Boy folklor va adabiyotimiz soyasida qolib ketayotgandaymiz


Saqlash
18:02 / 25.02.2022 1713 0

Folklorshunos olim Shomirza TURDIMOV bilan suhbat

 

– Siz, o‘zbek xalqining uch ulug‘ baxshi-shoiridan biri – Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining nabirasisiz. Do‘mbirasiga bulbul qo‘ngan ana shu zot qoni tomiringizda oqayotgani boisdir, folklorni tadqiq etish usulingiz boshqalardan ayricharoq – sizda nainki ziyrak aql, hassos qalb bilan ham yondashish bor. Xalqimizning og‘zaki ijodiga ko‘p yillardan buyon oshno inson va olim sifatida ayting-chi, folklorga yaqinlik kishiga nima beradi?

 

– Odamzod nimaniki o‘ziga yaqin olsa, shunga taqdirdoshlik hissini tuyadi. Kishi tanishlari, do‘st-u yaqini, qavm-u qarindoshi, ahli oilasining quvonch-u qayg‘usiga sherik yashaydi. Ba’zan begonalarning tashvishi uni qiziqtirmaydi. Go‘yo buning unga daxli yo‘qdek, o‘zidan ortmaydi. Mavjud holatdan bir ayb-u nuqson qidirmoqchi emasman. Faqat, asl mohiyatda – Yaratganning o‘lchamlarida bularning bari bir maxrajga kelishini anglab yetganlar kam uchrashini qayd etmoqchiman, xolos. Agar Ul Zot bizning “kompyuter”imizga ota-ona, oila, farzand, qavm-u qarindosh, yor-u do‘st... degan rishtalar bilan bog‘liq o‘ziga xos “dasturlar”ni joylamaganida nima bo‘lardi, bir o‘ylab qaraylik. Odamzodning o‘zidan ortib birovga qayishishi nechog‘li ulkan muammoga aylanardi. Bu gap-so‘zlardan muddao nima? Inson qachon “tabiiy bog‘liqlik rishtalari”dan yuksalib, barchaga barobar “bog‘liqlik rishtasi”ni yarata olsa, u chinakam komil insonga aylanadi. Ana shunda uning ko‘ngli boshqa mavjudotlar to‘dalashib, yagona maqsad sari intilganida erishishi mumkin bo‘lgan Ulkan bilimga chambarchas bog‘lanadi.

 

Ulkan bilim nima?

 

Ulkan bilim – butun olam, borliqning azal­abad taqdiri dasturlashgan, uni doimiy yuritguvchining ilmlar majmuasi... Barcha tirik mavjudotga ushbu bilimning birlamchi bosqichi berilgan. Bu bosqich negizida tabiiy instinkt turadi. Faqat oliy mavjudot – insongina navbatdagi bosqichlarga o‘ta oladi. Olimlar jonivorlar – hasharotlar, qushlar, baliqlarning mavsumiy va nomavsumiy ko‘chishlari asnosida yo‘lidan adashmay, ko‘zlagan manzilini to‘g‘ri topib borishini to‘da bo‘lib harakat qilish chog‘ida shakllanadigan Ulkan bilim bilan bog‘lashadi. To‘dadan ajralganlar adashishga mahkum ekan. Folklor va xalq san’atining barcha turlari asosini, negizini tutib turuvchi an’analar, badiiy qoliplar ham Ulkan bilim mevasidir.

 

Insondagi birlamchi dastur ham ushbu bilim bilan bog‘liq. Tanish-bilish, do‘st-u yor, qavm-u qarindosh, ahli oilasining quvonch-u qayg‘usiga taqdirdoshlik hissini bizga Ulkan bilim sabog‘i anglatib turadi. Inson Ulkan bilimning galdagi bosqichlariga chiqishi uchun ko‘kdan ilohiy kalomlar yuborilgan. Ammo inson tabiatida azaldan adashishga moyillik bor. U anglatilganlarni o‘zicha bichib talqin etadi, nafsining xohish-istagiga moslashtirishga urinadi. O‘z “haqiqat”ini joriy etishga intiladi. Shu sababli Qur’ongacha bir yuz yigirma to‘rt ming yalavochga navbatma-navbat kelgan ilohiy kalomlar tahrir qilindi. Faqat Qur’oni karim Yaratganning o‘zgarmas so‘nggi So‘zi bo‘lib qoldi.

 

Miflar Ulkan bilimga tutash ana shu muqaddas bitiklardagi yo‘l-yo‘riq, saboq va bilimning oqavasidir. Qanday shaklda bo‘lishidan qat’iy nazar, miflarning mag‘zida Ulkan bilimning mohiyati mujassam. Shu sababli biz miflarni ilohiy kalomlarga bog‘lab anglaymiz. Miflar dinlar izdan chiqqan joyda boshlangan. Ular insonning tabiat oldidagi qo‘rquvi va ojizligi mahsuli emas.

 

Din va mif inson naslining ibtidosini ilk Odam va Ayolga bog‘laydi. Turli xalqlarda Odam va Ayolning turlicha nomlanishini kuzatish mumkin, lekin So‘z zamirida yagona tushuncha mavjud.

 

Bu kungacha aniq fanlar ilmiy jihatdan isbotlagan va isbotlashga urinayotgan qonuniyatlar muqaddas bitik va miflarda aytilgan. Faqat, ular fan tilida emas, bitik va mifning o‘ziga xos ifoda shakli – ramz va timsollarda bayon etilgan. Ramz va timsol bitik va mif tilidir.

 

Biz odatda ilm kashf etdi, qonuniyatni ochdi, deymiz, go‘yoki ilgari bu qonuniyat, hodisa bo‘lmagandek. Aslida esa mavjudlikning ayni chegarasigacha aqlimiz yetib, ilg‘agan, anglagan bo‘lamiz, xolos. Insonning bilimi, anglagani mavjudlikning qancha qismiga yetgan-u, qolgani qancha, tasavvur ham qila olmaymiz. Bu holatimiz, qiyos dag‘alroq tuyulsa-da, chumolini tomosha qilib o‘tirgan odamning “Chumoli nimalarni anglayapti” deyishiga o‘xshaydi. Aslida chumoli uni tomosha qilib turgan mavjudotni qanday anglashi noma’lum... Inson – oqil mavjudot. U tushunishga, anglashga va bilishga intiladi. Uning imkonida ana shu baxt bor. Uni bu yo‘lda qo‘llab, mayoq yoqib, manzil sari boshlovchi bor.

 

Folklorga yaqinlik, istasangiz-istamasangiz, Sizni, avvalo, ana shu Ulkan bilim hududiga olib kiradi. Kishini Aflotunning “G‘or” naqlida yozilgan, Qur’onning “Yosin” surasi 8–11-oyatlarida ogoh etilgan “bo‘g‘ov”lardan bo‘shalib, “soyalar saltanati”dan chiqishi, nurli manzillarga yetishi uchun imkoniyatlar ochadi.

 

Folklor har bir odamning qonida bor va har qanday til ibtidosida Ulkan bilimga daxldor tushunchalar mavjud. Shunday ekan, folklor bizga o‘zimizni, o‘zligimizni anglashga yordam berishi bilan qimmatlidir. Folklor – ma’naviy ona sutidir. Ustod Hodi Zarifning “Haqiqatim xalq ichida” degan iqrori bejiz emas.

 

– Sizning “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi dostonlar asosida millat va folklor tadrijining uyg‘unligi masalasiga bag‘ishlangan “Etnos va epos” kitobingizni o‘qigan kishi juda qiziqarli tahlil va xulosalardan bahramand bo‘ladi. Ushbu asar mutolaasi chog‘ida ko‘nglimda tug‘ilgan bir savolni bermoqchi edim. Deyarli barcha xalqlarning eposida bir hol – Ot va Zot muammosiga duch kelish mumkin. Epos qahramoni – serdavlat va sersavlat alp borki, tirnoqqa zor. Go‘ro‘g‘li kabi “oti bor-u, zoti yo‘q”. Ushbu musibat-muammoning zamiridagi falsafa mohiyati nimada?

 

– Xalqning tarixi qanchalik qadimiyligi, ma’naviy quvvati nimalarga qodirligini uning eposidan ham bilish mumkin. Bunda eposning ramz-u timsollarga evrilgan tilini topish, anglash lozim. Bu – olmos qonuniyat. Shunday ekan, xalq yuksalish shavqini, tanazzul alamini totib, kechmishini aql va ko‘ngil chig‘irig‘idan o‘tkazib, xulosalar chiqarsagina asl epos namunasini yarata oladi. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi jihati esa – ildizi ilohiy manbaga borib taqaladigan dunyoqarashning amalda mavjudligi. Ilohiy ta’limotga tayanmagan epos kemtikligicha qoladi. Buyuk saltanatlar barpo etgan va ilohiy ta’limotdan bahra olgan xalqning eposigina mumtoz maqomga ko‘tarila oladi.

