Xoja Ahror Valiy (1404-yil, 25-mart – 1490-yil, 21-yanvar) – temuriylar davrida yashab faoliyat ko‘rsatgan, XV asr Sharq falsafiy tafakkurining rivojida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, naqshbandiya ta’limotining yirik namoyandasi, islohotchisi va davomchisi, naqshbandiylikni jahoniy ta’limotga aylantirishda munosib hissa qo‘shgan mutasavvuf. XV asrning ikkinchi yarmida naqshbandiya tariqati vakillarining davlatdorlarga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarib ketdi. Naqshbandiyaning hukmdorlarga nisbatan siyosatining o‘zgarishi Xoja Ahror Valiy faoliyati bilan bog‘liq. Manbalarda bu o‘zgarish mohiyatini muxolifatdan musolahaga o‘tishdan iborat edi, deb tushuntiriladi. Ya’ni Xoja Ahror Valiy davridan boshlab tariqat manfaatlari va keng ma’noda xalq manfaatlarini ko‘zlagan holda, tariqatning hukmdorlarga bo‘lgan muxolifatidan, tariqat bilan davlat o‘rtasida hukm surib kelgan qarama-qarshilik va murosasizlikdan voz kechib, ular bilan munosabat o‘rnatish edi.
Naqshbandiya o‘zining uch asrlik tarixida ilk bor davlat va hukmdorlarga yuz tutib, ular bilan munosabat o‘rnatdi, hamkorlik qilishga o‘tdi. Tariqat va davlat o‘rtasida o‘rnatilgan bu yangi, ijobiy munosabat keng ma’noda bo‘lib, uning barcha shakl va turlari, jumladan, bordi-keldi, muloqot, suhbat, kengash, maslahat, kelishish, hamkorlik va boshqa shunga o‘xshash ma’nolarni bildiradi. Naqshbandiyaga doir manbalarda Xoja Ahror Valiy tufayli tariqat va davlat o‘rtasida yuzaga kelgan munosabat keng ma’noli “ixtilof” tushunchasi bilan ifodalangan. Xoja Ahror Valiyning davlatdorlar bilan o‘rnatgan munosabati naqshbandiyaning davlatga munosabat masalasiga yangicha yondoshish, unga nisbatan yangi mavqeni egallashiga olib keldi. Boshqacha qilib aytganda, Xoja Ahror Valiy tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan naqshbandiya faoliyatidagi bu burilish tariqat uchun strategik ahamiyatga ega edi.
Naqshbandiya tarixida juda katta siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bu o‘zgarish tariqatda davr taqozosi bilan vujudga kelgan ijobiy hodisa, aniqrog‘i, islohotchilik tadbiri edi. Biroq naqshbandiya tarixidagi bu tub o‘zgarishni ijobiy hodisa, tariqatdagi islohotchilik amali deb baholash uchun, avvalo, uning yuzaga kelishi sabab va maqsadlarini aniqlash zarurdir. Bu muammoni yechishda Maxdumi A’zam Dahbediyning “Tanbiyat us-salotin” risolasi katta yordam beradi. Xoja Ahror Valiydan keyin XVI asr birinchi yarmida Samarqandda naqshbandiylar tariqatiga rahnamolik qilgan Maxdumi A’zam (1461–1542) mazkur asarida tariqat va davlatning o‘zaro munosabatlari haqida batafsil so‘z yuritib, tariqatning rivoji podshohlarning unga bo‘lgan xayrixohona munosabatiga bog‘liq, degan fikrni qayta-qayta uqtiradi. Xoja Ahror Valiydan keyin naqshbandiyaning barcha arboblari uning hukmdorlar bilan hamkorlik qilish zarurligi to‘g‘risidagi fikrini qabul qilib, unga tariqatning yangi dasturi sifatida amal qilganlar, tariqat va xalq manfaatlarini ko‘zlagan holda davlatdorlar bilan yaqin munosabatda bo‘lganlar.
