Ba’zan kim haqidadir, nima haqidadir to‘lib-toshib aytilgan, yozilgan alqashlarni eshitsak yo o‘qisak: “Juda mubolag‘a qilibdi” yo “Biroz oshirib yuboribdi”, deymiz. Ammo odamlar orasida ommalashib ketgan mazkur satrlarga ko‘zimiz tushsa:
– Juda topib aytibdi, – deymiz.
Aslida, Zulfiyaxonimning “vafo va sadoqat timsoli”, “mehribon ustoz”, “talabchan rahbar” kabi biri-biridan chiroyli sifatlarining hammasi o‘ziga yarashadi. Lekin “Pokiza”ning o‘rni baribir bo‘lakcha...
Chindan ham, ustozimizning suvrati-yu siyratidagi pokizalik havas qilarli, ibrat qilib ko‘rsatishiga arzirli edi. Bizningcha, halollik pokizalikning asosi hisoblanadi.
Bu dunyoda uncha-muncha yoshni yashab qo‘yib ko‘ryapmizki, jamiyatga, xalqqa Zulfiyaxonim qilgan xizmatning yarmini ham qilmagan ba’zi kimsalar kimgadir yaxshilik qilsa, albatta, evaziga nimadir tama qiladi. Ichidagina tama qilib qo‘ya qolmay odamlarga:
– “Oldi-berdi”ligi yo‘q ekan, past ekan, ikkita non bilan yo‘qlab kelmadi, men undoq qilgandim, bundoq qilgandim, – deya gapirib yurishadi. Zulfiyaxonim shogird qizlarga: – Menga bolalaringizning rizqidan qirqib hech narsa olib kelmanglar, – deya qattiq tayinlardilar. Hatto, tug‘ilgan kunlarida guldastadan boshqa tuhfa olib borilsa, ranjirdilar. “Saodat” jurnali xodimlari xizmat safariga otlansa, ayniqsa, ishni endi boshlayotgan bo‘lsa:
– Siz borgan joyingizga mehmonga, o‘zingiz bo‘lib borayotganingiz yo‘q. “Saodat” jurnalidan vakil bo‘lib boryapsiz. Bitta nojo‘ya so‘z aytsangiz, hammamizga dog‘ tushirgan bo‘lasiz. Shuning uchun ehtiyot bo‘lib, aql bilan ish qiling. Agar tamagirlik qilsangiz, bu haqdagi gap-so‘zlar sizdan avval tahririyatga yetib keladi, keyin xafa bo‘lib qolasiz, – deb tayinlardilar.
Qo‘lyozmalarini tahririyat mashinistkasiga ko‘chirtirar edilar. Agar bu qo‘lyozma “Saodat”dan boshqa nashr yo kitob uchun bo‘lsa, albatta, ko‘chirish haqini berardilar. Ba’zi boshliqlarga o‘xshab:
– Ish vaqtida yozdi-ku, oylik olyapti-ku, – demas edilar. Hatto, bir gal:
– Muhabbat (tahririyat matn ko‘chiruvchisi) yangi kitobimni ko‘chirdi, men so‘rasam, xijolat bo‘lib, to‘g‘risini aytmasligi mumkin. Boshqalardan so‘rab ko‘r-chi, hozir matn ko‘chiruvchilar sahifasiga qanchadan berayotgan ekan? – deganlar. Bilib kelib, aytsam, Muhabbatga hamma qatori haq to‘lagan. Faqat shogirdlar davrasida emas, katta ko‘lamlarda ham xuddi shunday yo‘l tutardilar. Masalan, xalqaro Nilufar mukofotiga sazovor bo‘lganlarida o‘ziga tegishli mablag‘ni Tinchlik jamg‘armasiga o‘tkazib yuborgan ekanlar. Yoki bo‘lmasa Oliy Majlisga (u paytlarda boshqacha nom bilan atalgan) deputat bo‘lib saylanganlarida deputatlik uchun oladigan maoshini ko‘p hollarda o‘zining saylovchilari ehtiyojlariga sarflaganlar. Turli sanalar munosabati bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlar yoki hisobot majlislariga borishdan ancha avval Toshkent viloyatidan o‘zlariga ishonchli vakil bo‘lgan kishilarga:
– Menga ehtiyojmand oilalar, muammoli oilalarning ro‘yxatini qilib bering, – der ekanlar va o‘sha ro‘yxat asosida ro‘zg‘orda kerak bo‘ladigan buyumlar yoki ayollar, kichkina bolalarga kiyimlar sotib olib, tarqatganlar. Hadyalar ko‘ylaklik matodan tortib kir yuvish mashinasigacha bo‘lgan. Men bu xotiralarni o‘sha opa deputat bo‘lgan paytlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanida rahbarlik lavozimida faoliyat olib borgan Mahkam Kamolov xotiralarida o‘qiganman. O‘qish, eshitishdan tashqari, o‘z hayotimda ro‘y bergan bir voqeani o‘rni kelganida aytib bergim kelyapti. Tavalludlariga sakson yil to‘lishi munosabati bilan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida 3 tomlik saylanma asarlari chop etiladigan bo‘ldi. Birinchi, ikkinchi tomlari oson tayyorlandi, uchinchisi publitsistik asarlar bo‘lgani bois o‘sha vaqt nuqtai nazaridan har bir maqolani ko‘rib chiqish kerak edi. Nashriyot qistayotgani uchun men o‘z hisobimdan ta’til olib, opaga yordamlasha boshladim.
