Janubiy Osiyoga yo‘l


Saqlash
15:06 / 09.03.2022 1425 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda, 3-4-mart kunlari Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi chog‘i qadimiy Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan ikki mamlakat xalqlarini azaldan umumiy tarix, o‘xshash til va boy ma’naviy meros chambarchas bog‘lab turishini alohida ta’kidladi.

 

Darhaqiqat, Markaziy va Janubiy Osiyo tushunchalari aslida XIX asrda ommalashgan bo‘lib, tarixan bu ikki mintaqa, ikki madaniyat hamisha bir-birini to‘ldirib, bir-biriga yelkadosh bo‘lib, madaniy, siyosiy tadriji davomida o‘zaro chuqur munosabatlarga kirishib kelgan. Biroq XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab dunyoning qudratli imperiyalari – Chor Rossiyasi va Buyuk Britaniya ikki mintaqaning yaxlit kuchini sindirish, umumiy tarixiy ildizlardan mosuvo qilish maqsadida juda ko‘p sun’iy to‘siqlarni vujudga keltirdiki, oqibat bu yagona makon ikkiga ajralib qoldi. Bir narsani unutmaslik kerak: tarix guvoh – biz qachon qudratli davlatga aylangan edik? Qachonki, mintaqalarimiz integratsiyalashgan, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan davrlardagina buyuk tamaddun qurish bizga nasib qilgan edi. Aksincha, hamjihatlik qo‘ldan boy berilgan vaqtdan e’tiboran barchamiz uchun sinovli kunlar boshlangan.

 

Ikki mintaqaning tarixiy rishtalari haqida uzoq o‘tmishga nazar tashlasak. Bundan uch yarim ming yil muqaddam Janubiy Osiyoga qadam qo‘ygan oriylar Markaziy Osiyodan o‘tar ekan, bu orqali ikki madaniyat o‘rtasida ko‘prik yaratgan edi. Kushon imperiyasi davrida ikki mintaqa chegaralari, dini va tilida umumiylik shakllanib, buddaviylikning Markaziy Osiyo orqali Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetga tarqalgani qayd etiladi.

 

Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlar sabab eftallar keyinchalik Janubiy Osiyodan qo‘nim topdi. G‘aznaviylar saltanatining bir chegarasi Sayxun etaklarida bo‘lsa, ikkinchi chegarasi Hind ummoni sohillariga tutashar edi. Bu esa ana shu davrda turkistonlik allomalarining ilmiy salohiyati asosida hind vodiysidagi matematik bilimlarning dunyoga tarqalishiga olib keldi.

 

Ajdodlarimiz nafaqat matematika, balki falakiyot ilmida ham o‘lkaning ilmiy va tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalangan. Xususan, Nandana shahrida Abu Rayhon Beruniy boshchiligida muhtasham rasadxona bunyod etilishi buning yaqqol misolidir. Pokiston hukumati tomonidan mazkur inshootning turistik manzilga aylantirilayotgani ikki mintaqa ilmiy rishtalari uzoq tarixga borib taqalishidan, bu tarixga bo‘layotgan e’tibor va munosabat yuksak darajada ekanidan dalolat beradi.

 


 

XIII asrda jahon xaritasining tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘lgan mo‘g‘ul bosqini davrida o‘zbek xalqining milliy qahramoni Jaloliddin Manguberdi ham 1221–1224-yillar davomida hozirgi Pokiston hududlarida hukmronlik qildi. Mintaqada barpo etilgan Samarqand qal’asi, Karachi yaqinidagi masjid Sulton Jaloliddinning faqatgina siyosiy hukmdor emas, balki katta bunyodkor shaxs sifatida ham gavdalantiradi. Karachidagi qadimgi Debal shahri o‘rnida barpo qilingan Sulton Jaloliddin masjidi mintaqadagi eng birinchi musulmon ibodatxonasi edi. Bu, albatta, Pokistonda istiqomat qiluvchi 200 milliondan ortiq musulmon aholida Jaloliddin Manguberdiga nisbatan katta hurmat va ehtirom uyg‘otishi tabiiy.

 

Mamlakatda Jaloliddin Manguberdi tarixiga oid o‘nlab tadqiqot ishlari qilingan, Nasim Hijoziyning “So‘nggi qoya” asari esa 100 mingdan ortiq nusxada chop etilgan. Janubiy Osiyoga Zahiriddin Muhammad Bobur boshchiligida temuriylarning kirib borishi Markaziy Osiyo bilan bog‘liqlikni yanada oshirgan. Ulug‘ vatandoshimizning “Boburnoma” asari urdu tiliga o‘girilib, Pokistonda sevib mutolaa qilinadigan kitobga aylangan. Bunday asarlardan yana biri Gulbadanbegim qalamiga mansub “Humoyunnoma” asaridir.

 

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning Pokiston bilan umumiy ildizlari shunchalar chuqurki, bu uyg‘unlik xalqning nomdoshligida ham, qondoshligida ham aks etib turibdi. Zotan, pokistonlik olim Muhammad Izhor ul-Haq aytganidek, “Pokiston xalqining aksariyat ko‘pchilik qismi o‘zbek xalqining to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodlari hisoblanadi. Ular ulamo, din arboblari, so‘fiy, sipohiy va savdogarlarning naslidan bo‘lib, zamonning zayli bilan Pokistonga ko‘chib kelgan va qo‘nim topgan. Millionlab pokistonliklar o‘z ismi va nasabini Buxoriy, Samarqandiy, Termiziy, O‘zbek, Beg, Mirzo, Chig‘atoy, Barlos nomlari bilan atagan. Ko‘plab pokistonliklarning ajdodlari mo‘g‘ullar davrida va undan keyin shu yerlarga kelib qolgan. O‘zbeklar urug‘ining dastlabki negizi Jaloliddin Mangberdi Sind daryosidan o‘tgan davrga to‘g‘ri keladi. Ushbu urug‘larning a’zolari Panjob tumanining shimoli-g‘arbiy qismida, hozirgi Attok shahri hududida o‘rnashib qolgan. Ular ajoyib jangchi va boshqaruvchi sanalib, o‘z hududlarini namunali boshqargan” (“Jaloliddin Manguberdi – Vatan himoyachisi” mavzusidagi xalqaro konferensiya materiallari. “Fan”, 1999. 36–40-b.).

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi pokistonlik olimlar bilan keng miqyosda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur maqola mualliflarining o‘tgan yili o‘zbek, ingliz hamda urdu tillarida nashr etilgan “Sulton Jaloliddin Manguberdi Pokistonda” asari ikki mamlakat do‘stligi tarixini yoritadigan manba sifatida keng jamoatchilikka taqdim qilindi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan kelgusida ham Pokistonga ilmiy safarlar uyushtirish, Abu Rayhon Beruniy, Jaloliddin Manguberdi va boshqa ajdodlarimiz tarixining o‘rganilmagan sahifalarini tadqiq etish ishlari rejalashtirilgan.

 

Pokiston adabiyoti va madaniyati tamal toshini qo‘ygan aksar ijodkorlarning ajdodlari ham o‘zbekistonlikdir. Masalan, Pokiston adabiyotiga katta ta’sir o‘tkazgan Mirzo Bedil (1644–1721) va Mirzo G‘olib (1797–1869) asli turkistonlikdir. Mirzo G‘olibning “Devon”i Pokistonda eng xaridorgir kitob hisoblanadi.

 

Ikki mintaqa o‘rtasidagi savdo yo‘llari tarixi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Janubiy va Sharqiy Osiyo oralig‘i tabiiy to‘siq – Himolay tog‘ tizmalari bilan yopilgani sababli bu ikki mintaqa savdogarlari Buyuk ipak yo‘lidan foydalangan. Ibn Battutaning xabar berishicha, o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo savdo karvonlarining Hind vodiysiga qatnovi muntazam tus olgan. Ayniqsa, Turkiston otlari, Xorazm qovunlari janubiy o‘lkalarda qimmat baholangan.