Xoja Ahror Valiy tariqat strategiyasining o‘zgarishiga olib kelgan bu ilg‘or islohotchilik fikrini birdan ko‘tarib chiqmagan. Davlatdorlar bilan munosabat o‘rnatish zarurligini anglab yetishdan oldin bu muammo ustida ko‘p bosh qotirgan, uzoq va chuqur o‘ylagan. Maxdumi A’zam mazkur g‘oyaning ilk bor Xoja Ahror Valiy tomonidan ko‘tarib chiqilganiga ishora qilish bilan birga, uning og‘ir kechganini ta’kidlab yozgan: “Yana ul zot (Xoja Ahror Valiy) aytgan ekanlarki, muncha mulohaza qildim, podsholar madadi, ko‘magisiz hech natijaga erishish mumkin emas, demakki, haq subhona va taolo meni podsholar bilan ixtilof qilishga mas’ul qildi”. Demak, podsholar bilan munosabatda bo‘lib, xalqning og‘irini yengil qilish Xoja Ahror butun umr ezgu niyati va doimiy intilishi, uning butun fikr-zikrini band etgan olijanob bir istak, irfoniy va ijtimoiy faoliyatining asosiy maqsadi bo‘lgan.
Maxdumi A’zam Xoja Ahror Valiyning podsholar madadisiz tariqat faoliyatini rivojlantirish mumkin emasligi haqidagi xulosasini sharhlab yozadiki, “Aksariyat xalq nodon va johilligi bois shu toifa (naqshbandiylar) zavq-u holiga munkir bo‘lib, ularni hamisha takfir va inkor etib tashvishga solib kelganlar. Ammo agarda podsholar bu toifaga muxlis va e’tiqodmand bo‘lsalar, munkirlar hech bir ziyonli ish qila olmaydilar. Agar podsholar bu toifaga e’tiqodsiz bo‘lsalar, munkirlar ushbu tariqat toifasiga ko‘p yomonliklar qilurlar”. Bu o‘rinda Xoja Ahror Valiy tarix maydoniga kelgunga qadar, tariqat bilan davlat va rasmiy ruhoniylar o‘rtasida davom etib kelgan muxolifatga ishora qilingan. Biroq bu hodisalar boisini u faqat munkirlarning naqshbandiylar “zavqu holi”ni tushunmaganliklari bilan izohlab, ularning davlatdorlarga nisbatan muxolifatda bo‘lganligi va shu boisdan ularning ozor-aziyati va ta’qibiga giriftor bo‘lganliklari haqida sukut saqlagan. Vaholanki, Xoja Ahror Valiy tariqatning zarur darajada rivojlanmagani, uning keng yoyilmaganligining ana shu asosiy sababini anglab yetgan holda tariqat va davlat o‘rtasida davom etib kelgan ma’lum nizo va kelishmovchilikni bartaraf etishga bel bog‘lagan edi. Mutasavvuf bu nizoni tariqat rivoji yo‘lida katta g‘ov deb bilgan va butun kuch-g‘ayrati, faoliyatini ana shu g‘ovni bartaraf etishga, hukmdorlar bilan yaqinlashish, ixtilot yo‘lini tutish, murosa va hamkorlik qilishga sarflagan. Naqshbandiyaning insonparvarlik ta’limoti ruhida ulg‘aygan, hamisha faqir-bechoralar g‘ami bilan yashagan Xoja Ahror Valiyning o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlaridan biri podsho va davlat arboblari bilan ixtilofda bo‘lish orqali ularni adolat va fuqaroparvarlikka chorlash edi. Mutasavvufning podsholar bilan ixtilofi ana shu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun real imkoniyat yaratib berardi.