 

Bu borada biz – faxrlanishga haqli xalqmiz. “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li” kabi mumtoz eposlarga merosxo‘rmiz. Merosxo‘r qorovulday gap. Xazinada nimarsa bor – urug‘. Urug‘ni ekib hosilini olgan – qorovuldan egaga aylanadi. Ana shunda Ot va Zot muammosi hal bo‘ladi. Go‘ro‘g‘lining Otga egaligi-yu, Zoti yo‘qligi – ulkan timsol, chunki Zot almashadi, lekin Ot – hayot mangudir. Ulkan saltanat – Ot muayyan millatga tegishli bo‘lishi mumkin, lekin uni shu bilan cheklab bo‘lmaydi. Aslida, saltanat tuzuvchi va uni yurituvchi Go‘ro‘g‘lidek alplar bag‘rikeng, tolerant shaxslardir. Ular o‘zi mansub “lokomotiv” millat atrofiga ko‘plab millat, el-elatlarni birlashtirib, ularning birdek kamol topishi uchun shart-sharoit yaratadi. Go‘ro‘g‘li Ahmad Sardordek mahdud, mayda millatchi, zotparast emas. Uning saltanatida Avazxon – Gurjistondan, Hasanxon – Vayangandan, To‘lak botir – Qandahordan, Xoldorxon, Asad, Shodmon kabi turli elat, urug‘ vakillari bo‘lgan. Qirq yigit birlashib, Chambildek ozod va erkin o‘lkaning gullab-yashnashiga o‘z kuch-g‘ayratini qo‘shgan. Ularning barchasi – Chambil farzandlari, shu o‘lka – vatani sha’ni, sharafini ulug‘lashni buyuk baxt deb biladi, Ahmad Sardordek fe’litorlik qilmaydi. “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi bir qancha dostonlar saltanatdagi ana shu “sardorchilik” qutqusi natijasida kelib chiqqan ayanchli vaziyatlarga bag‘ishlangani bejiz emas. Alaloqibat har gal haqiqat qaror topadi. Go‘ro‘g‘lining buyukligi va suyukligi shundaki, u Ahmad Sardorni ham kechira olgan, uning to‘g‘ri yo‘l topishiga imkon bergan. Alp ana shunday bag‘rikeng Shaxsdir. Odam Odam maqomidan quyi enib, maxluq maqomida tug‘iladi va unga yana Odam maqomida kamolga erishish imkoni beriladi. Kim ushbu maqomga erisha olsa – Odamdir. Bu yo‘lda na jins, na irq-u millat, na kasb-u kor, na boylig-u martaba to‘siq emas. Alplar tuzgan saltanat ko‘pchilikning Odam bo‘lishiga xizmat qilgan.

 

Vatan va mamlakat taqdiri, sha’ni, shavkati bilan nafas oluvchi Erlar bor ekan, bu saltanat zavol topmaydi. Go‘ro‘g‘li ana shunday Er edi. Go‘ro‘g‘lining o‘yi, so‘zi, amali Chambil bilan bog‘liq edi. O‘ylaganing hayotingga, aytganing, amaling taqdiringga aylanadi. Epos – xalqning badiiy taqdirnomasidir.

 

Eposning sabog‘i ko‘p. Eposni o‘qib, uqib o‘tmish, bugun, kelajakning mohiyatini tushuna borasiz.

 

– O‘tgan asrning oxirlarida “Xalq og‘zaki ijodi – folklorning kuni bitdi, zamona zayliga dosh berolmadi, o‘ldi” qabilidagi gaplar ko‘p aytilgan edi.  Bugun ham eshitish mumkin bo‘lgan bunday afsus-nadomatlarga siz nima deb javob bergan bo‘lardingiz? Rostdan ham, hozirgi sivilizatsiya folklorni uning yashab qolishi va rivoj topishi uchun zarur shart-sharoitlardan mahrum etib qo‘ymayaptimi?

 

– Savolga javob berishdan avval bir masalaga to‘xtalib o‘tish lozim. Bu – folklorning xalq ijodi, kollektiv ijod ekani masalasidir. “Kollektiv ijod”ni ko‘pchilikning bir joyga to‘planib, muayyan asarni hashar yo‘li bilan yaratishi deb  tushunish noto‘g‘ri. So‘zning “loy”ini xalq pishitib beradi, an’ana sinchi xalqning badiiy tafakkurida shakllanadi. Xalq – so‘z va an’ana “mardikor”i. Ijodkor – usta. Usta “imorat”ni ana shu “sinch”ga tayanib bunyod etadi. Xalq vakili ko‘nglini ochar ekan, o‘z fikrini bayon etishda tayyor qoliplardan o‘z holi, holatiga moslab foydalanadi. Ijodkor – baxshi-shoir esa ularni bir o‘zanga solib, badiiy voqelikda jilolantiradi, san’at iqlimiga olib o‘tadi. Folklorning kollektiv ijod ekani ana shunda.

