Puldan yasalmaydigan vatan, shaxs va kas muammosi – Eshqobil Shukur egoizm va fikrsizlik haqida


Saqlash
10:02 / 23.02.2022 1310 0

O‘zparastlik va fikrsizik 

 

Dunyo bo‘ylab kechayotgan murakkab  ma’naviy jarayonlar haqida mashhur olim Sergey Kapitsa bildirgan quyidagi fikrlar ushbu maqolaning yozilishiga  turtki bo‘ldi:  “Insonga biroz tin olib, bo‘layotgan voqealarni tafakkur qilish uchun imkon berishmaydi. Biri biridan badtar oxiri yo‘q seriallar, axloqsiz estrada, tantiqlik va jizzakilik xarakteridagi filmlar – barchasi astalik bilan ong ostiga ta’sir etib, egoizm va zo‘ravonlik urug‘larini sepadi. Risoladagidek odam qisqa vaqt ichida mutlaqo ma’nisiz hayot kechiruvchi, qadriyatsiz hayvonga aylanadi.” Bashariyatning ma’naviy ahvoliga qo‘yilgan bu tashxis  asosli.  Darhaqiqat, XXI asrga kelib, inson muammosi  yanada murakkablashib ketdi. Insonni inson sifatida tutib turgan tuyg‘ular tobora g‘ariblashib borayapti. Ko‘zlari qotib qolgan bolalarni ko‘rganingda qo‘rqib ketasan.  Bugunning odami dunyoning narigi chekkasida nima bo‘layotganini, hatto koinotda ne hodisalar kechayotganini yaxshi biladi, lekin o‘zini bilmaydi. Bu odam million xil mayda-chuydalar-u temir-tersaklar ichida izg‘ib, tobora o‘zidan uzoqlashib borayapti. U informning temir qutisi kabi tinimsiz informatsiya qabul qiladi, informatsiyadan sira to‘ymaydi, lekin tafakkur qilmaydi, qaqshab quriyotgan gul kabi tuyg‘ulariga ozgina suv sepib qo‘yishni bilmaydi. Oqibatda bunday odamlar Kapitsa ta’kidlaganiday “qadriyatsiz hayvon”ga aylanib qoladi.

 

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, internetda shov-shuv ko‘tarish, baqir-chaqir qilish juda oson bo‘lib qoldi. Internet cheksiz-chegarasiz shov-shuvlar bozoriga aylandi. Hamma –  yosh-u qari shu bozor ichida tagi teshik xaltasini ko‘tarib yuradi. Bunda shovqin-suron yoki biror bema’ni harakat bilan besh daqiqada butun dunyoga  tanilishing mumkin. Besh daqiqa mashhur bo‘lasan, so‘ng birdan qumga singgan tomchiday g‘oyib bo‘lasan, esdan chiqib ketasan. Chunki sening ortingda yana ming-minglab soxta shuhrat qullari yoqa yirtishib, navbat  talashib yotibdi.  To‘g‘ri, ba’zi o‘rinlarda, zarur hollarda mavridi bilan shov-shuv ko‘tarish ham kerakdir. Lekin bema’ni  shov-shuv, tiyiqsiz shovqin-suron,  tupukka botgan baqir-chaqirlar  olomonning  eng yaxshi ko‘rgan ozuqasidir. Bu narsalar olomonga kuch beradi. Millat uchun esa tafakkurni o‘zgartirish, fikrni ulg‘aytirish muhim. Baqir-chaqir, shov-shuvlar bilan tafakkurga ta’sir etib bo‘lmaydi. Bunda fikr ulg‘aymaydi, aksincha, o‘ladi. Fikr baqir-chaqirni yoqtirmaydi. Fikr tinglanishi, shovqin-suronlarga g‘arq bo‘lib ketmasligi kerak. Men bir ziyoli sifatida yuzlab telekanallar, son-sanoqsiz ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, ulardan fikr izlab o‘tiraman. Lekin afsuslar bo‘lsinki, fikr degani anqoning urug‘iga aylanib borayapti.  Ba’zan televizorda ikki-uch soatga cho‘ziladigan otish, o‘ldirishdan iborat qonga botgan jangari filmlarga ko‘zim tushib qoladi. Ulardan tirnoqcha foyda yo‘q, aksincha tog‘cha zarar bor. Jaholat axlatxonalarida to‘zg‘ib yotgan bunday “musorlar” ichida qanchadan-qancha yoshlar izg‘ib yuradilar va bu “yoqimli tomoshalar” ularning qalbini vayron qilayotganini bilmaydilar.  Fikrsizlik mudhish illat, bu illat odamni o‘zidan ayiradi, elidan, vatanidan ayiradi.

 

Ma’naviy iqlim o‘zgarishlari

 

Men bobom va momomga ergashib yurib katta bo‘lgan bolalardanman. Endi yoshim oltmishga yaqinlashganda o‘ylab qarasam, bobom bilan momomning eng ko‘p ishlatadigan so‘zlari “el-yurt” degan so‘zlar ekan. Ular bu so‘zlarni ichki bir hurmat va qarzdorlik hissi bilan tilga olishardi, pirning otini ataganday aziz tutishardi. Bugun bu so‘zlarni davralarda aytsangiz  ko‘plar qizil  so‘zlar, shunchaki balandparvoz gaplar deb qarashadi. Nega shunday bo‘ldi? Nega?.. Aza  vaqtlarida dardini ko‘tarolmayotgan  momolarim “Elim-ov, yurtim-ov!” deb shu so‘zlarga suyanganini eslayman. To‘y-u tantanalarda, ko‘pkari-kurashlarda “Elim-yurtim, tovim” deb qaddini mag‘rur tutgan  bobolarimni eslayman. Nega bugun bu aziz so‘zlarni kimlardir shunchaki jo‘n so‘zlar, ko‘pchigan minbarlar uchun navbatchilik qiladigan sayoz gaplar deb qabul qilishadi. Bu menga juda alam qiladi. Yigitlarga kuch-g‘ayrat bergan, qizlarga nomus bergan bu so‘zlar nega bu ahvolga tushib qoldi? Ularni kimlar shu holga soldi?  “Elim-yurtim” degan so‘zlarni miyig‘ida kulib, kinoya bilan aytadigan odamlar ham paydo bo‘ldi. Buning har xil sabablari bordir. Bu haqda to‘xtalmoqchi emasman. Faqat doimo ma’naviy mezonlarning ob-havosini  belgilab turgan tushunchalardan putur ketayotganini ta’kidlamoqchiman. Bu tushunchalar ozon qatlami kabi yemirilib ketayapti. Oqibatda ma’naviy iqlim o‘zgarishlari tabiiy iqlim o‘zgarishlaridan ko‘ra ko‘proq  xatarli tus olmoqda.

 

Puldan vatan yasab bo‘lmaydi

 

Egoizm bizda xudbinlik, o‘zidan boshqani ko‘rmaslik, faqat o‘zinigina o‘ylash, o‘zi uchun hamma narsani qurbon qilish, o‘zparastlik  ma’nolarida tushuniladi. Asrlar mobaynida bobolarimiz bu illatga qarshi kurashgan va yaxshi natijalarga erishgan. Bugungi kunga kelib egoizm zulmati dunyoni mavhum qorong‘ilikka tortayapti.   “Har kim o‘zi uchun yashashi kerak!  O‘zim bo‘lsam bo‘ldi, boshqalar nima bo‘lsa bo‘lavermaydimi?”  kabi  bezbet g‘oyalar millionlab miyalarning achigan qatig‘iga aylandi. Hamma narsaga jon kuydirib yuradigan, dunyoning pok bo‘lishini istaydigan,  a’lo o‘qiydigan, jamoat ishlarida faol, bilimli, beg‘ubor bolaginaning ustidan bir to‘p sinfdoshlari “Patrioitmisan?  Ahmoq!” deb kulishadi.  Bir paytlar o‘ziga o‘tib ketgan birovning haqqini o‘ttiz yildan keyin qaytarib berayotgan odamni “O‘zini ko‘rsatmoqchi, Tik tokka qo‘yishsin, degan umidda shunday qilayotgandir-da” deb masxaralashadi.  O‘g‘lining qadam olishi bejoligini sezib, shu bolam haromxo‘r, poraxo‘r bo‘lib ketmasin deb rahbariyatga o‘g‘lini ishdan bo‘shatishni so‘rab borgan otani go‘l va ahmoqqa chiqarib ustidan kulishadi. Bizda azaldan eldan ayrilishni fojia deb bilganlar.  Lekin keyingi paytlarda buni sharaf, martaba  deb biladiganlar paydo bo‘layapti. Bepisandlik, kibr-u havo, odamlardan ayricha yashash, o‘z bolasi bilan ona tili qolib,  o‘zga tillarda gaplashish, qayerda  maishat yaxshi bo‘lsa, o‘sha joyni Vatan deb bilish... kabi o‘lik qarashlar ayni holga yel puflayapti.  Puldan  xudo yasash, puldan vatan yasash bundaylarning nomai a’moliga aylanib qolgan. Baxshilarimiz aytishgan-ku:

 

Nodonlar yig‘laydi puldan ayrilsa,

Mard yigitlar yig‘lar eldan ayrilsa.