Xoja Ahror Valiy hukmdorlar bilan ixtilofda bo‘lar ekan, ularga ta’sir o‘tkazib, ularning qalbida fuqaroparvarlik tuyg‘usini uyg‘otish, ularni fuqarolarga adl-insof bilan munosabat qilishga undamoqchi bo‘lgan. Uning o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifasi – podsholarni adolat yo‘liga undashni sharaf bilan bajargani, butun fikr-zikri va faoliyatini shu maqsadni amalga oshirishga qaratgani ma’lum. Xoja Ahror Valiy va undan keyingi naqshbandiya arboblarining podsholar bilan hamkorlik qilishi hukmdorlarga tariqat peshvolarining aql-zakovati, tadbiri, ularning favqulodda narsalarga qodir bo‘lgan laduniy (botiniy) bilimlaridan mamlakat va xalq manfaatlari uchun foydalanishga yo‘l ochib berdi. Demak, Xoja Ahror Valiy aql-zakovatining mahsuli bo‘lgan podsholar bilan munosabatda bo‘lish yangi siyosati ham tariqat rivojiga, ham mamlakat va xalq manfaatlariga xizmat qilgan. Xoja Ahror Valiy ochib bergan podsholar bilan ixtilof yo‘li tariqat rivoji va obro‘-e’tiborining oshishiga olib kelgan hamda hukmdorlarga ijobiy ta’sir o‘tkazish, ularning davlatdorlik faoliyatini fuqarolarga nisbatan adolat mezoni asosida nazorat qilish uchun imkoniyat ochib bergan edi.
Bu tadbir Xoja Ahror Valiyning diniy-irfoniy faoliyatiga ijtimoiy tus berdi, tariqat arbobini ulkan jamoat arbobiga aylantirdi. Tariqat esa jamiyat va dunyoviy hayot bilan bog‘lanib, katta ijtimoiy-siyosiy kuchga aylandi. Podsholar bilan ixtilofda bo‘lish tadbiri naqshbandiyaning “suhbat tariqasi” shioridan kelib chiqqan bo‘lib, uni rivojlantirdi, ijtimoiy-siyosiy hayotda faol qatnashish, davlat ishlarida ishtirok etish darajasiga ko‘tardi Xoja Ahror Valiy XV asrda naqshbandiya tariqatining siyosiy faolligini aniqroq ifodalagan, muhimi, uni amaliyotda qo‘llagan. Manbalarda, uning quyidagi fikri keltirilgan: “Bizdan burungi shayxlar avom tashvishlari bo‘yicha amir va podshohlarga murojaat qilmagan. Biz esa buning bilan doimiy mashg‘ulmiz... Biz buni zarurat deb bilamiz”.
Xoja Ahror Valiy o‘zining siyosatga kirishib ketishini “zamonning yomonlashuvi” bilan bog‘laydi. Shuning uchun xalqqa yordam berish maqsadida hukmdor saroyida bo‘lish afzal, payg‘ambarlar dinini yuksak cho‘qqiga ko‘tarib, shu bilan hukmdorga borish lozim, chunki uning taxt-u toji iymon-e’tiqod ulug‘vorligi oldida arzimas ko‘rinsin, deb biladi. Bunday muloha-zalarning asosiy mohiyatida jamoaning tinchligi va osoyishtaligi yotadi. Xoja Ahror Valiy maktublarida u kishining tinchlik, ahillik, odil podshohlar tarafdori ekanligi o‘z aksini topgan. “Majmuayi murosalot”da-gi № 500 (506) – raqamli maktubning mazmunidan bahramand bo‘lar ekanmiz, aholini “nombardorlik” solig‘idan ozod qilishga qaratilganligining guvohi bo‘lamiz: “Niyozmandlik izhoridan so‘ng bildiriladiki, ushbu niyozmandlik ruq’asini eltuvchi bu faqirdan janobingizga murojaat qilib, inoyat yuzasidan uni favqulodda “nombardorlik” (solig‘i)dan xalos etishingizni iltimos qilishimni so‘radi. Zaruratan iltimos qilamanki, xotiri sharifingiz shunga qaratilsaki, uni xalos qilsalar. Ishonamanki, unga nisbatan o‘z shafoatingizni darig‘ tutmassiz”. “Nombardor” yoki “Madad-i nombardor” XV asrda harbiy yurish vaqtlarida a’yonlardan podshoh tevaragida yurishga jalb etilgan kishilar. Keyinroq esa bu usul favqulodda pul solig‘iga aylangan va maxsus daftarga qayd etilib, har yili aholidan yig‘ilgan. Mazkur maktubda Xoja Ahror Valiy jabrdiydani “nombardor” degan soliqdan ozod qilishni hukmronlardan so‘raydilar. Sinfiy mafkuraga asoslangan jamiyatda tarix va jamiyatshunoslik fanlari mazkur tarixiy haqiqat – Xoja Ahror Valiyning el-yurt manfaatlarini ko‘zlab toj-taxt egalari bilan munosabat va hamkorlik qilganidan ko‘z yumgan holda, uning bu intilishni bir yoqlama, hukmron sinf bilan murosa qilish, til biriktirish ma’nolarida izohlab kelgan edi.
