Mutaxassislar fikricha, insonning kelajakdagi hayoti, uning qanday kasb tanlashi bolalik davridagi o‘yinchoqlariga ham bog‘liq ekan. O‘yinchoqlarning bola ruhiyatiga, uning ma’naviy va jismoniy salomatligiga foydali va zararli tomonlari qanday? Quyida shu haqida fikr yuritdik.
Biz avvalo, o‘yinchoq do‘konlarida bo‘lib, u yerda sotilayotgan mahsulotlar bilan qiziqdik. Do‘kon peshtaxtalarida qizaloqlar uchun asosan “Barbi”, “Bonny”, “Sammi”, “Beautiful girl”, “Nighter Nite” qo‘g‘irchoqlari, “Sweet” nomli oyna-taroq, pardoz-andoz buyumlaridan iborat jamlanma taklif etilmoqda. O‘g‘il bolalarga mo‘ljallab esa “Shock trans”, “Combat Mission”, “Fors”, “Twint Liav The tease land”, “Air super gun”, “Super weapon”, “Future Weapon Warior Heroic Fighter”, “Mightiness”, “Kombinasiya stali i jeleza” kabi jangovar qurollar, “Lego robot”, “Kombat”, “Transformer”, “Super Robot” singari robot o‘yinchoqlar, “Batman”, “Spiderman”, “Shrek”, “Nindzyalar”, “Simpsonlar”, “Vinni Pux” kabi film va multfilm qahramonlarining qo‘g‘irchoq va o‘yinchoq shakllari, qo‘rqinchli niqoblar, musiqiy o‘yinchoqlar terib qo‘yilgan. Do‘konda bolaning intellektual salohiyatini oshirish hamda uy-ro‘zg‘or yumushlariga o‘rgatishga, kasbga yo‘naltirishga qaratilgan o‘yinchoqlar, jumladan, elektron doska, ichma-ich qutilar, chelak va belkuraklar to‘plami, koptok, kubiklar, kaleydoskop, mozaika, cho‘milish baloni, ovozli alifbo ham borligiga guvoh bo‘ldik. Afsuski, ular orasida milliy ruhdagi o‘yinchoqlarimiz sanoqli.
Shu o‘rinda biz o‘yinchoq ishlab chiqaruvchi korxona ta’sischisi Alijon Yusupovdan O‘zbekiston va dunyo o‘yinchoqlar bozoridagi talab va taklif haqida surishtirdik:
– Yaqinda xalqaro o‘yinchoqlar ko‘rgazmasida bo‘lib qaytdik. Yirik o‘yinchoq fabrikalari mutasaddilari bilan muloqot qilganimda ko‘pgina rivojlangan davlatlarda bolalarga telefon ishlatishga ruxsat berilmayotgani, sababi ularda yaratuvchanlik qobiliyati sustlashayotganini aytib o‘tishdi. Telefonning o‘rnini bosish uchun ko‘proq mantiqiy, qo‘l matorikasini rivojlantiruvchi o‘yinchoqlarga talab kuchayibdi. Keyingi yillarda plastmassa emas, ekologik toza, yog‘ochdan ishlangan o‘yinchoqlar yaxshi sotilyapti. Ular hali bizning bozorga kirib kelganicha yo‘q, O‘zbekistonda asosan Xitoydan keltirilgan plastmassa o‘yinchoqlar xaridorgir. Hozir ikkita korxonam bor, u yerda ishlab chiqargan o‘yinchoqlarimizni 7-8 ta davlatga eksport qilamiz, mahalliy o‘yinchoq do‘konlariga tarqatamiz. Qishda asosan uyda o‘ynaladigan mantiqiy o‘yinchoqlar, bahordan boshlab varraklar, koptoklar, suv pistoletlari yaxshi sotiladi.
O‘yinchoqlar bolada qanday xususiyatlarni shakllantiradi?
