U ketgani yo‘q, chiroyli afsonaga aylandi, xolos... – Yaqinlari To‘ti Yusupova haqida


Saqlash
14:03 / 18.03.2022 1553 0

To‘ti Yusupovaning tiynatida shaddod kelin, mushfiq ona, jafokash yor, mushtipar buvi qiyofalari birlashib ketgandi. Uning nigohlari bir necha asr hayot bilan olishib yashagan insonning dardlari, hasratlarini so‘zlardi go‘yo. Yaratgan obrazlari orqali kimgadir ona, kimgadir buvi, yana kim uchundir singil bo‘lib ko‘rinishining sababi o‘zbek ayoliga xos kuyunchaklik, samimiyat To‘ti Yusupova xarakteriga singib ketganida edi.

 

O‘zbek milliy kino va teatr san’ati betakror iste’dodidan, sahna onasidan ayrildi. Soha, muxlislar, millat To‘ti Yusupovaning xizmatidan, mehnatidan hamisha minnatdor bo‘lib qoladi. Oyina.uz bugun uning yaqinlari, hamkasblari, hayotdagi yelkadosh insonlari qalbidagi siymoni xotirlaydi.

 

Marhabo NASRIDDINOVA, dublaj muharriri, qizi

 

Yoshim ulg‘aygan sari onamga o‘xshab boryapman. Borliklari suyanchig‘im ekan, katta suyanchiq.

 

Yaratgan yaxshi ko‘rgan bandasiga dard berib sinaydi, deyishadi. Oyimni juda ko‘p sinadi... Oyim juda kuchli, irodasi mustahkam ayol edilar. Hech qachon nolimaganlar. Hech narsani bildirmas edilar. Bir xil paytlar yig‘lab o‘tirar edilar. “Oyi, kim xafa qildi, adamlar bilan urishib qoldingizmi”, desam, “Bor, rolimni yodlayapman”, der edilar. Men haqiqatdan shunaqa deb o‘ylar edim. Balki, o‘sha payt rostdan ham urishib qolgandirlar...

 

Oyim juda sabr-qanoatli, nima kelsa mardona qabul qilgan ayol bo‘lganlar. “Suv kelsa simiradi, tosh kelsa kemiradi” maqoli oyim haqida...

 

 

 

Erkin KOMILOV, O‘zbekiston xalq artisti

 

O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupovani bag‘rimizdan olib ketgani nafaqat bizning milliy teatrga, qolaversa ko‘p millionli To‘ti opamning muxlislarining qalbiga ham juda katta larza soldi. To‘ti opam 65 yil, 70 yil mana shu teatrning changini yaladi. To‘ti opamning har xil xarakter topib yaratgan barcha obrazlari dilimizda abadiy saqlanadi.

 

Masalan, “Ufq”da mening ayolim Jannatni o‘ynagan. Shunday bir sahnasi bor edi. Men Ikrom urushdan bir oyog‘imdan judo bo‘lib kelganimda, darvozani “taq-taq” uraman. “Jannat” deyman. Mening ovozimni tanib to‘xtab qoladigan, pauza qilib, butun yuragi, qalbi larzaga kelgan sahnasini shunaqa o‘ynaganki, menimcha, boshqa aktrisa bunaqa qilib o‘ynolmaydi. Darvozani ochganda men kirib kelaman – bir oyog‘im yo‘q. Mendan aylanib, aylanib tikilib qolganda “Shunaqa bo‘lib qoldi, Jannat”, deyman. “Voy, hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q. Voy, dadasi, o‘zingiz omon qolganinggizga shukur qilsangiz-chi”, deb olib kelib, meni o‘tirg'izardi. Ana shu sahnadagi mana shu so‘zni eshitib butun vujudim larzaga kelardi. Endi bunaqa sahnalari judayam ko‘p. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi butunlay boshqa xarakterdagi Sotti…

 

To‘ti opam xarakter yaratishga juda usta edi. “O‘limdan kuchli” asarida, men unda massovkaga chiqardim. Qo‘limda bigiz bilan, soqchi bo‘lib turadigan sahnam bor edi. Shunda To‘ti opam onani o‘ynagan edi. Besh-oltitasini olib kelib qamashadi. Santyagoga qanaqadir bir sotqin o‘tib ketgan bo‘ladi. “Shuni topib bermasang, mana shu turmada jasading chiriydi”, deydi. Ularning hech qanaqangi aloqasi yo‘q bu voqeaga. Lekin o‘sha yerda ona, ko‘kragiga sut kelganda shunaqa dod-u faryod qiladigan sahna bor ediki, men soqchi bo‘lib turib chidolmasdim. O‘sha yerda, turgan joyimda ho‘ng-ho‘ng yig‘lardim. To‘ti opam shunaqa, juda katta yurakli aktrisa edi.

 

To‘ti opam oq ro‘molda kirib kelganda teatr yonib ketardi. Xuddi quyosh nuri kirib kelganaday xursan bo‘lardik. To‘ti opam O‘zbek Milliy akademik drama teatrining onasi edi. Juda ko‘p yosh aktyorlar, yosh aktrisalar undan saboq olardi. Qanaqa muammo bo‘lsa To‘ti Yusupova aqli bilan, bosiqlik bilan maslahat berardi. To‘ti opamning duosini olgan aktrisalardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva bo‘ladi. Lola Eltoyeva onasiga qaraganday qaradi. Nechi yil kasal bo‘lsa har kuni –  ikki kunda bir, uch kunda bir To‘ti opamdan xabar olib turgan ham, To‘ti opamning duosini olgan ham Lola Eltoyeva bo‘ladi.

 

Joylari jannatdan bo‘lsin. Qarangki, yomg‘ir yog‘ib turgan edi, janoza o‘qilib, tobutni ko‘tarishimiz bilan Xudoning qudratidan yomg‘ir tindi. Qabriston oralab borib, joyiga qo‘ygunimizcha quyosh chiqdi. Joyiga qo‘ydik, tuproq tortildi, Qur’on tilovatlarni qilib, qaytdik. To‘ti opam yashagan uyda fotiha o‘qib, o‘rnimizdan turganimizdan keyin yana yomg‘ir boshladi. Bu endi Ollohning, Yaratgan egamning shu bandasiga bo‘lgan cheksiz bir inoyati, fazli-karami deb bilaman.

 

To‘ti opam, ilohim joylaringiz jannatdan bo‘lsin, yotgan joylaringiz gul-u rayhon islari bilan to‘lsin.

 

 

 

Lola ELTOYEVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, shogirdi

 

“Jaholat alangasi” videofilmida onamning rolini To‘ti opam o‘ynaydi, deyishganida judayam qatttiq hayajonda bo‘lganman. Qanaqa bo‘larkin, nima derkinlar, meni qabul qiladilarmi, yo‘qmi, deb o‘ylaganman. Endi san’atga kirib kelayotgan, kichkina aktrisa bo‘lsam. Ham unda o‘zimni aktrisa deb hisoblamasdim. Birinchi rolni menga ishonib berishganidan xursand bo‘lib ketganman. Ota-onam rahmatli ham xursand bo‘lishgandi, To‘ti opam o‘ynarkanlar, deganimda. To‘ti opam bilan o‘sha yerda, Namanganda syomkada tanishganman.

 

O‘sha birinchi ko‘rganimda juda qo‘rqqanman, qanaqa bo‘larkin, deb. Lekin o‘zlari juda kamtar, juda samimiy, gapirishlari xalqqa birlashib ketadigan oddiy inson ekanlar. O‘sha birinchi ko‘rgnimda xalq bilan muomalalarini ko‘rib qoyil qolganman.

 

Oldilariga kelib o‘zimni tanishtarganimda, “Hm”, deb menga boshdan oyoq qarab chiqdilar-da, indamadilar. Shunaqa qirralari bor edi. Indamay, sukut saqlab qarab turardilar. Rol ijro etayotganimda, sahnalarda meni kuzatib yurarkanlar. Nuriddin Qosimov rejissorligidagi Xurshid Do‘stmuhammadning “Jaholat alangasi” videofilmida Gulshod rolini o‘ynayapman, desam, “Bildim, bildim, qizim”, deganlar. Meni zimdan kuzatib yurarkanlar, men buni bilmaganman, sezmaganman, chunki o‘zimga hech narsa aytmaganlar.

