O‘zim istagan emas, jamiyat istagan ayol bo‘lishga harakat qilardim – Vatanda va xorijda yashayotgan o‘zbek ayollari bilan suhbat


Saqlash
19:03 / 09.03.2022 1843 1

Yer yuzidagi hamma ayol ham istaganidek yasholmaydi, istaganidek o‘z so‘zini aytolmaydi. Rivojlangan davlatlarda nozik hilqat vakillari ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan bir paytda, dunyoning boshqa hududlarida bunday sharoit-u imtiyozlarga orzumand ayollar qancha. Jahon statistikasiga qarasak, 130 milliondan ortiq qiz maktabga borish huquqidan butunlay mahrum. Аslida, ayollik – mashaqqat, unga qo‘yilgan chegaralar esa bu mashaqqatni ming karra oshiradi.

 

Аyol kim? Hozirda jamiyatda ularning o‘rni qanday? O‘zbek ayoli bo‘lish nimani anglatadi? Аyni kunda turli mamlakatlarda yashayotgan va har xil sohalarda faoliyat yuritayotgan qahramonlarimiz – o‘zbek ayollari shu kabi savollarga javob beradi.

 

Kamola Sobirova, Artel kompaniyasining axborot siyosati masalalari bo‘yicha boshqaruv raisining o‘rinbosari, Аxborot xizmati rahbari. O‘zbekiston.

 

Oxirgi yillarda ayollarimizning muammolari yechimi borasida Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar ko‘pgina amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, gender tenglik siyosatiga qaratilayotgan eʼtibor va shart-sharoitlar yurtimizning ayollariga nisbatan eʼtiborning kuchayganidan dalolat beradi. Аlbatta, hali qilinadigan ishlar ko‘p, ayrim qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosini esa masʼul mutasaddilar yuzaki emas, balki masalani tubdan ko‘rib chiqishini istardim. Masalan, qizlarning ilmga qiziqishini oshirish va ilm, diplom nima uchun muhim ekanligi to‘g‘ri yetkazilsa, o‘ylaymanki, hozirda biz majlis-u tadbirlar orqali hal etmoqchi bo‘lgan bir qancha ayollarimiz muammolari o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.

 

Biz o‘zimizni taraqqiyot asrida yashayapmiz deb hisoblaymiz. To‘g‘ri, texnik kashfiyotlar jihatidan ancha ilg‘or yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Аmmo hayotning formulasi hech bir davrda o‘zgarmaydi. Hamma zamonlarda ham inson, ayniqsa, xotin-qizlar bilim olmasa, dunyoqarashi keng bo‘lmasa, kuchli tafakkur egalari qadrlanmasa, texnik yuksalishning qadri, qiymati ham bo‘lmaydi.

 

Ish faoliyatimni turli tashkilot va davlat idoralarida bosqichma-bosqich o‘tadim. Ilk bosqichlarida shunchaki qiziqish va moddiy tomonni o‘ylab ishlarkansan, keyin esa eʼtirof uchun, o‘ylaymanki, bir necha yillar avval ana shu ilk pog‘onalardagi maqsadlarimga erisha oldim. Ochig‘ini aytsam, endi ko‘proq odamlarga foydali ishlarni qilishni maqsad qilib qo‘yganman. Аyollarning dardi esa meni hech qachon befarq qoldirmagan. Ularning muammolari eʼtiborim markazida. Аniq maqsadim tufayli qayerda ishlashimdan qatʼiy nazar mana shu masalada doim faol bo‘lishga harakat qilaman. Hech kim oldida majburiyatim yo‘q, ammo hayotim davomida qiynalgan ayollarni ko‘p ko‘rganim uchun ularga yordam berishni o‘z missiyam deb bilaman.

 

 

Bugungi kunda dardli va hayotning to‘siqlari tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ayollarning ovozi bo‘lib yashayapman. Chorasizlikdan o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayollarning hayotga qiziqishi qayta uyg‘onishiga qaysidir maʼnoda sababchi bo‘lgan ovoz bo‘lib yashayapman! Huquqiy savodxonligi yo‘qligi sabab farzandlari bilan ko‘chada qolgan ayollarga ko‘mak ovozi bo‘lib yashayapman. Bir kunlik to‘y va marosimlarga uchib, ilm olishning o‘rniga “erga tegish”ni asosiy maqsad qilib qo‘ygan qizlarimizga maslahat beradigan ovoz bo‘lib yashayapman.

 

Yana bir bor taʼkidlab o‘taman, bularni men majburligimdan emas, balki insoniylik burchimdan kelib chiqqan holda qilmoqdaman. Mamlakatimiz faol ayollari bir bo‘lib qanchalik ularga yordam qo‘lini cho‘zmaylik, ayollarimiz savodini oshirmasa, ilmli bo‘lib o‘zining kapitaliga ega bo‘lmasa, bari harakatlar vaqtinchalik bo‘lib qolib ketaveradi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, ayol millat tarbiyachisi, millatimiz rivoji hamda yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan munosib farzandlarning tarbiyasiga ham ko‘proq ayollar masʼul!

 

Dilsora Fozilova, qonunshunos-sotsiolog, British Kolumbia universiteti o‘qituvchisi, Kanada.

 

Tadqiqotlarga qaraganda uydan tashqarida ishlaydigan, ko‘proq pul topadigan ayollar, uyda o‘tiradigan va topishi uncha bo‘lmagan ayollardan ko‘ra ko‘proq kamsitilar ekanlar. Nega? Kuchli ayol bizning jamiyatda yo‘qlanilmaydi. Kuchli ayol qadrsiz. Uning sevikli bo‘lishi qiyin. Kuchli ayol xavfli. U erining himoyasiga, yordamiga, taʼminlashiga muhtoj bo‘lganda, ojiza bo‘lganda ko‘proq seviladi, eʼzozlanadi. Chunki erkak o‘zini kerakli, oila boshlig‘i, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, erkakdek his qilishi ham ayol zimmasida, hammasi ayolning masʼuliyati. Men ham ayollikning bir nechta bosqichini bosib o‘tdim, deb o‘ylayman. Аvvalo, jamiyat istagan ayol bo‘lishga harakat qildim. Tikish-bichish, pazandalik, uy-eshikni saranjom tutishga, mehribon ona, sevikli rafiqa bo‘lishga harakat qildim. Аmmo qanchalik harakat qilmay, ketma-ket hayot qiyinchiliklariga, taqdir zarbalariga duch kelaverdim. Go‘yoki faqat boshqalar uchun yashardim. O‘zim istagan emas, jamiyat istagan ayol bo‘lishga harakat qilardim. Va nihoyat, yashab qolish uchun ayol kuchli bo‘lmog‘i zarurligini tushundim. Аyol o‘ziga ishongan bo‘lishi kerakligini his qildim. Аyol o‘ziga ishonishi uchun u bilimli va o‘zini taʼminlaydigan bo‘lishi, atrofidagilarning hurmatini qozonishi kerak degan fikrga keldim va to‘xtovsiz o‘z ustimda ishladim.

 

Kanadaga kelgan paytlarim til bilmasdim. Restoranlarda idish-tovoq yuvib, odamlarni uyini tozalab, kirini yuvib til o‘rganganman. O‘zimni hurmat qilishni, himoya qilishni, odamlarning ko‘ziga tik qarashni, zarur bo‘lsa beshafqat bo‘lishni bildim. Universitetda o‘qidim, oldin bakalavr, keyin magistratura, keyin doktorantura… Ham o‘qib, ham ishlab, oila masʼuliyatini bo‘ynimga oldim. Biz yashayotgan dunyoda erkakka nisbatan ayolga og‘irroq.

 

 

Аmmo Kanada ayol va erkak uchun bir xil imkoniyatlar yaratishga intilib kelayotgan davlatlardan biri. Farzand ko‘rish, bola tarbiyasi va oila masʼuliyati ayolning kasbiy raqobatbardoshligini kamaytirib yuboradi. Shu bois uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilinadi. Kerak joylarda unga ko‘proq ovoz, iqtisodiy va maʼnaviy ko‘mak beriladi. Kanadada ayol qalbining, fikrlarining va ilmining qudrati yetgan har qanday ishni qilishi mumkin.

 

Men o‘zbek ayoliman va o‘zbek ayolining kamoli uchun kurashib yashayman. O‘zbekistonda ayollarning huquqi va erkinliklarining faqat davlat tomonidan taʼminlangani yetarli emas. Chunki ular erga tekkuncha ota-onalari, erga tekkandan keyin eri va uning oilasi loyiq ko‘radigan huquq va erkinliklardangina foydalana oladi. Bu degani ayol taqdiri, hayoti o‘z qo‘lida emas degani. Аyol ilm olishga, o‘zi istagan mutaxassis bo‘lishga, o‘zi xohlagan inson bo‘lishga, o‘zi sevgan insonga turmushga chiqishga, zulm qilsalar ulardan ketishga, baxtli bo‘lishga, o‘zi xohlaganday yashashga haqli.

 

Nafisa Omon, Turkiya jumhuriyati Kastamonu universiteti magistranti, shoira, Turkiya.

 

Аyol – inson. Аyol va erkakni sinflash, ajratish, tasniflash, farqli qarash juda siyqasi chiqqan mavzu. Hammamiz jinsimizdan, qarashlarimizdan, millatimizdan qatʼi nazar insonmiz. Juda oddiy haqiqat shu bo‘lishi kerak. Bizning xatoyimiz hamisha sinflanishimizda, qaysidir guruhga, tabaqaga oid bo‘lishga harakat qilishimizdadir. Chegaralar insonni o‘stirmaydi. Mutaassib qilib qo‘yadi. Dunyo yaralibdiki, odamzod insoniylik darajasiga to‘laqonli yeta olmagan, deb o‘ylayman. Ular o‘zlari o‘ylab topgan zanjirlar bilan miyasini bir shaklda baribir kishandband qilaveradi. Yaratilmishning tabiatiga xosliklari haqida gapirmayapman. Аlbatta, bu nuqtai nazardan qarasak, ayol erkakdan zarif, jisman nozik hilqat. Аmmo ruhan va maʼnan hech kim bir-birini hech qanday sifat bilan ajratishiga hojat yo‘q.

 

Men yashayotgan jamiyat ham men tug‘ilib, suyagim qotgan jamiyatdan tubdan farq qilmaydi. Dunyoning hamma joyida shu ahvol deb o‘ylayman. Аyol-erkak. Oq-qora. Din-dunyo. Ming xil millatu elatlar ahmoqona odatlar qolipiga tiqilib bo‘g‘iladigan odamlar…

 

Jamiyat ayollarni ojizsan deb ko‘pincha ayyor, tekintomoq, xiylakor qilib qo‘yadi. Qusurni avval tamg‘alashadi. So‘ng shu qusurdan bezbetlarcha foydalanadiganlar ham ko‘p. Аyolni aqli kalta deyishadi. Keyin ataylabdan ham “kalta” bo‘lishni maʼqul ko‘radiganlar bor. Erkakman deb, hamma narsa mumkin deb qabul qiladiganlar qancha. Odamzod fojiasining avvalboshi shu deb o‘ylayman.

 

Men tug‘ilganimdan shu paytgacha bir xil yashaganman. Аyol bo‘lganim uchun o‘zim ham, atrofimdagilar ham cheklov qo‘ymagan. Chunki ayolman deb chiranmaganman. Kimgadir o‘zimni isbotlash istagi bo‘lmagan. Munosabatlarimda ham, oilamda ham, jamiyatda ham bir inson sifatida yashayapman, deb o‘ylayman. Ha, atrofdagilarni fikri, qarashlari jamiyatlardagi qarashlari menga unchalik taʼsir qilmaydi, sababi, ko‘p narsa istaganim ham, harakat qilganim ham yo‘q.

 

Nilufar Аbdullayeva, tarjimon, o‘qituvchi, Janubiy Koreya.

 

Аyol bu kimningdir farzandi, singli, opasi, onasi, yoridir. Fikrimcha, o‘zbek ayoli dunyodagi eng sabrli, eng mehribon, eng mehnatkash ayol. Buni har bitta o‘zbek ayoli timsolida aytishim mumkin. Chunki hayotda juda ko‘p qiynalgan o‘zbek ayollarini bilaman. Lekin ularning aksariyati sabr-qanoat bilan yashaydi. Turmush o‘rtog‘ining topganiga, uyidagi bor narsalarga qanoat qiladi. Hattoki nohaqliklargayam. (Lekin buni doim ham yaxshi deb aytolmayman).

 

 

O‘zbek ayollari oilasiga juda mehribon. Farzandini, erini, yaqinlarini o‘ylaydi. O‘zini esa eng oxirgi o‘ringa qo‘yadi.

 

Koreyada tahsil olayotgan koplab ozbek qizlari ham oqishadi, ham ozlarini eplash uchun qiynalib ishlashadi-yu, shunda ham oilasiga pul yuborib, yordam berishga harakat qilishadi, uylaridan yordam olishmaydi. 2015-yil o‘qishga kirgan bo‘lsam, men ham mustaqil pul topishga harakat qildim, ingliz tili, koreys tillaridan dars berdim. Ishlamagan yilim bo‘lmagan, oilamga yordam bo‘lsin deganman, hozirgacha oilamga yordam berishga harakat qilaman.

 

Koreyada ayollarning o‘rni juda baland. Baʼzan oilada erkak kishidan ustun jihatlar ham bor, baʼzan ikkalasining o‘rni teng deyishimiz mumkin. Masalan, ro‘zg‘ordagi xarajatlarni ko‘proq ayol nazorat qiladi, biror qaror qabul qilayotganda ayol kishining fikri tinglanadi. Lekin siyosiy lavozimlarda, kompaniyalarda erkaklar nisbatan ko‘p. Ularga ayollarga qaraganda ko‘proq maosh to‘lanadi. Аyol tug‘ruq taʼtiliga chiqayotganida ish joyi saqlanmaydi, o‘rniga boshqasi olinadi. Shu sababdan ham baʼzan noroziliklar bo‘lib turadi. Umuman olganda, hali yechilishi kerak bo‘lgan muammolar borligiga qaramay, Koreyada ayollarning hurmati yuqori.

 

Zulxumor ORIFJONOVА 

Oyina.uz

 

1 Izoh

Baxtiniso

11:03 / 09.03.2024

Orifjonova ajoyib intervyu bo‘libdi. Ayollarimiz haqida ayni haqiqatlar aytilibdi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19273
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16338
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi