Xonadonlar soni 700 dan ko‘p bo‘lgan katta qishlog‘imizda ikkita semizroq kishi bo‘lib, laqablari “mesh” edi. Aksariyat qishloq odamlari baayni Gerkulesdek bilaklari qavarib chiqqan, qaddi-qomati tik va ertalabdan kechgacha ishlasa ham horimaydigan mehnatkashlar edi. Ularning bilaklarini qayrag‘ochning g‘adir-budur va yo‘g‘on novdalariga o‘xshatardim. Eshmatov degan bobo to‘qson yoshigacha bir urganda 20 kilogramgacha tuproqni oladigan Urgutcha ketmon bilan bog‘ ochib, bog‘ yopardi. Bizning go‘dak nigohimizda qolgani shular…
Yillar o‘tdi, xo‘ppasemizlar ko‘paygandan ko‘paydi, katta qorinni savlat yoki obro‘ deb hisoblaydiganlar, uni mehr bilan silab qo‘yadiganlarning sanog‘i ko‘rinmay qoldi. Ikki-uch oyda qishloqqa borib qolsam, 20–30 yoshlardagi baqaloq yigitlar, qizlar qabulimga kelib: “Domla, nafasim qisadi, darmonim quriydi, harsillayman, dori yozib bering”, deydi. Dori bilan bu xastaliklarni davolab bo‘lmasligini tushuntirolmay esim ketadi. “Ozing” desam, “Ozdiradigan dori yozib bering”, deyishadi.
Akademik Andrey Adoning fikriga ko‘ra, insonning me’yoriy vazni uning bo‘yi o‘lchamidan 100 ayirib tashlanganiga teng bo‘lishi kerak. 5 foizgacha ko‘p yoki kam bo‘lishi me’yor chegarasi hisoblanadi. Masalan, mening bo‘yim 170 sm, undan yuzni ayirib tashlayman, 70 qoladi, uning 5 foizi 3,5 kg ni tashkil etadi. Demak, mening me’yoriy vaznim 67,5 kgdan, 74,5 kg gacha bo‘lishi lozim. Ana shu me’yorni o‘ttiz yilki ushlab kelaman, bir kilogramm oshganini sezsam, darhol o‘n kunlik ochlik kursini o‘tkazaman, ertalabki yugurishlar chaqirimini oshiraman, saunani ko‘paytiraman. Vazn pasayib ketganida esa ovqatlanish rejimiga o‘zgartirish kiritaman.
“Kunda bir marta ovqatlanish – siddiqlar ishidir, kunda ikki ovqatlanish – mo‘minlar ishidir, kunda uch va undan ko‘p ovqatlanish esa hayvonlar ishi bo‘lib, ulufi xorlik keltiradi”, degan edi buyuk alloma Abdulloh Tustariy. Rahmatlik padarim mulla Zohid Faxriddinhoji o‘g‘li bir umr yashab baqoga ko‘chgunlariga qadar bir kunda ikki mahal ovqatlanishni odat qilgan edilar. Tanada ortiqcha vazn bo‘lmagan, qotma va mehnatkash kishi bo‘lib, to‘qson yosh ostonasida ham ketmon chopardilar. Vafotlaridan bir hafta muqaddam Quyiqishlog‘imga borganimda besh-olti metrlik daraxtning ustiga chiqib, shox kesayotgan ekanlar. Men o‘shanda g‘ururlanib, otam yuzlarga yetadi, inshoolloh, degan edim.
Dadamning “Bolam, Razzoq rizqimizni o‘lchab bergan, kimdir uni o‘ttiz yilda yeb tugatsa, boshqasi 150 yilgacha yetkazadi”, – deb aytganlari tez-tez yodimga tushadi. U kishidan ko‘pgina yaxshi xislat va sifatlar bilan birga kunda ikki marta ovqatlanishni meros qilib olganman. Yana har fasl almashinuvida o‘n kunlik ochiqish kurslarini o‘tkazaman. Pol Breggning “Ochlik mo‘jizasi” va Oydin Solihaning “Yo‘qotilgan tabobat” kitoblarini stol usti qo‘llanmamga aylantirganman. O‘zbekistonda ko‘plab bemorlarga eng ko‘p nafi tegayotgan davo maskani deb Kattaqo‘rg‘ondagi Ergash ota klinikasini bilaman, ko‘plab bemor yuboraman, hammasi ijobiy natijalar bilan qaytadi. Toqati yetganlar bu maskanda o‘n-o‘n besh kunlab ochiqib, toksinlardan qutulib keladi. Mening maslahatim bilan Bog‘izog‘onda klinika ochgan qadrdon do‘stim, sobiq kursdoshim, xirurgiya va UTT mutaxassisi Isroil To‘xtaev ham ana shunday qutlug‘ ishga qo‘l urdi. Alloh yetkazsa o‘zim ham nafaqaga chiqqach, xususiy klinikamda ochlik bilan tozalanishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Hademay menga rizq, ilm, ustoz va ish berib, qadrdon go‘sham bo‘lib qolgan Toshkentga ko‘chib kelganimga 40 yil to‘ladi. Bu qutlug‘ maskanda meni Alloh ko‘plab yaxshi insonlarga kasbdosh, maslakdosh va yelkadosh qildi, yomonlari va hosidlari esa o‘zining yo‘liga…
Tolibi ilm bo‘lib SamPIga kelganimda uning yotoqxonasidan Oloy bozoriga qadar 19 avtobus yo‘nalishi bo‘ylab, Xudoning bergan kuni yugurib kelar va yana yotoqqa qaytardim. Har kungi bu marafonim o‘rtacha 16 chaqirimni tashkil qilardi. Yomg‘ir, qor, shamol pisand emas edi menga. O‘sha yillari shaharda saharmardonda yugurishga chiqqan turli yoshdagi ko‘plab odamlarni ko‘rardim. Yoshim oltmishga yaqinlashdi, hozir ham yuguraman, taassufki yugurishga chiqqan ikki-uch nafar yosh yalangdan bo‘lak hech kimni ko‘rmayman. Yo zamon hammani ro‘zg‘or tashvishlari bilan andarmon qilib qo‘ydimi? Yoki shaytonning eng yaqin hammaslagi – dangasalik ko‘payib ketdimi?
