Keyingi vaqtlarda kitob rastalarida zamonaviy turk adabiyotidan tarjima asarlar ko‘paydi. Nashriyotlar ham talabga yarasha taklif qonuniyati asosida ishlamoqda: aholida ehtiyoj bormi, mahsulot yetkazib berish kerak. Natijada qardosh tildan o‘giruvchi tarjimonlarga talab kuchaydi. Ammo bu asarlarning asliyatdagi saviyasi, o‘zbekchaga tarjimasi qay darajada amalga oshirilgani bir qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Oyina.uz har galgidek “mavzuning ichidagilar”ni savolga tutdi.
Sanjar Nazar,
“Akademnashr” nashriyoti rahbari:
– Yaqin-yaqingacha biz tarjima asarlarining kamligi, tarjima maktabining yo‘qligini muammo sifatida ta’kidlab kelar edik. Ahvol biroz yaxshi tomonga o‘zgara boshlaganini e’tirof etgan holda, bu muammo ayni vaqtda ham mavjudligini aytish mumkin. Yaxshi tomonga o‘zgarish birinchi navbatda miqdor o‘zgarishlarida namoyon bo‘lmoqda. Bunda bozor qonunlari ta’sirida shakllangan tijoriy loyihalarning ulushi ham jiddiydir. Sun’iy ongning tarjima sohasiga kirib kelishi va zohiriy tarjimada birmuncha sifatli natija bera boshlagani ham jarayonga sur’at baxsh etdi. Bugun kitob bozorimizda turli dasturlar yordamida o‘girilgan, ega-kesimi haminqadar to‘g‘rilangan o‘nlab (!) kitoblar paydo bo‘ldi. Xayriyatki, ularning aksariyati biznes adabiyoti, soxta ruhiyatshunoslik va ruhlantirib rag‘bat beruvchi asarlar.
Bugun biror chet tilini lug‘at yordamida tushunishga qodir bo‘lgan qalamkash borki, o‘zini tarjimada sinab ko‘rmoqda. Chunki talab mavjud. Kitobdan pul qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Chet tilini bilguvchi o‘zbek tilida ham loaqal fikru hislarini ravon bayon qila oladimi degan savol hozircha kun tartibiga chiqmadi. Shuning uchun no‘noq, jo‘n, chuchmal o‘girmalar urchiy boshladi. Ularning orasida turk tilidan tarjimalar son va saviya bobida salbiy jihatdan alohida ajralib turishi ham juda tabiiy. Dinimiz, hatto mazhabimiz ham birligi, tillarimiz, madaniyatlarimiz yaqinligi, diyorimizda ommalashgan maishiy turk seriallari o‘zbek kitob bozorida yengil-yelpi turk asarlariga jiddiy talabni shakllantirib ulgurgan. Qolaversa, o‘zaro uyqash bo‘lgani bois “amaki” (“Gugl”ning xalq orasidagi nomi) ham turkchadan birmuncha silliq o‘giradi.
Turkchadan tarjimalarda matn muammosidan ko‘ra tanlov masalasi kattaroq. Ya’ni juda saviyasiz asarlar o‘girilyapti. Tili yaxshigina, ammo saviyasi o‘ta past asarlar ham uchrayapti. Yagona xaspo‘shlovi biroz diniy tusi borligida, xolos. Ammo bu asosiy illat bo‘lsa ham ajab emas. Chunki islomni siyqalashtirish, jo‘nlashtirishga olib keladi. So‘zlarimni ijtimoiy tarmoqqa shu mavzuda yozgan bir istehzo bilan yakunlamoqchiman: “Yengil-yelpi, oldi-qochdi xabarlarni yoritguvchi nashrlarni – “sariq matbuot” der edik. Maishiy, siyqa mavzular yoritilgan kinolarga kimdir “xontaxta film” deb nom qo‘yib berdi. Joyiga tushgan. “Ustasi farang”, “o‘ris tabiat” kabi ibora yasash tajribalarimizdan kelib chiqib taxmin qiladigan bo‘lsam, yaqin orada no‘noq, sifatsiz badiiy asarlarni “turkcha roman”, “turk romani” deb atay boshlasak kerak. Turkiyaga, turk madaniyati, adabiyoti va qardosh xalqqa nisbatan ulkan mehrim ta’sirida rashk qilib bo‘rttirayotgandirman balki. Ammo paydar-pay chop etilayotgan siyqa va sifatsiz turk tarjima romanlari shunday xulosa chiqarishga majbur qilmoqda, afsuski”.
Abror Masharipov,
Egey universiteti jurnalistika fakulteti doktoranti:
– Yaqinda turkiyalik adabiy agent bilan gaplashdim. Aytishicha, o‘zbekistonlik bir mijoz 35-40 ta kitobni band qilib qo‘yibdi. Mayli, tilimizga yaxshi asarlar o‘girilsin. Lekin hurmatli noshirlar, iltimos, tarjimani turkcha bilaman degan har kimga ham topshirib qo‘yavermanglar.
Shunday rasvo tarjimalarni ko‘ryapmanki, o‘sha kitob bilan tarjimonni savalagim keladi. Ayniqsa, badiiy asarni tarjima qilish uchun til bilishning o‘zi kam. O‘sha xalqning madaniyatidan ham xabardor bo‘lish kerak. Ayrim so‘z va iboralar, maqollarning ma’nosiga ikkilansangiz, internetdan izlab ko‘ring, ma’nosini aniqlashtiring.
Yaqinda tarjima bo‘lgan va muharrirning qo‘lidan o‘tgan, turk adibasi Omina Shenliko‘g‘lining bir kitobidan misol keltiray: “Nihoyat, sud kuni yetib keldi. Asliya huquq sud binosining oldida o‘tirib, navbatini kutardi”. O‘rtoq tarjimon, “Asliya huquq sud binosi” nima degani? Shu jumla o‘zbekchami?.. Insof kerak, o‘zingiz tushunmagan narsani qanday qilib tarjima deb tutqizyapsiz?..
Aslida “Asliye Hukuk Mahkemesi” bo‘lgan, tarjimon shundoqqina yozib qo‘ya qolibdi. Asliye Mahkemesi – birinchi instansiya sudi. Hukuk Mahkemesi – fuqarolik ishlari bo‘yicha sud. Asliye Hukuk Mahkemesi – fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudi bo‘ladi. Bilmasangiz, biladiganlardan so‘rashdan uyalmang, lekin bunaqa telba-teskari tarjima qilmang.
Shu kitobdan yana bir misol:
– Ooo! Marhamat, xonim afandi, marhamat, keling. Sizni ko‘rganga jannat nasib qiladi.
– Salom, oying yaxshimi?
“Yüzünü gören cennetlik” degan ibora “Sizni ko‘rganga jannat nasib qiladi”, deb o‘girilibdi. Demak, shu ayolni ko‘rgan kishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jannatga kirar ekan, shunday tushundingizmi?.. Aslida bu ibora anchadan beri ko‘rinmay ketgan odamga nisbatan ishlatiladi, ya’ni yo‘q bo‘lib ketding, sog‘intirib yubording, degan ma’nolarda. Tarjimada ma’no naqadar o‘zgarganini qarang.
Ishni tyez-tez tugatib, tezroq pulimni olay degan o‘yda bo‘lsangiz, bilingki, uzoqqa bormaysiz.
Zebiniso Hayitova,
“Yangi asr avlodi” nashriyoti muharriri:
– Bugun ayrim fikriy yalqov kitobxonlarning badiiy mutolaaga yengil qarashi xuddi shu tipdagi tarjimonlar shakllanishiga sabab bo‘lyapti, nazarimda. Negaki, noshirlik sohasi, kitob savdosida imkoniyat kengaygani sari havaskor tarjimonlar ham ko‘payib, orfografik va stilistik xatolarni-ku aytmang, ma’no-mazmun degan narsa yo‘qolib ketmoqda. Qo‘pol qilib aytganda, asar pati yulingan tovuq holiga kelmoqda. Voqealar va jumlalar bir-biriga bog‘lanmagan. Ayniqsa, matn asliyati bilan solishtirilsa, «olg‘ir tarjimon»larning aybi ochiladi-qoladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarjimon Otabek Tillayevning “Turkiyaning ustidan bir marta uchib o‘tib, tarjimonlik qilayotgan do‘stlarimizga murojaat”iga ko‘zim tushdi. Muallif kuyunib yozgan muammolar bilan biz noshirlar deyarli har kuni yuzlashamiz. Ayrimlar bir-ikkita turk filmini ko‘rib, tilini o‘rganib oldim deb o‘ylab, badiiy tarjimaga oralab ketishmoqda.
