovar munosabatlari yuzasidan yozilgan qator maqolalari bugunga qadar muhim tarixiy ahamiyatga molik[1]. Mustafo Sayfulmulk 1925-28-yillar Samarqand shahrida Oʻzbekiston SSR moliya xalq komissarligida masʼul lavozimlarda ham ish olib borgan. Keyin Toshkent shahriga koʻchib ketib, OʻzSSR moliya xalq komissarligida konsultant vazifasida ishlaydi. 1938-yil 4-fevralda esa qamoqqa olinib, Olimjon Idrisiy va nemis razvedkasiga aloqador shaxs sifatida 10-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi... Mustafo va Roziyalarning farzandi Farid Sayful-Mulyukov kun kelib SSSRning eng mashhur insonlaridan biri – xalqaro jurnalist, teleboshlovchi, yozuvchi, arabshunos-sharqshunos boʻlib yetishadi.

 

Farid Sayful-Mulyukov

 

Kamoliddin Sayfulmulk oilasining uchinchi vakili Badriddin Sayfulmulk 1890-yil may oyida Qazali (Kazalinsk) shahrida dunyoga kelgan. Badriddin dastlabki taʼlimni Qazali va Orenburg shaharlarida oldi. Soʻng Turkiyaning Istanbul shahriga borib, 1908-1914-yillarda “Galata saroy” litseyida oʻqidi. 1914-yili Belgiyaning Lyej shahridagi universitetning matematika fakultetiga muvaffaqiyatli imtihon topshiradi. Biroq, jahon urushi boshlanib ketgani tufayli Istanbulga qaytishga majbur boʻladi. 1915-yili Germaniyaga kelib, Berlin universitetining meditsina fakultetiga oʻqishga kiradi. Badriddin Sayfulmulk universitetda oʻqish bilan bir paytda Vyunsdorfdagi konslagerda imom boʻlib ish olib borayotgan doʻsti Olimjon Idrisiyga koʻmakdosh boʻladi. Ular frontda Germaniya tomonidan asir olingan musulmon harbiy asirlari uchun tarjimonlik qiladi. Harbiy asirlarning huquqlarini himoya qilish, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun yelib yuguradilar.

 

Brest-Litva sulhidan soʻng Germaniya harbiy asirlarni qaytara boshladi. 1919-yilda harbiy asirlar joylashgan ilk vagon SSSRga keldi. Asirlar orasida boʻlgan Gadi Ignatullin Moskva, Qozon, Boshqirdistonda boʻlib, bolsheviklarning mahalliy xalqlarga nisbatan gʻayriqonuniy va gʻayriinsoniy harakatlariga guvoh boʻladi. 1919-yilning oʻzidayoq Berlinga qaytib, harbiy asirlarning sovetlar davlatiga qaytishi xavfli degan xulosani beradi. Shundan soʻng Olimjon Idrisiy, Badriddin Sayfulmulk, Ibragim Ramiyev kabi koʻplab tatar ziyolilari tezkor oʻquv kurslari ochib, harbiy asirlarga olmon tili va boshqa fanlarni oʻrgatishga kirishadilar. Ular bir qancha harbiy asirlarni Germaniyadagi zavod-fabrikalarga ishga joylashtiradi. Yoshlarni Yevropa ilmi, fan-texnikasi va kasb-hunarlarini oʻrganishga chaqirib, bir nechasini oʻrta maxsus taʼlim muassasalari hamda universitetlarga oʻqishga kiritishga muvaffaq boʻladi.

 

Badriddin Sayfulmulk 1921-yilda Berlin universitetining dentologiya (tish shifokori) boʻlimini bitirib oliy maʼlumot oladi. Shu yili Buxoroga kelgan Olimjon Idrisiy Buxoro Xalq Respublikasi rahbari Fayzulla Xoʻjayev taklifi bilan Buxoro pasportini oladi va Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga tahsil olishga yoʻllangan talabalarga rahbar etib tayinlanadi. Unga yelkadosh boʻlgan Badriddin Sayfulmulk turkistonlik talabalarni Yevropa turmush madaniyati, ilm-fani, texnika sohasidagi yutuqlari bilan tanishtiradi. Ularni yotoqxona bilan taʼminlash, tezkor til kurslariga joylash, til oʻzlashtirganlariga, oʻqish va ish joylari topishga bosh-qosh boʻladi. Oʻzi ham yoshlarga nemis, fransuz, rus tillaridan dars beradi.

