Toshkent “Ulamo jamiyati”ning Turkiston Muxtoriyatiga munosabati


Saqlash
19:09 / 22.02.2022 2888 0

1917-yil fevral va oktabr inqiloblari natijasida yer yuzining eng yirik mustamlakachi imperiyalaridan biri bo‘lgan chor Rossiyasi tarixga aylandi. Uning o‘rnida qisqa muddat davom etgan qo‘sh hokimiyatchilik davrida so‘z va diniy e’tiqod erkinligi paydo bo‘ldi, milliy-siyosiy boshqaruv idoralari, muxtor shaklidagi respublikalar tuzish imkoniyati tug‘ildi.

 

Turkistonda yangi jamiyat kurtaklarini shakllantirish uchun harakat boshlanib ketdi. O‘lka ijtimoiy-siyosiy hayotida muxtoriyat masalasi asosiy masala bo‘lib qoldi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g‘oyasi nafaqat milliy ziyolilar, ma’rifatparvar ulamolar orasida, hatto oddiy odamlar o‘rtasida ham ancha ommalashib bordi.

 

1917-yil 16–23-aprelda Toshkentda bo‘lgan Butunturkiston musulmonlari I qurultoyda tub xalqlarning muxtoriyat tomon qat’iy intilishi, o‘z an’analari, urf-odatlari va turmush tarzini izchil turib himoya qilishi aytildi hamda demokratik Rossiya tarkibida Turkiston Muxtoriyatini tashkil etish g‘oyasi olg‘a surildi. Bu g‘oya Turkiston xalqlarining o‘z milliy davlatchiligini tiklash yo‘lidagi dastlabki qadami edi.

 

1917-yilning 1720-sentabr kunlari Ulamo jamiyati tashabbusi bilan Toshkentda Turkiston va qozoq musulmonlarining qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkistonning deyarli barcha hududlari hamda Ural va To‘rg‘ay viloyatlaridan besh yuzga yaqin vakillar qatnashdi. Qurultoyning Turkiston Muxtoriyati tuzishga qaror etganligi matbuot sahifalaridagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi (“Ulug‘ Turkiston” gazetasi. 1917-yil 30-sentabr. 2-b).

 

Biroq, 1917-yil 25-oktabrda (yangi sana bilan 7-noyabrda) qurol kuchiga tayangan bolsheviklar zo‘ravonlik yo‘li bilan Petrogradda hoqimiyatni egalladi. 1-noyabrda esa Toshkentda Muvaqkat hukumatning Turkiston Komiteti a’zolari qamoqqa olindi. Toshkentda ham zo‘ravonlik yo‘li bilan sovet tuzumi o‘rnatildi.

 

Shunday tahlikali davrda Turkistonning milliy vatanparvar kuchlari o‘lka taqdiri uchun xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash va o‘z davlatchiligini yaratish huquqini amalga oshirishga qaratilgan qat’iy siyosiy pozitsiyada turdi.

 

Bolsheviklar bilan hamkorlikdan bosh tortish belgisi sifatida milliy demokratiya yo‘lboshchilari boshqargan markaziy “Sho‘roi Islomiya” a’zolari Toshkentni tark etib, Qo‘qonga ko‘chib o‘tdilar. Ular bu yerda 1917-yil 26-noyabrda IV Favqulodda Umumturkiston musulmonlari qurultoyini chaqirishdi. Bu qurultoy Turkistonda davlat tuzilishi haqidagi masalani hal etishni ko‘zda tutdi. 28-noyabrda tarkib topayotgan mazkur davlatchilikning nomi aniqlanib, u Turkiston (Qo‘qon) Muxtoriyati deb ataldi.

 

Ta’kidlash joizki, ayrim tadqiqotchilar muxtoriyatchilik g‘oyasining vujudga kelishini bevosita Turkiston musulmonlarining “Sho‘roi Islomiya” va “Ulamo jamiyati” kabi milliy tashkilotlari faoliyati bilan bog‘laydilar. Garchi ular orasida milliy davlatchilik masalasida ayrim qarama-qarshiliklar bo‘lgan bo‘lsa-da, Turkistonda 1917-yil noyabrida vujudga kelgan ayanchli ahvol bu ikki tashkilotni birlashishga majbur etgan (Hayit, V. Turkestanzwischen Russland und Shina. Amsterdam, 1971, S.239; Basmatschi. Koeln. 1992. S. 27).

 

Darhaqiqat, bolsheviklar turkistonliklarning xohish-istaklari bilan hisoblashmaganlaridan so‘ng Turkiston Muxtoriyati hukumati vujudga keldi. Bu hukumat qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Yangi mahalliy hukumat faqat Qo‘qonda yoxud Farg‘ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Qo‘qon muxtoriyati mahalliy, Qo‘qon va hatto Farg‘ona harakatigina bo‘lib qolmasdan, balki butun Turkistonning umumiy harakati bo‘lgan va Turkistonning butun tumanlarini egallagan, millatidan qat’iy nazar butun Turkiston burjuaziyasini jalb qilgan va turli bosqichlarda Turkiston aholisining boshqa qatlamlarini ham qamrab olgan (Алексеенко П. Кокандская автономия. – Т., 1931. С. 27).

 

Muxtoriyatning e’lon qilinishi o‘lka musulmonlari orasida xursandchilik g‘alayonini uyg‘otdi, ko‘psonlik mitinglar va namoyishlar o‘tkazildi («Свободный Самарканд»  gazetasi. 1917-yil 20-dekabr. 4-b). Jumladan, 1917-yil 1-dekabrda Namanganda 10 mingcha kishi ishtirokida muxtoriyatni qo‘llovchi yig‘in bo‘ldi, Jalolobod volostining Xonobod qishlog‘ida 6-dekabrda, Qo‘qonda 7-dekabrda shunday namoyishlar bo‘ldi (“Ulug‘ Turkiston” gazetasi. 1917-yil 20-dekabr. 2-b).

 

Barcha qatorida 1917-yilning iyun oyida Toshkentning bir guruh ulamolari tomonidan tashkil etilgan “Ulamo jamiyati” ham mazkur Muxtoriyatni olqishladilar, uni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida musulmonlar orasida tashviqot-targ‘ibot ishlarini olib bordilar. Dastavval, 1917-yil 6-dekabrda Toshkentdagi Xo‘ja Ahror Valiy jome’ masjidida Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan 60 ming kishilik miting o‘tkazildi. Unda shariatga muvofiq idora qilingan taqdirda Muxtoriyatning Muvaqqat hukumatiga bay’at, ya’ni itoat qilishga ahd qilindi. Muxtoriyat vujudga kelgani uchun shukrona aytib, ulamolardan mulla Toshpo‘lad qori va Abdusami’ qorilar tomonidan Qur’on o‘qilgan (Toshkand xabarlari // “Al-Izoh” jurnali. 1917-yil 11-dekabr. 18-son 278-b).

 

13-dekabrda Toshkentda “Turkiston muxtoriyati uchun” shiori ostida o‘tkazilgan namoyishda ham ulamochilar faol ishtirok etganlar. Bu namoyishda musulmonlardan tashqari ruslar, yahudiylar, armanlar, shuningdek, bolsheviklardan tashqari turli xil ijtimoiy-siyosiy tashkilotlardan vakillar ishtirok etganligi haqidagi xabar ayniqsa muhim bo‘lib, Turkiston Muxtoriyatini o‘lkadagi boshqa millat vakillari qo‘llab-quvvatlaganligini tasdiqlaydi (“Ulug‘ Turkiston” gazetasi. 1917-yil 16-dekabr. 2-b).

 

Jamiyatining Toshkentda haftada bir marta chiqadigan diniy, ilmiy, adabiy, siyosiy nashri – “Al-Izoh” jurnali sahifalarida ham Turkiston (Qo‘qon) Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bir qator maqolalar berib borilgan. Xususan, jurnalining 1917-yil 11-dekbrdagi 18-sonida “Xo‘qanda bo‘lg‘on musulmon kraevoy syezdi qarori” sarlavhasi bilan Qo‘qonda Muxtoriyat e’lon qilinganligi to‘g‘risidagi xabarni “El bayrog‘i” gazetasining 28-noyabrdagi sonidan olib bostirdi va xabarni “Yashasun Turkistonning erlik muxtoriyati!”, deb yakunladi. 1918-yil 1-fevraldagi 22-sonida taniqli ulamo, mudarris, shoir, olim, tarjimon, publitsist, mudarris Saidahmad Vasliy Samarqandiyning Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan mitinglardan birida so‘zlagan nutqi e’lon qilingan. Vasliyning mitingda ishtirok etayotgan ulamo, talabalar, boylar va yoshlarga qarata qilgan murojaat barcha Turkiston ulamolarining o‘lkadagi davlatchilik masalasiga, Vatan ozodligi, millat ravnaqi yo‘lidagi qarashlarini ifodalaydi. “Omil va yakdil bo‘lsak sa’id va muxtoriyatimiz ustivor o‘lur!”, degan iboralar bilan nutqiga xulosa yasaydi.

 

Biroq, bu mitingdan bir oz ilgariroq, aniqrog‘i “Ulamo jamiyati” tomonidan 1918-yil 5-yanvarda Toshkentdagi jome’ masjidida Miyon Fozil Qodir Miyon Fazl o‘g‘li raisligida taxminan 60 ming kishilik yig‘ilishda qabul qilingan qarorlar o‘lkaning barcha siyosiy kuchlari, ayniqsa musulmon aholisini jo‘nbushga keltirdi. Xalq orasida “Ulamo” avval bizni Muxtoriyatga axd qildirdi, itoat qilishga qasam ichirdi, endi esa uni tan olmaslikka qaror berdi, bu qanday musulmonchilik!”, degan tanqidlar, ta’nalar, shov-shuvlar avj oldi.

 

Mahalliy matbuotda ham “Ulamo jamiyati”ning bu harakatini qoralovchi qator maqolalar e’lon qilindi. Jumladan, “Ulug‘ Turkiston” gazetasining 1918-yil 11-yanvardagi 50-sonda berilgan “Muxtoriyat va Toshkent ulamosi” nomli maqolada “Agar “Ulamo jamiyati” haqiqatda biz eshitgon tarzda yo Muxtoriyatka va yo-da xalq tarafindan saylanib qo‘yilg‘on qozilarg‘a qarshi xalqni quturta turg‘on bo‘lsa bu ish “Ulamoi kirom” atalg‘on oliy bir toifaning sha’niga yoqishmaydur. Butun Turkiston bir bo‘lib din va millatimizning rivoj va nufuzi uchun tirishurg‘a va muxtoriyatimizni kuchli qilurg‘a teyishli bir zamonda har xil ixtilof va janjal chiqaruvg‘a xizmat etuv har holda islomiyatga xizmat bo‘lmasa kerak.”, deyiladi.

 

“Ishchilar dunyosi” jurnalning 1918-yil 18-yanvardagi 2-sonidagi muhim maqolalardan biri “Turkiston uchun xo‘rlik” deb nomlanib, u “Toshkent masjidi jome’inda 5 yanvar, juma kuni “Ulamo jamiyati” tarafidan katta yig‘in bo‘lib, Umumturkiston uchun zo‘r ko‘ngilsiz voqea bo‘lib o‘tdi. Tarixda Turkiston uchun bir qaro sahifa ochildi” deb boshlanadi. Muallif bo‘lgan voqeaga imkon qadar xolis baho berishga intiladi va ulamolarning masjidda Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan bildirgan ishonchsizligini qoralaydi. “Ulamo jamiyati”ning shu kungacha Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlab kelganligini, afsuski “hech nima fursat o‘tmasidan muvaqqat hukumat ozmi ko‘pmi ishlab turganida bir to‘da loyqa suvdan baliq ovlaydirgan irtijo’parast muxtoriyat dushmanlari masjidi jome’da ma’vizalar o‘rtasinda Muxtoriyat xususinda so‘z qo‘zg‘otib, sodda xalqning ko‘ziga bir dona tuxumni 70 xil qilib bo‘yab ko‘rsata boshladi. Bechora bizim xalq kamoli sofdilligidan bul janoblarning nohaq so‘zlarin haq fahmlab hayajonga keldilar. Shul fursatda notiq afandi usta ta’birlar bilan xalqqa xitob qilib (Xaloyiq Xo‘qanddagi hukumatni bizlar bilmasmiz. Muvaqqat hukumat bizga kerak (emas) degan mazmunda so‘zlab, Xo‘qanddagi hukumat kerak emas deganlar qo‘l ko‘tarsin, deb bir necha soddadil qora xalqni qo‘l ko‘tartirib oldilar.”, deya voqea tafsilotlarini bayon qiladi. Maqola davomida, “Shuning barobarinda muhtaram ulamolarimizdan, suyuklu yoshlarimizdan o‘tinamiz-ki, mundan buyon har ikki taraf ham sof bo‘lib harakat qilingiz. Ulamolarimiz qora xalq bizning orqamizda deb Turkistonga uyat keltiradirgan ishni ishlamasunlar. Yoshlarimiz ham o‘z foyda zararini ajratolmagan xalqimiz uchun kecha-kunduz rahmat o‘rniga la’nat eshitib, boshdan oyoq kufr pechati bilan pechatlanib, oxiri o‘rtada biror qonli voqea bo‘lib, badbaxt Rossiyaning ahvoli Alloh saqlasun, bizim Turkiston boshiga tushmasin deb qo‘rqamiz”, deb yozadi.

 

Muallif “Oh, ... bu qanday xo‘rliq! Qanday uyatsizliq! Takror aytamiz-ki, ulamolarimiz, yoshlarimiz mundan buyon ehtiyot bo‘lib harakat qilmasalar, hozirgi Rossiyaning badbaxt holi bizni Turkiston boshiga keladir... (Turkiston uchun xo‘rlik // “Ishchilar dunyosi” jurnali. 191-yil 17-yanvar. 5-b), deb fikrini yakunlaydi.

 

“Ulamo jamiyati” tomonidan o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda xalq noroziligiga sababchi bo‘lgan qarorlar “Al-Izoh” jurnalining 21-sonida “Toshkandda ulug‘ miting qarorlari” sarlavhasi bilan quyidagicha e’lon qilingan: 1. Xo‘qand shahrinda tashkil edilmish hukumat a’zolarina norozi o‘lgonlari sababli alarg‘a protest “norozilik” bayon etub, muttafiq o‘lgonlari holda bir og‘izdan alarni hukumat a’zosi deb tonumasg‘a qaror berdilar; 2. Tezdan (Toshkand shahrina xos bo‘lsa kerak) Muvaqqat hukumat a’zosi tashkil etmoq xususinda “Ulamo jamiyati”g‘a ixtiyor berub tobshurdilar; 3. Muxtoriyat e’loni kuninda xalq foidasig‘a yig‘ilmish aqchalarni har kimda bo‘lsa olib, yangidan bo‘ladurg‘on militsiyag‘a sarf etmakni “Ulamo jamiyati”g‘a topshurdilar.

 

Darhaqiqat, ushbu qarorlar bir qarashda “Ulamo jamiyati”ning dastavval Muxtoriyatga bo‘lgan munosabati va shunga yarasha qilgan amallariga zid keladi. Shubhali vaziyatga jamiyatning o‘zi mazkur maqola so‘ngida quyidagicha tushuntirish beradi: “Ushbu kunlarda “Ulamo jamiyati” aftonumiya (Muxtoriyat)g‘a qarshi degon so‘zni har zahgo‘y (behudago‘y)lardan eshutmakdamiz. Ogoh bo‘lingiz bul so‘z faqat ixtilof va adovat va fitnachilikdan hosil o‘lg‘on. “Ulamo jamiyati” borasina tuhmat va ta’nadur.

 

Xo‘qand hukumat a’zolarin tonumaslikdan Aftonomiyag‘a qarshuliq chiqodurmu?

 

Har bir kishi, hatto go‘dakg‘a-da hurriyatning birinchi samarasi deb tonilmish va orzu edilmish Aftonomiyag‘a “Ulamo jamiyati” qarshu bo‘lmog‘i tugul “Juhalo jamiyati”da qarshi o‘lmas.

 

 

Sizlar ham yaxshi bilib eslaringizg‘a qo‘yungiz! (Toshkandda ulug‘ miting qarorlari // “Al-Izoh” jurnali. 1918-yil 12-yanvar. 21-son. 316-b).

 

Voqealar silsilasida, 1918-yil 18-yanvarda Toshkentda ochilgan soldat, ishchi va dehqonlar syezdiga “Ulamo jamiyati” tarafidan quyidagicha takliflar kiritilgan: “1-hozirdagi bolsheviklar hukumati joyida to‘xtasin va ammo hukumatini va maslagini Turkistonda turguvchi uruslarga va ajnabiylarga yurguzsin va ham Russiya jumhuriyatining Turkistondagi mushtarak ishlariga nazorat qilib to‘xtasun.

 

2-Turkistonga e’lon qilingan muxtoriyat to Туркистон учредителний собрания (ta’sis majlisi)ga qadar musulmonlarga maxsus bo‘lsun va musulmonlar o‘z oldilariga alohida hukumat tashkil qilsunlar. Jami doxiliy ishlarni shariatga muvofiq ijro qilib turmoqlari uchun...

 

Ushbu tartiblar to Туркистон учредителний собрания (Turkiston idora usuli) tasdiq qilinganicha joriy bo‘lib tursun va ammo учредителний собранияni chaqirmoq tartibini bolsheviklar hukumati Musulmon muxtoriyati bilan ittifoqlashib chaqirsun” (Ulamo jamiyatining taklifi // “Ishchilar dunyosi” jurnali. №3. 1918-yil 1-fevral. 5-b). Takliflardan ko‘rinib turibdiki, Toshkent ulamochilari Muxtoriyat hukumatini mutlaqo rad etgan emas. Aksincha, ta’sis majlisigacha Turkistonning tub aholisi uchun mas’ul hukumat sifatida tan olmoqda. Demak, asl ziddiyat jadidlar va ulamolarning xalq oldidagi yetakchilik uchun intilishlari natijasi edi. Mavjud ko‘ngilsizliklar esa ulamolarning ham, yoshlarning ham orasida bo‘lgan ayrim “xufya”larning “buyurma” asosidagi qilmishlarining samarasi bo‘lgan deb taxmin qilishimizga imkon beradi (B.Irzayev. Turkiston Muxtoriyati tarixini o‘rganishda muhim manba. O‘zbek milliy davlatchiligi tarixida Turkiston Muxtoriyatining o‘rni va roli. Konferensiya materiallari to‘plami. – Toshkent. Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. 2017 y. 103-b).

 

Turkiston Muxtoriyati tashkil qilingan birinchi kunidan boshlab bolsheviklarning bor qudrati va adovatini his qila boshladilar.

 

Bolsheviklardan A.Chernevskiy o‘lka dehqonlarining IV favqulodda syezdida (15–22-yanvar, Toshkent sh.) so‘zga chiqib “Qo‘qon muxtoriyati afsonadir, zero musulmonlar hali muxtoriyat uchun yetishganlaricha yo‘q, inqilob erishgan barcha natijalarni ushlab qololmaydilar va o‘zlari bizning huzurimizga keladilar” («Свободный Туркестан» gazetasi. 1918-yil 24-yanvar. 1-b), degan so‘zlarni aytadi.

 

1918-yil 19–26-yanvarda bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi sovetlarining IV qurultoyida Turkiston muxtoriyatini tugatish masalasi ochiqdan-ochiq ko‘rildi.

 

1918-yilning 19-fevralida Qo‘qon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil qo‘shinning qonli hujumlari natijasida ag‘darib tashlandi. Hukumat ag‘darilgach, Qo‘qon va uning aholisi qirg‘inga uchradi.

 

Shoir Toshkandiy Kamiyning Qo‘qonda sodir bo‘lgan ana shu fojiali voqeaga bag‘ishlangan “Afsusnoma Xo‘qand fojiasina” sarlavhali she’ri “Al-Izoh” jurnalining 26-sonida (21-mart 1918-yil) e’lon qilinadi. She’rda qurolli bosqinidan keyingi Qo‘qon shahrining ayanchli manzaralari shunday yoritiladi:

 

Voy, yuz voyki, Farg‘ona xarob o‘ldi, darig‘,

Zulm o‘qi birla bukun gard-u turob o‘ldi, darig‘...

 

Fojialarning asl sababchilari bo‘lgan bolsheviklarning kirdikorlari ham tig‘li qalam bilan ochiq fosh qilinadi:

 

Bolsheviklarning zulmimi yo fe’li badi,

Zar-u amvollarin qo‘ymadi mundog‘, taladi,

Bo‘lmayin qolmadi taroj gilam-u namadi,

Monei zulmu ta’addi bo‘la olmay hadi...

 

Jamiyatning rasmiy jurnalida bu kabi she’rning e’lon qilinishi ham “Ulamo jamiyati”ning Qo‘qon Muxtoriyati tugatilishiga qanday munosabatda bo‘lganligini anglatadi.

 

Turkiston Muxtoryatining 1918-yil fevralida harbiy kuch orqali tugatilishi milliy masalada ziddiyatlarning chigal tugunini yuzaga keltirdi. U bolsheviklarning mahalliy aholi bilan aloqasi yo‘qligini ochiq-oydin ko‘rsatdi va ayni paytda, mintaqadagi milliy ozodlik harakatining kuchli va yetukligini namoyon etdi.

 

Muxtoriyat hukumati qisqa fursat (1917-yil 27-noyabr – 1918-yil 22-fevral) faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa ham, u tariximizda chuqur iz qoldirdi.  U erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da’vat etdi. Yangi O‘zbekiston bunyod etilayotgan bugungi kunda milliy davlatchiligimizning tarixi haqida yosh avlodga kengroq ma’lumot berishda Turkiston Muxtoriyati hukumatining qisqa fursatda amalga oshirgan tadbirlari, tub yerli aholining bu hukumatni qo‘llab-quvvatlashi masalalarini ilmiy asosda tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Muxtoriyatning tor-mor keltirilishi bilan bog‘liq jarayonlarda o‘sha davrdagi milliy-siyosiy tashkilotlar, xususan “Ulamo jamiyati”ning qanday ta’sir ko‘rsatganligi to‘g‘risidagi shubhali fikrlarni chuqur tahlil qilish, yangi faktlar asosida qayta o‘rganish ham tarixshunoslikda dolzarb muammolardan biri sanaladi.

 

Murod ZIKRULLAYEV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi

direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23615
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//