Yangi Oʻzbekistonda Moʻynoq yangi hayotga qaytdi


Saqlash
18:03 / 15.03.2022 1211 0

Joriy yilning 23–24-fevral kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif avvalgilaridan farqli ravishda kechdi, yaʼni davlat rahbari mingan birinchi sonli bort ilk marotaba Toshkentdan Moʻynoq aeroportiga qoʻndi.

Bu jarayon chindan ham avval kuzatilmagan voqea boʻldi, desak hech mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki ayni kunda atigi 33 ming aholi istiqomat qiladigan Moʻynoqqa Prezidentimiz samolyotining qoʻnishi biz bilan sizning hattoki, uxlab ham tushimizga kirmagan edi.

Haqiqatdan ham soʻnggi yillarda Moʻynoq tumani aholisining hayoti davlatimiz rahbarining muntazam eʼtiborida boʻldi. Hududni kompleks rivojlantirish boʻyicha ikkita qaror qabul qilinib, Prezidentimiz ushbu hududda ikki marotaba safarda boʻldi. Har bir safar yakunlari bilan moʻynoqliklar hayotida katta oʻzgarishlar yuz berib, tuman goʻyo ertaklardagidek oʻzgacha chiroy ochdi. Minglab aholi, ayniqsa yoshlar bandligi taʼminlandi. Bundan bir necha yillar avval Moʻynoqni tashlab ketgan bir necha ming aholi tugʻilib oʻsgan tuprogʻiga qayta koʻchib oʻtdi.

Shavkat Mirziyoyev aeroportdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, zamonaviy imkoniyatlarga ega boʻlib, yangi Oʻzbekistonda yangi hayotga qaytgan Moʻynoq aeroportining qayta tiklanishi bilan Toshkent–Moʻynoq-Nukus aviaqatnovlarining ham yoʻlga qoʻyilishini alohida taʼkidladi. Bu, albatta, tumanimizda boshlangan yirik bunyodkorlik ishlarining yanada davom etishini anglatadi.

Davlat rahbari moʻynoqlik yoshi kattalar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar bilan muloqot qilar ekan, hududga ilk tashrifida taʼkidlagan ulugʻ soʻzini yana bir bor takrorladi: “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi”. Chindan ham bugun Moʻynoq obod va koʻrkam maskanga aylandi. Odamlarning turmush darajasi, farovonligi, kayfiyati butkul oʻzgardi. Hozirgi kunda yurtdoshlarimiz ertangi kunga katta ishonch va umid bilan qaragan holda shijoat va shukronalik bilan mehnat qilmoqda.

Oʻtgan yillarga nazar soladigan boʻlsak, tuman hududida nafaqat qurilish-obodonlashtirish ishlari, balki maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha ham koʻlamli ishlar olib borilganiga guvoh boʻlishimiz mumkin.

Jadal surʼatlarda qad rostlagan “Oq kema” bolalar sogʻlomlashtirish markazi, “Ekologiya muzeyi”, “Amfiteatr”, “Shoirlar va hunarmandlar alleyasi”, “Orol dengizi tarixi muzeyi”, “Fiture muynak” kutubxona va IT markazi, maktabgacha va umumtaʼlim maskanlari, sport inshootlari, madaniyat uylari kabi ijtimoiy obyektlar aholi maʼnaviyatini yuksaltirishda samarali faoliyat olib bormoqda.

Bu hali hammasi emas. Moʻynoq dunyo nigohida. Keyingi yillarda hududda aholi kayfiyatini koʻtarib, maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratilgan “Dengiz baliqlaridan 99 xil taom”, “Stixiya”, “Ralli Moʻynoq” kabi qator Respublika va xalqaro miqyosdagi festivalllar tashkil etildi va ushbu jaryonlar yana davom etmoqda.

