“O‘lik jonlar”ning ikkinchi jildi nega yoqib yuborilgan?


Saqlash
17:39 / 04.03.2022 1736 2

Aleksandr Pushkin Kishinyov surguni paytida qiziq bir hangomani eshitib qoladi. Gap shundaki, XIX asr boshida Rossiya markaziy guberniyalarida yashovchi ko‘plab dehqonlar yaqinda imperiyaga qo‘shilgan Bendera shahriga qochib kelishgan edi. Politsiya qochoqlarni tutishga qancha harakat qilmasin, uddasidan chiqa olmagan. Chunki qochoqlar marhumlarning nomlariga hujjat to‘g‘rilagan edi. Natijada Benderada bir necha yillar mobaynida birorta ham o‘lim qayd etilmagan. Rasmiy tergov boshlangach, qochoq dehqonlar o‘lganlarning nomini o‘zlashtirib olgani oshkor bo‘ladi. Oradan yillar o‘tib Pushkin bu voqeani birmuncha ijodiy tarzda Gogolga gapirib beradi.

 

Darhaqiqat, Rossiya imperiyasida 1861-yilgacha pomeshchiklarda o‘ziga tobe dehqonlarga, ularning mehnati va mol-mulkiga cheksiz egalik huquqi bo‘lgan. Bundan jabr chekkan dehqonlar chekka hudud va o‘lkalarga ketishga majbur edi. “O‘lik jonlar” asari bosh qahramoni Chichikov guberniyalardan biridagi N shahriga keladi, u yerdagi kiborlar ishonchiga kirishga harakat qiladi. Bunga osongina erishadi ham. Chichikov shahar kazo-kazolari ishtirokidagi turli bal va ziyofatlarning mo‘tabar mehmoniga aylanadi. Shahar ahli uning asl niyatidan bexabar. Chichikovning maqsadi “o‘lgan” dehqonlarni, ammo oxirgi taftishda tiriklar qatorida hisobga olingan krepostnoylarni sotib olish yoki ularga egalikni qo‘lga kiritish bo‘lgan. So‘ngra “o‘lik jonlar”ni vasiylik kengashiga garov sifatida taqdim etib, evaziga mo‘may pul kreditini undirmoqchi edi. Pomeshchiklar ham bu “o‘lik jonlar”ni sotishdan manfaatdor. Chunki o‘lib ketgan har bir krepostnoy uchun xuddi tiriklarga to‘laganday soliq to‘lashga majbur etilardi.

 

Xullas, 1842-yili “O‘lik jonlar”ning ilk nashri e’lon qilindi. Chichikov tarixining davomini butun omma intiq kutardi. Adib ham kitobning bir necha jilddan iborat bo‘lishini va’da qilib, o‘z oldiga ulkan maqsadni qo‘ygan edi. Ikkinchi jild Gogolning naq o‘n yil vaqtini o‘g‘irladi, ammo dunyo yuzini ko‘rmadi. 1852-yil 24-fevralda adib qo‘lyozmalarni yoqib yubordi, o‘n kundan keyin o‘zi ham dunyodan o‘tdi.

 

Yozuvchi qo‘lyozmani nega yoqqani to‘g‘risida bir talay taxminlar bor. Olimlar buni muallif eng avvalo asardan qoniqmagani bilan, qolaversa, adibning fe’l-atvoridagi g‘ayrioddiylik bilan izohlashadi. Negaki, “O‘lik jonlar”dan tashqari yana ilk asari “Gans Kyuxelgarten” romantik poemasini hamda “Aka-uka Tverdaslavichlar” qissasini ham hech kim o‘qishini istamagan va butkul yo‘qotishga harakat qilgan. Hatto ilk nashri tanqidlarga nishon bo‘lgan “Gans Kyuxelgarten”ning deyarli barcha nusxalarini muallifning o‘zi sotib olib, yoqib yuborgan.