 

Bir judayam kuchli, emotsional, dardli, bosh qahramonning hayotini ostin-ustun qilib yuboradigan sahna bor edi. O‘sha yerda yugurib kelib, “Onajon, onajon”, deydigan joyi bor. O‘sha sahnaning o‘zida, hech qanday repetitsiyasiz, imprivizatsiya bo‘lib rol ijro etganmiz. Meni urib ketganlar, “Sen qiz meni sharmanda qilding”, deb. Men o‘sha holatda bo‘lganim uchun o‘zimni yo‘qotib qo‘ymasdan, o‘zimni hech narsa bo‘lmaganday tutib, to‘g‘ri ijro etib ketganman.  “Bu qizni albatta bizning teatrga olib kelaman men. Bizning teatrda ishlashi kerak, har tomonlama bizning teatrga mos ekan, xos ekan”, degan ekanlar.  Buni keyin menga rahmatli rejissorimiz Nuriddin aka Qosimov aytganlar. “Hali senda yangiliklar, hayotingda katta o‘zgarishlar bo‘ladi, seni mana shu teatrga loyiq deb ketdilar”, dedilar.

 

O‘shanda, birinchi marta To‘ti opam bilan birga partnyor sifatida, ona-bolani ijro etganmiz. Ular qanaqa ich-ichlaridan his etishlari, rolni yashashlari, o‘sha narsani o‘zlariniki qilib olishlari – hamma-hammasini kuzatib, o‘rganishga harakat qilardim. Judayam katta maktab bor edi ularda. Men buni sezardim. Har bitta qadamlarini kuzatib qarardim. Ular menga indamas ekanlar, men ularga ortiqcha gap-so‘z qilmaganman.

 

Ota-onam rahmatlini berib qo‘yganimda judayam yomon qiynalganman. Hozir shunaqa holatdaman...

 

Haqiqatdan ham dardga judayam chidamli inson edilar. Bunaqa dardni hamma ham ko‘tara olmaydi. Shu tomonlarini, menimcha, hamma shogirdlar ko‘rib, o‘rganishyapti, o‘zlariga ibrat qilib olishdi. Ularga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, e’tiroflar, e’zozda bo‘lishlari, Ollohga beadad shukur, hammamizga nasib qilsin.

 

To‘ti opajonim nafaqat biz san’atkorlarning, balki butun O‘zbekistonning mehridaryo onasi edilar...

 

 

 

Valixon UMAROV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, rejissor

 

To‘ti Yusupovaning aktyorlik mahorati va insoniy tomonlarini bir-biridan ajratib, alohida-alohida ta’riflab bo‘lmaydi. U kishining qanday insonligi o‘ynagan rollarida yaqqol sezilib turadi. To‘ti Yusupova katta san’atkorlar maktabini ko‘rgani uchun ham, ishiga juda mas’uliyatli edi.  Rejissyorning tajribasiga yoki yoshiga qaramas edi... Chunki To‘ti Yusupova professional edi, o‘zidan talab qilingan rolni mohirona ijro etib berardi. Men To‘ti opa bilan 2003-yili Milliy teatrda “O‘tgan zamon hangomalari” (G‘afur G‘ulom asarlari asosida U.Azim inssenirovkasi) spektaklida birga ishlaganman. To‘ti opaga Buvi roli berilgan edi (G‘ofur G‘ulomning buvisi). U kishi  repetitsiyalarga har doim vaqtida kelib, jarayonni jim kuzatardi. O‘z rolining holat-xarakterini aniq his etib, rejissor qo‘ygan vazifani aniq bajarar edi. Ko‘plab film, spektakllarda Ona rollarini ijro qilgan bo‘lsa ham, hech qaysi roli biri-biriga o‘xshamagan.

 

Mening nazarimda, To‘ti opaning rollari muvaffaqiyatli chiqishiga eng asosiy sabab tabiatidagi kenglik, insoniylik hislatlari edi. Sahnada bo‘lamidi, ekrandami – o‘ynagan rollarida o‘zining san’atkorlik iqtidori, boy ichki dunyosi sezilib turar edi. Shuning uchun  To‘ti opa yaratgan qahramonlari odamning esida qoladi, qalbiga, tuyg‘ulariga ta’sir qiladi.

 

To‘ti Yusupova umri bo‘yi sahnaga xizmat qildi. U kishidan  ajoyib rollar va yaxshi nom qoldi. To‘ti Yusupova o‘zi haqida yorqin xotira qoldirdi... To‘ti Yusupova ketgani yo‘q, chiroyli afsonaga aylandi, xolos...

 

 

 

Dilfuza RAHMATULLAYEVA, san’atshunoslik fanlari doktori, professor

 

O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova mening xotiramda farzandiga mehr bilan boqqan, nigohi munis ona qiyofasida qoldilar... Boshidan hamisha oppoq ro‘moli tushmagan millat onasi qiyofasi... millatga xos andisha, oriyat, mehrli nigoh egasi...

 

Aktrisa turli mavzu va janrlardagi spektakllarda rang-barang xarakterdagi ayollar obrazini mahorat bilan ijro eta oldi. U qattiqqo‘l, bag‘ritosh, satang ayollarni ham, mehribon, mushtipar, munis ayollarni ham birdek mahorat bilan gavdalantira oldi. “Qutlug‘ qon”dagi Nuri, “Boy ila xizmatchi”dagi Xonzoda, “Ufq”dagi Jannat, “Xolisxon”dagi Mastura satang... Barchasi birdek mukammal obrazlar... Televideniye orqali bugun qayta-qayta namoyish etiladigan “Kelinlar qo‘zg‘aloni”dagi Sotti obrazidagi qaynonaga sadoqatli, shu bilan birga chaqimchi, ikkiyuzlamachi kelin obrazini nihoyatda mahorat bilan ijro etilgan qiyofasi...

 

Hayot ayani qattiq sinadi. Farzandlarining joniga oro bo‘lish uchun  eng og‘ir ishlarni qilishdan ham og‘rinmadi, zarur bo‘lganda hatto okeanortiga borib ishlab ham keldi. Farzandini yerga qo‘yganda, kelinini qizidek ko‘rib, qaynona emas, ona bo‘lib uzatishga kuch topdi.

 

Aynan tabiatan ato etilgan mana shu kuch unga turli qiyofalardagi, asosan, jabrdiyda onalar qiyofalarini ishonchli talqin etishiga imkon yaratdi. Nafaqat sahnada, kinofilmlarda, telavideniyeda yaratgan obrazlari haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin.

 

Yozyapman-u, “Abdullajon” kartinasidagi Xolida ko‘z oldimga kelyapti. Aktrisa yaratgan ushbu obraz qalbida g‘ubori yo‘q ayol timsoli. Balki shuning uchundir, bolaning begonasi ham yo‘q unga. Hammasiga mehri yetadi. Yoki televideniyeda yaratgan “Tog‘lik kuyov”dagi Momoni eslang. Nabirasini oq yuvib, oq taragan, yomon ish-u odamlardan ayro saqlab, mehrla tarbiyalagan mehribon buvi.

 

Bugungi kundagi ko‘plab ayol qizlarimizga ibrat, o‘rnak bo‘ladigan hayot yo‘li, ijod yo‘li, ustozlik martabasi bu aktrisamizga xos ediki,  u qalbimizda shunday yashab qoladi.

 

Milliy sahna san’atimiz yana bir katta harflar bilan yoziladigan ONAni yo‘qotdi...

 

 

 

Nodira MAHMUDOVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktrisa

 

To‘ti onamiz juda irodali ayol edilar. Taqdir taqazosi bilan ko‘p marta yaqin insonlarini yo‘qotgan bo‘lsalar ham, yurish turishlarida, yuz-ko‘zlarida, muomalalarida ichki tug‘yonlarini bildirmasdilar, o‘zlarini o‘ta sokin tutardilar.

 

Ayniqsa, turmush o‘rtoqlari Mirg‘iyos aka bilan munosabatlariga hammamizning havasimiz kelardi. Oralaridagi talabalik davrida paydo bo‘lgan mehr-u muhabbatni shuncha yillar davomida asray olishdi, hayotning past-u baland yo‘llaridagi qiyinchiliklarni sabr-u bardosh bilan, matonat bilan birgalikda yengib o‘tishdi. Bu ko‘pchilikka haqiqiy maktab, o‘rnak bo‘la oladigan hislat edi! To‘ti onamiz biz uchun haqiqiy o‘zbek ayolining chin timsoli edilar va doim shunday bo‘lib qoladi.

 

 

 

Yulduz FAYZIY, “Madaniyat va ma’rifat” telekanali katta muharriri, jurnalist

 

Faoliyatim davomida qahramoni O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova bo‘lgan qator ko‘rsatuvlar tayyorladim. Esimda, 2013-yil “Kelinlar qo‘zg‘aloni” spektakli haqidagi “Bir asar tarixi” nomli ko‘rsatuvni tasvirga olish ishlarini boshladik. Sotti obrozi uchun o‘zi topilmalar qilgani, ko‘ylaklarini o‘zlari tikib, ziraklarigacha yasaganlarini aytib bergan edilar. Ellik yildan ziyodroq qo‘shimcha kasb, tikuvchilik ham qilganlar. Keyinchalik “Uyga qaytib...” ko‘rsatuvimga taklif qildim. “Opajon, yuring qadrdon yurtga bir borib kelaylik”, desam, “Qizim, ozgina betobman, sog‘ayib olay, Samarqandga albatta boramiz, uyim shaharga yaqin”, degan edilar. U vaqtlar turmush o‘rtoqlari Mirg‘iyos aka hayot, ularni tanigan borki, bu juftlikka havas qilishardi.

 

So‘nggi ko‘rsatuvimizni tasvirga olish oson bo‘lmadi. Ya’ni, 8 oy kutdik. Betobliklari tufayli ekranlardan ancha uzoqlashib qolgan edilar. Qizlaridek bo‘lib qolgan sevimli shogirdlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva ko‘rsatuv tasvirga olinishida yaqindan yordam berdilar. Uch kun davomida To‘ti Yusupova bilan suhbatlashdik. Ularning teatrga kelganda quvonganlari, shogirdlari, sahnadoshlari bilan ko‘rishganda aytgan duolari va hayotiy iqrorlari har qanday insonning yuragini to‘lqinlantirib yuboradi. Efirdan so‘ng Lola opam bilan u-bu ko‘tarib uylariga bordik. Dasturxondagi ko‘k bichag va sumalakdangina totindilar. “Yangilik-da, shukur”, deb xursand bo‘lganlari kechagidek ko‘z oldimda.

 

O‘sha kuni uzoq suhbatlashdik. Gap orasida Samarqandga borib, bir vaqtlar niyat qilib qo‘ygan rejalarimizni amalga oshirmoqchi bo‘ldik. “Ota-onamni ziyorat qilmoqchiman, Samaraqandga borgim kelyapti”, dedilar. Kunlar isishini kutishga kelishdik. Kunlar ham isir, ammo To‘ti Yusupova endi oramizda yo‘q... Samarqand, yana bir farzandingdan ayrilding... O‘zbek san’atining yana bir chinori quladi.

 

“Orqamda qolinglar, elda aziz bo‘linglar. Hammasi yaxshi, hammasi yaxshi bo‘ladi. Umringlar uzoq bo‘lsin” – shu gaplar To‘ti Yusupova bilan bo‘lgan so‘nggi suhbatimiz va menga bergan oxirgi duolari bo‘ldi...

 

O‘zlari aytgandek orqalarida qoldik, butun muxlislari, yaqinlari ular uchun duoda. Joylari jannatdan, oxiratlari obod bo‘lsin.

 

 

 

 

Zulfiqor MUSOQOV, rejissor va kinodramaturg

 

Yana bir yuragimdagi bitmaydigan yara... Alvido, Opa...

 

Afsuski, san’atda rahmatli bo‘lgan safdoshlarimning soni ko‘pchilikni tashkil etyapti...

 

Iltimos, hayot san’atkorlar, o‘zlaringizni ehtiyot qiling...

 

 

 

“Hammasi xuddi rejissyor tomonidan tuzilgan bir hayot ekan. Buni men endi-endi bilaman, u paytlar bilmas edim. Men o‘tgan hayotimdan hech qachon armon qilmaganman” – bu gaplar O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupovaning o‘z hayoti haqidagi iqrorlaridan edi.

 

Nargiza ODINAYEVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16262
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi