Maqola avvalida ozgina lirik chekinish qilaman. Ancha yillar oldin O‘zSSR Sog‘liqni saqlash komissari Karim Abdullayevning o‘g‘li Telman akaning uyini topdim. Yoshi 85 lar atrofidagi otaxonning sog‘lig‘i ancha yomonlashib qolgan ekan. O‘zimni tanishtirgach, rahmatlik Telman aka juda istasa ham farzandlari suhbatlashishga ruxsat berishmadi. Ularga tinmay telefon qilib, oxiri roziligini oldim. Suhbatda Telman akaning har gapida Sharof aka, Sharof aka deyaverishi menga g‘alati tuyuldi.
U kishiga Telman aka, men Sharof aka haqida emas, dadangiz, bolaligingiz, umuman sizlar haqingizda gaplashmoqchi edim, dedim. To‘g‘risi, o‘zim Sharof Rashidovning ulkan ishlarini bilsam-da, rus tili mavqeini yuqori ko‘targanlikda, paxta monokulturasi, Orol fojiasi, mahalliychilikni avj oldirganlikda o‘pkalab yurardim.
Telman aka “Sen nima deyapsan! Bolaligim emish, mening bolaligim mushtipar onam, munis opamni itday qo‘riqlab, uyma-uy darbadarlikda kechdi. Onamni yig‘latmaslik uchun har kuni ko‘nglini ko‘tarar, opamning orzulariga qanot bo‘lardim. Uning fandagi yutuqlari mening hayotim mazmuni bo‘ldi. O‘zim yaxshiroq o‘qiy ham olmadim. Aslida, muhandislik institutiga ham onamni xursand qilish uchun kirgandim. Toshkent zilziladan so‘ng deyarli qayta qurildi. Men tez ko‘tarila boshladim. Kimdir otamning “Xalq dushmani” ekanini fosh qilishidan onam qo‘rqsa, o‘zim ham hadiklanar edim. Bir kuni hukumat yig‘ilishidan so‘ng ketish taraddudini ko‘rayotsam, bir kishi “Siz qolib turing” dedi. Bir necha daqiqa asrday o‘tdi. Bir payt Sharof Rashidov kelib, qo‘limni tutdi. Ko‘rishdim. Sekin “Siz Karim akaning o‘g‘limisiz” dedi. Men “Ha” dedim-u, indamay qoldim. U kishi “Otangizni tanirdim, mening ustozim edi. Aytgancha, shahar markazi – s 1, s 2 mavzelari aholiga tarqatilayaptimi?” dedi. Men “Ha, lekin u yerlarning allaqachon egalari bor” dedim. Sharof aka “Telman, siz rahbarsiz, Fayzulla Xo‘jayevning qizi Viloyat opa, Akmal Ikromovning o‘g‘li Urgut aka, yana ikki-uch kishining nomini aytib, albatta, ularga yoqadigan quyi qavatlardan, kattaroq uylar bering, o‘zingiz ham oling. Shunday insonlarni topib, hammasini shu atrofga joylashtiring. Toshkentning eng yaxshi uylari shu insonlarning farzandlariniki. Eh-he,qancha-qancha ustozlarimni, do‘stlarimni yo‘qotdim. Aqalli farzandlarini rozi qilib, ularning arvohi oldida bir ish qilib ketaylik. Ehtiyot bo‘ling, bilingki, men hamisha yoningizdaman” dedi.
Shundan so‘ng men aytilgan odamlarni birinchi bo‘lib joylashtirdim. Qatag‘on qilinganlarning avlodlarini ham qo‘llashga intildim. Garchi, Sharof akaning oldida juda kam ko‘rinsam ham hamisha qo‘llovini his qilib turdim. Bugun sizlar u zamonni anglay olmaysizlar. Sharof aka doimo dordagi dorbozday ogoh yashadi. Uning har bir qadami, har bir so‘zi hisobda edi. Oldiga qo‘yilgan “xalq yozuvchisi” ham, hurmatli “xalq oqsoqol”larining ko‘pi kechagi chekistlar bo‘lib, unga ko‘z ochishga imkon bermasdi. Shuning uchun ham men Sharof akani gapiraman, hech kim u kishidan zig‘ircha yomonlik ko‘rmagan” dedi.