 

 

Badriddin Sayfulmulk 1925-yili Oʻrta Osiyo davlat universiteti direktori Meyerson taklifi asosida Yevropada oliy maʼlumot olgan dastlabki insonlardan biri sifatida SSSRga qaytadi. U Toshkentdagi Oʻrta Osiyo davlat universitetida gigiyena fanidan dars berdi. 1926-1927-yillarda Toshkentning Eski shahar qismida kichik tish kasalliklari shifoxonasi ochib, aholiga xizmat koʻrsatadi. 

 

Badriddin Sayfulmulk Oʻzbekistonga kelishi bilan xalqimizning tibbiy madaniyatini oshirish yoʻlida oʻzi Yevropada oʻzlashtirgan barcha ilm-fan sirlarini joriy etishga kirishadi. Bu yoʻlda bir zum tinim bilmadi. Har kuni matbuot uchun bir maqola bitdi[2], kitob va oʻquv qoʻllanmalari yozdi. Germaniyadan olib kelgan nemis, fransuz tillaridagi ilmiy kitoblarni tarjima qilishga kirishdi. Yetti tilni mukammal bilgan yosh olim Badriddin Sayfulmulk oʻzining ilmi, mahorat va tajribasi bilan ham xalq orasida, ham sovet maʼmurlari orasida juda qisqa muddatda ulkan obroʻ qozonadi. Turmush oʻrtogʻi Sultongali Yaushevning kenja qizi Robiya Yausheva bilan oʻgʻli Rustamni ulgʻaytira boshladilar.

 

 

Shunday baxtli kunlarning birida qora kuchlar uning hayotiga qoʻqqisdan chang soldi. 1929-yil 5-noyabr kuni OGPU Oʻrta Osiyo boʻlimi Badriddin Sayfulmulkni goʻyoki M.Sultongaliyev ishi doirasida qamoqqa olishga order beradi. 6-noyabr tunida uning Toshkent shahri, Stalin tumani, Voronsov koʻchasidagi xonadoniga oddiy qogʻozga qalamda chizilgan xarita bilan GPU xodimlari bostirib keldi. Oʻta maxfiy tutilgan hibs va tintuv dalolatnomasidan uydan hech qanday arzirli ashyoviy dalil topilmagani anglashiladi. Qamoqqa olish toʻgʻrisidagi qarorga Germaniyada tahsil olgan, Germaniyadagi rossiyalik musulmon harbiy asirlarga xizmat qilgan, shuningdek, aksilinqilobiy “Turon” tashkilotining aʼzosi, turkistonlik talabalarning Berlin shahrida joylashishiga yordamlashgan kabi ayblovlar yozilgan.

 

1929-yil 12-noyabr kuni oʻtkazilgan ilk soʻroqda Badriddin Sayfulmulk oila aʼzolari haqida – ukasi Ahmad va amakisi Midxat bilan birga yashashini, otasi Kamoliddin Sayfulmulk Orenburgda, aka-ukalari Murtazo, Mustafo, Ahmad va Aziziddin Toshkentda yashashlarini aytadi. 1929-yil 20-noyabr kuni navbatdagi soʻroqda Germaniyaga borgan yoshlar asosan u yerdagi ilm-fanni chuqur oʻzlashtirish yoʻlida muntazam oʻqib-izlanishlari, talabalarning uyushmalari esa asosan ularning iqtisodiy taʼminoti va ilmiy mubohasalari uchun sharoit yaratish bilan mashgʻul boʻlganini bildiradi. Biroq 1929-yil 27-noyabrda ish materiallarini koʻrib chiqqan OGPU rahbarlari Badriddin Sayfulmulkni hech bir dalilsiz nemis josusi deb topib, OʻzSSR JKning 58-14, 70-moddalarini qoʻllaydi. Muttasil qiynoq va tahqirlar ostida oʻtgan tergov Badriddin Sayfulmulkni butunlay holdan toydiradi. Biroq 1930-yil 10-fevraldagi soʻnggi soʻroq davomida ham u oʻzining beayb ekanini, Olimjon Idrisiy ham hech qachon xoin, josus boʻlmaganini taʼkidlaydi. Oʻrta Osiyo OGPU tomonidan tayyorlangan ayblov bayonnomasiga u “oʻzimni aybdor deb bilmayman”, deb imzo chekadi. Shunga qaramay, 1930-yil 28-may kuni Badriddin Sayfulmulk OGPU harbiy kollegiyasi qarori asosida 5-yilga konslagerga hukm etildi. U 1936-yili jazoni oʻtash vaqtida Sibirdagi lagerlardan birida vafot etadi. Oradan vaqt oʻtib, 1959-yil 4-iyunda Turkiston Harbiy okrugi harbiy kollegiyasi “ishda jinoyat alomatlari yoʻq” deb Badriddin Sayfulmulkni oqlaydi va bu haqida Moskvaga, uning oila aʼzolariga xabar yoʻllaydi.