Endi mustaqillik sharoitida sinfiylik mafkurasidan ozod bo‘lgan ijtimoiy fanlarimiz Xoja Ahror Valiyning ijtimoiy faoliyatini har tomonlama, xolis o‘rganib, unga yangicha baho bermoq imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu tariqa Xoja Ahror Valiyning xalqimiz tarixidagi eng buyuk xizmati hukmdorlarni adolat o‘rnatishga undagani va bunga imkon qadar erishganida ekani ham oydinlashadi. Garchi Xoja Ahror Valiy o‘z hayotining ko‘p qismini Samarqandda o‘tkazgan bo‘lsa-da, lekin Toshkentdagi madaniy-ma’naviy hayotda ham faol ishtirok etgan. Uning shaxsi nafaqat XV, balki keyingi asrlarda ham Toshkent ma’naviy muhitida katta iz qoldirgan. Toshkentdagi Xoja Ahror Valiy nomi bilan bog‘liq madrasa va masjidlar buning dalilidir. Mazkur asarda ushbu madrasa va masjidlarning XIX asrdagi qiyofasi tasvirlab berilgan. “Tarixi jadidai Toshkand” asarida Xoja Ahror Valiy faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlarni ham uchratamiz. Masalan, muallifning so‘zlariga qaraganda, Ko‘kaldosh madrasasining sharqi va Katta ko‘cha oralig‘idagi yerlar Xoja Ahror Valiy tug‘ilgan joy deb tushunilgan va u “Xoja Ahror Valiy maydoni” deb atalgan.
1274–1857-yil Toshkent hokimi Ahmad Qushbegi Xoja Ahror Valiy tug‘ilgan joyda alohida bir gumbaz va madrasa qurdirgan. Bu madrasa Mo‘yi Muborak deb atalgan. Xoja Ahror Valiy tomonidan 1451-yil qurdirilgan madrasa esa, Muhammad Solihxoja so‘zlariga qaraganda, 20 ta hujra, bir darsxona va masjiddan iborat bo‘lgan. “Tarixi jadidai Toshkand”da keltirilishicha, Xoja Ahror Valiy bu madrasadan tashqari, Shayx Xovand Tahur maqbarasidagi chillaxonada bir gumbaz qurdirib, uning o‘rtasiga tosh lavh o‘rnatgan. Xoja Ahror Valiyning ma’rifat rivojining rahnamosi bo‘lganligi haqida Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida shunday yoziladi: “Xoja Ahror Valiy bilim egalarini sevar, majlisi hamisha olimlar bilan to‘la edi. Shu sababdan ilm ahllari uchun u yerda bir oliy madrasa soldirdi”. Xoja Ahror Valiy haqida e’tiborli tadqiqotlar olib borgan olim Botirxon Valixo‘jaev bu madrasaning Samarqanddagi “Madrasayi Safed” ekanligini ta’kidlaydi. Xoja Ahror Valiy o‘z diniy markazlarida ko‘plab shogirdlarni jalb qilganki, natijada, boshqa markazlar yopilishiga olib kelgan. Hofiz Tanish Al-Buxoriyning “Abdullanoma” asarida Xoja Ahror Valiyga qutblar qutbi va aql egalarining qiblagohi, yo‘l ko‘rsatuvchilarining qiblasi, deb ta’rif beriladi. Alisher Navoiy “Hayratul-abror” asarida quyidagi misralarni yozgan:
U jahon mulki ekinzorining dehqoni,
Balki jahon mulkining posbonidir.