 

Har qanday ijodkor, u qanchalik favqulodda talant va iqtidor sohibi bo‘lmasin, folklordagi kabi to‘kis an’ana yaratishi qiyin. Individual ijod ahli an’anaga yangi quvvat bag‘ishlashi, uni yanada takomillashtirishi mumkin. An’ana xalq badiiy tafakkurida pishib yetiladi, avloddan avlodga o‘tadi. Bu jarayonda an’analarning ildizlari juda qadimga borib taqaladi.  Ulkan bilimdan bahra oladi.

 

XX asrning avvaligacha bizda kollektiv ijod bilan bog‘liq jarayonlar deyarli uzluksiz davom etib kelgan. O‘tgan asrdagi keskin o‘zgarishlar, asr so‘ngida boshlangan va hamon jadal davom etayotgan globallashuv singari olamshumul jarayonlar nafaqat o‘zbeklar, balki butun sayyoramiz ahli tafakkuridagi tub yangilanishlarga sabab bo‘ldi.

 

Bugungi kunda folklorning barcha janrlari qatorida epos ijrosi ham o‘zgardi. Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov aytgan bir fikrni keltirish o‘rinli: “O‘tgan asrning 80-yillari Mamarayim Qobil degan baxshi aytgan edi: “Ilgarigi baxshilarning ovozi ko‘krakdan past – qorindan chiqardi, keyingilar ko‘krakka bo‘yin birlashgan joydan aytadigan bo‘ldi. Sizlar kekirdakdan aytyapsizlar, endigilar tanglaydan kuylayapti”. Chindan-da, Shoberdi baxshi bilan estrada xonandasi Mahmud Nomozov ijrosi yaqin kelib qolgani sir emas. Xorazm baxshichiligida bu holat avvalroq boshlangan edi. Baxshichilik san’atida ijrochining ichki ovozdan tashqi ovozga o‘tishini shunchaki havas mevasi deb bo‘lmaydi. Bu folklorshunoslik jiddiy o‘rganishi lozim bo‘lgan murakkab jarayon! Ohangning zamon talab etayotgan maromi (tempi) va boshqa omillarni ham ilmiy tadqiq etib, tegishli xulosalarga kelish fursati yetdi. “Xalq og‘zaki ijodi – folklorning kuni bitdi, zamona zayliga dosh berolmadi, o‘ldi” deb xulosa chiqarishga aslo shoshilmaslik lozim. Folklor yangicha yashash shakliga kirib bormoqda. Negaki, talab va ehtiyoj bor ekan, u yashayveradi. Ijodkor xalqimizda esa bunga ehtiyoj va talab katta.

 

Folklorning tayanchlaridan biri – xalq tilidir. Bugungi xalq tili bilan o‘tgan asr o‘rtalarigacha yashagan ulusning tili o‘rtasidagi katta farqni sezish uchun mutaxassis bo‘lish shart emas. Endilikda xalq tili va adabiy til tobora yaqinlashib bormoqda. Adabiy til imkoniyati xalq tilinikidan kengroq. Xalq tilidagi obrazlilik bu kemtikni to‘ldiradi. Qo‘rg‘on dostonchilik muhitida o‘sib ulg‘aygan momoning tiliga diqqat qiling: “Xudoyimga yozmayin, Xudoyo, gunohim to‘kilsin, nazar tushgan, nazarkardaning bolasiman. Xil-u xushtim, yetti pushtim qo‘llasin! Menam uncha-munchaning bolasi emasman. Ko‘rgan odam havas qilgan, chuvlab yotgan el edim, chalqib yotgan ko‘l edim, qaraganni qo‘rqitgan, qaramaganni berkitgan ne bir akalarim bor edi, o‘lim kelib xo‘rladi. Xudo qildi, mehribondan judo qildi. Tovda yurgan bo‘ri edim, suvlotga tushmay qo‘y bo‘ldim, o‘lim oldida xo‘r bo‘ldim, Xudoyo, endi bolalarim omon bo‘lsin!” Bugun bu xil quyma fikrlar-u so‘zlarni kam eshitasiz. Chunki og‘zaki an’analarda uzilish, yanada to‘g‘rirog‘i, umumiylik, hatto birxillik paydo bo‘layotir. Bunda ommaviy axborot vositalarining ta’siri ham yo‘q emas. An’analar barqaror kelgan muhitda tinglovchi, kuylovchi barobar ijod qiladi. Endilikda avvallari folklorga yuklatilgan missiyani ijodning yangi shakldagi turlari egallayotir. Folklor esa ommaviy ijrodan sahnaga ko‘chib ulgurdi va sahna talablariga moslashmoqda. Bugun folklordan mumtoz davr namunalarini kutish qiyin. Shu bois folklorning mumtoz davri o‘tmishga aylanmoqda, deyish mumkin.

