Qafas quruvchi qushlar: Inson nega ozodligini sotadi?


Saqlash
13:42 / 27.06.2025 1077 0

Kechagi kunimning qanday o‘tganini eslayapman. YouTube va Instagramda soatlab “aylandim”. Birdan o‘zimga keldim: qo‘limda dunyoning eng katta kutubxonasi bor ekan, xohlagan ma’lumotni bir necha soniyada o‘qishim mumkin-ku. Ammo tanlov qilmayotgan edim – menga ko‘rsatilayotgan narsalarni shunchaki tomosha qilib o‘tirgan va algoritm nima bersa, shuni “yeyaveradigan” odamga aylanib qolgandim.

 

O‘sha lahzada miyamda Erix Frommning “Ozodlikdan qochish” kitobidagi mashhur savol chaqmoqdek chaqnadi: nega biz, bu qadar katta erkinliklarga ega bo‘lgan zamonda, har kuni aynan o‘sha erkinlikdan qochamiz?

 

Bu kitob 1941-yilda yozilgan, ammo go‘yo aynan bugun uchun. Fromm o‘sha paytda natsistlar Germaniyasining ko‘tarilishini kuzatib, savol bergandi: “Nega erkin odamlar o‘z ixtiyori bilan erkinlikdan voz kechib, uni bir zolim yetakchiga topshiradi?” Bugun esa biroz boshqacharoq savolga javob qidiramiz: Nega biz o‘z fikrimizni algoritmlarga, mutaxassislarga yoki blogerlarning qo‘liga berib qo‘yamiz?

 

Qafasdagi qush paradoksi

 

Bog‘lab qo‘yilgan, lekin sokin turgan qush tasviri. “Zarhalqush  – The Goldfinch” by Carel Fabritius (1654).

 

Frommning eng qiziq xulosalaridan biri shuki, inson tabiatan ozodlikka intiladi, lekin unga erishgach, og‘irligini ko‘tara olmaydi. Bu holat qafasda ulg‘aygan qushga o‘xshaydi – qafas eshigi ochilganda uchib ketish o‘rniga, burchakga tiqilib, qo‘rquvdan titray boshlaydi. Lekin nima uchun tabiat bizni shunday “noto‘g‘ri” dasturlagan?

 

Bu paradoksning ildizlari evolutsion psixologiyaga borib taqaladi. Bizning miyamiz ming yillar davomida nisbatan kichik, barqaror guruhlarda yashash uchun shakllangan. O‘sha paytda tanlov minimal edi: ovga borish yoki qolish, qaysi yo‘ldan yurish, kimga turmushga chiqish. Har bir tanlov hayotiy ahamiyatga ega edi, shuning uchun miya tanlovlarni “xavfli” deb qabul qilishga o‘rgangan.

 

Qichqiriq “The Scream by Edvard Munch (1893).

 

Endi esa har kuni minglab tanlov bilan duch kelamiz va qadimiy miyamiz bu “tanlov sunamisi”ga bardosh bera olmaydi. Neyrologlar isbotlaganidek, bizning miyamiz doim energiya tejashga harakat qiladi. Har bir yangi tanlov esa miyada qo‘shimcha energiya talab qiladi. Shuning uchun miya avtopilot rejimini afzal ko‘radi, chunki bu energiya jihatdan samaraliroq.

 

Bu biologik zaiflik bizni qochadigan yo‘llarga olib boradi. Fromm aynan shu qochish mexanizmlarini tahlil qilib, inson qalbining eng chuqur sirlarini ochib berdi.

 

Uchta qochish yo‘li (o‘zbekona misollar bilan)

 

 

“Bobil minorasi” – The Tower of Babel by Pieter Bruegel the Elder (1563).

 

Erich Fromm inson qalbining erkinlikdan qo‘rqishini tahlil qilib, undan qochishning uch asosiy psixologik mexanizmini ko‘rsatadi. Bu yo‘llar bugungi O‘zbek jamiyatida ham o‘ziga xos shakllarda ifodalanmoqda – ular madaniyatimizga singib ketgan, ko‘pincha oddiy va tabiiydek ko‘rinadi, ammo ichida tanlov va mas’uliyatdan chekinish yotadi.

 

1. Avtoritarga suyanish (Avtoritarizm) – “Ustoz madaniyati”

 

Inson o‘z hayoti uchun qaror qabul qilishdan cho‘chiganda, kuchli shaxsni izlaydi. Bizda bu “ustozga suyanish” shaklida namoyon bo‘ladi – “ustoz-shogird” an’anasi bugun ko‘pincha sun’iy ko‘rinishda yashamoqda. Masalan, juda ko‘pchilik “motivatsion spiker”lar va “biznes mentor”lar hayotni soddalashtirib, sizga “tayyor formulalar” taklif qiladi.

 

Bu yerda shunday psixologik mexanizm bor: “Agar men xato qilsam, bu mening emas, ustozning aybi”. Bu mas’uliyatdan qochish usuli. Yung aytganidek, inson o‘z “soya”sini, ya’ni o‘z ichidagi xavfli, noaniq hislarni boshqalarga yuklaydi. Muvaffaqiyat bo‘lsa – “mening mehnatim”, muvaffaqiyatsizlik bo‘lsa – ustozning aybi.

 

2. Buzish orqali qochish

 

Ba’zida odam tanlov qilish o‘rniga atrofdagi hamma narsani inkor etadi. Buning zamonaviy shakli – “hamma yomon” degan sindrom.

 

“O‘zgarish bo‘lmaydi”, “hukumat baribir eshitmaydi”, “jamiyat baribir o‘zgarmaydi” – bu kabi qarashlar aslida mas’uliyatdan va urinishdan qochish niqobidir. Psixologlar buni tashqi boshqaruv nuqtasi (external locus of control) deb atashadi, – inson o‘z hayotidagi barcha narsani tashqi kuchlarga bog‘lab qo‘yadi va o‘zini qurbon sifatida ko‘radi. Shunday qilib, bu odam hamma narsa yomon deb o‘ylaydi va tanlov qilmaslikni tanlaydi.