*“Kubik-rubik”, “Lego” kabi o‘yinlar nafaqat bolalar ongini o‘stiradi, balki ularda rang ajratish qobiliyati to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi. Bundan tashqari, bolada emosiya, muloqot, intellekt, yaratuvchanlik xususiyatlarini uyg‘otadi.
*bolalar lotosi sanashni, meva va jonivor turlarini ajratishni o‘rgatadi. Bola tabiatni sevadi va asrashga harakat qiladi. Lotoda bola sabzavotlarni alohida, hayvonlarni alohida turlarga bo‘lib yig‘adi. Bunday bolalar kelajakda metematika va mantiqni yaxshi o‘zlashtiradilar.
*bolalar dominosi ham turli suratlarga boy bo‘ladi. Bolada sanoqni eslab qolish orqali xotira rivojlanadi.
*qizlar uchun go‘dak qo‘g‘irchoq mos keladi. Chunki bunday qo‘g‘irchoqlar barbi kabi emas, jajjilarga mos kiyintirilgan bo‘lib, do‘mboq va pardozdan xoliligi bilan ajralib turadi. Qizaloqlar qo‘g‘irchoqni aravachasida sayr qildirishlari, “ovqatlantirishlari” mumkin. Shu orqali bolalarda o‘zidan kichiklarga nisbatan mehr-shafqat hislari shakllanadi.
*bolalarda mashinacha o‘ynashga qiziqish asosan uch yoshdan so‘ng uyg‘onadi. Texnikaga qiziqish o‘g‘il bolalar uchun tabiiy xususiyat. Mashina turlaridan KaMaz, yengil avtomobil, quruvchi mashinalar mos keladi. Jangovar tanklar va o‘t ochar mashinalarda to‘xtalmagan ma’qul.
*suvda o‘ynaladigan o‘yinchoqlar bola chiniqishiga yordam beradi. Tog‘ora yoki suv havzasida cho‘milish jarayonida bola qayiqcha, to‘p, suv jonivorlarini o‘ynab, energiya sarflaydi. Mushaklari chiniqib, suv haroratiga ko‘nikma hosil qiladi.
*qurilish, hamshiralik anjomlari, bog‘dorchilik qurollari ham bolalarda kelgusi kasblarini tanlashga ko‘maklashadi. Bola atrof-tevarak obodligiga o‘z hissasini qo‘shgandek bo‘lib quvonadi. Qurish, yasash, yaratish orqali ularda mehnatdan zavqlanish hissi uyg‘onadi.
*musiqiy o‘yinchoqlar: pianino, baraban va boshqa asboblar bolalarda tinglash qobiliyatini rivojlantiradi. Musiqaga qiziquvchi bola shunday o‘yinchoqlar vositasida musiqani saralashni, farqlashni o‘rganadi.
*konstruksiyalar orqali qurish, qo‘shish, yaratish mumkin. Bitta to‘plamdan turli o‘yinchoqlarni yasash bolada ijodiy va yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantiradi.
Zararli o‘yinchoqlar ham yo‘q emas!
*«Barbi», «Sindi», «Semmi» kabi yarim yalang‘och ko‘rinishdagi qo‘g‘irchoqlar «ommaviy madaniyat»ni targ‘ib etadi. Ularni o‘ynayotgan qizaloqda unga o‘xshab kiyinish va pardoz qilish xohishi paydo bo‘ladi, shunga taqlid qiladi.
*yumshoq o‘yinchoqlar aksariyati sun’iy materiallardan tayyorlangan va changni ko‘p yutadi. Bunday o‘yinchoqlar to‘qimasi nafas yo‘llariga yoki og‘izga tushsa, noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.
*monstr va maxluq qiyofasidagi niqoblar bolada faqat qo‘rquv hissini shakllantiradi. Uni o‘ynayotgan bolakay o‘zini atrofdagilardan kuchli hisoblab, boshqa bolalar ustidan hukmronlik o‘rnatishga harakat qiladi.
