Maktabda beshinchi sinfda o‘qib yurgan chog‘larimda hayotimga Hamid Olimjon kirib kelgan. Esimda, maktabda ona tili va adabiyotdan dars beradigan onam kutubxonadan turfa kitoblar olib kelardi. “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurg‘” yoki “Parizod va Bunyod” kabi ertak-dostonlarini o‘qib, adabiyotga mehrim uyg‘ongan. Rasmli kitobini o‘qir ekanman, o‘zimni Hamid Olimjon dostonlaridagi botirlarga qiyoslar, yaxshi inson bo‘lishga intilar va yomonlikning baribir mag‘lub bo‘lishini anglar edim. Murg‘ak qalbimga yaxshilik urug‘ini eka olgan adib edi Hamid Olimjon. Baxt va shodlik kuychisi deyishardi uni. Hozirgi bolalarga ana shunday ertaklar va dostonlar kerak. Bolalarni ezgulikka, yaxshilikka, halollikka yetaklaydigan dostonlar kerak. Adabiyotimizga yangi Hamid Olimjonlar kerak. Bayram tadbirlarida shoirning Vatanni sevishga undaydigan turli she’rlarini yod olganmiz. O‘smirlikka qadam qo‘ygach, qizlarga muhabbat maktublari bitarkanmiz, Hamid Olimjonning sevgi kuylangan she’rlaridan parchalarni ilova qilganmiz. Qalbimizda muhabbat o‘tini yoqqan shoir edi Hamid Olimjon. “Vodiylarni yayov kezadigan” va “Vatan tuprog‘ini o‘padigan” chinakam vatanparvar ijodkor edi. Men shoir ijodi-yu tarjimayi holi yoki uning qisqa umr kechirganligi haqida so‘zlamoqchi emasman. Zeroki, shoir o‘zi aytganidek, u hamon tirik, “xalqning yuragida, erkning tilagida” yashayapti.
Hamid Olimjon har bir oqqo‘rg‘onlikning yuragidagi shoir. U garchi Jizzaxda tug‘ilgan bo‘lsa-da, Oqqo‘rg‘onning ham chin farzandiga aylangan ijodkor. Tumanimizdagi Hamid Olimjon nomli MFYda shoirimizning mahobatli haykali qad rostlab, shoirimiz mag‘rur turibdi. Rostini aytsam, esimni tanigungacha Hamid Olimjonni Oqqo‘rg‘onda tug‘ilgan, deb o‘ylardim. Chunki uning nomi qo‘yilgan katta qishloq bor, – O‘zbekiston bo‘yicha katta haykallaridan biri shunda joylashgan, demak, u shu yerlik bo‘lsa kerak, degan xayolga borardim. Oqqo‘rg‘onda Hamid Olimjon nomi abadiylashtirilishida 60–80-yillarda kolxoz raisi bo‘lgan Hasanboy Ergashevning xizmati beqiyos. Aytishlaricha, u Hamid Olimjonning chinakam muxlisi bo‘lib, har ikki gapining birida shoirning baytlaridan aytib yurishni xush ko‘rgan va ish stolining ustida Hamid Olimjonning kitoblari doimiy turgan. Hasanboy Ergashev bundan 53 yil avval sevimli shoirimizning haykalini o‘rnatishga bosh-qosh bo‘lgan. Oqqo‘rg‘on tumani va Quyi Chirchiq tumanlari bir muddat birlashtirilgan vaqtda hozirgi Hamid Olimjon MFY o‘sha paytlardagi sho‘rolar davlati dohiysining nomi bilan atalardi. O‘z navbatida Quyi Chirchiq tumanidagi hozirgi “Yangi hayot” MFY ham aynan shu nomda bo‘lgan. Shu sababli kolxoz nomini o‘zgartirishga zarurat paydo bo‘ldi. Ammo ma’lumki, u davrlarda dohiy nomi bilan atalgan kolxoz nomini o‘zgartirish nihoyatda mushkul edi. 1963-yili Hasanboy Ergashevning tashabbusi bilan kolxozga Hamid Olimjon nomini berish taklif etiladi va bu respublika rahbari Sharof Rashidov tomonidan ma’qullanadi.
Nihoyat, 1968-yili Leningradda tayyorlangan haykal Oqqo‘rg‘onga keltirilib, shoir nomi berilgan kolxoz markaziga o‘rnatiladi. Hamid Olimjonning rafiqasi, sevimli shoiramiz Zulfiyaxonim ham ushbu ochilish tadbirida ishtirok etganligi ma’lum. Yarim asr avval o‘tgan haykalning ochilish marosimida oq mato tortilgach, Zulfiyaxonim bir muddat o‘zini yo‘qotib qo‘yadi va ko‘zlaridan yosh quyiladi. Darhaqiqat, haykal Hamid Olimjon siymosini gavdalantirgan edi.
2021-yil 12-dekabr kuni Hamid Olimjon tavalludiga 112 yil to‘ldi. Uning sharafiga aytilmagan maqtov yo madhiya qolmagan. Yuqorida ta’kidlaganimdek, u bolalar-u kattalarning birdek sevimli shoiri edi. Ijodkor – xalqning farzandi. Hamid Olimjon ham har bir oqqo‘rg‘onlikning yuragiga kirib borgan shoir. U qalbimizda abadiy qoladi. Chunki u o‘ziga tirikligidayoq haykal o‘rnatib ulgirgan.
Otabek YO‘LDOSHEV
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q