 

– Siz ssenariynavis sifatida ham qalam sinab ko‘rgansiz. Taniqli kinorejissyor Qamara Kamolova bilan ijodiy hamkorlikda yaratgan “Yo‘l bo‘lsin” filmingiz O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Kinosan’atkorlar bilan samarali boshlangan bunday hamkorlik so‘nggi paytda susayganga o‘xshaydi...

 

– Xalq qo‘shiqlaridagi ramz va timsollarga e’tibor bersak, ajoyib manzaralarga duch kelamiz. Masalan, xalq qo‘shig‘idagi “Olma otdim otganga” degan misra mag‘zida, meni sevganni sevdim, degan iqror mujassam. “Tol yog‘ochni o‘tga soldim, men uni kuymas dedim” satrlarida lirik qahramonning, meni sevaman degan yigitni sinab ko‘rdim, deb chekkan iztirobi o‘z ifodasini topgan. Xalq qo‘shiqlarida olma – sevgi, farzand; shaftoli – o‘tkinchi muhabbat; tol – yigit; g‘oz – xushxabar; o‘rdak – tuhmat, shumxabar va hokazo tub o‘zak ramziy ma’nolarga ega. Qo‘shiqqa ramz kalitini solsangiz, hayratingiz ortib, o‘z ko‘nglingizni go‘yo qaytadan kashf etasiz, xalqona tafakkur xazinasiga oshno bo‘lasiz. “Yo‘l bo‘lsin” filmining ssenariysi ana shu xazinadagi ramzlarni kino tilida qayta jonlantirish asosiga qurilgan. Xalq qo‘shiqlari asosan to‘rtliklardan tashkil topgani kabi bu yerdagi har bir sahna to‘rtlik shaklini olishi, tasvir ortidagi qo‘shiqlar voqealarni boyitishi, ekrandagi har bir harakat, rang, ohang uyg‘unlashib, xalqona ramzlar vositasida asosiy g‘oyani ifodalashga xizmat qilishi kerak edi. Kartinada marosimlarni ko‘rsatish maqsadi bo‘lmagan, marosimlarni borligicha tasvirga olish, sharhlash – hujjatli filmning ishi. Bizda marosimlarga ijodiy yondashilib, yangicha talqin berilgan, ularga badiiy yuk yuklangan edi. Bizning bu ezgu niyatimiz, intilishimiz o‘zini oqlagan, deb o‘ylayman. Kinoda, teatrda harakat so‘zni aynan takrorlamasligi, uni to‘ldirib yangi iqlimga olib chiqishi kerak. Olaylik, ko‘za ko‘targan qiz haqida gapirilsa, harakat uni takrorlasa, buning nima qizig‘i bor? Bu oddiy taqlid, taqlidda obraz ochilmaydi, uning badiiylik kuchi sinadi.

 

Endi hamkorlikning susayishi masalasiga kelsak, bu mening sekin ishlashim bilan ham bog‘liq bo‘lsa kerak. Kinochi do‘stlarimga “Mezon” deb nomlangan ssenariyni topshirganman. Bu film ham “Yo‘l bo‘lsin” usuliga yaqin, faqat obrazlar mumtoz adabiyotga bog‘liq va unda asosiy “yuk” maqom navolari, ashulalariga yuklangan. Filmni kim suratga oladi, hozircha bilmayman.

 

– Gap kinoga borib taqalgan ekan, milliy eposimizning noyob durdonalarini ekranlashtirish masalasiga to‘xtalmasdan o‘tishimiz qiyin. Biz dostonchilik bobida ko‘p xalqlar havas qilsa arzigulik g‘oyat qadimiy va ulkan boylik vorislarimiz. Ana shu dostonlar asosida filmlar suratga olish zamon talablaridan ortda qolayotgandek, nazarimda. Balki bunda folklorshunoslarning ham aybi bordir? Ushbu sohada imkoniyatlarni kengroq ko‘lamda ishga solish fursati yetmadimikan? O‘shanda farzandlarimiz o‘zga xalqlarning Jumongga o‘xshash qahramonlariga havas qilib yurmagan bo‘larmidi...