O‘yinchoqlar bolalar salomatligiga qanday ta’sir o‘tkazishi xususida bolalar shifokori Muazzam Ibrohimova shunday deydi:
– Turli yoshdagi bolalar uchun xavfsizlik talablari farqlanadi. Bola qancha kichkina bo‘lsa, o‘yinchoq chidamli bo‘lishi kerak: chaqaloq qo‘liga tushgan narsani og‘ziga soladi, yalaydi va istagan paytda otib yuborishi mumkin. Uch yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan o‘yinchoqda barcha qismlar yetarlicha katta bo‘lishi kerak, chunki bola ularni yutvorishi mumkin. Mo‘rt plastik, shisha yoki o‘ta qattiq temir o‘yinchoqlarni ham bolajonlar qo‘liga tutqizib bo‘lmaydi.
Barcha ishlab chiqaruvchilar ham vijdonli emas. Masalan, o‘yinchoq qutisiga "tabiiy" va "ekologik mahsulot" tamg‘asi urilgani bilan har doim ham talabga javob beravermaydi. Tabiiy teri va mo‘yna ishlatilgan o‘yinchoqlar uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun taqiqlanadi, chunki ular nafas yo‘llari allergiyasini chaqirishi yoki terida toshmalar paydo qilishi mumkin.
Chiqindi qog‘oz, plastmassa yoki eski kiyimlardan umuman o‘yinchoq yasash mumkin emas.
Bizning uyda qizim Bekzoda turli konstruktorlarni yig‘ishni yaxshi ko‘radi, bu mashg‘ulotga barcha oila a’zolarini jalb etadi. Hozirda elektron mashina yasashga kirishgan.
Kattalar farzandiga qanday o‘yinchoqlar olib bermoqda? Shu savolga javob topish maqsadida ijtimoiy tarmoqdagi “Begoyim” guruhiga yuzlandik.
Lobar Xayrullayeva: Psixologlarning ta’kidlashicha, agar bolangiz ko‘p kasal bo‘layotgan bo‘lsa unga dori-darmon, vitaminlar emas, yangi o‘yinchoqlar olib bering. U bola ruhiyatiga ta’sir qilib, salomatligi ijobiy bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Mening besh yoshli qizim bor. Unga o‘yinchoq tanlayotganimizda tanlovni avval o‘ziga qo‘yib beraman. Lekin ko‘pgina hollarda qizim rang-barang kiyingan, g‘arb tarbiyasi ufurib turgan barbi qo‘g‘irchog‘ini tanlaydi. Keyin unga sekin tushintiraman. Do‘konda unga aytib bergan "Zumrad va Qimmat" ertak qahramoni Zumrad ham borligini eslataman. U esa ko‘proq Barbini xohlayotgan bo‘ladi. Biz Barbini ham, Zumradni ham sotib olamiz. Uyga kelgach, ularni solishtirishni boshlaydi. Men Zumradning ijobiy tomonlarini aytib beraman. Hozir qizim ko‘proq Zumrad qo‘g‘irchog‘ini o‘ynayabdi. Bolaga hech qachon mana shu o‘yinchoqni o‘ynaysan deb bosim qilmaslik kerak. Farzandimga shu bilan birga aqliy qobiliyatini rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar: mozaika, kubik-rubik, sochma o‘yinchoqlar, raskraska (o‘zimiz bo‘yaymiz) ham olib beraman. Agar bolalarimiz vatanparvar, yurtini sevuvchi bo‘lib o‘sishini hoxlasak, o‘zimizning milliy qahramonlarimiz Alpomish, Barchinoy, Jaloliddin Manguberdi, To‘maris kabi qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Umida Komilova: O‘yinchoq o‘ynashdan oldin uni bolaga Yutubda ko‘rsatish kerak, dyegan fikrga kelganman. Chunki o‘zim bolam uch yoshligida legoni yaxshi ko‘rib olib bergandim. O‘zim yasardim, o‘g‘lim esa qiziqmagan. Sekin idishiga solib qo‘yardi. Do‘konlarda mashinalarga tikilib qarab turardi. “Qo‘lingga obko‘r” dyesam darrov tagini o‘girib qarardi. Mashinaning usti emas, qanday qilib yurishi, nimaga g‘ildiragi aylanishi qiziqtirardi. Dadasi mashina murvatlarini sotadi. So‘rab yodlab yurardi. Avtolar haqida kitoblar ko‘rib qolsa obering dyegandek mo‘ltirab turardi. Keyinchalik Yutubdan ko‘rsatib shashka, domino, jenga, monopoliya, pazllar o‘ynashga qiziqtirib, keyin olib beradigan bo‘ldim. Legoni esa sakkiz yoshidan yasay boshladi.
