Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”i xususidagi fikrlar e’tiborimni tortdi. Emishki, asar sayoz emish, sevgi-muhabbat qissasi, oʻzbek adabiyotida oʻrni yo‘qmish...
Saviya oʻzgaryaptimi yoki estetik did, bilmayman, lekin qat’iy ishonganimiz – nasrning talablari har zamon va makon uchun oʻzgarmas.
Asarni bilimimiz yetguncha nasr talablari boʻyicha tahlil qilamiz. Asar haqidagi xulosani oʻquvchilarning oʻzlari berishadi, deb oʻylaymiz. Ushbu maqolada obrazlardagi ramziylikka eʻtibor qaratamiz.
An’anaviy romanchilik qolipi shunday: ekspozitsiya-tugun-voqea rivoji – yechim.
Sirtdan qaralsa va nasrni tushunmaydiganlar “Oʻtkan kunlar”ni sevgi qissasi deb oʻylaydi. Aslida ham shundaymi? Muallif roman soʻzboshiga asar mavzusini “tariximizning eng kirlik, qora kunlari boʻlgʻan keyingi “xon zamonlari”dan belguladim” deydi.
Nega? Turkistonning hayot-mamot masalasi keyingi “xon zamonlari”da hal boʻlganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Asar gʻoyasiga asar ekspozitsiyasida qisman teginib oʻtiladi: “Qishki kunlarning biri, atrofdan shom azoni eshitiladir...” Bu jumlalar tasvirga bekorga kiritilmaydi.
Oʻsha davrda Turkiston, Qoʻqon xonligi hududlariga ruslarning bosqinlari boshlangan, birin-ketin shaharlar ishgʻol etila boshlangan (Oqmasjid, Avliyoota, Turkiston, Merki, Pishpak) va bu oxir-oqibat, 1865-yilda Toshkentning olinishi bilan yakunlangandi. Tariximizning eng sharmandali sahifalaridan biri esa 1875-yilda bir vaqtlar ulkan imperiya hisoblangan Qoʻqon xonligining Turkiston general-gubernatorligi (viloyati)ga aylantirilishi edi. Asar boshlangan davr amalda Turkiston oʻzining qish fasliga yetib kelgani, qorongʻulikka kirib borayotgani (shom namoziga azon aytilishi) mahorat bilan bir jumlada aytib ketiladi.
Asar qahramoni Otabek zamonadan xabardor, xonlik idora usulida islohotlar boʻlishi tarafdori. Urusiyaning taraqqiy va peshqadam idora usulidan xabardor.
Otabek asar soʻngida usta Alim bilan birga mashhur Avliyoota muhorabasida shahid ketadi. Bu bilan Abdulla Qodiriy millatning Otabekdek oʻgʻlonlari oʻldi, xalqni himoya qiladigan aqlli erkaklar qolmadi deydi. Oʻzbek xalqining qullikka kirishini esa asar soʻngida “Oʻzbek oyim qora kiydi...” degan jumla bilan yakunlaydi.
Asardagi Oʻzbek oyim obrazi bekorga kiritilgan emas. Qodiriy domla uni quyidagicha tasvirlaydi: “Oʻzbek oyim chala-dumbul tabiatliq...” Qodiriy domla Oʻzbek oyim ismida ham, uning sajiya va fe’l-atvorida ham ilmdan uzilgan oʻzbeklarni tasvirlaydi. U oʻz bilganicha, bid’aticha, eski tafakkuricha yashaydi, eri Yusufbek hojining hikmatli, ma’noli soʻzlarini qabul qilolmaydi. Aynan Oʻzbek oyim va Yusufbek hoji asarda bir-biriga kontrast obrazlar rolida qoʻllanadi. Yozuvchining eng muhim gʻoyalaridan biri shunday: “agar xalq Oʻzbek oyimning gʻarib dunyoqarashini tark etib, Yusufbek hoji tafakkuri bilan yashaganida qullikka mahkum etilmas, sara oʻgʻlonlarini boy berib, qora kiymasdi! Asar diqqat bilan oʻqilsa, hatto hukumat kengashlarida ham Yusufbek hojining soʻzlari inobatga olinmaydi. Toshkent hokimi Azizbek huzurida mushovir – maslahatchi boʻlib tursa-da, hokim uning soʻzlarini olmaydi. Oxir-oqibat esa Azizbekning oʻzi otning dumiga sudratma qilinadi.
Toshkent beklari va a’yonlarining kengashida “qipchoqni kesish” (oʻldirish) masalasi koʻtarilganda ham Yusufbek hoji bunga qarshi chiqadi va: “uris darvozamiz tagida turibdi, biz birlashish oʻrniga bir-birimizni qirish haqida oʻylayapmiz...” degan ma’noda soʻz aytadi.
Yana bir oʻrinda Otabekka: “Men koʻp umrimni shu yurtning tinchligi va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, oʻzimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim. Ittifoq neligini bilmagan, yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyasi yoʻlida bir-birini yeb, ichgan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprogʻidan yoʻqolmay turib bizning odam boʻlishimizga aqlim yetmay qoldi... Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tagimizga suv quyadirgan boʻlsak, yaqindirki, oʻris istibdodi oʻzining iflos oyogʻi bilan Turkistonimizni bulgʻar va biz boʻlsak oʻz qoʻlimiz bilan kelguvsi naslimizning boʻyniga oʻrus boʻyinturugʻini kiydirgan boʻlarmiz. Oʻz naslini oʻz qoʻli bilan kofir qoʻliga tutqin qilib topshirguvchi – biz koʻr va aqlsiz otalargʻa xudoning la’nati albatta tushar, oʻg‘lim...” deydi.
Otabekning ikki xotinligi ham ramziy ma’noga ega. Oʻsha vaqtda xalqni “qorachoponchi” va “qipchoq”qa boʻlish, bir-biriga qayrash avj olgan, xon esa bu ikki toifaning boshini bir qilish oʻrniga birini ikkinchisidan ustun koʻrgandek, qipchoq qirgʻiniga rozi boʻladi. Bir kechada minglab qipchoqlar qirib tashlanadi. Yosh-u qari birdek boʻgʻizlanadi. Xonning shu ikki toifaga adolat qila olmagani, oxir-oqibat millatning parokanda boʻlishiga olib kelishiga ishora qiladi. Otabek (tarixda Otabekning mavqeyi hozirgi viloyatlar hokimi maqomiga teng keladi) ikki ayoli, margʻilonlik Kumush (Fargʻona vodiysi xalqi qipchoqlarga nisbat berilgan) va toshkentlik Zaynab (qorachoponchi, oʻzbek) oʻrtasida adolat qilolmagani uchun bir ayoli oʻladi, ikkinchisi jinni boʻladi. Oilasi buzilgan Otabekning oʻzi esa urushga ketib, jang maydonida shahid bo‘ladi.
Asarning yana bir muhim jihati shundaki, Qodiriy domla Otabekning oʻgʻli Yodgorning oʻgʻillari timsolida xalqning ikkiga boʻlinishini ham aytib ketadi. Yodgorning bir oʻgʻli “bosmachi”, ikkinchisi “ishchi” boʻlishi aytiladi. Ya’ni, biri “shoʻroga qarshi”, ikkinchisi “shoʻro”.
Men faqat asar qahramonlari, obrazlar ramziyligida butun boshlik millatning ellik yil ichida tanazzuli yozuvchi tomonidan mahorat bilan qalamga olinganini keltirdim, xolos. Oʻzbek davlatchiligi, uch buyuk imperiya (Qoʻqon xonligi, Buxoro amirligi va Xiva xonligi) mana shu davr ichida quladi, mustaqilligini yoʻqotdi. Millat uchun bundan ortiq fojia yoʻq. Xalq fojiani tushunmadi. Buni Qodiriy domla asarning bir joyida: “mozoristonda “Hayya alal-falah” xitobini kim ham eshitardi?” (oʻliklar “najotga shoshiling”ni eshitishmaydi, ma’nosida) deb kuyinib yozadi.
Mashhur sharqshunos olim, akademik Yevgeniy Bertels: “Qodiriy romanlari butun tarkibi bilan oʻziga xos uslubda yozilgan oʻzbek romanlaridir. Dunyoda beshta, yaʼni: fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisini, yaʼni oʻzbek romanchilik maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi”, deya e’tirof etadi. Qozoq yozuvchisi Muxtor Avezov esa “Sharqning eng ulkan yozuvchisi boʻlib qolgan edi”, deya Qodiriy domlaning iqtidoriga tan beradi. Tojik yozuvchisi Jalol Ikromiyning ijodiga Abdulla Qodiriyning ta’siri kuchli boʻlgan.
Abdulla Qodiriydek ramziy obrazlar vositasida fikr aytish va matn yozish borasida, fikrimcha, Oybek domlagina (“Qutlug‘ qon” va “Navoiy” romanlari) bellasha oladi. Jumla tuzish, tasvir va uning quyuqligi, tilning shirasi boʻyicha Abdulla Qodiriy qarshisida oʻzbek adabiyoti gʻarib koʻrinadi: matnlar boʻsh, hissiz, obrazlar maromiga yetmagan. Albatta, bu jihatlarni nasr talablarini tushunganlar anglaydi, oddiy oʻquvchiga bu haqda soʻz aytish ortiqcha.
Keyingi maqolalarda, nasib qilsa, romanning yana bir qator jihatlari, jumladan, tarixiy haqiqat, oʻzbek mentaliteti, folklori, kiyim-kechaklari, xon oʻrdasi rasm-rusumlariga ham alohida-alohida to‘xtalmoqchiman. Romanni sayoz deyotganlar balki nasr va romanchilik aslida nima ekanligini tushunsalar, muddao hosil boʻlar edi. Bir gapni esdan chiqarmaslik lozim: “ulugʻlarni tanqid qilish uchun oʻshalardek boʻlish lozim”.
Baxtiyor ABDUG‘AFUR,
yozuvchi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Нодира
15:12 / 12.12.2023
Достоеевскийни "Жиноят ва жазо" асари олдида, биз учун бўлади ёмонмас
Nargiza
15:12 / 12.12.2023
Ajoyib fikrlar Bunday Ulugʻ asarni tahlil qilish uchun saviya ham kuchli boʻlishi kerak aslida. Nachora,xalqimizning yaxshi maqoli bor: Mevali daraxtga tosh otiladi