Hududdagi maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi ijodiy-bunyodkorlik ishlari haqida soʻz ketganda, afsonaviy Sulaymon Boqirgʻoniy xotirasini abadiylashtirish boʻyicha olib borilgan ezgu ishlarga toʻxtab oʻtish juda oʻrinli.

“Hokim ota” ovul fuqarolar yigʻini hududida XI asrda Turkiston diyorida yashab oʻtgan buyuk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoʻja Ahmad Yassaviyning shogirdi, vatandoshimiz – Sulaymon Boqirgʻoniy (Hokim ota) dafn qilingan. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Sulaymon Boqirgʻoniyning madaniyatimiz va adabiyotimizga qoʻshgan hissasi hamda ulugʻ zotning kelajak avlodlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etayotgan boy maʼnaviy meʼrosi inobatga olinib, 2020-yilda hududda “Hokim ota” jomye masjidi va maqbarasi qurib bitkazildi.

Eʼtiborlisi shundaki, bu joy ayni paytda butun Oʻzbekiston miqyosidagi, shuningdek, xorijiy sayyohlarning ziyorat qilish maskaniga aylanib bormoqda. Uning kelusi avlodlarimizga beradigan maʼnaviy ozuqasi esa, albatta, bebahodir.

Dengiz chekinsa ham inson chekinmaydi

 Dono xalqimiz tilidagi bu soʻz ayni paytda oʻz tasdigʻini topmoqda. Hozirgi kunda aholi qayta makon tutayotgan Moʻynoq tumaniga tutash Orol dengizining suvi qurigan tubi ham yil sayin tabora yashillanib borayotgani quvonarli.

Davlatimiz rahbari Moʻynoqqa bu galgi safari davomida Orol dengizining suvi qurigan tubida amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi. Maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz Orol inqirozini yumshatish boʻyicha dunyoning yuksak minbarlarida turib bir necha tashabbuslarni oʻrtaga tashladi. Oʻtgan yillarda dengizning qurigan tubida obodonlashtirish ishlarini olib borishga butun Oʻzbekiston respublikasidagi viloyatlar xolisona yordam berdi.

Mazkur saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq dengizda 1 million 524 ming gektar oʻrmonzor yaratildi. Ahamiyatlisi, har qanday qiyinchiliklarga qaramay yurtdoshlarimiz aslo ortga chekinmayapti. Jumladan, joriy yilda yana 100 ming gektar maydonda “yashil qoplama” yaratish reja qilingan.

Hududda soʻnggi 2–3 yilda yer osti quduq koʻzlarining ochilishi flora va fauna muhiti yaxshilanishiga, yaʼni oʻsimliklar va hayvonot dunyosini saqlab qolishga hamda hududda chorvachilikni rivojlantirishga asos yaratmoqda.

Taʼkidlash joizki, ayni paytda Moʻynoq tumaniga Toshkent viloyati hokimligi biriktirilgan. Viloyat tadbirkorlarining maʼlum qilishicha, kelgusida bu joyda har bir soha kesimida aholi farovonligi uchun qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirishi bilan birga maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda ham qator loyihalar taqdim etiladi. Jumladan, madaniyat va dam olish bogʻi, sanatoriylar, bolalar uchun dam olish maskanlari quriladi.

Ayni paytda tuman hokimligi tomonidan Maʼnaviyat maskani binosini qurish ishlari boshlanish arafasida. Maʼlumot tariqasida taʼkidlash joizki, 2023-yil yakuniga borib shunday maskanlar Nukus shahri va barcha tumanlarda barpo etiladi.

Taxtakoʻpirning ham avvalgi obroʻsini tiklashimiz zarur

 Prezidentimiz “Beltaoʻ” ovul fuqarolar yigʻinidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish chogʻida shunday degan edi. Hududda qisqa vaqt ichida kapital taʼmirlanib aholiga foydalanishga topshirilgan fuqarolar yigʻini maskani, shifokorlik punkti, bolalar bogʻchasi va madaniyat markazlari chindan ham Taxtakoʻpirning obroʻsi qayta tiklanayotganidan darak bermoqda.

