Vaq-vaqa to‘ram kim?


Saqlash
18:53 / 14.03.2022 2880 2

Bolalik chog‘larim, yoz paytlari, oqshom mahal edi. Yon atrofdagi radio karnaydan bir ajib ohang taralar va juda yoqimli ovozda qo‘shiq ijro etilardi.

 

Vaq-vaqa to‘ram, bosmang jamalagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni...

 

Shu satrlar bilan boshlanadigan qo‘shiq sizning ham yodingizga tushgan bo‘lsa, ko‘pchiligingiz shu tarzda eshitgan bo‘lsangiz ajab emas. Yillar o‘tdi, bu qo‘shiqni ko‘p davralarda, televideniye va radio orqali tingladim.

 

Yoshim ulg‘ayib, so‘zlarning ma’nosini anglab boshlaganimdan so‘ng misralar zamirida qanday ma’no aks etgani haqida o‘ylab qoldim. Nazarimda, soʻzlari buzib aytilganday tuyuldi. 2001-yil, “Yoshlar” radiokanalida  ishlab yurgan vaqtim folklor namunalari, xalq qo‘shiqlari, baxshilar ijrolarini yozib olish maqsadida  Surxondaryo viloyati Boysun tumaniga yo‘l oldim. Adib va folklorshunos Xoliq Xursandov yordamida  ko‘pgina folklor namunalarini yozib olishga muvaffaq bo‘ldim.

 

 

Yozib olganlarim orasida aynan shu qo‘shiq ham bo‘lib, faqat “Voh-voh, to‘ram, bosmang jamalagimni” deb boshlanar va Boysun folklor-etnografik xalq ansambli xonandasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Qosimova tomonidan ijro etilgandi.

 

Yillar o‘tdi. Shu paytgacha izlab yurgan savolimga javob topganday edim. 2003-yili, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova bilan ijodiy hamkorlikni boshlagan kezlarim xonandaga “Voh-voh, to‘ram”ni zamonaviy musiqiy sayqal bilan aytishni tavsiya qildim.

 

 

Qo‘shiqqa yangi misralar qo‘shmoqchi bo‘ldik. Bu borada O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimga murojaat qildik va so‘raganimiz ko‘nglimizdagidek amalga oshdi. To‘ldirilgan variantdagi qo‘shiq tayyor bo‘lgan kunlari katta bir bayram tadbiriga taklif etishdi. Yangi ijod mahsulini hay’at azolariga taqdim etdik. Tadbir rejissorlaridan biri bu qo‘shiqni buzib aytibsizlar, deb dashnom berdi. Men rejissordan buzilish musiqadami, deb so‘raganimda u so‘zini buzgansizlar, bu xalq qo‘shig‘i, degan javobni berdi. Ya’ni, uning aytishicha, vaq-vaqa to‘ram, deb aytilishi kerak ekan. E’tirozini yana izohlay ketdi: “Vaq-vaqa to‘ram – qari chol bo‘ladi, qarib ezma bo‘lib qoladi, qurbaqaday vaqillab qoladi, shunga mana shunaqa aytilgan”. Yon atrofdagilar ham ma’qullashdi. Uzr, bitta savol bersam bo‘ladimi, dedim. Safar sizning sochingizdan kimdir tortsa, nima deysiz, qay holatga tushasiz, og‘riqdan “voh-voh” deysizmi yoki qurbaqaga o‘xshab “vaq-vaqa” deb ovoz chiqarasizmi, dedim.

 

U kishi jahl bilan kitob o‘qish kerak, ana, qo‘shiqlar normalari bilan jamlangan kitoblarni ko‘ringlar, qanday yozilgan, dedi. Shunday qilib bu qo‘shiq saralashdan o‘tmadi. Biz esa qaysarlik qilib qo‘shiq matnini o‘zgartirmadik va tadbirda qatnashmadik.

 

Mening halovatim yo‘qoldi, rejissor aytgan qo‘shiqlar to‘plamini topdim va ko‘rdim, qo‘shiq aynan u kishi aytganday – vaq-vaqa to‘ram, deb boshlangan edi. Ko‘pgina manbalarda shu tarzda keltirilgan va ijrochilarning ko‘pchiligi shunday ijro etardi.

 

Aslida, lapar janridagi bu xalq qo‘shigʻida qizning yigitga, yoriga to‘ram deb hazilomuz murojaat qilishi, qiz koʻnglining nozikligi, unga mehr-muhabbat bilan qarash kerakligi aks etgan. Yorning go‘zalligiga zeb berib turuvchi kokillariga taqilgan jamalagi ta’riflanadi va yengil, sho‘x o‘ynoqi ohanglarda kuylanadi.

 

Voh-voh-a, to‘ram, bosmang jamalagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni.

 

Yigit hazil bilan qizning jamalagidan tortadi, qiz esa og‘riqdan “voh-voh” deb e’tiroz bildiradi. Keyingi misra:

 

Zar kokilim zaranchaga ilindi,

Sevmasliging ana shunda bilindi.

 

Qiz uchrashuvga chiqishi oldidan yo‘lda uning sochi zarancha, ya’ni tikan novdasiga ilinib qoladi, shunda qiz irim qilib uchrashuvga chiqayinmi yoki yo‘qmi, deb ikkilanib qoladi. Yigit sochini tortib, ozor berganida qiz kokilim zaranchaga ilinib qolganda bir belgi bergandi, balkim u meni sevmasmikan, deb o‘ylaydi. Yigit shunda qaltis hazil qilib, qiz ko‘nglini og‘ritib  qo‘yganini anglaydi. Va unga qarab shunday deydi:

 

Qiz degani shuncha nozik bo‘lurmi,

Orqa sochi doim yoziq bo‘lurmi,

Orqa sochi doim yoziq bo‘lganda

Bir boqishi olti oy oziq bo‘lurmi?

 

Qiz bilan yigitning aytishuvi shunday davom etadi.

 

Bu yerda qizning jamalak taqishi balog‘atga yetganini anglatadi. Orqa sochi doim yoziq bo‘lurmi, degan jumla esa qizning boshi ochiqligi, turmushga chiqmaganini bildiradi.

 

 

Naqorat:

Voh-voh, to‘ram, bosmang jamalagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni.

Zar kokilim zaranchaga ilindi,

Sevmasliging ana shunda bilindi.

 

Qiz:

Yorim, kiygan choponingiz banotdir,

So‘zlaringiz tilga olsam novvotdur.

Yorim, yozgan xatingizni o‘qisam,

Xudo bergan besh kun umrim oboddir.

 

Yigit:

Qiz degani muncha nozik bo‘lurmu?

Orqa sochi doim yoziq bo‘lurmu?

Orqa sochi doim yoziq bo‘lganda,

Bir boqishi olti oy oziq bo‘lurmi?

 

Qiz:

Bobotog‘dan o‘tib Surxon oqadi,

Yo‘llariga Jayxun daryo boqadi.

Yolg‘iz-yolg‘iz daryolar ham bir bo‘ldi,

Biz bir bo‘lsak, Xudoga ham yoqadi.

 

Naqorat:

Voh-voh-a, to‘ram, bosmang jamlagimni,

Bekorga bosasiz zar kokilimni.

 

                                                                                        O‘ktam  HAKIMOV,

folklorshunos

2 Izohlar

Vohidjon Saidov

12:01 / 01.01.1970

Assalomu alaykum shu va shunga o'xshash xalq qo'shiqlarining yanada ko'proq targ'ib etilishiga umidvorman.

Панжиев К.Б.

12:01 / 01.01.1970

Рахмат. бу каби аҳолининг ижтимоий ҳаёти билан боғлиқ бўлган қўшиқларимизни доим куйлашимиз, ва уларни тарғиб қилишимиз шарт.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 80
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 271
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//