 

Ikki xalq oshxonasi va taomlarida ham mushtaraklikni kuzatish mumkin. Palov, somsa, holva, shir hurmo, teldeg, kabob va boshqa ko‘plab o‘zbek taomlari keyinchalik mahalliy ozuqalarga aralashtirilib Haydarobod, Laknau, Lahor va Peshavor musulmonlari tomonidan rivojlantirilgan. Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, Pokistonning milliy tili bo‘lgan urdu va mintaqadagi boshqa barcha tillar o‘zbek tili bilan hamohang va mazmun jihatdan nihoyatda yaqin. 2021-yil Toshkentga tashrif buyurgan Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Prezident do‘stim Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatimiz uzoq davom etganidan, muloqotimiz oxiriga borib men u janob so‘zlayotgan so‘zlarni tushuna boshladim. Chunki urdu va o‘zbek tillari bir-biriga yaqin. Yana ko‘proq muloqot qilsak, tarjimonga hojat qolmas ekan”, deya ta’kidlagan edi.

 

Ushbu misollardan ikki mintaqa tarixida bugungi chambarchaslikning asl ildizlarini ko‘rish mushkul emas. Mazkur rishtalar ilmiy-ma’rifiy, madaniy munosabatlar rivojida mustahkam poydevor bo‘lish bilan birga o‘zaro do‘stlik, hamkorlik yo‘lini ajdodlarimiz ming yillardan buyon yoritib kelishayotganini ham anglatadi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida davlat tashqi siyosatini amalga oshirishda ustuvor vazifalardan biri sifatida qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishiga amaliy yordam ko‘rsatish, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan transport yo‘lagini barpo etishga katta ahamiyat berilayotgani bejiz emas.

 

Darhaqiqat, o‘tgan yillar davomida bu borada bir qator amaliy ishlar boshlab yuborildi. Xususan, 2018-yil dekabrda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Pokiston temir yo‘l kompaniyalari rahbarlari uchrashuvida “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi yuzasidan qo‘shma ishchi guruh va moliyaviy konsorsium tashkil qilish haqida kelishib olingandi. Dastlabki xomcho‘tlarga ko‘ra, loyiha qiymati 5 milliard dollarni, temir yo‘l uzunligi esa 573 kilometrni tashkil qilishi belgilangan. Yangi temir yo‘ldan yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish mumkin bo‘ladi. Ushbu loyiha ro‘yobi Markaziy va Janubiy Osiyoning yanada jadal taraqqiy etishiga xizmat qiladi, albatta.

 

2021-yilning iyul oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvi natijasida ikki mamlakat, ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy rishtalar qayta jonlanib, yana bir pog‘onaga ko‘tarildi. Buni iqtisodiy aloqalarga oid ko‘rsatkichlarda ko‘rishimiz mumkin. Xususan, 2017–2020-yillarda O‘zbekistonning Pokiston bilan tashqi savdo aylanmasi 3,4 baravar oshdi va 36,2 mln dollardan 123,1 mln dollarga yetdi. Tovar aylanmasi o‘sishi eksportning o‘sishi hisobiga ro‘y berdi va belgilangan davrda 10,2 mln dollardan qariyb 10 baravar oshib, 98,3 mln dollarga yetdi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi chog‘i “Biz Pokiston bilan birgalikda nafaqat ikki mamlakat, balki strategik jihatdan muhim bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etyapmiz”, deya ta’kidlagani bejiz emas. Ma’naviy ildizlardan kuch va ilhom olayotgan aloqalarimiz kelgusida ham xalqlarimizning orzu-intilishlariga va hukumatlarimiz bugun tuzayotgan katta-katta rejalarga mos ravishda yangi marralarga ko‘tarilishiga ishonchimiz komil.

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Xorazm viloyati bo‘limi rahbari

 

Vasim SAJJAD,

Islomobod fan va texnologiyalar

universiteti tadqiqotchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//