Ayniqsa, tuman hududida qayta taʼmirlashdan chiqqan zamonaviy, keng va muhtasham madaniyat markazi butun Oʻzbekistondan tashrif buyurayotgan mehmonlarni oʻziga jalb qilmoqda. Bu Prezidentimiz bilan boʻlgan muloqotda mahalliy aholi va Toshkent shahridan tashrif buyurgan ommaviy axborot vositalari vakillarinig hayajonli nutqlarida oʻz ifodasini topdi.

Bundan tashqari, Yurtboshimiz Shumanoy va Beruniy tumanlariga tashrif buyurib, “Shomanay ekoteks” korxonasi faoliyati va tumanga biriktirilgan Xorazm viloyati tadbirkorlarining investitsion loyihalarini koʻzdan kechirdi.

Ochigʻini aytish kerak, bir paytlari “tupik” tuman atalib, eʼtibordan chetda qolib ketgan Shumanoy tumanida ham soʻngi yillarda koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. “Shomanay ekoteks” korxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi samarasida hududdagi ishsizlik masalasi bartaraf qilinib, ayni paytda 500 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Tuman markazi obodonlashtirilib, bir nechta tadbirkorlik obyektlari tashkil etildi, aholiga xizmat koʻrsatish joylari qaytadan qad rostladi. Hunarmandchilik, kutubxonalar va yirik attraksionlarga ega bolalar dam olish bogʻi qurildi.

...Qoraqalpogʻistonning shamollari ham iqtisodiyotga foyda keltiradi

 Prezidentimiz Beruniy tumanidagi shamol elektr stansiyasi tamal toshini qoʻyish marosimida taʼkidlagan ushbu soʻzlar haliyam qulogʻimiz ostida jaranglab turibdi. Saudiya Arabistonining “AKWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan mazkur loyiha amalga oshgach, 110 ming oila qoʻshimcha elektr energiyasi bilan taʼminlanadi va yiliga 106 million kub metr tabiiy gazimiz tejaladi.

Oʻz oʻrnida savol tugʻiladi. Qachon Qoraqalpogʻistonga xorijiy davlatlar korxonalari investitsiya bilan kelgan? Albatta, bu jarayon yaqin tarixda kuzatilmagan. Geografik jihatdan Qoraqalpogʻiston Oʻzbekistonning uchdan bir qismini egallashi inobatga olinsa, haqiqatda ham bizning shamollarimiz bilan zarrin quyosh nurlarimiz kelgusi vaqtda ham mahalliy iqtisodiyotimizga yana koʻp foyda keltirishi, soʻzsiz.

Bu hali boshlanishi albatta. Prezidentimiz yana taʼkidlaganidek, inson qadri uchun, degan bosh tamoyil asosida Qoraqalpogʻistonni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha katta maqsadlar ilgari surilgan.

Taʼlim-tarbiya va maʼnaviyat mahalladan boshlanadi. Mahallalar farovonligi esa oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarining har tomonlama kamolga yetishida muhim oʻrin tutadi.

Prezidentimiz Qoraqalpogʻistonga tashrifining ikkinchi kunida yaqinda “Obod mahalla” dasturi doirasida obodonlashtirilgan Nukus shahridagi “Shimbay guzari” mahallasiga tashrif buyurib, hududda aholi farovonligi uchun barpo etilgan obyektlar bilan tanishdi.

“Qoʻlida hunari bor ayolning kayfiyati yaxshi, oilasi ham barqaror boʻladi”, dedi Prezidentimiz 300 nafardan ortiq xotin-qizlar bandligi taʼminlangan toʻqimachilik korxonasiga tashrifi davomida.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Nukus shahridagi qator korxona va qurilish obyektlari faoliyati bilan tanishish barobarida “Shimbay guzari” mahallasi hududida “Mahalla markazi”ni qurish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

Albatta, Qoraqalpogʻiston miqyosidagi yangilanishlar shamoli biz mahallalarda olib boradigan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga ijobiy taʼsirini koʻrsatadi. Barchamizga maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpogʻistonni kompleks rivojlantirish maqsadida Nukus shahri va barcha tumanlarga Oʻzbekiston respublikasidagi viloyatlar maʼsul va homiy qilib biriktirildi.