 

Tuproq  biz uchun oddiy loy emas, bobolar xoki hamdir. Shuning uchun xalqimiz tuproqni e’zozlagan.  Tilimizda “ona tuproq” degan ibora bekorga paydo bo‘lmagan. Momolar uzoq safarlarga ketayotgan farzandlariga bir chimdim tuproq tuyilgan tumor berishgan. “Unib o‘sgan yeringni, elingni unutma! Shu tuproqning  hidi senga yurtingni eslatadi”,  deyishgan-da.

 

Bobom o‘tgan asrning qirqinchi yillarida hozirgi Kakaydi qasabasining bozorida tojikistonlik bir odamga  sigirini sotadi.  Olti yil  o‘tib,  o‘sha sigir olti bolasini ergashtirib, salkam ikki yuz chaqirim yo‘l bosib,  Surxondaryoga, Boymoqli qishlog‘iga,  bobomning hovlisiga kirib keladi. Ana mo‘jiza-yu, mana mo‘jiza! Ne-ne past-balandni, yaxshi-yomonni  ko‘rib-kechirgan donishmand  el ham bunday hodisaga kamdan-kam  duch keladi. Keyin bobom bozorga borib, olti yil avval sotilgan sigirining uyga qaytib kelganini, mabodo  sotib olgan egasi kelib qolsa, Boymoqliga borishini ayttirib jar soldiradi. Keyingi bozorda sigirning  egasi qishlog‘imizga keladi va bir buzoqni bobomga qoldirib, mollarini olib ketadi. Men ertak aytayotganim yo‘q.  Hozir to‘qson ikkiga kirgan onam o‘sha sigirni olti bolasi bilan  ko‘rgan. O‘zining tuprog‘ini sog‘inib qaytib kelgan bir jonivor haqida hozirgacha eldoshlarim gapirib yurishadi. O‘z tuprog‘iga  bir hayvonning  talpinishi shuncha  ekanki, bu ehtiyoj odamda qanday kechadi? Odam qayga bormasin, dunyoning qaysi burjida yurmasin, uning ildizlari ona tuprog‘ida qoladi va muntazam o‘ziga tortib turadi. Agarki, u o‘z ildizlaridan tamomila uzilib ketmagan bo‘lsa... shunday bo‘ladi. Tuproqning siri ham shunda.

 

 Shaxs va kas muammosi

 

Bir filmda g‘aroyib bir epizodni ko‘rdim. Ayol erkakka: “O‘zing haqingda gapirib ber” dedi. Erkak unga vatani haqida gapira boshladi.  Ayol uni to‘xtatdi va: “Men sendan o‘zing haqingda gapirib berishingni so‘radim, vataning haqida emas” dedi. Erkak ajablanib ayolga qaradi va shunday dedi: “Odam Vatani haqida gapirmasdan, qanday qilib o‘zi haqida gapirishi mumkin”.

 

Juda ajoyib!  Shunday emasmi?  Vatanimiz bu bizning o‘zimizdir. Qizig‘i shundaki, biz o‘zimiz haqida gapirayotganimizda vatanimiz haqida gapirayotgan, Vatanimiz haqida gapirayotganda, o‘zimiz haqida gapirayotgan bo‘lamiz. Shuning uchun imkon boricha, bu narsaga yolg‘onni aralashtirmaslik kerak. Yolg‘on qo‘shib, o‘zimizni ham Vatanimizni ham aldamaylik.  Bir narsa aniqki, odam o‘zini vatanisiz tanishtirolmaydi.

 

Darvoqe, mavzumiz egoizm va fikrsizlik haqida edi. Lekin meni mavzudan chetlayapti deb gumon qilmang. Egoizm eldan ayirsa, fikrsizlik yurtdan ayiradi.  Fikrsizlik ham tez urchiydigan illat ekan. Uning paydo bo‘lishi, moyilligi borlarni tez o‘pqoniga tortishi, odamlarni tanballik va befarqlikka o‘rgatib qo‘yishida ko‘plab sabab va omillar bor.

 

Men to‘y-u tomoshalarda, yig‘inlarda, konsertlarda  yurtni buzib shovqin suron ko‘tarayotgan qo‘shiqlarning yoshlarga ta’sirini sezib, ko‘rib turaman. Bunday bema’ni qo‘shiqlar yoshlarni fikrsizlikka yetaklaydi, poda qilib tashlaydi. Biz ko‘p o‘rinlarda Shaxs va kasning farqiga bormay qolayapmiz. Ko‘pgina yoshlarimiz Aytmatov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva kabi Shaxslardan ko‘ra, almoyi jalmoyi ohanglarga yo‘rg‘alayotgan biron estrada xonadasiga ko‘proq rag‘bat ko‘rsatadilar. Balki ko‘proq deb xato qilayotgandirman, butunlay desam to‘g‘ri bo‘lar. Zamonaning ozgani, otdan eshak o‘zgani deb shunga aytadilar-da.

 

Surxondaryoda bir to‘yda nomdor bir estrada xonanadasining bema’ni baqir-chaqirlariga, ko‘pchigan qiyqiriqlariga jazavaga tushib qiyshanglayotgan yosh-u qarini ko‘rdim. Ular shunchalar bema’nilashgan ediki, bunga chidash og‘ir edi. Ular nima qilayotganlarini o‘zlari bilmas, qay ahvolga tushganini sezmas edilar. Bema’nilik juda xunuk ko‘rinar ekan. Bu betiyiq jazava ko‘rinishi binoyiday odamlarni ajinalar holiga solgan edi. Beixtiyor, “Shu mening elimmi? Shu mening odamlarimmi?” deb yubordim. Mening elim qani, Bobo? Mening yurtdoshlarim qani, Momo? Bular begonalar-ku! Mening tomirlarim qani, Surxondaryo?

                  

Ota-onasiz qolgan yetim emas, maslahatsiz qolgan yetimdir

 

Yaqinda  bir birodarimizning shahar markazidagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadoniga borishimga to‘g‘ri keldi. Uchinchi qavatdagi eshikdan kirar ekanman, qarama-qarshi tomondagi eshik ochilib, g‘o‘ddaygan bir odam chiqib zina tomonga yurdi. Unga salom bergandim,  alikni nasiya qilib jo‘navordi. Mezbon birodarim e’tibor qilmang, deganday xijolatomuz bosh chayqadi. Ichkariga kirib o‘tirganimizda men undan qo‘shnisi haqida so‘radim. Mezbon hafsalasizlik bilan:  “Kimliginiyam bilmayman” dedi. Men: “Yaqinda ko‘chib kelganmi?” dedim. “Yo‘q, – dedi birodarim, – olti yildan beri yonma-yon yashaymiz. Lekin bir-birimizni tanimaymiz. Ko‘rishib qolsak, bosh irg‘ashib qo‘yamiz, xolos. O‘zi juda tund odam. Oilasi ham shundayroq.”

 

Odam odamni, xesh aqraboni,  qo‘shni qo‘shnini tanimay qolayotgan globallashuv zamonidagi ba’zi befarqliklarni kuzatib yana bir voqea esimga tushadi. Dashtda Xalil boboning sigiri yo‘qolib qoldi. Uloqqan sigir qaysidir qishloqdagi bir hovliga kirib bordi. Uy egasini shayton turtib, sigirni og‘ilxonasiga yashirib qo‘ydi. Xalil bobo molini ko‘p axtarib topolmadi. Kunlarning birida o‘sha hovliga Xalil boboning inisi Qulun aka borib qoldi. Qulun aka uy egasi bilan o‘z ishini gaplashib turganda molxonada turgan sigir o‘z egasining inisini ko‘rib tanidi va qattiq bo‘kira boshladi. Uy egasi sigirni Qulun akaga ko‘rsatmadi. Qulun aka hovlidan chiqib ketgandan keyin jonholatda bo‘kirayotgan sigir ipini uzib, molxonadan otilib chiqadi va  Qulun akaga yetib oladi.

 

Dunyoda o‘zini o‘zi yolg‘izlikka mahkum etayotgan odamlar soni borgan sari ko‘payib borayapti. Ularga qo‘ni-qo‘shni ham, qarindosh-urug‘, do‘st-u yor ham kerak emas. Tinch qo‘ysangiz bo‘ldi. O‘z qobig‘iga o‘ralib, ko‘ngli nimani tusasa, shuni qilib o‘tiraveradi.