Turobbek To‘rabekov
Turobbek To‘rabekov 1898-yilda Zominning Achchiq qishlog‘ida o‘ziga to‘q dehqon oilasida tug‘ilgan. Turobbek avval eski maktabda, keyin 5 yillik rus tuzem maktabida ta’lim olgan. 1917-yil fevralgacha Zomin pristaviga tilmoch bo‘lib ishlaydi. Oktabr inqilobidan so‘ng 1919-yilgacha Qoratosh volost ijroqo‘mida rais bo‘ldi. Turobbek To‘rabekov Jizzax ugorijroqo‘miga saylanadi. To‘rt oy o‘tib esa Jizzax ugormilitsiyada militsiya boshliqligiga tayinlanadi.
Turobbek To‘rabekov 1921-yil oktabrda Samarqand ChKga ishga olinadi. Shundan so‘ng esa Jizzax VChK rahbarligiga tayinlanadi. 1922-yil may oyida Turobbek To‘rabekov Jizzax ugormilitsiya boshlig‘i Ma’mur Yuldashev, Jizzax volost ijroqo‘mi raisi Abdulkarim Jonso‘fiyevlar barchasi 10 yigit bilan milliy istiqlol kurashchilari safiga o‘tib ketadi. Ular Sangzorda samarqandlik Ochilbek bilan uchrashadi. Bu paytda Zarafshon vodiysida Ochilbek, Hamroqulbek, Matcho beklari hamda O‘ratepada Xolbo‘tabeklar qizil askarlarga qarshi jang olib borar edi. T.To‘rabekov, M.Yuldashev, A.Jonso‘fiyevlar 200 yigit bilan 1923-yilgacha ular bilan birga bolsheviklarga qarshi kurash olib boradi. Ularga Anvar poshshoning yigitlaridan Yusuf Ziyobey, Zaki Validiy To‘g‘on, besh-olti nafar tatar harbiylari maslahatchi edi. Biroq, istiqlolchilar qizil askarlar bilan janglarda muttasil katta qurbonlar bera boshladi. Istiqlol kurashining ayrim yetakchilari sho‘rolar bilan kelishib kafolat xatlari ola boshlaydi. Turobbekning yuborgan xatini Xolbo‘tabek ham inkor etadi. Yigitlar Afg‘onistonga chekinishga qaror qiladilar. Shu vaqtda Toshkentdan Eshonjon hazrat Turobbekka xat yo‘llab, mufti Sadriddinxonni Afg‘onistonga bezarar yetkazish vazifasini topshiradi. Mufti Sadriddinxon shogirdi taniqli olim Fotih Karimiyning ukasi Orif Karimiy bilan kelib ularga qo‘shiladi. Sadriddinxon Afg‘oniston orqali Hindistonga o‘tib, u yerdagi madrasalarga borib joylashishini aytadi. Mufti Sadriddinxon, Some’ poshsho, Abdukarim Jonso‘fiyevlar – jami 150 kishi Qorategingacha piyoda borib, undan Ko‘lob tomonga yo‘l oladilar.
Turobbek To‘rabekov Ko‘lob yo‘lida uch-to‘rt kun qolib, ortidan kelayotgan akalari va do‘sti Ma’mur Yuldashev, jami 12 kishini kutib oldi. Ular bir oy deganda Rustak, Xonobod orqali Afg‘onistonga kirib boradilar. Some’ poshsho Afg‘onistondagi Turkiya konsulligi orqali bir miqdor pul olib hammaning Eronga o‘tishiga erishadi.
Turobbek Mashhadga borib 1927-yilgacha turli ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. Mufti Sadriddinxonning oldiga tez-tez borib, uning ahvolidan xabar olib turadi. Vatandoshlar bilan aloqani ushlash uchun shaharda etikdo‘zlik, sahroda turkman tuyakashlariga yozarlik qildi. 1927-yil mart oyida maxfiy tarzda Vatanga qaytib, bir muddat yashaydi. 1927-yil Eronga borib, o‘zining Turkistonda ko‘rgan-kechirganlarini Zaki Validiy To‘g‘on hamda Mustafo Cho‘qaylarga yozib yuboradi. Uning axboroti “Yangi Turkiston” gazetasining 1927-yil 5-6-sonida maqola sifatida chop etiladi va unda sovetlarning barcha kirdikorlari fosh etilgan edi.
Turobbek To‘rabekov 1928-yil avgustda akalari Usmonbek, Hazratqul va boshqalar bilan SSSRga qaytib keladi. Ular qishloqda dehqonchilik bilan kun kechira boshlaydilar. Biroq, 1929-yilning kuzida Munavvar qori Abdurashidxonov va uning “Milliy ittihod” tashkilotiga qarshi ochilgan soxta jinoiy ish doirasida barcha jizzaxlik ziyolilar qamoqqa olinadi.
Olimjon Orifjonov
Orifjon Olimjonov 1898-yil Jizzax shahrida dunyoga kelgan. Orifjon jadid va rus-tuzem maktablari ta’limini oldi. 1916-yil Jizzax qo‘zg‘alonining yetakchilaridan biri sifatida turmaga tashlangan otasini oqlash maqsadida siyosiy kurash maydoniga qadam qo‘ydi. Orifjon Olimjonov 1919-1920-yillar musulmon yoshlari klubining faollaridan edi. U sovet ma’murlari nazariga tushib, 1920–1922-yillar Jizzaxda yoshlar ittifoqida (komsomol) mas’ul kotib bo‘lib ishladi.
U 1922-1923-yillarda Samarqand viloyat qomsomol kotibi, 1924-1925-yillarda Samarqand viloyati APO mudiri lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1925-1926-yillarda qishloq xo‘jalik texnikumi direktori, 1926-1927-yillar Samarqand viloyati xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasida ishladi. Orifjon 1927-yil Erondan qaytib kelgan sobiq safdoshi va do‘sti Turobbek To‘rabekovga uyida yashashga ruxsat beradi.
Orifjon Olimjonov 1928–1930-yillar Yangi turk alifbosi markazi kengashining mas’ul kotibi bo‘ldi, ayni paytda Samarqand okrug kompartiyasi tashkiliy bo‘limi mudiri o‘rinbosari vazifasini ham bajardi. Bu vaqtda Orifjon Olimjonovning “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalida lotin alifbosiga bag‘ishlangan qator maqolalari chop etildi. Orifjon Olimjonov 1930-yil mart-iyun oylarida Andijon okrug kolxoz ittifoqi raisi, 1930-yil iyundan O‘zSSR MIK raisining shaxsiy kotibi lavozimida ish boshlaydi. Biroq, u 1929-yil noyabr oyida to‘satdan 1923-yilda Eronga va Turkiyaga pul yo‘llagan degan ayblov bilan hibsga olinadi. 1932-yil 14-oktabrda esa OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 10 yilga mehnat-tuzatish lageriga hukm etiladi. U jazoni Soloves lagerida o‘tayotgan vaqtda, 1937-yil 9-oktabrda Leningradga keltirilib, mash’um “uchlik” hukmi bilan otib tashlanadi.
Orifjon Olimjonov 1974-yil 30-avgustda O‘zSSR Oliy sudi tomonidan oqlangan va bu xabar o‘g‘li tibbiyot fanlari doktori, professor O‘ktam Oripovga yetkazilgan.
Muhiddin Xo‘jayev
Muhiddinxo‘ja Nuriddinxo‘jayev 1898-yil Jizzax shahrida savdogar oilasida dunyoga kelgan. U avval jadid, so‘ng rus-tuzem maktablarida o‘qigan. 1914-yildan Jizzaxdagi real maktabda o‘qidi. Dastlab, ota kasbini tutib ipak savdosi bilan mashg‘ul bo‘ldi. 1916-yil otasi xalq qo‘zg‘oloni qatnashchisi sifatida Jizzax turmasiga tashlangan. Muhiddinxo‘ja mana shu jarayonda siyosiy kurash maydoniga kirib, “Yosh buxoroliklar” partiyasiga a’zo bo‘ladi. Hokimiyatga sovetlar kelishi bilan xususiy savdoga chek qo‘yiladi.
Muhiddin Xo‘jayev 1920-1921-yillar Jizzax shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari, 1921–1923-yillarda Jizzax shahar militsiyasi boshlig‘i, 1923-1924-yillar Jizzax uyezd ijroqo‘mida bo‘lim boshlig‘i, 1924-yildan 1926-yilgacha Jizzax shahar ijroqo‘mi raisi vazifalarida faoliyat olib borgan. Keyinchalik Samarqandga kelib, O‘zSSR Oziq ovqat ministrligida mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan.
Muhiddin Xo‘jayev 1931-yil 7-noyabrda Jizzax shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i vazifasida ish olib borayotganida go‘yoki Baumanning uyiga hujum uyushtirgan degan soxta ayblov bilan hibsga olinadi. Asl sabab esa 1922-yil bahorida uning xonadonida Samarqanddan kelgan turk ofitseri Savur afandi sharafiga o‘tkazilgan ziyofat edi. Unda Orifjon Olimjonov va ko‘plab jizzaxlik ziyolilar qatnashadi, Savurbey afandining so‘zidan so‘ng Turobbek To‘rabekov yaqinda biz ham istiqlolchilarga qo‘shilamiz, deydi. Bu mehmondorchilik tafsilotlari tergovda ma’lum bo‘lgach, unda qatnashgan barcha uchun asosiy ayblovga aylanadi. Darhaqiqat, bu insonlarning sho‘ro ma’murlari oldidagi yagona ayblari o‘z Vatanlarini hech kimning qo‘liga topshirib qo‘ymaslikka intilishlari edi.
Muhiddin Xo‘jayev 1932-yil 14-oktabrda OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 10 yilga konslagerga hukm etildi va 1941-yil 15-martda jazoni o‘tash davrida vafot etdi.
1956-yil 15-noyabrda Toshkentdan Umruxon Fayzulina, Sharofat Avazova va Qimmatxon Alimjonovalar TurkVO Prokuroriga xat yo‘llab, turmush o‘rtoqlarining 25 yil oldin qamab yuborilganini bildirib, ularning qismati haqida so‘raydi. Shu ariza asosida 1957-yil 9-oktabrda ularning ishi qayta ko‘rildi. Biroq, ayblov o‘z o‘rnida qoldirildi. 1965-yil 2-dekabrda Sharof Rashidovning aralashuvi bilan ish qayta ko‘rilib, ularning aksari oqlangan. Muhiddin Xo‘jayev 1974-yil 8-oktabrda Orif Olimjonov bilan birga oqlanadi.
Vatan ozodligi yo‘lida qo‘liga qurol tutib, qizil askarlar bilan mardonavor jang olib borgan Turobbek va og‘alari Usmonbek, Hazratqul To‘rabekovlar esa hamon oqlanmagan. Shubhasiz, bu insonlarning achchiq qismatidan Sharof Rashidovning xabari bo‘lgan. Balki, uning ko‘p armonlaridan biri shu bo‘lgandir.