Dunyoda hech qachon tong birdek otgan emas

 Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobi shunday teran maʼnoli soʻzlar bilan boshlanadi. Bu butun borliq, tabiat va insoniyat hamisha oʻzgarish va yangilanishda boʻladi, degani. Haqiqatdan ham mana, necha ming yillar davomida dunyodagi xalqlar oʻz maqsadi, intilishlari, niyati va xarakteriga koʻra har kun tongni turli holatda qarshi oladi. Dunyoning bir chekkasida kimdir xavotir, tazyiq va qoʻrquvda, oʻq yomgʻirlari ostida och-yalangʻoch yashayotgan boʻlsa, yana kimdir farovonlikda umr kechirmoqda.

Ming shukur boʻlsinkim, bizning xalq har bir tongni yaxshi niyat, tinchlik va faravonlikda kutib oladi. Prezidentimiz boshlab bergan Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi asosida biz har bir kunni ulugʻ orzu-niyat, yangilanishlar nafasi bilan boshlamoqdamiz.

Soʻnggi yillarda Qoraqalpogʻistondagi avval koʻrilmagan oʻzgarishlar sabab har bir inson qalbida yangi quyosh porlab chiqqandek boʻldi. Chunki aholi qalbida ertangi kunga umid va ishonch uygʻondi, katta bunyodkorlik harakati boshlandi.

Mana, bu gal ham Prezidentimiz yana birdamlik kuchi qanchalar qudratli kuch ekanini koʻrsatib berdi. Qoraqalpogʻistonga katta rejalar, maqsadlar, ulkan moliyaviy manbalar bilan birga Oʻzbekistondagi 13 ta hudud hokimlari va tadbirkorlarini boshlab keldi. Bunda har bir viloyatning kamida 50 milliard soʻm mablagʻ kiritishni rejalashtirayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy kiritilayotgan mablagʻ 1 trillion soʻmdan oshar ekan, bu chindan farovonlik degani. Ushbu mablagʻ qanchadan-qancha maktab, bogʻcha, shifoxona ham degani. Bu qancha yoʻl, qishloqlarni koʻrkamlashtirish va qancha ish oʻrinlari demakdir...

Umuman olganda bu xalqimizning barcha ezgu niyatlarining roʻyobga chiqishi degani. Bunaqa gʻamxoʻrlik kimga boʻlmoqda, albatta xalqimizga, uning roziligiga erishish, baxtli, farovon hayot kechirishi uchun qilinmoqda.

Qachon Qoraqalpogʻistonga Oʻzbekistondagi barcha hokimlar kelgan? Biz avval bunday ijobiy holatning, hayratlanarli hamkorlikning guvohi boʻlmaganmiz. Hududlardagi eng zoʻr tadbirkorlar bugun elimizga keldi. Agar ularning har biri Qoraqalpogʻistondagi 17 ta shahar va tumanlardan har biridagi bitta mahallaga homiylik qilsa, bittadan korxona tashkil etsa, maktab qursa bu hudud har tomonlama ravnaq topadi.

Umuman olganda, muhtaram Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonga navbatdagi tashrifi ham butun aholi bilan birga biz maʼnaviyatchilarni ham nihoyatda ruhlantirdi. Eʼtibor va ragʻbatdan koʻnglimiz togʻdek koʻtarilib, yangi-yangi ijodiy loyihalar sari undadi.

 

Tatlimurat ATAMURATOV, 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 

Qoraqalpogʻiston boʻlimi rahbari, 

tarix fanlari nomzodi

 

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 

2022-yil 15-mart 53 (575)-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 190
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19175
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15994
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi