Jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy muhitini o‘rganish laboratoriyasi


Saqlash
17:31 / 25.02.2022 1644 0

Bugun jahonda tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora ko‘payib borayotgani har qadamda sezilmoqda. Ayrim davlatlarda yuz berayotgan noxush voqea-hodisalar guvohi bo‘lib, har birimizning vujudimiz junbushga kelib, etimiz seskanib ketayotgani ham bor gap. Qaysi bir mamlakatda nimadandir norozi kayfiyatda olomon namoyishga chiqayotgan bo‘lsa, boshqa birida esa fuqaro tongda ishga otlanayotib “Kechga uyimga sog‘-omon qaytib kelarmikanman”, degan tahlikada. Ayni bolalik gashtini surish o‘rniga ertalab yaqinlaridan rozi-rizolik so‘rab uydan chiqishayotgan farzandlarni, yashash umidida har bir daqiqasini jon hovuchlab o‘tkazayotgan xalqlarni ko‘rib turibmiz.

 

Milliy mafkura va g‘oyaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni jamiyat barqarorligiga salbiy ta’sir etuvchi tahdidlar va ularni qanday bartaraf etish nuqtayi nazaridan kelib chiqib, bugun hayotning o‘zi ma’naviy-ma’rifiy sohada muntazam ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishni taqozo etmoqda. Bu, bir tomondan, aholi tinchlik-osoyishtaligini saqlash, fikrlash tarzini yanada sog‘lomlashtirish, mafkuraviy immunitetini oshirishdan iborat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga xolisona baho berish, har bir ota-onaning farzandlar tarbiyasiga e’tiborini kuchaytirish, oila instituti mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan ishlarni kun sayin jadallashtirishni taqozo etmoqda. Bu yo‘lda ma’naviyat va ma’rifat karvonning boshi va boshlovchisi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Sohani takomillashtirish va mavqeini oshirish maqsadida so‘nggi besh yilda 11 ta qonun hujjati, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta farmoni va 4 ta qarori, 1 ta farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qaror va 5 ta farmoyishi qabul qilindi. 2021-yilning 19-yanvarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir” ma’ruzasi soha rivoji yo‘lida yana bir muhim turtki bo‘ldi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyatini takomillashtirish, uning muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Dunyoda geosiyosiy o‘zgarishlar va mafkuraviy kurashlar avj olib borayotgan bir vaqtda ma’naviy-ma’rifiy ishlar faqat targ‘ibot-tashviqot bilangina chegaralanib qolmasdan, sohaga jiddiy ilmiy yondashuv zarurligini talab etmoqda. Bugun internet tarmog‘i orqali bong urib chiqayotgan yoshlarimizning ko‘zi-qulog‘i va ongini zararli g‘oyalardan asrashning yangicha, zamonaviy usullarini zudlik bilan yaratish kerak. “Bolaning bo‘sh vaqti – dushmanning ish vaqti” deya bejiz aytilmayapti. Bu hikmatning tag-zamirida farzandlar taqdiri, aholining g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish, internet tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish kabi zalvorli masalalar yotibdi. Endilikda asosiy vazifa internetni yopish emas, uni tartibga solish, ezgu g‘oyalar bilan to‘ldirish hamda yoshlarga nima yaxshi-yu, nima yomonligini xolisona anglatishdan iboratdir. Shu o‘rinda siyosiy arbob Mahatma Gandining: “Men uyimning eshik va derazalarini mahkam berkitib o‘tira olmayman. Chunki unga toza havo kirib turishi kerak. Shu barobarida eshik va derazalarimni kirayotgan havo dovul bo‘lib, xonadonimni ag‘dar-to‘ntar qilib, o‘zimni yiqitib tashlaydigan darajada ochib ham qo‘ya olmayman” degan fikrlarini eslash o‘rinli.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2021-yilda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Ushbu institut oldiga mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga muhabbat, ma’naviy merosimiz, milliy adabiyotimizga hurmat ruhida tarbiyalash ishlarini ilmiy-metodik va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash kabi vazifalar qo‘yildi. Dunyoning mafkuraviy manzarasini o‘rganish, tahlil qilish, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos xorijiy tajribani amaliyotga joriy etishni tizimli yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Bunda chetdan kirib kelayotgan biror yangilik yoki odatni milliy qadriyatlarimizga monandligiga alohida e’tibor qaratish, el orasida keng tarqalgan “Xo‘rozqand chet elniki desa...” qabilida ish tutmaslik ham muhim. Shu ma’noda uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi asosida tarbiyaviy ishlar samaradorligini baholashning ilmiy asoslangan indikatorlari va ko‘rsatkichlarini amaliyotda qo‘llash o‘ta zarur ahamiyat kasb etayotir.

 

Eskirgan usullar bilan yot g‘oyalarga qarshi kurashishning samarasi sustligini hayotning o‘zi ko‘rsatib bo‘ldi. Bugungi sharoitda targ‘ibot-tashviqotning zamonaviy va innovatsion usullarini yaratish zarurati anglanmoqda. Shuni e’tiborga olgan holda institut yangi-yangi usullar, loyihalar ishlab chiqib, amaliyotga joriy etishdek vazifani bajarishga kirishdi. Bugun institutni jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy muhitini yanada sog‘lomlashtirishga xizmat qiluvchi ilmiy laboratoriya yoki tashxis maskani desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Ilm maskanimiz joriy yilda quyidagi ishlarni bajarishni ham o‘z zimmasiga oldi:

 

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ma’naviy-ma’rifiy vazifalarni bajarish va samarali muvofiqlashtirib borish bo‘yicha barcha kengashlar, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi ish dasturlarini davr talablari asosida yangidan tuzish va uning amalga oshirilishini ta’minlash, ular faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va yangidan tashkil etish;

 

Strategiyani amalga oshirish jarayonining tarkibiy qismi bo‘lgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar monitoringini tizimli tashkil etishga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni, taklif va tavsiyalarni muntazam ravishda tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Parlament va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini ta’minlash;

 

“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida barcha davlat va jamoat tashkilotlarida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” mavzusida “Ma’rifat soatlari”ni va soha vakillarining malakasini muntazam oshirib borishni tashkil qilish;

 

Shu oydan boshlab “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi asosida “Yangi O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyot strategiyasi” turkumida kitoblar, lug‘at va risolalar tayyorlash va chop etish ishlarini yo‘lga qo‘yish, shu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish ishlari rejalashtirildi.

 

Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari sifatida davlat byudjetidan ajratiladigan tegishli mablag‘lar, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida o‘tkaziladigan tanlovlar natijalariga ko‘ra ajratiladigan davlat byudjeti mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Institut bo‘limlariga xodimlar qabul qilinishida nomzodlarning ilmiy salohiyati, har tomonlama keng va sog‘lom fikrlashi, kitobxonligi, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish qobiliyatlari e’tiborga olindi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risidagi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risidagi nizom va Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom asosida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining murojaati va OAK Falsafa, tarix, siyosiy va sotsiologiya fanlari bo‘yicha ekspert kengashi tavsiyasiga muvofiq institutda ixtisoslashtirilgan Ilmiy kengash tashkil etildi. Mazkur laboratoriya maskani ilmli, kuchli aqliy salohiyatga ega kadrlarni yetishtirishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga oldi. Qabul qilingan har bir mustaqil izlanuvchi zimmasiga o‘zi olib borayotgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarini hududlarda sinovdan o‘tkazish va samaradorligi hamda natijasi yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berish mas’uliyati yuklanmoqda. Zero, ushbu tadqiqotning qog‘ozlarda emas, amalda – jamiyat hayotidagi ijobiy ta’sirini ko‘rsatish muhimdir. Har bir tadqiqotchi “Nima qilsam jamiyatimiz, xalqimiz, oilalarimiz uchun yaxshi bo‘ladi” degan fikr-mulohaza bilan yashashi muhim.

 

Hozirgi kunda institut Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi 9-uy manzilida faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy kompyuter jamlanmalari va sifatli mebellar bilan ta’minlab, xodimlarga ishlash uchun to‘laqonli shart-sharoitlar yaratilgan. Laboratoriya maskani o‘z ishini yanada jonlantirish va jadallashtirish uchun astoydil bel bog‘lagan.

 

Institut 2021-yil 22–26-noyabr kunlari “Joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish: muammolar va ularning yechimlari” yuzasidan malaka oshirish o‘quvlarini tashkil etdi. Mazkur kurslarda qarorda belgilangan vazifalarni bajarish bilan birga hududlardagi ma’naviy-ma’rifiy muammolarni o‘rganish, ularni bartaraf etish mexanizmlarini yaratish, ishlash tizimini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan mavzularda aqliy hujum, analiz, keys va boshqa metodlardan foydalanildi. O‘quvlarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat bo‘limlari, tuman (shahar) bo‘linmalarining 192 nafar rahbari ishtirok etdi.

 

O‘tgan yili 20–23-dekabrda institutda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tizimidagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlari hamda vazirlik va idoralarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilarining ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi 32 soatlik malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi. Onlayn o‘quv jarayonida 70 nafar tinglovchiga mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar hamda qabul qilinayotgan huquqiy-me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishning zamonaviy usullari bilan ishlanishi borasida tushunchalar berildi.

 

Institut haqiqiy ma’noda jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy muhitini o‘rganib, natijasi bo‘yicha asoslangan ilmiy xulosalar, taklif va tavsiyalar ishlab chiquvchi laboratoriya maskaniga aylanmoqda. Bugungi kunda yuqorida sanab o‘tilgan ma’naviy-ma’rifiy muammolarni yechishda ushbu laboratoriya maskani oldiga qo‘yilgan vazifalar naqadar muhimligi his etilgan holda, bu ishlarni bajarishga jiddiy kirishildi. Milliy g‘oya va mafkura bilan bog‘liq masalalar, murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan chuqur tahlil etish va baholash, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash, ularning aholi turlari qatlamlariga ta’sirini o‘rganish institut oldidagi eng asosiy vazifalardan bo‘lib qoladi. Milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo‘lgan zararli g‘oyalar va mafkuraviy xurujlar mohiyatini ochib berish hamda aholining keng qatlamlari, avvalambor, yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini shakllantirish, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama oshirishga yo‘naltirilgan suhbat va uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishning ta’sirchan usullarini yaratish yo‘lida izlanilmoqda.

 

Bugun ma’naviyat naqadar kerakligini, xalqimiz kechagi xalq emasligini, yangicha ishlashni, bugunimiz va ertangi kunimiz yanada yaxshi bo‘lishi uchun hamma odamlar o‘zgarishi zarurligini davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bu yo‘lda nafaqat mazkur institut, balki barchaning mas’ulligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar kuchaytirilmoqda. Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lib, uning joni va ruhi ma’naviyat ekanligi keng ommaga qayta va qayta singdirishning yangicha usullari bilan ishlash talab etilmoqda. Zero, moddiyat va ma’naviyatning teng ko‘rilishi faqat shiorlarda emas, balki ongimiz va qalbimizga ham mustahkam o‘rnashishiga erishish zarurdir.

 

Munira QAHHOROVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy

tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 120
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//