 

Kamoliddin Sayfulmulkning toʻrtinchi farzandi Aziziddin Sayfulmulk 1892-yil dunyoga kelgan. Aziziddin 1903-1908-yillar Orenburgdagi Husayniya madrasasida, 1908-1913-yillar Orenburg real bilim yurtida oʻqidi. Aziziddin Sayfulmulk shu davrda hayotini tibbiyot sohasi bilan bogʻlashga qaror qiladi va 1913-14-yillar Moskvada lotin tili kursida tahsil oladi. 1914-yili Qozon davlat universitetining meditsina fakultetiga oʻqishga kirgan Aziziddin talabalik yillaridanoq faol siyosiy kurashga kirishib ketadi. 1917-yil fevral inqilobidan soʻng Qozon shahrida tashkil etilgan Milliy Shoʻroda kotib vazifasiga saylanadi. Biroq, koʻp oʻtmay doʻsti Zaki Validiy Toʻgʻon bilan Toshkent shahriga kelib, siyosiy jarayonlarda, xususan, Turkistondagi ilk siyosiy partiyani tuzish, uning maromnomasini tayyorlash ishida faol ishtirok etadi. Aziziddin Sayfulmulk Turkiston Oʻlka musulmonlarining Markaziy Shoʻrosi kotibligiga saylanib, Shoʻroning nashri afkori “Kengash” gazetasida Turkiston Oʻlka musulmonlarining Markaziy Shoʻrosi axborotlari[3], mavjud partiyalarning dastur va nizomlari haqida turkistonliklarga keng maʼlumotlar berib borgan.[4] Shuningdek, Shoʻro qoshida Munavvarqori Abdurashidxonov tashabbusi bilan ochilgan ikki oylik muallimlar kursida Amerika universitetida tahsil olgan Burhon Habib, Istanbul universitetida taʼlim olgan Muhammadamin Afandizoda, oʻz zamonasining yetuk muarrixi Ahmad Zaki Validiylar bilan birga Qozon hayʼati aʼzosi Aziziddin Sayfulmulk ham “Hifzi sihat” fanidan dars beradi[5]. 1918-yil Qozon shahrida “Qurultoy” nomli gazeta chiqarib, milliy muxtoriyat uchun jiddiy kurashga kirishadi.

 

1918-yil soʻngida Tomsk shahrida qizil armiyaga qarshi Kolchak armiyasiga xizmatga kiradi. Kolchak chekinganidan keyin Tomsk davlat universiteti meditsina fakultetida oʻqishni davom ettiradi va 1919-21-yillar qizil armiya safida vrach boʻlib ishlaydi.

 

1922-yil Toshkentga kelgan Aziziddin ham doʻsti Olimjon Idrisiy bilan bir qator talabalarni Turkistondan Germaniyaga yuborishda ishtirok etadi. Turmush oʻrtogʻining singlisi Marvar Arabovani ham Germaniyada oʻqishga yoʻllaydi. U bu davrda oʻta faol tarzda ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi. SAGU meditsina fakultetida talabalarga dars berdi, amaliyotda ish olib bordi, oliy taʼlim uchun darsliklar yozdi, matbuotda maqolalar bitdi[6].