Men o‘qirdim, opa divanda o‘tirgan ko‘yi tahrir qilardilar (Opa betobroq edilar). Kunlarning birida:
– Yozuvlar – seniki. Qachondir qaysi bir tadqiqotchi bu qo‘lyozmalarni o‘rgansa, “Zulfiyaxonimning maqolalarini kimdir tahrir qilgan ekan”, deydi-da... deb qoldilar. Men:
– Agar ko‘nglingiz g‘ashlanayotgan bo‘lsa, har bir sahifaning ostiga tahrirlar o‘zingizniki ekanligini bildiradigan belgi qo‘ying, – dedim.
Shunday qilgachgina, ko‘ngillari tinchidi. Bunday qaraganda, ulardan keyingi qaysi bir tadqiqotchining o‘zlari haqida nima deb o‘ylashining qizig‘i yo‘q emasmi? O‘sha paytdagi mavqei, maqom, martabasi ba’zi ayollarda bo‘lsa:
– Mendan keyin dunyoni suv bosmaydimi? – der edi, ehtimol. Lekin Zulfiyaxonim shunday inson edilarki, mehnat, mehr bilan qozongan izzat-obro‘siga hayotligidayam, keyin ham g‘ubor qo‘nishini istamasdi.
Insonning pokizaligini namoyon etuvchi jihatlardan yana biri kiyinishi, pardoz-andoz...
Opa bilan men 65 yoshlaridan keyin yuzma-yuz bo‘lganman. Avvalgi ko‘rinishlarini faqat rasmlardan bilaman. Ular hamisha o‘zlariga yarashiqli, ayni paytda nihoyatda did bilan kiyinganlar. Boshdan oyoqlarini nechog‘lik sinchkovlik bilan kuzatsangiz ham o‘zidan itaradigan bir nuqsonni ham topa olmasdingiz. Ulug‘ yoshlarida nihoyatda sipo kiyinardilar. Hech qachon “chaqiruvchi” ranglardagi matolardan libos tiktirmasdilar, ortiqcha pardoz-andozga ham hushlari yo‘q edi. Hozirgi paytda yoshi yetmishdan oshsa-da, kalta, tor yubka kiyib, qoshlarini bo‘yab, lablarini shishirib yurgan ba’zi amaldor ayollarni ko‘rsam, yagona ziynatlari barmoqlaridagi feruza ko‘zli uzuk bo‘lgan ustozimiz ko‘z oldimga keladi. Holbuki, shoiraning davlatlari o‘zlariga yetarli edi. Lekin ular “Elga kirsang, elingcha bo‘l” naqliga amal qilardilar, nazarimda. Chunki huzurlariga kuniga o‘nlab ayollar kelardi, o‘zlari uchrashuvlarga borardilar. Ro‘para kelgan ayollarning aksariyatining ko‘nglida kamlik bo‘lar, ko‘zida yosh, tilida arz bilan kelgan xotin-qizlarning oldida yarqirab o‘tirishni o‘zlariga ep ko‘rmasdilar. Qolaversa, 50–60-yillardan boshlab, Zulfiyaxonim shoira, jurnal bosh muharriri, jamoat arbobi sifatida faqat respublikamizda emas, qardosh mamlakatlar, hatto, dunyo minbarlarida ham o‘zbek ayoli nomidan so‘z aytgan, she’r o‘qiganlar. Juda katta davralarda o‘tirganlar, ulug‘ insonlar bilan suhbatdosh bo‘lganlar. Ularning orasida o‘z davlatining arboblari qatori Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliev, Sulaymon Rustam kabi taniqli yozuvchi, shoirlar ham bo‘lgan. Men ularning ustozga yozgan xatlari, turli sanalar munosabati bilan yozgan tabriknomalarini o‘qiganman. Yozuvlarida onasiga bo‘lganday mehr, opa-singlisiga bo‘lgandek g‘amxo‘rlik ohanglari ko‘rinib turadi. Shu qadar samimiy bu xatlar... Agar ustozimiz o‘sha katta davralarda salgina bo‘lsa-da odob doirasidan chiqqanlarida, salgina bo‘lsa-da, o‘zbek ayoliga yarashmagan nimadir qilganida bu ehtiromlar qayoqda edi?! Men qandaydir munosabat bilan borib qolgan (kichik davralarda, albatta) davralarimda katta mansablarda o‘tirib ham, xalqning nazaridagi ish bilan shug‘ullanib ham, yelkasi beligacha ochiq ko‘ylaklar kiygan, erkaklar orasida o‘tirib bemalol “oq” urayotganlarini ko‘rsam, ustozimizning ayol sha’ni, o‘zbek ayoli sha’ni, millat sha’niga qanchalar mas’uliyatli munosabatda bo‘lganlarini sezaman. Zulfiyaxonim faqat o‘zlarining emas, umuman, inson sha’nini ham baland tutardilar.
Eshitganim bor: bir idora rahbari pastroq vazifada ishlaydigan xizmatchisini hafta sayin uyiga olib ketarkan-da, xonadonida (uzr-ku) nevarasining tuvagigacha tozalatar ekan.
Bir marta sal og‘ringan ekan:
– Sening ishingga zor odamlar mingta, agar uyimda ishlashni xohlamasang, arizangni yoz! – degan ekan. Biz ham Zulfiya opamning uylariga borib yurardik. Lekin biror marta uy ishlarini buyurish tugul, iltimos ham qilmasdilar. Ovqatlarini Hulkar opam yo Rioya kelinoyim tayyorlab berishardi. Hatto, katta mehmondorchiliklar payti:
– Sizlar mening shoira qizlarimsizlar, peshband taqib, uy xizmatchilariga o‘xshab, mehmonlar oldiga chiqmanglar. Chiroyli kiyinib, sochlaringni tarab, mehmonlar oldida, mening yonboshimda o‘tiringlar, – derdilar. Aytganlarini qilganimizda, davradagi nufuzli mehmonlarga bizni birma-bir tanishtirar, qaysi bir satrimiznidir yod aytar, yo biror fazilatimizni ajratib ko‘rsatardilar. Biz shu tarzda nufuzli insonlar nazdida “Zulfiyaxonim qizlari” bo‘lib o‘rnashib qolardik. Vaqti kelganda, ana shu narsa bizning yo‘llarimizni ochib yuborardi.
Ba’zi shoirlarning ijodi shaxsini nurlantirib ko‘rsatadi, ba’zilarining shaxsi ijodini yarqiratib turadi. Zulfiyaxonimning ijodi shaxsiyatidagi halollik, pokizalik, odamiylik bilan yana ham yuksakroq ko‘rinadi. Ustoz bizga “Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Shu-da bir yashash”, “Qozog‘iston turkumlari”, “Xotira siniqlari” kabi go‘zal asarlari qatori juda ko‘p shaxsiy ibrat qoldirdilar. Va bizga shunday unutilmas ibratlar qoldirganlari uchun minnatdor bo‘laman, haqlariga duolar qilaman. Bugun adabiyot maydonimizga guras-guras yoshlar kirib kelyapti. Ularning orasida qizlar, ayniqsa, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga da’vogarlar ko‘p. Zulfiyaxonimning shoiraligi, ustozligi, xalq ichidagi mavqeiga havas qilishdan oldin, biz u kishining pokiza suvrati va siyratiga havas qilishimiz kerakka o‘xshaydi.
Bu xotira-yu xayollar aro bitayotgan bitigimning ham asl muddaosi shu: millatimiz ma’naviyatining asosi hisoblangan pokizalik faqat xotiralar, suvratlarda qolmasin, o‘zimiz, bugunimiz, kelajagimizda yashasin.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q