 

Yana bir taxminga ko‘ra, muallif “O‘lik jonlar”ning ikkinchi jildini boshqa qog‘ozlarga adashtirib yoqib yuborgan. Inchunin, adibning zamondoshi Mixail Pogodin “Gogol vafoti” ta’ziyanomasida bu haqda ta’kidlab o‘tadi. Qo‘lyozma yoqilganining ertasi kuni adib o‘sha yillarda o‘zi bilan yaqin munosabatda bo‘lgan graf Aleksandr Tolstoyga shunday degan ekan: “Tasavvur eting, yovuz ruh qanchalar qudratli! Men aslida keraksiz qog‘ozlarni yoqmoqchi edim, ammo adashib “O‘lik jonlar”ni yoqib yuboribman”. O‘ta talabchan adib buni atay qilgani ham ehtimoldan xoli emas. Xizmatkor Semen xo‘jayinini qog‘ozlarni yoqib yuborishdan qaytarmoqchi bo‘lganida, adib “Sening ishing bo‘lmasin”, deya tanbeh bergan.

 

Ikkinchi jildning yoqilmay qolgan beshta bobi qo‘lyozmaning oxirgi nusxalari emas, balki dastlabki variantlari hisoblanib, uning saqlanib qolishi ham sirli. Adib vafotidan keyin uning xonasi qulflanib, muhrlangani to‘g‘risida bayonnoma mavjud. Bayonnomaga ko‘ra, o‘sha paytda xona bo‘m-bo‘sh edi, qo‘lyozma ham, portfel ham bo‘lmagan. Olti oydan keyin guvohlar ishtirokida ochilganda ham xonada hech narsa yo‘q edi. Ammo qizig‘i, ikki kun o‘tib u yerdan qo‘lyozmaning saqlanib qolgan qismi topilgan. Taxminlarga ko‘ra, qog‘ozlar shkafning orqasiga tushib ketgan yoki portfelda bo‘lgan. Xullas, kimningdir xayrixoh qo‘li qo‘lyozmani portfelga yashirib qo‘ygan...

 

Gogol ushbu asarini uch qismdan, ya’ni “Dantening “Ilohiy kormediya”siga monand yaratishni maqsad qilgan degan faraz ham mavjud. Ammo bu taxmin to‘qima. To‘g‘ri, adib keyingi jildlarda asar qahramonlari dunyoqarashi, fe’li-axloqini butunlay o‘zgartirmoqchi bo‘lgan. Asarning saqlanib qolgan boblari esa bundan dalolat bermaydi. Masalan, dastlab salbiy bo‘yoqlarda tasvirlangan pomeshchik Manilov ikkinchi kitobda birmuncha ijobiylik kasb etadi. Ammo buning ortida ko‘ngil qashshoqligi va parazitlik yashiringani tezda ayon bo‘ladi.

 

Asosiy qahramon – “ablah” Chichikov ham ikkinchi jildda o‘z hayotini to‘g‘ri yo‘lga solish, oila qurib risoladagidek yashashga ahd qilganday ko‘rinadi. Ammo o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, qallobligi uchun qamoqqa tushadi. Shundan keyin ham haq yo‘lga kirishga Murazovga va’da beradi, go‘yo tavba qilishga tayyordek ko‘rinadi. Ammo unga yana bir “bema’ni” taklif tushib, olijanob niyatidan voz kechadi.

 

Aslida ham Chichikov ikkinchi jildda birinchidagidan ham ko‘ra gunohkorroq. Avvalboshda faqat o‘lik jonlarni sotib oladi va hech qanday yomon ish qilmaydi. Hatto ba’zan kimlargadir ko‘mak ham beradi. Keyingi jildda haqiqiy muttahamga aylanadi va keksa kampirlarning vasiyatnomalarini soxtalashtirish bilan shug‘ullanadi. Asarning ikkinchi jildida qahramonlar qayta tug‘ilishi, markaziy qahramon ham insofga kelib, ijobiylik kasb etishi kerak edi. “Asar Chichikovning to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi bilan tugaydi”, deya ta’kidlagan edi Gogolning o‘zi ham. Afsuski, muallif maqsadi amalga oshmaydi. “O‘lik jonlar”ning ikkinchi jildi mazmunidan qoniqmagan adib qo‘lyozmani o‘z qo‘li bilan yoqib yuboradi.

 

Abdumajid AZIMOV

2 Izohlar

Дилдора

02:04 / 23.04.2024

Менга хам бу асар ёқди батафсилроқ. Ўқимоқчиман.Электрон китоби борми

Asilbek

12:01 / 01.01.1970

Qiziqarli voqea asosida yozilgan ekan asar. Men bu asar haqida eshitgandim lekin o'qimagandim endi uqimoqchiman.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//