“O‘zbek ayoli bo‘lish qiyin deb o‘ylayman” – xorijda yashayotgan o‘zbek ayollari bilan suhbat (2-qism)


Saqlash
16:03 / 14.03.2022 1585 0

Oyina.uz turli davlatlarda yashab faoliyat yuritayotgan ayollar bilan jamiyatda ularning o‘rni va o‘zbek ayoli bo‘lish nimani anglatishi haqidagi turkum suhbatlarni davom ettiradi.

 

Mukarramxon Qahramonovna, O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasining  ijtimoiy va  moliyaviy sohadagi hamkori. USA mahalla tashkiloti faoli.

 

Odatda, o‘zbek ayoli ko‘z o‘ngimda itoatkor, sabrli, kamtarin obrazda gavdalanadi. O‘zbekistonda aksariyat hollarda qizlarni bolaligidanoq o‘choq va onaning yordamchisi bo‘lishga tayyorlashadi. An’analar tufayli unda o‘zini qanday tutish kerakligi haqidagi tushunchalar shakllanib boraveradi. Ammo ayolga oila bekasi sifatida qarash bilan birga, uning jamiyat uchun kerakli shaxs ekanini ham unutmaslik lozim. Masalan, Abdurauf Fitrat “Oila” asarida “Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi milliy ozodlik, erk uchun zarur: ayollar faqat uy-ro‘zg‘or, bola tarbiyasi bilan band qolmasligi kerak”, deb ta’kidlaydi.

 

Rasmiy tenglik, qonunda ayollarga nisbatan kamsitishning ta’qiqlanishi ko‘pincha erkaklar va ayollar uchun teng tanlov imkoniyatlarini ta’minlash uchun yetarli emas. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, gender tengligiga qabul qilingan an’analar, urf-odatlar, din va ayollar maqomi haqidagi stereotiplar katta ta’sir ko‘rsatadi. Bunday hollarda davlat gender siyosatini olib borishi talab etiladi.

 

 

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ayollar mehnat haqqining muhim qismi to‘lanmasdan, tan olinmasdan va kam baholanganligicha qolmoqda. O‘zbekiston va G‘arb mamlakatlarining huquqiy normalarini qiyoslaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘ziga xos qonun hujjatlariga egaligi bilan ajralib turadi. Ammo O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda gender siyosatida o‘zgarishlar, yaxshilanishlar ko‘zga tashlanayotgani quvonarli.

 

 

Shohista Ortiqova Kamranli, filolog, tarjimon, Ozarbayjon.

 

Madaniyati, urf-odatlari, an’analari o‘zbeklarga yaqin bo‘lgan Ozarbayjon xalqi uchun ham oila muqaddas sanaladi. Ayolga bo‘lgan izzat-hurmatni ham olqishlasak arziydi. Ko‘cha-ko‘yda, jamoat transportlarida bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. Bular birdaniga shakllangan an’analar emas, ayollarga hurmat bu xalqning qoniga singgan. Tarixdan ham bilamizki, Ozarbayjon Respublikasi Sharq mamlakatlari ichida ayollarga saylash huquqini bergan ilk mamlakat hisoblanadi.

 

 

O‘zbek va ozarbayjon xalqining ildizi bir bo‘lgani uchun dunyoqarashlar ham o‘xshab ketadi. Bu yerda o‘zbek ayoli haqida ijobiy fikrlar ko‘p uchraydi – ular haqida oila tirgagi, hayoli, iboli, milliy atlas matodan tikilgan ko‘ylaklarining o‘ziga yarashishi-yu, mehnatkashligi aytiladi. O‘zga yurtda o‘z millating haqida ijobiy fikrlarni eshitish, albatta, yoqimli. Bugungi kunda Ozarbayjonda tarjimon sifatida faoliyat yuritaman. Bir ayol ham sevgan kasbida ishlash, ham oilani saranjom-sarishta qilish uchun jamiyatda unga bo‘lgan qarashning ham o‘rni katta. Men bu yerda mana shu vazifani qo‘ldan kelgancha bajara olayotganimdan baxtiyorman.

 

 

Go‘zal Xidirova, bloger, AQSh

 

O‘zbek ayoli bo‘lish qiyin deb o‘ylayman. Chunki uning aytadigan so‘zi ham, bajaradigan ishi ham mentalitet va qadriyatlarga mos bo‘lishi kerak. Yoshlikdan qizlarga beriladigan tarbiya, so‘ngra kelinlik uyidagi yumushlar o‘zbek ayoli umrining yarmini o‘tkazib yuborsa kerak.

 

Agar ayollarning so‘zlariga va bajarayotgan ishlariga hech kim qarshilik qilmasa, ustidan kulmasa, nima deyish va nima qilishni buyurib, o‘rgatib turmasa, u jamiyatda erkin va mustaqil yashay oladi. Bilasizmi, ayol agressiv bo‘lsa, o‘zini yolg‘iz va kuchsiz his qilsa, baxtsiz hisoblasa, bu holat farzandlar kelajagiga ham salbiy ta’sirini o‘tkazadi.

 

 

Amerikadagi hayotim davomida erkin fikrlash borasidagi qarashlarim, mustaqil qaror qabul qilishga bo‘lgan intilishim – barchasi to‘laqonli amalga oshdi. O‘zbekistonga kelganda esa, albatta, o‘zbek keliniman. Qanchalik mustaqil bo‘lmay, o‘zbek xonadonining tartib-qoidalariga amal qilish vazifam ekanini bilaman. O‘zbek ayoli mana shunday xarakterga ega, menimcha. Ammo qaerda bo‘lishimdan qat’iy nazar, doimo o‘z qarashlarimga sodiq qolishga, farzandlarimning ham mustaqil fikr egasi bo‘lib ulg‘ayishiga harakat qilaman!

 

Zulxumor ORIFJONOVA

oyina.uz

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16266
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi