Muhtaram so‘z iltifoti


Saqlash
23:33 / 01.03.2022 1293 0

 

Taniqli shoira va publisist Muhtarama Ulug‘ova haqida gapirganda kuyinchak va munis o‘zbek ayoli, iymon va insoniylikni, ustozga hamda so‘zga sadoqatni o‘ziga shior qilib olgan ijodkor ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi. Aslida, qay sohada bo‘lmasin, o‘z kasbining fidoyilari haqida gap ochilganda asil haqiqatlar yodga tushaveradi. Demak, uning umr yo‘lida, ish faoliyatida o‘sha boqiy qadriyatlar nafasi, epkini bor ekan-da!

 

U bir umr Marg‘ilondagi maktabida adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib qolib ketishi mumkin edi. Faqat So‘zga mehri, ishqi uni ilgari yetakladi. O‘sha yillari kuchli ijtimoiy mavqe kasb etgan va mamlakat hayotida katta minbarga aylangan “Saodat” jurnaliga tinimsiz yozgan xatlari shaxsiy hayotida tub burilish yasadi. Xatlari izidan o‘zi ham Toshkentga keldi. Albatta, bu o‘rinda uzoq-uzoqlardagi “milt” etgan shu’lani ham ko‘ra olgan, qalbi saxovat va mehrga to‘la Zulfiyaxonimning sa’y-harakatlarini e’tirof etish shart. Qolaversa, muhitning o‘zi yangi so‘zga, yangi iqtidorlarga tashna edi. Asosiysi – muhitda go‘zallikni qadrlash, unga intilish va ulug‘lash kayfiyati hukmron edi.

 

“Saodat” jurnali ko‘plab iqtidorlarning yaproq yozib, chechak ochishida bir bo‘ston bo‘lganini uning bag‘rida ulg‘ayganlargina emas, balki o‘sha nastarin bo‘ylardan bahramand bo‘lganlar – o‘sha avlod ijodi, kashfiyotlari, hayotiy ibratlari ta’sirida hayotda o‘rin topganlar, jumladan, minglab oddiy muxlislar ham tan oladi. “Saodat”da Muhtarama Ulug‘ova shoir va jurnalist sifatida bo‘y ko‘rsatdi. U shoira bo‘lib poytaxtga kelgandi, xizmatchilik esa maqolanavislikka o‘rgatdi, deyish mumkin.

 

Maqola yozish zavqi latif she’rni qog‘ozga tushirib yayrashdan kam bo‘lmasligini his etgan ijodkor ijtimoiy hayotga dadil aralashdi, tengdoshlari, opa-singillari dilidagi og‘riqli gaplarni qog‘ozga tushirib, jurnal sahifalarida chop etdi, bundan huzurlandi. Shye’rlarda “publisistik ruh kuchaygani” kabi, publisistning hayotga qarashi ham teranlashib bordi. Yurtdoshlarini hayotsevarlikka undash, yozganlari orqali tirikchilik quyqumlari va buhronlari chang-to‘zonini filtrlab, musaffo muhit yaratishdek yashash tarzini tanlagan Muhtarama Ulug‘ovani So‘z o‘z iltifoti bilan muhtaram ayladi, muxlislari e’tirofiga sazovor qildi. O‘tgan asrning 80-yillarida dunyo bir to‘lg‘oq arafasida turgandek tuyulardi va shunday bo‘lib ham chiqdi. O‘zbekistonda bunday holatlar o‘ziga xos tarzda, yana ham quyuqroq bo‘yoqlarda namoyon bo‘layotgandi: paxta dalalariga sepilayotgan zahri qotillar, gepatit va jigar xastaliklari, ayollardagi kamqonlik, afg‘on fojiasi, sovet armiyasidagi boshboshdoqliklar...

 

Garchi bularning hammasini butun jamoatchilik ko‘rib turgan bo‘lsa-da, yurak yutib unga fikr bildiruvchi qalamkashlar barmoq bilan sanarli edi. Muhtarama opa ana shunday jur’atli mualliflardan biri sifatida yuqorida aytib o‘tilgan mavzularda ko‘plab muammoli maqolalar yozdi. Shularning biri “Qahraton yoz” deb nomlangandi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, Muhtarama Ulug‘ova qalamiga mansub aksariyat maqolalar mavzu-mohiyatiga ko‘ra respublikadagi ko‘plab qalamkashlar uchun yo‘lyoritqich, yangi mavzularga turtki bo‘lardi. Ana shunday ruhiy ko‘tarilish damlarida xalqimiz asrlar davomida intiq kutilgan mustaqillikka erishdi.

 

Yillar o‘tib, o‘sha kunlarni intiqib kutgan, a’molini tikkan, kurashgan avlod sahnani yangi oqimga bo‘shatgan bo‘lsa-da, baribir o‘sha kunlar shukuhi hamon dillarga yorug‘lik beradi, e’tiqod yo‘lida yanada sobit bo‘lishga chorlaydi. Esimizda bor, qadriyatlarga parvoz berilgan, ulug‘lanayotgan o‘sha damlarda respublikaning yangi tashkil etilgan eng nufuzli gazetasi – “Xalq so‘zi”da Muhtarama Ulug‘ovaning “Beshik bolasi – bek bolasi” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Sarlavhaning har bir so‘ziga zalvorli yuk ortilgan edi. Xalqimiz ming yillar davomida shakllangan madaniyat unsurlarini g‘uborlardan tozalab, teran mohiyatini kashf etishga kirishgan pallada beshikda bek bolalar ulg‘ayishini sharh etish vatanparvar ijodkorning o‘zi qo‘msagan kengliklarda keng quloch otgan orzumand parvozi emasmi? Shunday qilib, dimiqib, tomoqqa tiqilib yotgan erkparvar tuyg‘ular ketma-ket qog‘ozga tushdi, ertangi kunga ilhaq tikilgan orzularga qanot bo‘ldi. Mustaqillik shu taxlit ko‘plarning tasavvuridan real haqiqatga aylanib bordi. Allaqachon taniqli publisistga aylanib ulgurgan Muhtarama Ulug‘ovaning yozganlari keng jamoatchilik, muxlislar davrasida qadr topdi. Bu iltifotdan shoira va jurnalistning qalami yanada o‘tkirlashib, mavzu ufqlari kengayib bordi.

 

Nohaqlikka nisbatan murosasizlik, yaxshilik va ezgulikni qo‘llab-quvvatlash, vatan, xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yish singari chinakam vatanparvar ijodkorga xos xususiyatlar Muhtarama Ulug‘ovaning butun faoliyatida qizil ip bo‘lib o‘tdi. Uning “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga loyiq ko‘rilishi o‘ziga bildirilgan ishonchni muvaffaqiyatli uddalaganining ifodasidir. O‘tgan yili mustaqillik bayramining 30 yilligi arafasida “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. Uning ordenni taqib, ishxona koridorlarida yurganini ko‘rganlar qanchalik mamnuniyat ichida ekanini tasavvur qilishlari mumkin. Ammo har qanday muvaffaqiyat ortida katta mehnat va zahmat turganini ham unutmasligimiz kerak.

 

Hamma narsa nisbiy dunyoda fasllar ham, husn-tarovat, hatto yoshlik jo‘shqinligi ham qo‘nim bilmaydi, o‘tkinchi. Hayotda o‘z oldiga qat’iy maqsadlarni qo‘ygan, o‘zidagi quvvatni sarf etish va qayta tiklash hadisini olgan kishilar esa bunday mezonlarni pisand qilishmaydi. Bunga taniqli shoira va publisist Muhtarama Ulug‘ovaning faoliyati yorqin misol. O‘sha yillardagi ishchanlik, mas’uliyat hissi va burchni sidqidildan uddalash majburiyati (ko‘z tegmasin!) ijodkorni bir zum tark etmagan. Mana shu g‘ayrat va shijoat opaga yana uzoq yillar hamroh bo‘lishini tilab qolamiz.

 

Hakim SATTORIY

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 133
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22039
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//