 

– Avvallari kinofilm tomosha qilish uchun kinoteatrga borishga majbur edik, endilikda u uyimizga kirib keldi. Istagan filmingizni yon yotib-yonbosh yotib tomosha qilish imkoniga egasiz. Bir kunda televizor orqali turli janrdagi o‘nlab film namoyish etilishini nazarda tutib, hisob-kitobini o‘zingiz qilib olavering. Xalq ongiga yillar davomida singmagan dunyoqarashni kino bir zumda singdiradi. Bu jarayonda “qozon” egalarining oti o‘zadi. Multfilm, ilmiy-ommabop, badiiy filmlar va seriallarda kimning qo‘shig‘i kuylansa, omma shuni qaytaradi. Koreyslar o‘z tarixining yilt etgan cho‘g‘idan gulxanlar yasab, hammani ishontirmoqda. Bolalarimiz Jumongga havas qilayotgan bo‘lsa, buning uchun ularni ayblash insofdan emas. Inson, ayniqsa, yoshlar tabiatan ibrat axtaradi, suyanishga moyil. Ibrat uning qaddini rostlab olishiga yordam beradi. Bugungi avlod ko‘ngliga, talabiga mos javobni – ibratni biz ko‘rsatib bermasak, ularning havasi begona suyanchiqlarni o‘zlashtirib, taskin topaveradi.

 

Katta daraxtning aybi – soyasining kattaligida.

 

Baland tog‘ oldidagi odam ko‘rinmaydi. Tog‘ tepasiga chiqilsa, olam uning kaftiga ko‘chadi.

 

Biz qadimiy tariximiz, ulug‘ siymolarimiz, boy folklor va adabiyotimiz soyasida qolib ketayotgandaymiz. Birgina tariximizni olib qaraylik. Uzoq o‘tmishimizda Afrosiyob – Alp Er To‘ng‘a degan ulug‘ zot o‘tgan. U Firdavsiyning “Shohnoma”sida Turon podshosi deb ta’riflangan. Eron shahzodasi – Siyovush otasidan arazlab, uning yoniga panoh izlab keladi. Afrosiyob Siyovushga qizi Qosni nikohlab beradi, homiylik qiladi. Afrosiyobning ukasiga bu ishlar yoqmaydi. Uning qutqusi bilan Siyovush o‘ldiriladi. Bu voqealar Go‘ro‘g‘lining asrandi o‘g‘li Avaz va tog‘asi Ahmad Sardor munosabatlariga juda uyg‘un. Epos Afrosiyob, Siyovush demaydi, lekin baxshi-shoir voqelik mohiyatini ramziy ko‘rinishda, badiiy talqinlarda barcha davrlarga rostlab kuylagan. Bundan ming yil oldin yurt kezib, vatan va xalq sha’ni uchun kuyinib-o‘rtangan yana bir alloma – Mahmud Koshg‘ariy Alp Er To‘ng‘a haqidagi qo‘shiqlarni o‘z lug‘atida keltirib, elning unga bo‘lgan muhabbatini yodga solgan. XX asr avvalida boshqa bir alloma – Abdurauf Fitrat bu qo‘shiqlarni jamlab, Alp Er To‘ng‘a haqidagi tasavvurlarni tiniqlashtirishga intilgan. Endi o‘ylab qaraylik, Alp Er To‘ng‘a – Afrosiyob haqida film yaratilsa, tariximizning qorong‘i yo‘llari qanchalar yorishgan va keng omma ongida bu ulug‘ siymo qayta qad tiklash barobarida sha’n-u shavkatimiz qanchalar yuksalgan bo‘lar edi. Kamol topib kelayotgan yosh avlodga ibrat namunasini ko‘rsatgan bo‘lar edik.

 

Mahmud Koshg‘ariy ham shunchaki tilshunos olim emas edi. “Arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poyga qilib o‘zib borayotgan turk tilini to‘laroq yoritish” niyatida barcha turk qavmlari yashagan hududlarni aylanib, quvonch-u alam topgan, ko‘ngli faxr-u iftixorga to‘lgan sinchi shaxsning lug‘atida so‘z va uning ma’nolari shunchaki kelmaydi. “Arablar arabcha bilmaydiganlarni “ajam” deganlari kabi turkiylar turkcha bilmaydiganlarni “sumlim” deydilar. Agar keyin arabchani o‘rgansa ham arablar har vaqt uni ajam deyaveradilar. Lekin turkiylarda unday emas. Turkchani bilganlaridan keyingi holda sumlim demaydilar. U sumlimlikdan qutuladi” kabi kuzatishlarida hassos sotsiologni ko‘rsak, boshqa o‘rinlarda elshunos, tarixchi, adabiyotshunos, folklorshunos, dinshunos, adib va faylasuf, eng asosiysi, vatan qayg‘usi bilan o‘rtangan Insonning siymosi namoyon bo‘ladi. Mana, kinochilar uchun noyob taqdir! Ibrat bo‘luvchi bu xil shaxslar tariximizning har bir davrida, barcha sohalarda yuzlab topiladi.

 

Folklorni, xususan, xalq dostonlarimizni kino tiliga o‘tkazish – alohida mavzu. O‘tgan asrning saksoninchi yillari edi. Yozuvchilar uyushmasida katta yig‘in bo‘ldi. Shunda bir yigit chiqib, yozuvchi ijod qilishni ertaklardan o‘rganishi kerak, dedi. Ko‘pchilikka bu notanish bolaning gapi erish tuyuldi. Shu gapni ko‘zga ko‘ringan biron bir arbob aytsa, balki e’tiborga olinarmidi... Aslida bola haq gaplarni aytgan edi. Ertaklarda Hikmat o‘ziga xos ifoda topadi. Ehtimol, yigit yozishni ertaklardan o‘rganaylik, deb kuyinganida ana shu jihatlarni nazarda tutgandir. Uning minbarda xiyol egilib, qo‘lini oldinga cho‘zganicha so‘zlayotgan holati hamon ko‘z o‘ngimda. Jamoat yigitning so‘zlariga bepisand qaragani kabi ertaklar siridan ham voqif bo‘lmayotir. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deyishadi-ku.

 

Dehqon yerga don sochar ekan, qaysi urug‘i unishini aniq bilmaydi. Lekin hosilidan umid qiladi. Murod – hosilda... Ijodkor ham umidli banda. San’at dehqoni, so‘z mirishkori. Shunday ekan, xalqqa yetkazilmagan asar pishmagan hosil qatori... “Go‘ro‘g‘li” dostonlari asosida ssenariy yozish rejada bor. Nasib etsa, amalga oshar. Aslida “Etnos va epos” kitobi “Alpomish” dostonini, umuman, epos mohiyatini kinochilarga ham kengroq anglatish uchun yozilgan edi. Eposning, folklorning mohiyatini anglamay turib, uni san’atning boshqa turlariga olib o‘tib bo‘lmaydi. Bizda hodisaning sirtida yurib fikrlashga moyil mutaxassislar ko‘p. Natijada bajarilgan ish ham “sirt”da qolib ketadi.

 

Mohiyatga qancha yaqin kelinsa, o‘zlik sari shunchalik yaqin boriladi. Qadimgilarning hikmati uqtiradi: “O‘zingda o‘zligingni angla!” O‘zi bo‘lib yashagan inson borki, O‘zi, Izi mavjuddir.

 

– Gaplaringiz ohangi-yu kuyinishlaringizdan do‘mbiraning saslari kelib turibdi. Demak, o‘zingiz ham vaqti-vaqti bilan qo‘lingizga tor olib turasiz – har qalay sizni tinglay turib shunday o‘y kechdi xayolimdan. Nihoyat, so‘nggi savol: umrini ilm-u ijodga bag‘ishlagan inson sifatida ayting-chi, ziyolining jamiyat oldidagi burchi-yu a’moli, sizningcha, qanday bo‘lishi lozim?

 

– Ziyolilik oq ko‘ylak kiyib, bo‘yinbog‘ taqib, kostyum-shimda yurish bilan belgilanmaydi. Ziyolilik avvalo, kishining siyratida, fe’lida, voqelikka munosabatida namoyon bo‘ladi. Xalqning “qonida bor” deb baholashi bejiz emas. Ziyolilik ham suyak suradi. Ziyoli qatlami bo‘lmagan xalqning kelajagi yo‘q. Shu sababli har qanday bosqinchi o‘z siyosatini yurgazish uchun xalqning ana shu qatlamini o‘ziga og‘dirishga, bo‘ysundirishga, imkoni kelmasa qatag‘on qilishga uringan. Sobiq sho‘ro davridagi bu xil “o‘roq solish”larni eslash kifoya. Ziyoli – xalqning ruhidagi shijoatni, fidoyilikni, har bir sohada mas’ullik hissini uyg‘otib, uni harakatga keltiruvchi kuchdir. Ustoz To‘ra Mirzayevning akademik Habib Abdullayev haqida aytgan ushbu xotirasi ibratli: “O‘tgan asrning 60-yillari aspiranturaga imtihonlarni topshirib, akademiya kadrlar bo‘limining boshlig‘i Mirinoy Fayziyevning oldiga kirdim. Men tik turibman, u kishi qog‘ozlarni ko‘ryapti. Shu payt eshik tuyqus ochilib bir kishi ko‘rindi. “Mirinoy, do‘ppililar qaytib ketmasin, chamadonlilarni o‘zing bilasan”, dedi-da, eshikni yopdi. Men hayron qoldim. “Bu kishi kim?” deb so‘radim. Fayziyev “Tanimaysizmi, akademiyaning prezidenti Habib Abdullayev-ku!” deya javob berdi. Oradan ma’lum muddat o‘tib, men aspiranturaga qabul qilinganim xabarini oldim”. Ibrohim Mo‘minov, Vosil Qobulov, Shukur Burhon, Hodi Zarif kabi yuzlab, minglab ziyolilarning xizmati evaziga xalqimizning XX asrdagi fani, san’ati bugungi avlodlarga munosib meros bo‘lib yetib keldi. Mustaqillik avlodlari uni yuksak maqomda rivojlantirishga mas’uldirlar. Hozirgi shart-sharoit ajdodlar yashagan zamondan tubdan farq qiladi.

