Ilgari jahonning qay bir o‘lkalarida yuz berib, internetda xush xabari tarqalib, ko‘zimizni quvnatadigan xayriyalar bugun kundalik hayotimizda voqelikka aylanmoqda. Masalan, respublikamizda non tekin ulashiladigan do‘konlar ko‘payib boryapti. Ayrim mahsulotlar arzonlashtirilgani yoki bepul tarqatilayotgani kabi e’lonlarga ham ko‘zingiz tushadi.
Masalan, supermarketlardan birida “Bolajonlar uchun ko‘z haqqi” degan yozuv bilan savatchada meva-chevalar terib qo‘yilgan. Samarqanddagi Osiyo-uz supermarketida pensionerlarga non bepul beriladi. Forish tumanidagi ayrim savdo do‘konlarida “Xayriya rastasi” tashkil etilib, “Imkoniyatingiz bo‘lsa qo‘ying”, “Ehtiyojingiz bo‘lsa oling” degan yozuv bitilgan.
Quva tumani Chaman qishlog‘idagi novvoyxonaga “Pulingiz bo‘lmasa, xijolat tortmang, sizga non bepul” degan bitik ilingan. Baxmal tumanidagi “Abdusalom ota” savdo markazida esa har kuni tushlik mahali 20 kishilik xayriya ovqati ulashiladi. Toshkent shahridagi Mirobod bozorida ehson muzlatkichi o‘rnatilgan. Saxovatpesha insonlar oziq-ovqat qo‘yib ketadi, muhtojlar esa o‘ziga keraklisini oladi. Sergeli tumani Do‘stlik-2 mavzesidagi do‘konda har juma kuni bepul non ulashilmoqda. “HalalMarket-Korasuv” va “HalalMarket-Gorodok”da ham soat 12:00 dan boshlab bepul non peshtaxtaga chiqariladi.
“Mehrli qo‘llar” loyihasi doirasidagi bepul kiyimlar do‘konlaridan ehtiyojmandlar kiyishga yaroqli liboslarni olib ketishlari mumkin. Manzil: Chilonzor tumani Qatortol oziq-ovqat bozori 3-qavat 77-do‘kon hamda Toshkent viloyati Nazarbek poyezd yo‘li yonidagi bino. Oyina.uz muxbiri “Mehrli qo‘llar” bepul kiyim do‘konida bo‘lib, xizmat ko‘rsatuvchi va talabgorlar bilan suhbatlashdi.
Shahlo Shermatova,
xizmat ko‘rsatuvchi:
– “Mehrli qo‘llar” loyihasi doirasida ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Og‘ir kasallikka chalingan bolalarni davolash, uy-joyga muhtoj nogiron insonlarni boshpanali qilish maqsadida xayriya yo‘li bilan pul yig‘ilib, ko‘mak ko‘rsatiladi. Muhtojlarga bepul kiyimlar ulashuvchi do‘konlar ham ishlab turibdi. Qatortoldagi ushbu do‘konimiz ochilganiga to‘rt yil bo‘ldi, kuniga yuzga yaqin ehtiyojmand insonlar keladi. Saxovatli hamyurtlarimiz ham tez-tez kiyim-kechaklar tashlab ketishadi.
Ismi sir qolishini so‘ragan xaridorlardan biri do‘kon faoliyatidan mamnun ekanini bildirdi:
– Shu atrofdagi qurilishda ishlayman. Do‘konga ikkinchi marta kelishim. O‘tgan safar manavi oyoq kiyimni olib ketgandim, sifati yaxshi. Bu yerda ayollar va bolalar liboslari ko‘p, erkaklar uchun topish mushkulroq. Bilasiz, qurilish ishlariga yangi kiyim olish yaramaydi, tezda urinib eskiradi. Ko‘pchilik o‘ziga kichik kelib qolgan yoki urfdan qolgan kiyimlarini nima qilishni bilmaydi, tashlab yuborish uvol, saqlab turish esa befoyda. Biz kabi poytaxtda vaqtincha mehnat qilayotgan odamlarga esa juda asqotadi.