Oydin Yo‘ldasheva: Rivojlangan mamlakatlarda ota-onalarga kichkintoylar uchun musiqali, so‘zlovchi, funksiyalari tayyor o‘yinchoqlardan ko‘ra, ko‘proq yig‘iladigan, qo‘llar uchun foydali, o‘ylab, fikrlab o‘ynaladigan o‘yinchoqlarni sotib olishni tavsiya qilishadi. Shunga amal qilaman. Albatta, bola yoshini hisobga ham olish kerak.
Vazira O‘rozova: Myening qizlarim sakkiz va olti yoshda. Faqat “Barbi” o‘ynashadi. 8 mart kuni qo‘g‘irchoq olgani bordik. Xilma xilini tavsiya qildim, shirin chaqaloq, robot, kattaroq qo‘g‘irchoq, yo‘q, faqat “Barbi” tanlashdi. Uydagi “Barbi”lari eskirib ketganiga tashlab yuborgandim. Bir necha oy yumshoq qo‘g‘irchoq va boshqa turdagi o‘yinchoqlarni o‘ynab turishdi. Lekin kichkinam shunaqa “Barbi”ni sog‘inibdiki, uyga kelganimizda kiyimini ham almashtirishga sabri chidamasdan ochib o‘yinni boshlavordi. Ularga uychalar yasab qo‘yishadi, ovqatlantiradi, maktabga, ishga, balga olib borishadi. Kechqurun o‘zlari uxlashidan oldin qo‘g‘irchoqqa pijama kiyg‘izib uxlatib, keyin o‘zlari uxlaydi. Ularga kiyim tikishniyam boplashadi. Kuni kecha o‘zim bir dunyo kiyimchalar tikib berdim “Barbi”lariga, qizlarim xursand bo‘lishdi.
Dilshoda Gʻoyipova: O‘g‘lim o‘zi tomosha qilgan multfilmlarning o‘yinchoqlarini yig‘ishga qiziqadi. O‘rgimchak odam, Betmen, Supermen kabi qahramonlarni to‘plagan. Ularni o‘zaro urishtirib, qo‘shni bolalarga sahna ko‘rinishi ham qo‘yib berardi. Keyin esa o‘g‘limni sportga berdim, chunki Supermen kabi kuchli bo‘lishni istardi. Hozir musobaqalarda yuqori o‘rinlar olyapti. Bola boshidan ma’lum bo‘larkan. U o‘ynayotgan o‘yinchoqlarga qarab yo‘nalish berish mumkin. Qizim esa ko‘pincha “doktor-doktor” o‘yinchoqlarini tanlaydi. Balki kelajakda shifokor bo‘lsa ajabmas.
Do‘kon va bozorlarda o‘yinchoq tanlar ekansiz, xushyorlikni qo‘ldan bermang. Bolakay uning ijobiy va salbiy ta’sirini anglamagan holda o‘ynayverishi mumkin. Ammo siz – ota-onalar o‘yinchoq to‘g‘ri tarbiyaning asosi ekanini unutmang.
Nodira IBROHIMOVA,
Oyina.uz
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q