 

Muso alayhissalom qullikni ko‘rmagan ikki avlod voyaga yetishi uchun qavmini qirq yil cho‘lda olib yurgani bejiz emas. Xalqimiz mustaqil bo‘lganidan beri bir avlod vakillari yetishib chiqdi, ikkinchi bo‘g‘in dunyoga kelmoqda. Hozirgi globallashuv davrida qirq yilni kutib o‘tirish shart emas. Bugungi tamaddunning jilovini tutib ilgarilayotgan mamlakatlar tajribasini ibtidodan boshlab, yashab o‘tish – vaqt va imkoniyatni sovurishdir, ibtidoni ularning intihosidan rivojlantirish yo‘lini tutish lozim. Bu o‘rinda avvalo fe’limiz, tafakkurimizga o‘rnashgan boqimandalik, mutelik va befarqlik illatlaridan qutulish kerak. Hosilasi qullikka mahkum bu illatlarning ko‘rinmas zanjiri har qanday bunyodkorlikka tushov, inson ruhini munavvar etuvchi nurni so‘ndiruvchi, ziyolilar qatlamini o‘ldiruvchi ofatdir!

 

Iqtidorsiz odam bo‘lmaydi. Yaratgan har bir banda imkoniga boshqalarnikidan kam bo‘lmagan quvvat zaxirasini bergan. Faqat bu iqtidorni, quvvatni o‘z o‘rnida ilg‘ab yuzaga chiqishiga ilhomlantiruvchi, unga kuch va sharoit tug‘diruvchi yaxlit tizim kerak. Har qanday yaratilgan tizim fidoyi ziyolilarsiz quruq shaklga aylanadi. Jamiyatda ziyolining o‘rni ana shu nuqtada bilinadi.

 

Jamiyatning har bir a’zosi o‘zini butun jamiyat taqdiriga mas’ul deb bilishi kerak. Habib Abdullayevning kadrlar boshlig‘iga aytgan so‘zi jamiyatdagi adolatsizlikka qarshi isyon uchquni edi. U imkoniyatning hammaga teng berilmay, kamsitilayotgan millatini himoya qilishga o‘zini mas’ul deb bilganidan shu yo‘lni tutdi. Hukmron tuzum soqchilarining tazyiqidan cho‘chib, kursisining ortiga bekinib olmadi. Bu chinakam ziyolining qiyofasidir.

 

Fanga doxil tashkilotda ishlayotganim sababli bir muammoni aytib o‘tmasam bo‘lmas. Sohamizda biz kutgan, havas qiladigan, teran fikr, yangi g‘oyalar bilan yonib, atrofdagilarni ham ilhomlantiruvchi yoshlarning kamligidan xavotirdaman. Ehtimol ayb faqat yoshlarda emasdir. O‘zbek tili, adabiyoti, folklorini shu yurt farzandidan boshqasi o‘zbek xalqi manfaatlari nuqtai nazaridan tadqiq etmasligi hammaga ayon. Shunday ekan, bu muammoning asl sabablarini oydinlashtirish, vaqtida chora ko‘rish lozim, ertaga kech bo‘ladi. Millatning o‘zligini ko‘rsatuvchi omillar orasida til, adabiyot, folklor va tarix muhim o‘rin tutadi. Bu muammo faqat shu soha mutaxassislarigagina tegishli emas, balki o‘zini ziyoliman deb bilgan barcha shaxslarga daxldordir. Kelajak yangi g‘oya va fikr egalarining qo‘liga o‘tishini qancha teran his etsak, bu yo‘l egalarining kamoliga kamarbasta bo‘lsak, biz ziyoli xalqqa aylanishimizga shubha yo‘q.

 

Qulman OCHIL suhbatlashdi.

 

Tafakkur jurnali, 2015-yil 1-son.

“O‘chmas sira donish chirog‘i” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//