Xayr-ehson ulashayotgan do‘konlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda hamkasblarimiz ham o‘z fikrlarini qoldirmoqda.
Sharofiddin To‘laganov,
jurnalist:
– Bir ish bilan Nazarbek tomonga o‘tgandim. «Mehrli qo‘llar» peshlavhasi qiziqtirib qo‘ydi. Do‘kon sharlar bilan bezatilgan edi. Surishtirb bilsak, bugun ochilish marosimi bo‘layotgan ekan. Odamlar bilan suhbatlashdik.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir xorijiy mamlakatda saxovat peshtaxtalari haqidagi xabar ancha shov-shuvga aylangan edi. Ayni shu tajriba Toshkentda ham qo‘llanilayotgani haqida ko‘p eshitganmiz. «Mehrli qo‘llar» do‘koniga kiraverishda ham ixchamgina jihoz o‘rnatishibdi. Saxovatli insonlar bu yerga oziq-ovqat mahsulotlarini qoldirishi, ehtiyojmandlar esa olib ketishi mumkin ekan.
«Mehrli qo‘llar» do‘konida faoliyat yurituvchilar zarariga ishlaydimi? Ular ham foyda ko‘rishi kerak-ku, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shu to‘g‘risida so‘raganimizda boshqa savdo nuqtalaridan topilgan daromad hisobiga xizmatchilar maosh bilan ta’minlanishini aytishdi.
Chori Latipov,
jurnalist:
– Juma kuni mahallamizdagi do‘kondan ikkita tandir nonni qo‘limga olayotsam, sotuvchi: “Aka, bugun bepul buxanka bor”, dedi. Ikki o‘y oralig‘ida qoldim. “Yo‘q, pulimga olaman”, desam, iltifot qilgan yigitga nisbatan nopisandlik bo‘lib tuyuldi. So‘ng do‘konchiga maslahat berdim: “Ukajon, rahmat, biz o‘zi uyda kamchilikmiz, non ko‘p ketmaydi. Ammo shu gapingizni peshtaxtaga yozib qo‘ysangiz, yanayam savob bo‘ladi. Odamlar o‘zi bilib olaversa yaxshi-da. Noqulaylik ham tug‘ilmaydi”. “Rahmat, aka, xuddi shunday qilamiz”, dedi mamnun...
Tog‘aymurod Ortiqov,
jurnalist:
– Yangiyer shahri bozoriga kirishda juma kuni saxovatli tadbirkorlar bepul qolipli non tarqatishni yo‘lga qo‘yibdi. Tahsinga sazovor ish. Ammo bir holat o‘yga toldiradi. Tashqi ko‘rinishidan o‘rtahol qatlamdan bo‘lgan 30-35 yoshlar atrofidagi juvon yetti-sakkiz yoshlardagi bolasi bilan birvarakayiga sakkizta non olib ketganini ko‘rdim. Har yelkasiga bir qopdan un qo‘ysangiz pinagini ham buzmaydigan soqolli yigit ikki nonni qo‘ltig‘iga qistirib, “Ha, bugun juma namozida duo qilib qo‘yamiz-da”, dedi.
Myeva rastasi tomon yurdim. Olma sotayotgan yigit sherigiga qarab: “Tekin non tarqatyapti, olish kerak”, degani qulog‘imga chalindi. Rosti gap, o‘zimni to‘xtata olmadim:
– Ehson nonlar muhtojlar, nogironlar uchun-ku! Syen ham borib olsang uyat bo‘lmaydimi?!
Odatda oriyatli muhtoj odam chindan qiynalsa ham, bepul narsani olishga tortinadi, hamiyatsiz ochko‘z esa hech narsadan tap tortmaydi. Yurtimizda endi-endi qanot yozayotgan xayriya harakatlarini esa mana shunday nafsi hakalak otgan kaslar barbod qilishidan qo‘rqaman.
Aziz vatandosh, sizning hududingizda ham shu kabi saxovat rastalari bormi, bu haqida izohlarda yozib yuboring.
Nodira IBROHIMOVA,
oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q