***
Quyida “Milliy ittihod” tashkilotining Jizzax bo‘limi a’zolari sifatida qatag‘onga uchragan vatandoshlarimizning ro‘yxatini keltiraman. O‘ylaymanki, u insonlarning avlodlari bo‘lsa yoxud ularga tegishli ma’lumotlarni biluvchilar bo‘lsa, aloqaga chiqadilar.
OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 1932-yil 14-oktabrda otuvga buyurilganlar:
1.Turobbek To‘rabekov (1898) Zominning Achchiq qishlog‘idan;
2. Hazratqul To‘rabekov (1896) Zomin tumani Achchiq qishlog‘idan;
3. Usmon To‘rabekov (1887) Zomin tumani Achchiq qishlog‘idan;
4. Murodjon Fayzullin (1897) jizzaxlik, O‘zSSR Narkomsavdoda ishlayotganida qamoqqa olingan;
5. Muhiddin Xo‘jayev (1900) jizzaxlik;
6. Boyqo‘ziev Abdurahmon (1874) Zomin tumani Achchiq qishlog‘idan;
7. Alloxodjayev Murodxon (1891) Samarqand viloyati Siyob tumanidan;
8. Xolmuhammedov Is’hoq (1884) jizzaxlik;
9. Do‘stbekov Toshbek (1890) Jizzax viloyati Rabot qishlog‘idan;
1932-yil 14-oktabrda OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan otuv jazosi 10 yillik konslagerga almashtirilganlar:
10. Orifjon Olimjonov (1900) jizzaxlik;
11. Muhammadjon Fayzullin (1901) jizzaxlik, ugorijroqo‘m raisi;
12. Mullo Iso Ernazarov (1887) Yangi Qo‘rg‘onning Gadoy qishlog‘idan, xalq sudida ishlagan;
1932-yil 14-oktabrda OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 10 yillik konslagerga hukm qilinganlar:
13. Xidver Yuldashev (1873) Zomin tumani Yom qishlog‘idan;
14. Turdibek Yusupov (1901) zominlik, davlat banki buxgalteri;
15. Olloberdi Bekmurodov (1898) zominlik, qurolli harakat yigitlaridan;
16. Ahmad Qulboyev (1904) Zomin tumani Achchiq qishlog‘idan;
17. Abdusattor Shukurov (1900) Zomin tumani Achchiq qishlog‘idan;
18. Tangriberganov mullo Norqul (1898) Zomin tumani Burgun turuq qishlog‘idan;
OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 1932-yil 14-oktabrda 5 yillik konslagerga buyurilganlar:
19. Normatov mullo Ziyod (1881) Jizzax viloyati Ardak shon qishlog‘idan;
20. Sattor Xudoyberdiyev (1889) Zomin tumani Tigrik qishlog‘idan;
21. Karamatulla Allanazarov (1894) Zomindan;
22. Mansur Tursunov (1894) jizzaxlik usta;
23. Ma’mur Mansurov (1908) jizzaxlik usta;
24. Is’hoq Qurbonov (1908) Jizzax viloyati Toshloq qishlog‘idan;
25. Asatilla Muhsinov (1899) samarqandlik eroni;
26. Povi Jo‘liyev (1887) Turkmanistonning Eron bilan chegaradosh Dushak qishlog‘idan;
27. Quli Omonov (1892) Turkmanistonning Eron bilan chegaradosh Dushak qishlog‘idan;
28. Mullo Muqim Fozilov (1869) Jizzax viloyatidan;
OGPU O‘rta Osiyo bo‘limi tomonidan 1932-yil 14-oktabrda 3 yillik konslagerga buyurilganlar:
29. Rajab Egammuradov (1900) Turkmanistonning Eron bilan chegaradosh Dushak qishlog‘idan;
30. Geseyn Aliyev (1895) Eronning Mushliya qishlog‘idan.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Umarxuja
03:10 / 02.10.2023
1920 1938 yillargacha Hokim bulgan Valixo'jayev Tursunxo'ja haqida malumot bering . U kishi ham qatagon qurboni bo'lganlar