Tarjimaning ham o‘ziga xos qonun-qoidasi, talabi bor. Tarjimon xorijiy tildan ko‘ra o‘z ona tilini yaxshi bilishi shart. Chunki o‘zga xalqning so‘z va iboralarini qanday bo‘lsa, shundayligicha o‘gira olmaydi. Tub mohiyatida qochirim, kesatiq yoki o‘xshatishlar bo‘lishi mumkin. Shu bois o‘zbekcha muqobilini topib, haqiqiy ma’no-mazmunni o‘quvchiga yetkaza olishi kerak.
Nashriyotimiz faoliyatida turk tilidagi tarjima asarlar salmog‘i ko‘paymoqda. Omina Shenliko‘g‘lining «Vijdon azobi», «Lo‘li», O‘rxon Kamolning «Firibgar», «Dengizga otilgan ayol (El qizi)», Xadicha Kubro Tongarning «Baqirmaydigan onalar», Sheniz Yujelning «Go‘daklikdan yigitlikka qadar», Zulfu Livanelining «So‘nggi orol» kabi asarlari o‘zbekcha tarjimada kitobxonlar e’tiboriga havola qilindi. Kitoblarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni asrab-avaylashga targ‘ib etishi, farzand tarbiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar berishi kabi jihatlariga alohida e’tibor qaratamiz. To‘g‘ri, biz ham chiqargan ayrim kitoblarimizning tarjimasidan qoniqmagan paytlarimiz bo‘ladi. Shunday chog‘da biz muharrir ko‘proq ter to‘kishimizga to‘g‘ri keladi.
Dilbar Rajabova,
tarjimon:
– Turk adabiyotidan tarjima qilish urfga kirdi, lyekin kitob tanlashda nihoyatda no‘noqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ko‘ngil kechinmalariga doir romantik asarlarning ham tarbiyaviy ahamiyati past bo‘lgan, yengil yelpi tuyg‘ular o‘z ifodasini topgan turlari tanlanyapti. Bir-ikki kun kulgi va yig‘i hissini beradigan, keyin unutilib ketadigan sevgi-muhabbat sarguzashtlarining xalqimiz ma’rifati uchun qanday ahamiyati bor? Hayot bir-birini tashlab ketadigan syevishganlar yoki oxiri o‘lim bilan tugaydigan, bo‘rttirilgan ishqiy mojarolardangina iborat emas-ku. Insoniy tuyg‘ularning, qalbni tarbiya qiladigan hislarning chek-chegarasi yo‘q. Mavzu faqatgina o‘ldim-kuydimga borib taqalaverishi odamga erish tuyuladi.
“Qaytganimda uyda bo‘l”, “To‘ydan keyin ham muhabbat bo‘lsin” singari asarlarni o‘qib ko‘rgan mulohazali kitobxon vaqtini uvol qilganiga achinadi. Quruq va chiroyli jumlalar insonga hech nima bermaydi. Garchi quloqqa yoqimli eshitilsa ham. Yengil o‘ylash, yengil yashash, yengil fikrlash tabiatimizga, qon-qonimizga singib ketmoqda. Hatto diniy ruhga yo‘g‘rilgan tarjima asarlarda ham yuzakilik ko‘zga tashlanadi.
Nomi vahimali, jarangdor, lekin mazmuni bo‘sh kitoblardan qochish kerak. Sema Marashlining asarlari shov-shuvli bo‘ldi rosa. Lekin o‘qib ko‘rib, hech nima topolmadim. O‘rxon Pamuk, Ahmad Lutfiy Qozonchi, Omina Shanliko‘g‘li tarjimaga arzirli. Lekin faqat zamonaviy turk prozasiga yopishib olmaslik lozim.
Yosh tarjimonlar shunchalar ko‘pki, birortasida na mahorat, na adabiy saviya, na tilning nozik nuqtalarini his qilish, na mas’uliyat bor. Nashriyotlar nega ularga tarjima asarlarni qo‘sh-qo‘llab topshiryapti? Arzongarovga ish bitirish uchunmi? Guruh-guruh bo‘lib, bir kitobni o‘n qismga ajratib, o‘n kishi tarjima qilishi urf bo‘ldi. Maqsad – tezroq buyurtmani bajarib, tezroq mo‘may daromad topish. O‘zbekcha chiqqan tarjima kitoblarga qarasangiz, har sahifasida turkcha so‘zlar javlon urib yuradi. Vaholanki, ona tilimizda muqobili mavjud. Tarjimon buni nazardan qochirmasligi shart.
Oyina.uz ijtimoiy tarmoqdagi “Kitobxonlar davrasi” guruhiga mavzu yuzasidan savol qoldirganida yurtdoshlarimiz qizg‘in bahsga kirishib ketdi.
Sevinch Norqobilova,
jurnalist:
– Bizda ham kitob savdosi bo‘yicha marketing yaxshi rivojlanayotganiga turk yozuvchisi Mirach Chag‘ri Oqtoshning bir asarini xarid qilib amin bo‘ldim. “To‘siqlarga qaramay sevdik” – nomini eshitiboq “O-o, zo‘r ekan, olishimiz kerak”, “Biz haqimizda ekan...” deydiganlar topilgan. Sababi, o‘zim ham shunday o‘ylagandim. Ammo kitobdan o‘zim kutgan taassurotni ololmadim... Yaxshi jumlalar, turklarga, turk adabiyotiga xos syevgi kalimalari talaygina, lekin kechirmaslik, rad etilganini bot-bot eslash juda kuchli. Qarg‘ash ohanglari ham bisyor... Yuz sahifacha o‘qiy oldim. Qolganiga bardoshim yetmadi.
Umrbek Ibragimov,
menejer:
– Menimcha, bizga hozirda turk adabiyotidan faqat diniy va maishiy mavzudagi, nomi sotiluvchanligini oshiradigan (ammo badiiy saviyasiga hech kim javob bermaydigan) asarlar kirib kelmoqda. Lekin turk adabiyoti aslida katta boylikka ega. Nobelь mukofoti ham so‘z san’ati bo‘yicha jahonda sanoqli xalqlarga nasib etgan.
Orxan Pamuk, Yashar Kamol, Nozim Hikmat, Sabohiddin Ali, Aziz Nesin kabi turk yozuvchilarining baquvvat asarlari bor. Biroq aksariyati hali o‘zbekchaga o‘girilmagan. Tarjima qilinadigan bo‘lsa ham, asliyatdagi badiiy saviyasiga monand tarjima qilinadimi-yo‘qmi, bu yana bir masala.
Hanifa Burxonova,
magistrant:
– Turk adabiyotini azaldan xushlamayman. Qandaydir qolipi bor. Faqat Aziz Nesinnigina o‘qiy olaman. Yangi tarjimalardan Ahmad Lutfiy Qozonchining asarlarini, keyin “Peshonamdagi nur” romanini varaqlaganman. Sariq matbuot darajasidagi asarlar, xolos. Kitob qilib, qog‘ozni uvol etishga arzimaydi.
Ravshan Burxonov,
talaba:
– Turk adabiyotidan deyarli tarjima qilinmayapti. Bizga taqdim etilayotganlari adabiyot degulik ham, tarjima degulik ham emas. Qardoshlarimizning arzonchi didaktik asarlari “google” yordamida o‘zbekchaga o‘girilyapti. Ozroq diniy fon qo‘shilib, bozor uchun yozilayotgan matnlarni adabiyot desak, bilmadim, ommaviy saviyamiz qay darajaga tushib qoldi ekan?!