Yaponiyada bo‘lganimda 60–80 yoshli odamlarning ham yugurib yurganini ko‘rgandim. Bu davlatda erkaklarning o‘rtacha yoshi 82–84, ayollarniki esa 86-87 yilni tashkil etadi. Darvoqe, internet ma’lumotlariga ko‘ra, ular qorinboylarni yomon ko‘rishar, davlat xizmatiga olishda ham cheklovlar bor ekan.
Kam ovqatlanish va ochiqish insonni Rabbiga yaqinlashtiradi, valiylar bejiz chillaga kirmaganlar. Najmiddin Kubro hazratlari har gal chilladan Alloh nuriga va ilmiga to‘lib chiqqanlarida kimga ko‘zi tushsa avliyo bo‘lib ketgan ekan. Radiy Fish o‘z asarida hazrat Jaloliddin Rumiyning qirq kunlik chillasida ustozi Salohiddin qoldirgan to‘rt dona patirdan bittasi ham yeyilmaganini, faqat qumg‘ondagi suv tugaganini tasvirlagan.
Muhtaram ustozim, professor-terapevt, O‘zbekiston respublikasi tibbiy deontologiya va kasb etikasi asoschilaridan biri Erkin Qosimov bir suhbatida: “Alijon, bilasanmi, odamning eng xunugi kim? Sochi to‘kilgan, yuzi burishiq, badanida chandiq yoki dog‘i bor odam emas. Qorni katta, semiz kimsa odamlarning eng xunugi va jirkanchidir. Semizlik qo‘y yoki molga yarashadi, odamni esa hayvonga yaqinlashtiradi. Olti yuz ming hadisni yig‘ib, o‘n mingini sanadigacha, roviysigacha yod olgan hazrat Imom Buxoriy juda ozg‘in odam bo‘lganlar, bir kunda bir dona xurmo yoki bir nechta jiydaga qanoat qilganlar, Rasulullohning muborak qorinlari muborak ko‘kraklari bilan bir tekis bo‘lgan”, degan edilar. Ustozning o‘zlari ham nur yuzli, qotma va ozg‘in inson edilar. Umuman olganda, men suygan odamlarning aksariyati qotma va ozg‘in odamlardir. Institutda o‘qitgan ustozlarim: dotsent-anatom Vasiliy Sharlevich Pavoloskiy, dotsent-rentgenolog Botir Asomov, ToshMIda orttirgan qadrdonlarim Erkin Qosimov, Shuhrat G‘ulomov, Sarvar Atakov, piyri murshidim, sohibkaromat To‘xtaboy ota Boltaboyev…Ularning qotmaligi va ozg‘inligi yuzidagi nur bilan uyg‘unlashib ketgan.
Hozir esa eshikdan avval beso‘naqay qorni, oradan bir necha soniya o‘tib esa tanasining qolgan qismi kirib keladigan kimsalar ko‘paydi. Respublika sog‘liqni Saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ortiqcha vazn sohiblari 50 foizdan oshgan va oshishda davom etmoqda. Bu nimalarga olib keladi? Infarktlar, insultlar, gipertoniyalar, a’zo va tizimlarni yog‘ bosishi hisobiga bo‘ladigan faoliyat buzilishlari… Bir kilogramm parazit yog‘ni boqish uchun vujud 5 chaqirimga yaqin kapillyar sintez qilishga majbur bo‘ladi. Vaholanki, qabulimga me’yordan 20–40, hatto 40 kg ortiqcha vaznga ega bo‘lgan odamlar ko‘plab kelmoqda. Men ularga ozdiradigan dori yo‘qligini, turli-tuman Gerbalayf, Gano, Vijn, Stanalarga ishonmasliklarini uqtirgunimcha esim ketay deydi. Ozishga badnafslikdan voz kechish, kam ovqatlanish, ko‘p harakatlanish, salqin oylarda har hafta saunaga borish, saratonda qumga tushish, bir necha kunlik ochiqish kurslarini, sportni odat qilish orqali erishiladi. Boshqa barchasi bekor…
Tibbi Nabaviyada luqmani kamida yigirma martagacha chaynash lozimligi bejiz keltirilmagan. Ko‘p chaynalganda so‘lak tarkibidagi fermentlar ta’sirida luqma glyukozaga aylanib, til ostidagi tomirlardan so‘rilib, to‘qlik hissini ertaroq keltirib chiqaradi va nafsni tiydiradi. Luqmani shoqoldek chaynamasdan yutadigan odamlarni ko‘p ko‘rdim, ularda to‘yish hissi bo‘lmaydi va to‘rt-besh kishiga kifoya qiladigan ovqatni yeb qo‘yadi.
Qissadan hissa shuki, semizlik – qorindorlik obro‘ emas, u vujud va ruhiyatning ifloslanishi, barcha kasalliklar debochasi, piyonistalik, shahvatparastlik, hasadgo‘ylikka uyg‘un keluvchi va insonni xunuklashtiruvchi jirkanch illatdir. Xulqimiz bilan birga turmush tarzimizni ham isloh qilaylik, zero, janobi Rasulimiz (s.a.v) “Ummatimning yaxshisi badanida eti ozrog‘idir”, deb bejizga marhamat qilmaganlar.
Alijon ZOHIDIY
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q