 

1937-yil 13-avgust kuni toʻsatdan Aziziddin Sayfulmulkni OʻzSSR JK 62-moddasi bilan josuslikda ayblab, qamoqqa olish uchun order berildi. Uning ortida onasi Shamsikamol aya (65 yosh), turmush oʻrtogʻi Ravzaxon (41 yosh) va qizlari Gulnar (16 yosh) Nastya (14 yosh)lar yolgʻiz qoladi. 1937-yil 21-avgust, 1937-yil 7-sentyabr kunlaridagi soʻroqlarda Aziziddin Sayfulmulk oʻziga qoʻyilgan josuslik ayblovini mutloq rad etadi. Biroq, 1937-yil 27-noyabr kuni mashʼum “uchlik” yigʻini Aziziddin Sayfulmulkni OʻzSSR JK 66-moddasi, 1-bandi bilan, yaʼni aksilinqilobiy tashviqotda ayblab, 10-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qiladi.

 

Aziziddin Sayfulmulk 1956-yil 20-mart sanasi bilan yozgan arizasida 10-yil lagerga nohaq hukm etilganini yozadi. Jazoni avval Uglichda, undan soʻng urush tufayli Nijniy Tagilga oʻtaganini maʼlum qiladi. 1944-yil 24-avgustda ozodlikka chiqqach ham Toshkentda oilasi bilan yashashga ruxsat berilmaganini va hozirda Yangiyoʻl tibbiyot muassasada mudir ekanini aytib, oqlashlarini talab qiladi. Shu arizadan soʻng ish qayta koʻrib chiqishga topshiriladi. Natijada sobiq mehnat tuzatish lageri mahbuslari aka-uka Aziziddin, Nuriddin va Mustafo Sayfulmulklar 1957-yil 30-sentyabrda SSSR Harbiy sudi kollegiyasi tomonidan stalincha qatagʻon qurbonlari qatorida oqlanadilar.

 

Kamoliddin Sayfulmulkning keyingi oʻgʻli Nuriddin Sayfulmulk 1893-yil dunyoga kelgan. Nuriddin ham avval jadid maktabi va madrasalarda tahsil olgan. Otashnafas jadid muallimi va bilimdon mudarris sifatida tanilgan Nuriddin Sayfulmulk tatar matbuotida oʻtkir mavzudagi maqolalari bilan qatnashardi. Nuriddin Toshkentga fevral inqilobidan soʻng keladi va “Ulugʻ Turkiston” gazetasining ilk sonidan tahririyatda ish boshlaydi. Kabir Bakir muharrir boʻlgan mazkur gazeta tatar matbuoti deyilsa-da, barcha turkiy xalqlar – oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turkman kabi Turkistonning tub millatlari manfaatini aks ettirardi. Gazetada Nuriddin Sayfulmulk oʻta muhim mavzularda, jumladan, “Xalq jumhuriyati” maqolasida oʻquvchilarga boshqaruvning demokratik respublika usuli haqida keng qamrovli maʼlumot bersa[7], “Turkistonliklar ham askariy xizmat” maqolasida milliy armiya tuzish ahamiyati haqida toʻxtaladi[8]. U 1918-yil 1-dekabrdan “Maorif” jurnalida ish olib bordi. Shundan soʻng sovet maktablarida dars berdi, darsliklar yoʻnalishida tarjimonlik qildi[9]. Keyinroq qishloq xoʻjaligi institutiga kirib, agronomiya yoʻnalishida oliy taʼlim oladi.

 

Afsuski, Nuriddin Sayfulmulk ham 1937-yilgi “Katta qirgʻin” oʻpqoniga tortildi. 13-avgust kuni Nuriddin Sayfulmulkni josuslikda ayblab, akasi Aziziddin bilan bir vaqtda qamoqqa olish uchun order beriladi. Uzoq davom etgan tahqirli tergovlardan soʻng 1937-yil 27-noyabr kuni mashʼum “uchlik” yigʻini Nuriddin Sayfulmulkni ham ogʻasi Aziziddin Sayfulmulk kabi OʻzSSR JK 66-moddasi, 1-bandi bilan aksilinqilobiy tashviqotchi sifatida 10-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qiladi.

 

Kamoliddin Sayfulmulkning kenja farzandi Ahmad Sayfulmulk 1904-yil hozirgi Qozogʻistonning Qazali shahrida dunyoga kelgan. 1922-yil Orenburgga kelgan Olimjon Idrisiy Badridin Ahmadning ham Germaniyada tahsil olishini istayotganini aytadi. Ahmad otasining roziligini olgach, 1922-yil Orenburg CHKga ariza beradi. Koʻp oʻtmay Orenburg sovetidan rasman ijobiy javob oladi. Shundan soʻng u Moskvaga borib, xorijga chiqish uchun pasport olishga kirishadi. 1922-yilning oktyabr noyabr oylarida hujjat ishlarini yakunlab, Germaniyaga yetib boradi. Biroq, u Buxoro hukumati stipendiyasini qoʻlga kirita olmaydi. Otasining homiyligi asosida dastlab Berlindagi oʻquv kurslarida nemis tilini oʻrganadi. Soʻng Vittengauzendagi qishloq xoʻjaligi institutida oʻqishga kiradi. Ahmad Sayfulmulk iqtisodiy yetishmovchilik tufayli oʻqishni davom ettira olmaydi. 1925-27-yillarda Berlin qishloq xoʻjalik Oliy maktabiga kiradi, biroq 2 kurs oʻqigach, 1927-yil mart oyida SSSRga qaytishga majbur boʻladi. U faqat 1931-yildagina Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjalik institutini tamomlab, oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomni qoʻlga kiritadi. Biroq, 1929-yil Germaniyada tahsil olib SSSRga qaytgan oliy maʼlumotli shifokor akasi Badriddin Sayfulmulk NKVD xodimlari tomonidan qamoqqa olingandi. Bu oʻz navbatida Ahmad uchun ham koʻpgina eshiklarning yopilishiga sabab boʻladi.

 

OʻzSSR Xalq xoʻjaligi muzeyida ilmiy xodim sifatida ishlarkan, oʻzi bilan Germaniyadan keltirgan agranomiyaga doir koʻplab oʻquv qoʻllanmalari va darslik kitoblarini tarjima qilishga kirishadi, “Qishloq xoʻjaligi” jurnalida maqolalari bilan tez-tez chiqishlar qilib turadi. Turmush oʻrtogʻi Fotixiy Sayfulmulyukova (1905) bilan oʻgʻillari Asxad (1927) va Erik (1932) tarbiyasida mashgʻul boʻladi. Bu paytga kelib Sayfulmulklarning deyarli barchasi Toshkentga koʻchib kelgan edi. Aziziddin Sayfulmulk Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash xalq komissarligida shifokor, Mustafo Sayfulmulk Moliya xalq komissarligining bosh boshqarmasida gʻaznachi, Atoulla Sayfulmulk Toshkent univermagida mutaxassis boʻlib ishlardi. Biroq ziyoli oilaning barcha aʼzolariga nisbatan NKVD yot unsur sifatida qaray boshlagandi. Ularning ortidan umumiy nazorat yoʻlga qoʻyilib, barchalari NKVDning oʻlim roʻyxatiga kiritiladi. Buning uchun faqat bir baxya, bir bahona zarur edi. Koʻp kuttirmay oʻsha qiyomat suri chalindi. Stalin va Yejov tomonidan tashkil etilgan “Katta qirgʻin”ga start berildi. Oʻzining halol mehnati bilan kun kechirayotgan Ahmad Sayfulmulk ham NKVD qotillari nishoniga aylandi.

 

1937-yil 21-avgust kuni yosh olim Ahmad Sayfulmulkka qarshi qaratilgan qarorga OʻzSSR NKVD oʻrinbosari Leonov imzo chekadi. Unda Ahmadga “Mustaqil Turkiston” tashkiloti aʼzosi, Germaniya josusi Atoulla Sayfulmulk bilan aloqada degan ayblovlar bitilgan edi. 1937-yil 21-avgust kunining oʻzida qamoqqa olish uchun order berilib, unga tegishli Toshkent shahri, Oktyabr tumani, M.Gorkiy koʻchasi, 12-uyda tintuv oʻtkaziladi. Uyidan chiqqan barcha buyum va hujjatlar xatlanib, olib ketiladi.

 

1937-yil 22-avgustda ilk soʻroqda Ahmad tergovchi talabi bilan oʻzining Germaniyaga borish tarixi, u yerdagi hayoti va barcha qarindoshlarini sanab beradi. 1937-yil 12-oktyabrda A.Sayfulmulk tergovchi tomonidan unga qoʻyilgan jinoyatlarni hech qachon sodir etmaganini aytadi. Biroq, 1937-yil 20-dekabr kuni Ahmad Sayfulmulk dahshatli qiynoqlar ostida oʻziga boʻhton bitilgan qogʻozlarni imzolashga majbur qilindi.