Siz-chi, aziz kitobxon, yangi tarjima asarlarni mutolaa qilasizmi? Fikrlaringizni izohda yozib qoldiring.
Nodira IBROHIMOVA,
oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
3 Izohlar
Maftuna
00:08 / 01.08.2023
Assalom aleykum!Bizda hech qachon yoshlarga yo'l yo'q lekin turk yozuvchilarining aksaryat qismi yosh yozuvchilardan iborat va ular ayni xaqiqat xaqida gapirmoqdalar. O'smir yoshlar yuragidagi dardi va bo'lyotgan jarayoniga yaqin kitoblar yozyotganligi uchun ular uchun qo'l kelmoqda. Bizning adabiyotlarimizni yomon demoqchi emasman. Durdona asarlarimiz bor albatta. Lekin keksa yoshi katta noshirlarimizning eskicha qarashlari tufayli bizga yo'l bermasdan yoniga yordam so'rab borgan vaqtlarimiz bizga pulni ro'kach qilgan vaqtlarda biz kabi yoshlar hech narsaga umidimiz qolmagan xolda ortga qaytamiz. Men hech tushunmayman nahot bizning yurtimizda yuksalish o'sish shunchalar mushkil ish bo'lsa? Bir narsaga etibor bering siz aytotgan o'zbek adabiyotimiz ham turk adabiyoti ham hech bir kitob yomonlikka chorlayotgani yo'q. Bizning noshirlarimiz yoniga borgan yozuvchi bo'laman deganlarga shunday gap aytadida "Siz hech kim ishlatmagan so'zlardan asaringizda ishlating" deydi. Juda xayron qolganman o'zim ham tushunmaydigan so'zlarni topib asar yoki she'r yozsami uni bizning aksariyat omi xalqimiz anglarmidi? Lekin turk yozuvchilari aniq va ravshan tushuntiryapti. To'gri sayozlik lekin insoniy xislar hukmron. Shu uchun turk yozuvchilarini yomonlayvermasdan o'zimizda ham shunday istedodlarga yo'l berishimiz kerak.
Moxinur Abdullayeva
12:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum. Maqola juda ham zo'r.Lekin turk adabiyoti asarlarini sariq matbuot kitoblari deyilishiga qo'shilmayman.O'zbek adabiyotidan hech kim Nobel olmagan,Ammo turk yozuvchilari unga erishgan.Men turk adabiyotini sevib o'qiyman.
Maryamxon
12:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum! Maqolada bugungi kun kitobxonlarini ehtiyojlarini qondirish uchun tarjima va nashr qilinayotgan Betseller kitoblar haqida gap ketar ekan, aslida ziyoli qatlamning vazifasi xalqning ayniqsa yoshlarning ma'nanaviyatini oshiruvchi, dunyoqarashini kengaytirib kitob tanlash sa'viyasini ko'tarishga xizmat qiluvchi asarlarni taqdim qilish emasmi, degan haqli savol tug'uladi. Nega endi bugungi kun yoshlari o'zbek adabiyoting durdona asarlarini emas, betseller deya tinmay reklama qilinayotgan tarjimalarni qo'ldan qo'ymay o'qimoqdalar? Mening tarjima kitoblarni nashr qilayotganlarga ham, o'qiyotganlarga ham hech qanday e'tirozim yo'q. Shunchaki tarjima qilinayotgan aksar turk kitoblarining imloviy va jumla tuzilishidagi g'aliz xatolarni ko'rib buni Google amaki tarjima qilganmikan deb o'ylab qolaman. Turk adabiyotidan go'zal tarjimalar ham bor albatta. Misol uchun Rashod Nuri Guntekinning "Choliqushi" romanini taniqli adib va mohir tarjimon Mirzakalon Ismoiliy o'zbek tilining betakror imkoniyatlaridan foydalanib, maromiga yetkazib tarjima qilgan. Romanni o'qir ekansiz tarjimon mahoratiga amin bo'lasiz. "Chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin" degan naqlga muvofiq, bugungi kunda biror xorijiy tilni o'rganib o'zini "tarjimon" sanaydiganlarga aytamanki, har kim o'z ishini qilgani ma'qul.