Xoja Ahror Valiy mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etadi. 1447-yili temuriylar bosh hukmdori Shohrux vafot etadi. 1449-yili esa Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug‘bek qatl qilinadi. Shundan so‘ng bir necha yil temuriy shahzodalar orasida taxt uchun kurash boradi. 1451-yili shahzodalardan biri Abu Said Mirzo Toshkentda bo‘lib, Xoja Ahror Valiyni o‘ziga ma’naviy madadkor deb taniydi va shu yili Mirzo Abdullo bilan bo‘lgan jangda qo‘li baland kelib, Samarqandni egallaydi hamda Xoja Ahror Valiyni Toshkentdan Samarqandga ko‘chirib keladi. Xojaning Samarqandda muqim turishi ana shu 1451-yildan boshlanadi. Uning mamlakatdagi siyosiy jarayonlarida faol ishtiroki esa 1454-yilga oid bo‘lib, shu yili Xuroson hokimi Abdulqosim Bobur Samarqandni qamal qilganida Xoja Ahror Valiy shahar himoyachilariga bosh bo‘lib, dushmanni sulh tuzishga majbur etadi. Shu bilan Xoja Ahror Valiyning shaxzodalar orasidagi nizolarni sulh bilan yakunlab, mamlakatda osoyishtalik o‘rnatishga qaratilgan siyosiy faoliyati umr bo‘yi to‘xtamaydi. Uning 1458-yili Shoxruxiyada o‘zaro qonli to‘qnashuvga tayyor uch hukmdor: Sulton Abu Said (1451–1469)ning o‘g‘illari Sulton Ahmad Mirzo, Umarshayx Mirzo va Yunusxon (1462–1487)ning o‘g‘li Sulton Mahmud orasidagi nizoni sulh bilan bartaraf qilganligi manbalarda ko‘p ta’kidlangan. Xoja Ahror Valiyning tinchlik, ahillik va ijtimoiy himoyaga oid qarashlari bo‘yicha xulosa qilib quyidagilarni qayd etish mumkin:
– Naqshbandiya ta’limotida Xoja Ahror Valiy tomonidan ijtimoiy va siyosiy hayotga faol ishtirok etishga islohot boshlandi;
– Xoja Ahror Valiy tariqat arbobining jamoat arbobi sifatidagi o‘rnini naqshbandiya ta’limotida ilk bora ko‘rsatib berdi va uning faol inson sifatidagi harakat doirasini kengaytirdi;
– Xoja Ahror Valiyning davlatdorlar bilan o‘rnatgan munosabati naqshbandiyaning davlatdorga munosabat masalasida yangicha yondoshishga, unga nisbatan yangi mavqeni egallashiga olib keldi. Xoja Ahror Valiy tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan naqshbandiya faoliyatidagi bu burilish tariqat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi;
– Xoja Ahror Valiy podsholar madadisiz tariqat faoliyatini davom ettirish mumkin emas, deb hisoblagan. Shuning uchun hukmdorlar bilan yaqinlashish, murosa va hamkorlik qilish tarafdori bo‘ldi. Xoja Ahror Valiy tomonidan ishlab chiqilgan yo‘l naqshbandiylik ta’limotida burilish yasadi, deyish mumkin;
– Xoja Ahror Valiy boshlagan davlatdorlar bilan murosayu-madora yo‘lini uning shogirdlari Muhammad Qozi, Maxdumi A’zam va boshqalar davom ettirdilar;
– Xoja Ahror Valiyning tashabbusi bilan davlat va din ahli o‘rtasidagi muxolifatga barham berildi;
– Xoja Ahror Valiy katta mulkdor sifatida tarixda nom olganlar, ammo o‘zlarining mol-mulkidan xalqning osoyishtaligi, farovonligi uchun foydalangan.
Anvar YAXSHIYEV
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q