(Hier ist noch alles möglich)
Yaqinda “Akademnashr” nashr qilgan Jianna Molinarining “Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin” romanini o‘qib, beixtiyor Tolstoyni, Markesni, Xesseni, Pamuqni, Murakamini esladim. Sababi, bu adiblar tashqi dunyodan qochib, uzlatga intilgan, yolg‘izlik istagan, sivilizatsiyadan, odamlarning gap-so‘zlaridan va muammolaridan o‘z qalblarini, tafakkurlarini himoyalashga jahd bilan uringan ijodkorlar edi. Tolstoy Yasnaya Polyanani, Markes Makondo (o‘z xayoliy dunyosi)ni, Xesse qishloqdagi xilvat uyini, Pamuq esa sershovqin Istanbulning ichida o‘z xotiralariga berkinib yashashni afzal bildi. Murakami ham shunday toifadan.
Bugungi shiddatli zamonda odam o‘zidan qocha oladimi? Qayerga qochadi? Nimaga, nimadan qochadi? Bugun insoniyat insoniylikni va sof munosabatlarni buzayotgan taraqqiyotdan, sun’iylikdan qochmoqda. Odamlarning xayol surishga ham, yolg‘iz qolishga ham vaqti yo‘q. Vaqt juda tez o‘tmoqda. Shveysariyalik yosh adiba Janna Molinari ham shu zamonning sinchkov va novator qalam sohibasi bo‘lib, tezkor va po‘rtanali XXI asrda ham odamzod yolg‘izlikka tashna ekanini, o‘z ichki “men”i bilan suhbatlashishga qanchalik muhtoj ekanligini mazkur kitobida chiroyli bayon etib beradi.
Muallif Jianna Molinari 1988-yilda Bazelda tug‘ilgan. Hozirda Syurixda istiqomat qiladi. Yozuvchilik bo‘yicha Berlinda tahsil olgan va 2018-yilda mazkur “Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin” romanini yozgan. Roman barcha eski adabiy an’analar va uslublardan butkul xoli bo‘lib, yangi so‘z, yangi shakl izlashning ajoyib namunasi, tajribasi bo‘ldi. Uning romani tez orada o‘z o‘quvchisini topdi va hamon topishda davom etmoqda.
Jianna Molinari asar bayonida o‘z ichki dunyosini mufassal tahlil qilish bilan birga tashqi dunyoga ham o‘zgacha nazar tashlaydi, fikrlari bilan kitobxonni ortidan ergashtiradi. U obyekt qilib olgan fabrika – o‘zi istagan xilvat, fabrikaning tashqarisi esa – Yevropa. Yevropa g‘alayonlar va notinchliklardan bo‘shamayapti. Unda tinimsiz namoyishlar, urushlar, to‘ntarishlar bo‘ladi, ularning dastidan baxtli kishilar qochqinlarga aylanmoqda. Bu esa hech bir insonning ichki dunyosiga ta’sir qilmay qolmaydi.
Asarda yopilayotgan eski fabrikaga qorovul bo‘lib kelgan ayolga yangi vazifa yuklanadi. U oshpaz ko‘rib qolgan “axlat tituvchi” bo‘rini qopqonga tushirishi lozim bo‘ladi. Sheriklari ham unga yordam berishga harakat qiladilar. Loze, Klemens, oshpaz singari kam sonli personajlar romanda loqayd va foydasiz kishilardir. Fabrikadagi hamma bo‘ri haqida gapiradi. Hatto boshliq ham. Kameralar ham bo‘rini ushlash uchun o‘rnatilgandi. Fabrikadan tashqaridagi dunyo esa ularni qiziqtirmaydi. Hamma uzlatga, tanholikka chekingan.
Romanning syujetida detektiv asarlardagi kabi shiddat va o‘tkir syujet ham, voqealar tizgini ham yo‘q. Barchasi uning ichki dunyosida, xayolida sodir bo‘ladi. Barcha postmodernistik asarlar singari asosiy ma’no – matn ichiga, so‘zlarning qatiga singdirilgan, berkitilgan. Bosh qahramon chizadigan rasmlar ham o‘z ichiga turli ma’nolarni jamlagan. Bitta so‘z, hatto birgina harfga ham ma’no yuklangan.
“Vaqt naqadar o‘zgaruvchan, istaganimcha uning oqimini o‘zgartiraman, sekinlashtiraman yoxud tezlashtiraman.”
“Inson umri davomida qancha barmoq izi qoldirar ekan. Men shu paytga qadar qayerlarda va qancha barmoq izlarimni qoldirdim ekan?”
“Dunyodagi eng tinch joy – tovush o‘tkazmaydigan kamera. Bu kamerada koinotdagi sukunatga ko‘nikish uchun tayyorgarlik ko‘rgandir. Vaznsizlik holatidan quvongandir.... kukun holidagi olma sharbati va muzlatilgan kartoshka pyuresi yegandir, vaznsizlik sharoitida moddalarning yonishi va metallarning erishini o‘rgangandir.”
“Kimdir dunyo to‘rtburchak deydigan bo‘lsa, bunga bajonidil ishongan bo‘lardim.”
“...dunyo disk emas. Dunyo faqat nimadandir iborat ham emas. Dunyoning hech narsadan iborat qismlari ham mavjud. Bo‘ri – aynan shu qismlardan biri.”
“Ummonlar haqida xayol suraman. Qatlamlar ostida nima bor ekan, sirtqi va ichki mantiya, toshlar, tashqi suyuq yadro, yadroning o‘zi qanaqa ekan? O‘sha chuqurliklarda hukmron yuqori darajali issiqlik va katta bosim yerning qoq markazida mavjudligiga aql bovar qilmaydi.”
“Yerning har kuni 50 sm.ga ko‘tarilib, pasayishi... Yer vazmin va unsiz emas, u serharakat va sershovqin... Yevropa va Amerika qit’alari yiliga uch santimetrga uzoqlashishadi... Yerning tovushi bor ekan. Uni insonlar eshitmas ekan. Bu tovush chuqur va barqaror ekan...”
“Yer qobig‘ining qalinligi bilan solishtirganda biz qazigan 3 metrlik chuqurlik unchalik katta ahamiyatga ega emas. Dunyodagi eng chuqur qazilgan choh 12 km. bo‘lgan ekan.”
“To‘rtburchak sho‘rva. Bunaqasini koinotda fazogirlar yeydi...”
“Ayiq hujum qilganda odam o‘zini o‘lganga solib yotishi, bo‘ynini qo‘li bilan to‘sishi kerak, chunki ular o‘z o‘ljasini aynan shu yeridan ushlab o‘rmon ichkarisiga tortadi.”
“O‘pkamning yuza qismi qanday tuzilgan ekan, qon tomirlar qanchalik zich joylashgan...”
Bu romanni ko‘pchilik Samuel Bekketning “Godoni kutib” pyesasiga o‘xshatadi. Sababi, kutilayotgan odam yoki hodisa asar boshidan tilga olinaveradi, eslanaveradi. Voqealar o‘z yo‘liga ketsa ham, o‘sha odamni hamma kutib yuraveradi. Lekin o‘zi qatnashmaydi. Ushbu romanda ham bosh qahramon ayol fabrikaga oralashi kutilgan bo‘rini qopqon bilan rosa kutadi. Ko‘pincha hamkasblari bilan o‘sha bo‘ri haqida suhbatlashadi, rasmlar chizadi, xayolning ming bir ko‘chasiga kirib yuradi... Bo‘ri esa hadeganda kelavermaydi. Axiyri u bo‘rini tasavvur qiladi. U bilan suhbatlashadi, rasmlarini chizadi. Qorovul ayol (muallifning o‘zi)ning o‘y-xayollari sarhad bilmaydi.
“Bo‘rilar o‘z yaqinlari galalarini tark etishganida juda qattiq uvillasharmish... uvillash orqali ular o‘z mehrlarini izhor etisharmish...”
Osmondan yerga qulab, halok bo‘lgan noma’lum kamerunlik uchuvchi ham “personaj” sifatida qatnashib o‘tadi. O‘sha xabashning fojiasi asardagi yagona kulminatsiya bo‘lsa kerak. Ammo bu kulminatsiya qorovul ayolning ichida sodir bo‘ladi. U yolg‘izlik haqida emas, endi o‘lim haqida ham, odamning hayotdagi befoyda umri va unutilishi borasida ham fikrlay boshlaydi.
“8000 metr balandlikda odam tanasi asta-sekin muzlaydi.
“...qabrlar oralab yurarkanman, toshlardagi tug‘ilgan va o‘lgan sanalarni ko‘zdan kechiraman. Hayot bo‘lgan yillar tug‘ilgan kun va o‘lgan kun orasidagi birgina chiziqcha xolos. Butun umr bir chiziqchada mujassam. Hayajonli, tikonli, qayg‘uli, armonli, zerikarli yoxud xatarli umr yo‘llari, o‘n sakkiz yil davom etganmi yoki sakson yilmi, baribir chiziqchalar bir xil. Qatorning oxirida uning qabriga ko‘zim tushadi. ...tug‘ilgan sana yozilmagan. Chiziqcha ham yo‘q.
“Uning na yuzi bor va na nomi. Oilasi uning vafot etganidan ham xabar topmaydi, qabri qayerdaligini ham bilmaydi.”
Bu kamerunlik uning ichki dunyosiga qattiq ta’sir qilsa ham, bo‘ri haqida fikrlayveradi. Avvallari qopqonga tushirishni istagan bo‘risiga endi u muhtoj bo‘la boshlaydi. Chunki, unda hech nimaga ishonch yo‘q edi. Na hayotga, na o‘limga, na o‘ziga.
“Hech narsaga ishonch yo‘q: biz turgan zaminga, biz chiqayotgan samolyotga, chegaraning narigi tomoniga” deydi axiyri. Lekin miltillagan umid baribir saqlanib qoladi. Fabrikadagi bo‘rini tutsa va u yer yopilib ketsa, balki yangicha hayot boshlab olarman deb orzu qiladi. Bu bilan u har qanday zulmat, g‘am-g‘ussa va tanholikning davomi yorug‘likka ulanganiga ishora qilayotgandek.
Aytish joizki, tarjimon – G.Nabiyeva asarni nemis tilidan o‘zbek tiliga sifatli o‘girgan va buning samarasi o‘laroq roman yengil o‘qiladi.
Timur TANGRIBERGENOV,
tarjimon
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q