 

Shundan soʻng Ahmad Sayfulmulk 1937-yil 22-dekabrdagi soʻroqdan qatʼiy bosh tortadi. Jismoniy va maʼnaviy tahqirlar ostida mahv etilgan A.Sayfulmulkka oʻzining qanday ulkan “jinoyatchi” boʻlganini eshitish nasib etmadi. U 1938-yil 31-iyul kuni Toshkent turmasida qiynoqlar oqibatida halok boʻldi. A.Sayfulmulkka tegishli jinoiy ish uning vafot etishi munosabati bilan toʻxtatiladi.

 

1957-yil 8-oktyabrda turmush oʻrtogʻi Fotixiy Sayfulmulyukova Toshkent shahri, Beshogʻoch koʻchasi, 182-uydan Turkiston Harbiy Okrugining harbiy prokuroriga ariza yozadi. Unda 1939-yil 26-fevral kuni Kuybishev tuman "ЗАГС" byurosi erining 1938-yil 31-iyulda turmada oʻlgani haqida xabar berganini yozadi. Arizada Ahmad Sayfulmulk haqida qisqacha maʼlumot berib, uning davlat va xalqi oldida hech qanday jinoyati boʻlmaganiga ishonch bildiradi hamda uning oqlanishini soʻraydi. Akasi Aziziddin Sayfulmulk ham “U hech qachon josus boʻlmagan, aksincha, halol, bilimdon va mehnatsevar inson edi. Uning izidan NKVD tartibli kuzatuv qoʻygan edi. Biroq, ular hech qanday dalilsiz ukamni 1937-yilda qamoqqa olgan edilar”, deb yozadi. Shundan soʻng Ahmad Sayfulmulkning ishi ham qayta koʻrishga tortiladi va u 1957-yil 5-noyabrda oqlanadi.

 

Bahrom IRZAYEV,

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori


[1] Mustafo Sayfulmulk. Yana oqcha masalasi // Uchqun. № 2. 1923-yil 1-aprel. — B. 22-28.

[2] B-i (Badri Sayfulmulk). Badan tarbiyasi (fizkultura) // Yer yuzi. № 6. 1926-yil 5-mart.; Badri Sayfulmulk. Ispurt // Yer yuzi. № 13. 1926-yil 30-sentyabr.; Badri Sayfulmuluk. Chaqoloq va beshik. // Yer yuzi. № 15. 1926-yil 7-noyabr.; Badri Sayfulmulk. Beshikning oʻrniga krovat. // Yer yuzi. № 17. 1926-yil 20-dekabr.

[3] Markaziy Shoʻro axborotlari // Kengash. №5. 1917-yil 6-avgust.

[4] Aziziddin Sayfulmulk. Birinchi siyosiy imtihon // Kengash. №7. 1917-yil 6-avgust.

[5] Toshkentda ikki oylik muallimlar kursi // Kengash. №4. 1917-yil 25-iyul

[6] Aziziddin Sayfulmulk. Sogʻliq va biz // Inqilob. № 4. 1922-yil.; Aziziddin Sayfulmulk. Siflis va Turkiston // Inqilob. № 9-10. 1923-yil.; A.Sayfulmulk. Qoʻtir kasali va undan qutulish choralari // Turkiston. № 124. 1923-yil 4-may.

[7] N.Sayfulmulk. Xalq jumhuriyati // Ulugʻ Turkiston. №6. 1917-yil 20-may.

[8] N.Sayfulmulk. Turkistonliklar ham askariy xizmat // Ulugʻ Turkiston». №12. 1917-yil 31-iyun.

[9] Nuriddin Sayfulmuluk. Jugʻrofiya. Oʻzdavnashr. 1925-yil.; N.I.Balashov. Oʻzbekiston va uning qoʻshni jumhuriyatlar hamda viloyatlar (jugʻrofiy iqtisodiy maʼlumot). (N.Sayfulmulk tarj.). Oʻzdavnashr. 1926-yil.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 06.05.2025 0 118
Dunyoga taʼsir oʻtkazgan siyosiy esselar

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 662
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//