 

Yana bir narsani sezayapsizmi? Keyingi paytlarda maslahat tushunchasining qadri ketib borayapti.  Har kim bilganini qiladi. Kallasiga nima kelsa, shunga bir turtinib ko‘radi. Keyin “Voydod! Ishlarim rasvo bo‘ldi. Sho‘rim quridi!” deb g‘avg‘o ko‘taradi. Bizning odamlarimiz har bir ishni maslahat bilan qilgan. “Maslahatli to‘y tarqamas” deganlar. Ayrimlar o‘zlarini shuncha aqlli sanaydilarki, birovlarning maslahati ularning nafsoniyatiga tegadi. Folkner aytganiday: “Ba’zi odamlar Xudoning ishlarini Xudoning o‘zidan ko‘ra yaxshiroq bilamiz deb o‘ylashadi”. Maslahat bevosita el bilan bog‘liq tushuncha. El bor joyda maslahat bo‘ladi. El yo‘q joyda maslahat o‘ladi. Shu gaplarni yozayotganimda ko‘nglimdan bir fikr o‘tdi: Ota-onasiz qolgan yetim emas, maslahatsiz qolgan yetimdir.

 

Tuyg‘ularga zulm qilmang

 

Vafo, sadoqat, hayo, imon, or kabi tuyg‘ular borki, ularni odamning ko‘ngliga Xudo solib qo‘yadi. Keyingi paytlarda bu tuyg‘ularga tahdid kuchaygandan kuchaydi. Ommaviy madaniyat o‘z otishmalarini shulardan boshladi. Holbuki, ularga zulm qilish Xudoga qarshi ishlashdir. Bu tuyg‘ularni xo‘rlab hech kim omonlik topmasligi, oxir oqibatda o‘zi xor bo‘lishi ayon haqiqatdir. Shu topda yana bir taqdir hikoyasi esimga tushdi. Eri urushga ketayotganda Oysuluvning ichida uch oylik homilasi qoldi. Olti oy o‘tib Oysuluv o‘g‘il ko‘rdi. Uning eri urushdan qaytmadi. Go‘zal Oysuluv boshqa er qilmadi. Butun hayotini shu bir o‘g‘ilga va shahid ketgan erining xotirasiga bag‘ishladi. Oylar, yillar o‘taverdi. Keyin... o‘sha uch oylik homiladan navbatma-navbat o‘n o‘g‘il dunyoga keldi. Oysuluv qarib vafot etayotganda  11 o‘g‘il boshida edi. Men bu ayol taqdiri haqida hech narsani qo‘shib-chatib yozmadim. Bor haqiqat shu. Oysuluv Xudo ko‘ngliga solgan tuyg‘ularga vafo qilib vafo topdi. Insonday yashadi, insonday ketdi.

 

Men o‘g‘lim yo nabiramning qo‘lida hamisha kitob ko‘rishni istayman. Chunki ularga kitob yo‘ldosh bo‘lsa, egoist bo‘lmaydi, tafakkurga yaqin yuradi, tuyg‘ulari tarbiya topadi deb umid qilaman. Ba’zan o‘ylab qolaman. Ertak va afsonalarimiz, xalq qo‘shiqlarimiz, “Alpomish” dostonimiz bo‘lmaganida,  holimiz nima kechardi? Endi yana tashvishlisi, ertaksiz avlod, Alpomishsiz avlod qatlami shakllanayotganday. Texnik avlod, pultli avlod. Ertaklarimiz va Alpomishimiz bor-u, lekin ertaksizdaymiz. ”Alpomish” ham ertak va rivoyatlarimiz ham torgina doirada, bor-yo‘g‘i to‘rt-beshta adabiyotchilar doirasida qolib ketayotganday. XXI asr oldimizga shunday bir shartni ko‘ndalang qo‘ymoqdaki, unga ko‘ra voz kechadigan narsalardan voz kechib, asrab qolishimiz kerak bo‘lgan narsalarimizni asrab qolishimiz kerak. Bu jarayonda biz nimalardan voz kechishimiz barobarida nimalarni saqlab qolishimizni aniq bilishimiz juda muhimdir.

 

Qishlog‘imizning eng keksa kampiri – 100 yoshga yetgan  Zulfin momo bilan ko‘rishganimda birdan o‘pkam to‘lib, ko‘zlarimga yosh keldi. Lekin, nimaga yig‘layotganimni o‘zim bilmas edim. Faqat bir narsani sezardim: Qalb aqlsiz ham aqldan tashqaridagi ko‘p narsani his etadi.

 

Eshqobil SHUKUR

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2021-yil 3-son.

Egasiz egoizm va  kesimsiz bema’nilik” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19310
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16388
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi