Bizga yetishmayotgan vatan tuyg‘usi – to‘qson birinchi yildan xat


Saqlash
16:22 / 22.02.2022 1697 0

Esse

 

1991-yilning oktabr oyida harbiy xizmatdagi akamdan navbatdagi xat keldi. Xat sentabr oyining ikkinchi sanasida yozilgan ekan. Biz akamni qattiq sog‘inganimizdan va undan keladigan maktublar bizga eng aziz sovg‘a bo‘lganidan bu gal ham juda quvondik. Ammo bu galgi xat mazmuni avvalgilariga o‘xshamas, oldingilardek, shaxsiy gaplardan iborat emasdi. Balki O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, ayniqsa Mustaqillik e’lon qilingani, bu jarayonlarni olis Taygada o‘rmon  kesayotgan o‘zbek askarining teleekran orqali ko‘rib, o‘n to‘qqiz-yigirma yoshli o‘zbek yigitlarning quvonib, bir-birini tabriklaganlari haqida edi. Xat so‘ngida akamning ism-sharifidan keyin hayajon bilan “Mustaqil O‘zbekiston fuqarosi” deb yozganlari menga juda boshqacha ta’sir qilgan. Bu jumladagi so‘zlarning har biri menga – 10-11 yoshli bolakayga yangilik bo‘ldi. Bu jumlani oddiygina qilib bitib yoki o‘qib qo‘yish ortida ne bir zahmatlar borligini hali tushunmas edim.

 

Mustaqillik degan so‘z ilk bor, ana shu tarzda – akam jo‘natgan xat orqali shuurimga kirgandi...

 

O‘sha yili oktabr oyida akam harbiydan qaytdi. Dasht farzandi ikki yil mutlaqo boshqa osmon ostida, o‘rmonlar qurshagan Taygadan ko‘pdan-ko‘p taassurotlar bilan kelgan edi. Akam harbiyda ko‘rgani bir o‘rmon qushi haqida aytib bergan edi. Qushning nomi – Gluxar. Kar, anqov qush degani. Kurkadan kichik, tovuqdan katta bu parrandalar o‘ntalab bir shoxda qator bo‘lib o‘tirarkan. Odamni yoki miltiqni ko‘rsagina shatir-shutur qilib uchib ketarkan. Ammo mohir ovchi panada turib shoxda qunushib turgan qushlarni otib olaveradi. Ulardan bittasi o‘qqa uchib yerga qulasa, qolgani angrayib, yiqilganining ortidan qarab, “unga nima bo‘ldi” deganday anqayib turarkan. Usta mergan bir vaqtning o‘zida hamma Gluxarni otib ololadi. Akam bu – sherigi yiqilsa-da uchib ketishga aqli yetmaydigan, oqibatda qurbon bo‘ladigan qushlar hayotini askarlar turmushiga bog‘lab o‘ziga xos  xulosaga kelgandi.

 

Gap shundaki, akamlar 600 kishilik harbiy qismda birgina Qumqo‘rg‘on tumanidan 24 nafar sof o‘zbek yigiti birga xizmat qilishgan. Odatda, bir millatdan, ayniqsa, bitta joydan o‘nta askarning uchrashi qiyin. Bunga sho‘ro harbiy siyosati imkon qadar yo‘l qo‘ymagan. Ammo bu jihatdan ularga omad kulgan. Harbiy xizmatda millatlar orasida bo‘ladigan kurashlarni, liderlik da’vosida taloto‘plarni yoshi kattalar yaxshi biladi. Xullas, shu o‘zbek bolalarning birontasiga boshqa millat vakillari hujum qiladigan bo‘lsa, qolganlari birlashib, o‘sha zo‘ravonning ta’zirini berishgan. Natijada o‘zbeklar butun harbiy qismni qo‘lga olishgan. Aytgani-aytgan, degani-degan! Ammo vaqt o‘tishi bilan o‘zbek yigitlar orasidan sotqin chiqib, o‘zaro dushmanlashib qolishgan. Qariyb bir yil muddat butun harbiy qismni “qo‘lga olib” yurgan o‘zbeklar xizmat so‘ngida tarqoqlashib, gapini oldirib, yengilib qolishgan. Hatto ulardan biri shu og‘iz birligi yo‘qolgani hisobiga, nohaqdan bir necha yilga qamalib ham ketgan.

 

Ana shunday vaqtda televizorda O‘zbekiston Mustaqilligi e’lon qilingan. Shunday mo‘tabar ayyomni o‘ttizga yaqin o‘zbekdan faqatgina o‘n bir kishi nishonlaganlar. Qolganlari esa boshqalarga qo‘shilib ularni mazax qilishgan. Bu gaplar bor, achchiq haqiqat. Akam: “Biz oxirida Gluxarga o‘xshab qoldik”, degan edi. Bu og‘riqlarning mazmunini endi-endi his qilyapman. Ko‘p ming yillik tariximiz, yo‘qotishlarimiz lopillab ko‘z oldimga keladi. Bizni – turkiy qavmning o‘q tomiri bo‘lgan, hamisha jasur, kurashchan xalqni yovlar qanday qilib zabt etganini elas-elas angalaganday bo‘laman.

 

***

Tabiatni teran o‘rganish kerak. Agar inson shunga yetarlicha erisha olsa, ko‘plab muammolarni oson hal qiladi.

 

Tog‘ bag‘rida yashnab turgan archa yoki o‘rmondagi qarag‘ayning toshko‘mirga aylanishi uchun taxminan 400-500 yil o‘tishi lozim.

 

Radioaktiv kimyoviy unsur Uranning 1 gramm miqdori zararsiz metal – qo‘rg‘oshinga do‘nishi uchun 800 yil vaqt o‘tishi kerak bo‘ladi.

 

Inson ong va tafakkuri shakllanishi uchun tug‘ilgandan sakkiz yoshigacha bo‘lgan vaqt kifoya qilarkan.

 

Bu tabiatdan uchta misol. Tabiatga qiyoslansa, millat o‘zini tanishi uchun qancha vaqt kerak? O‘zini tanishdan nima naf bo‘ladi? “O‘zini tanish” degani nima aslida? O‘zini tanish – Yaratganning har bir bandasi uchun ham, muayyan xalq uchun ham erishishi mumkin bo‘lgan saodatning, murod-maqsadning oliy nuqtasi. Bu baxt, taassufki, barqaror emas. Qay bir asrlarda bu iqbol bir xalqqa nasib etgan bo‘lsa, keyingi asrlarda bu saodat qushi bu elni tark etgan.

 

Har bir davlatning rivojida muhim omil hisoblanuvchi iqtisodiy farovonlik, aholi soni, demografik jihatdan ijobiy siljishlar, yer osti, yer usti xazinalar bilan siylanganlik, hududiy omuxtalik, geosiyosiy jihatdan qulay sharoitlar kabi ko‘pdan ko‘p omillar bor. Qaysidir davlatga egallagan maydoni kamlik qiladi, iqtisodiy rivojiga to‘sqinlik qiladi, boshqasiga aholi – ishchi kuchi yetishmaydi, tag‘in biri tabiiy boyliklardan qisilgan, bir mamlakat esa qo‘shnidan yolchimagan va hokazo...

 

Ammo bu sanaganlarimiz moddiyat ko‘zgusida ko‘rinadigan omillardir. Asl maqsadga, ta’kidlaganimizdek – o‘zini tanishga yetish uchun esa bu jihatlar shunchaki vosita, xolos.

 

Dini, tili, adabiyoti, ilmi, san’ati tanazzulga yuz tutgan xalq – yo‘qolayotgan xalqdir. Bu tutumlarsiz har qancha yer maydoni, resurslari, aholisi bo‘lsa ham xalqning, muayyan mamlakatning kelajagi xavf ostida. Bularning har biri katta tushunchalar. Bular – xalq or-nomusining, nafsoniyatining belgilari. Oriyatsiz odamdan hayvon behroq bo‘lganidek, nafsoniyatsiz, o‘z haqiga egalik, o‘z zaminiga mehr tuyg‘usi majruh xalq ham hurmatga sazovor emas. Bunday xalq o‘zining chivinini o‘zi qo‘riyolmaydi. Dardini har kimga doston qilaveradi. Birovga tobe bo‘lishga moyil bo‘ladi. Va tobe bo‘ladi ham. Xalqning g‘ururi qindagi qilich kabi bilinib, xezlanib turmas ekan, bu xalqning istiqboli nigundir.

 

Tarixi ulug‘, dini mukammal, ilm-u ijodi dunyoga ulgu bo‘lgan ajdodlarning merosxo‘rimiz. Ayni damda siyosiy mustaqilligiga rasman 30 yil to‘layotgan mamlakatmiz.

 

Shu fazilatlar bilan bir paytning o‘zida yunon, arab, mo‘g‘ul, rus bosqinlarini boshdan kechirgan, bu mustabid davrlardan ko‘p ozor chekkan millat hammiz.

 

Tarix karvoni xalqimizni shu olis yo‘ldan olib o‘tarkan, nimalarni berdi, nimalarni oldirdik?

 

O‘zini tanimoq haqida so‘z ochgan edik. Biz ko‘p bora aytgan, matbuotda yozadigan gaplarimizning mazmuni taxminan shunday: “O‘zini tanimoqning ilk belgisi, o‘zini hurmat qila olishdir. Buning uchun oriyat, g‘urur tuyg‘usi birlamchi bo‘lishi lozim. Xalqning har qanday moddiy boyligidan bu xususiyatlar ustun turmog‘i shart.”

 

Ha, bu to‘xtamlar haqiqat. Ruh yangilanmay turib, ong mustaqillikka erishmay turib inson mustaqil bo‘lolmaydi.

 

Rossiyaning olis o‘lkalaridan birida Ira degan tilda gaplashadigan xalqning oxirgi vakili haqida eshitdim. Tasavvur qiling: ming-minglab so‘zlar, maqol-u matallar, asarlar bag‘rida yashab kelgan butun boshli tilda bugun bittagina odam – uyam yoshini bir joyga borib qolgan kampir – qolibdi. Kampir yolg‘iz qolgan chog‘larida o‘zidan boshqa hech kim tushunmaydigan ona tilida o‘lanlar aytarkan. O‘lanlarki, alamga, dard-u firoqqa, hasratga to‘la. Uning atrofidagi millatdoshlari kampirni allaqachon telbaga chiqarib qo‘yishgan ekan. O‘zlari esa rus tilida so‘zlashadi. Ona tilidan uyaladi, hazar qiladi. Oltmish yoshdan oshgan kampirning kechalarda oy nuridek so‘lg‘in, g‘amangiz nolasi aslida bashariyatga aytgayotgan ogohlik hayqirig‘idir. Bu nido, insonni inson qilib turgan ma’naviy olam o‘pirilishidan, tanazzuldan ehtiyot bo‘lmoqqa chorlov nidosi. Bu ma’naviy inqiroz insoniyat boshiga kulfat keltirgan Koronavirus ofatidan katta fojiadir. Ha, shunday. Bir millat, Olloh yer yuziga urug‘ini sochgan bir xalq yo‘q bo‘lib bormoqda. Uning tili, shu tilda yaratilgan dostonlari, qo‘shiqlari yer yuzidan yo‘qolmoqda.

 

Har butaga o‘t tushsa, o‘zi yonib, o‘zi o‘chadi, degan naql bor. Olis o‘lkadagi bu halokatga balki bizga aloqasi yo‘qdek, ekrandagi kino kabi beparvo qararmiz. Biroq to‘qson birinchi yilgacha bo‘lgan ahvolimizni, ma’naviy qiyofamizni bir ko‘z oldimizga keltirib ko‘rsak, odamni seskantirib yuboradigan belgilarni, holatlarni ko‘rishimiz mumkin.

 

“Dini, tili, adabiyoti, ilmi, san’ati tanazzulga yuz tutgan xalq – yo‘qolayotgan xalqdir.” Qo‘shtiroq ichidagi gapni teran tadqiq etib ko‘ring. Istibdod zamonida xalqning asl tutumi bo‘lgan ana shu jihatlarning barchasiga ham bolta urilganiga guvoh bo‘lasiz, o‘kinib eslaysiz. Yelkasini qisib, o‘z yurtida o‘zbekcha gapirganiga tahqirlanib, namoz o‘qigani uchun qamalish darajasiga borgan, janozada qatnashgan kishi ishidan, obro‘sidan, nomusidan ayrilgan, ilmi, san’ati, adabiyoti qolipga solingan, ziyoliman, millatparvarman, degani borki, vaqti-vaqti bilan qaychilab turilgan, mudhish rejaga ko‘ra, yo‘q qilib yuborish, bir to‘da olomonga aylantirish ko‘zda tutilgan odamlar emasmidik. Ming afsuski, shunday edi. Ming shukrki, bu kechmishlar tarixga aylandi. O‘z o‘rnida aytib o‘tish kerakki, bunday tanazzul chohidan bizni omon olib chiqqan asosiy kuch xalqimizning xulqi, fe’l-atvoridir. Fe’limizdagi birgina xususiyatga to‘xtalaylik. Biz o‘zimizni bolajon xalq deb bilamiz. Chindan ham shunday: farzand, oila o‘zbek uchun eng katta boylik. Shu xususiyat, bizga uzun tarix yo‘lida ko‘p marta asqotgan. Agarda shu xususiyatimiz bo‘lmaganida, bugungi istiqlolga yetib kelmagan bo‘lardik, balki. Ha, buning o‘zi alohida mavzu.

 

Shu o‘rinda zanjirband fil haqidagi gap yodimga keldi. Bir filni o‘n yil zanjirband qilib qo‘yishibdi. Filning oyog‘idagi zanjir besh-olti yilda zanglab, uzilib ketgan ekan. Ammo fil shundan keyin ham yana to‘rt-besh yil shu zanjir yetadigan joyda aylanib yurgan ekan.

 

Tabiatning katta ishorasi bu. Ongli insonga, borliqning gultojimiz deb jar solayotgan odam bolasiga katta ishora bu. Mustaqillik bizning yurtigimizda qoim bo‘lmas ekan, erkinlikning nimaligini aql bilan yashab o‘tmas ekanmiz, ko‘plab muammolarga duch kelaveramiz. Jamiyatimizda uchraydigan laganbardorlik, xushomadgo‘ylik, rahbarlarga yaxshi ko‘rinish, manfaatparastlik kabi illatlarni yaxshi bilamiz. Bundan ko‘z yumolmaymiz.  Nafsi uchun o‘zi yashab turgan mahallani ham sotishga shay odamlar hanuz bor, ular mustaqillik so‘zini hali-beri tushunmaydilar. Donishmad Abdulla Oripov aytganidek, “ularning Mustaqil bo‘lganimizdan hali xabari yo‘q”. Ular yuqorida tabiat eslatgan filga juda o‘xshaydilar.

 

Bugun xalqaro vaziyatni kuzata turib, dunyoni qayta bo‘lib olish siyosati haliyam o‘z ishini qilayotganini tushunish qiyin emas. Bunday holatda kelajagidan umidi bor har bir xalq, jumladan, biz ham ichki hurriyatga, chin ma’nodagi vatanparvarlikka erishishimiz, hamma narsadan muhim. Bu borada gap ketganda, Prezidentimizning bundan 5 yil avval “Vatanni sevish kerak, boshqa gap yo‘q. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!” degan so‘zlari esimga kelaveradi. Vatanni sevish degani, har bir odam o‘zini qayta ko‘rib chiqish, o‘zini isloh qilish, bir so‘z bilan aytganda, iymonli bo‘lish degani. Xudodan qo‘rqish, degan so‘zdir. Shu asnoda bizga yetishmayotgan vatan tuyg‘usini to‘sayotgan bir og‘riqlarni qalamga olish lozim bo‘ldi. Butun boshli idora tashkil etilib, qarorlar chiqarilish darajasiga, qasamyod qilishgacha (Oliy ta’lim dargohlari rahbarlari ta’limda poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaymiz, deb qasamyod ham qilishdi.) borgan poraxo‘rlik xususida so‘z aytmoqchiman. Pora harom rizq, birovning haqi, degani. Kunday ravshan bo‘lgan shu haqiqatni anglash uchun qaror chiqarish darajasiga keldikmi biz? Buning tub sababi nima? Sababi – ma’naviy yetilmaslik. Ma’nan badbaxtlikdir. (Shunday vaziyatdamiz-u, lekin oramizda “Ma’naviyat, ma’naviyat” deyaverib hammaning boshini qotirib yuborishyapti”, deydiganlar ham bor-a?!)

 

Bozorda arava suradigan bir tanishni ko‘rib qoldim. U yetishmovchilikdan so‘z ochdi. Vaqt bemalol edi, u bilan bozordagi daromadi, topish-tutishi haqida gaplashib biroz turdim. Ma’lum bo‘lishicha, bu yigit mendan – olti yil o‘qib, oliy ma’lumot olib idorada ishlab yurgan bir qalamkashdan 3-4 barobar ko‘proq pul toparkan. Ajablandim: men maoshim, qo‘shimcha qo‘lyozmalar titishim hisobiga uch bola bilan oilamni eplab yuribman. Nolimayman, noligulik  ham emas. Xudoga shukr! Ammo hamqishlog‘imning boshqa dardi bor ekan. U bu yil bahorda uy solibdi. Aniqrog‘i, uy boshlabdi. Aytishiga ko‘ra, 22 metrga, 11 metr kenglikda uy qurayotgan ekan. Nimaga buncha katta? dedim, anqayib. U bidirlab tushuntira ketdi. Mehmonxonasi 8 metr, ayvoni 7 metr. 310 dona shifer ketadi. Hali shifer olmagan. Uy devorlari suvoq qilinmagan. Shu ma’lumotlarni berayotgan tanishim kir yengi bilan peshonasidagi terni artdi. Men u bilan xo‘shlashdim: “Ha, xayr ishi – g‘oyibdan! G‘ayrat qiling.” Ichim achidi unga. Bunga nima balo bo‘lgan o‘zi. Bungamas, bularga. Birgina aravakashim shunday bo‘lsa, boshqalarniki ayb emas. Ha, biz bodi bo‘lib ketdik. O‘tar dunyoda ish qilish, yaratish, elga naf berish o‘rniga nafsimizga qul bo‘ldik-qoldik. Aravasini surib don bozoriga ketayotgan alpqomat yigitga boqib: sen nima balo boyvachchamisan, hokimmisan? Bir to‘y qilsang, hozir nima ko‘p to‘yxona ko‘p – o‘tadi-ketadi. Ma’rakang bo‘lsa ham shu, eh o‘zini qiynagan, degim keldi. Lekin foydasi yo‘q-da. Bu illat, bu kasallik, rahmatli Hojiboy Tojiboyev aytgan “vasvasagen”. Ana shunday chog‘ini bilmay, chiranib, katta uylar, to‘ylar qilish kasaliga chalindik biz. Bu Koronavirusdan yomon. Shu aravakash yigitga kattaroq pul va’da qilsangiz, har baloga tayyorligiga amin bo‘lasiz. Poraning tub ildizi – ma’naviy yo‘qchilik, deganim shu.

 

Asosiy gapdan chalg‘ib ketdim biroz. Biroq bular ham kerak, deb o‘ylayman. Axir, gap millat, chin ma’nodagi mustaqillik borasida, taqdirimiz haqida ekan, bular ham lozim.

 

 

***

Abdulla Oripovning “Pora bo‘libdimi bir burda nonim, Pora bo‘libdimi bir piyola choy” degan satrlari bor. Anvar Obidjonning “O‘zbek deganlari juda katta xalq, Qullik zindoniga sig‘maydi xalqim” degan ko‘ksingni ko‘taradigan satrlari bor. Mashqlarim orasida “O‘zbek katta xalq-u, peshonasi tor” degan gap ham mavjud.

 

Ushbularni eslashim bejiz emas, albatta. Har bir xalqning xuddi bir inson kabi o‘z taqdiri, qismati bor. Baxtiyor bo‘ladimi, jahonning oldi bo‘lib yashaydimi yoki xorlikda, urushlar-u bosqinlar ichida kun kechiradimi, bu uning taqdiri. Va albatta taqdirini qurishi, ilohiy kitoblarda ta’kidlangani kabi, o‘z niyatiga muvofiq. Oddiygina qilib aytsak, taqdiri – o‘z qo‘lida!

 

Shunday ekan, 30 yillik yo‘lni bosib o‘tgan, shu vaqt ichida qanchadan-qancha dovonlardan oshgan, keyingi 5 yilda taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab, shunga bel bog‘layotgan yurtimizda avvalo o‘zimiz, o‘zligimizga munosabatni o‘zgartirishimiz lozim bo‘ladi. Ruh yangilanmog‘i, tafakkur tarzimizda tub burilish yasalmog‘i lozim.

 

Yuqorida turli bosimlar ostida ruhimizda paydo bo‘lgan illatlarni tilga oldik. Bular laganbardorlik, o‘zini yaxshi ko‘rsatish (bugun bu “hunar” populizm deb atalmoqda) manfaatparastlik (korrupsiya), sotqinlik (millat taqdiriga xavf soladigan turli g‘oyalarga qullik), o‘zidan g‘ururlanmaslik (o‘zidan hazar qilish, o‘zgalarga mahliyolik) kabilar. Bu qusurlar millat ruhiga singib ketgandi. Endi bu xastaliklardan ruhimizni ozod qilishimiz lozim bo‘ladi. Aks holda bu bizni boshqa xalq vakillari oldida o‘z yurtdoshini sotgan, natijada o‘zi ham, quroldoshlari ham yomon ahvolda qolgan xoin askar va boshi xam safdoshlar holiga olib keladi. 1991-yilda olis Taygadan kelgan maktubda bitilgani kabi “Mustaqil O‘zbekiston” so‘zini hech bir hoy-u havolarsiz g‘ururlanib aytishimiz kerak emasmi?!

 

Shodmonqul SALOM

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2021-yil 3-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 278
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//