Tadbirlarning ko‘pligi ijod jarayoniga xalaqit bermoqda... Fidoiy bo‘lmasangiz, tinglovchi yuragiga kirib borolmasangiz, xalq eʼtirofiga sazovor bo‘lolmaysiz. Nazarimda, bugun biz qo‘shiqchilarning ijod borasida harakatlarimiz susaygandek. Avvallari sanʼatkorlar turli bayramlarga hamda respublikamiz hududlariga konsert berishga jalb etilardi. Hozirda deyarli har kuni, hatto kuniga ikki-uch tashkilot va muassasalarning tadbirida ishtirok etyapmiz. To‘g‘ri, xalq xizmatida bo‘lish yaxshi. Masalaning boshqa jihati, bu bizning ijod qilishimizga, talabalarga sifatli saboq berishimizga xalaqit beradi.
Odamlar kun sayin siyqa ohanglarga o‘rganib borayotir... Davr maqom yo‘nalishidagi professional ashulalarni talab etmayapti. Bugungi tinglovchi mumtoz qo‘shiqlar mazmun-mohiyatini chuqur tushunmaydi. Ko‘plab sanʼatkorlarimiz zamona zayliga yo‘rg‘alab, omma qabul qilishi oson bo‘lgan sakkiz qator sheʼr, xorij musiqasiga aytiladigan qo‘shiqlar tayyorlashmoqda. Buni ijod namunasi deyishga ham qiynalasan. Yoshlarning badiiy didiga yomon taʼsir o‘tkazmoqda. Meni tashvishlantirayotgani – xalqimizning yengil-yelpi, maʼnosiz so‘zlarga to‘la qo‘shiqlarga o‘rganib qolayotgani.
Yoshlarimiz orasida maqom ijrochilari ko‘payyapti... Bizning paytda har yili maqom yo‘nalishini uch-to‘rt talaba tamomlar edi. Hozir esa anʼanaviy xonandalikka qiziquvchi, shunga hayotini bag‘ishlashga tayyor isteʼdodlar soni ortmoqda. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida keyingi yillarda anʼanaviy xonandalik fakultetiga eng ko‘p abituriyent hujjat topshirardi. Ammo test imtihonlaridan o‘tolmagan abituriyent talabalikka qabul qilinmas edi. Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa sanʼati institutining tashkil etilishi o‘z samarasini berdi. Bir yilda ham o‘zlashtirib bo‘lmaydigan turkum asarlarimizni olti oyda o‘rganib chiqyapmiz.
Afsuski, baʼzi yoshlarimiz hech mehnat qilmasdan, darrov yulduz bo‘lgisi keladi... Shogirdlarimning har birining o‘ziga yarasha feʼl-atvori, isteʼdodi bor. Anʼanaviy xonandalik yo‘nalishiga bir talaba qabul qilindi. Ovozi bor, lekin maqom kuylashga isteʼdodi, ovoz yo‘naltirish qobiliyati yo‘q edi. Men unga boshqa sohada o‘qishni maslahat berdim. Lekin u maqsadiga erishish yo‘lida har qanday qiyinchilikka dosh berishini aytdi. Bo‘sh qolishimni kunlab kutdi. Tinimsiz mashqlar, mutaxassisligi bo‘yicha o‘qigan kitoblari natijasida maqomni bip-binoyi kuylaydigan xonandaga aylandi. Shogirdlarim orasida izlanishdan charchamayotganlari, shuningdek, darrov yulduz bo‘lishga intilib, hech qanday natijaga erishmayotganlari ham bor.
Sahna madaniyatiga rioya etmaslik, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani yuzasidan og‘riqli nuqtalarimiz bor. Ayol xonandalarimizning kibr bilan kuylayotgani, kiygan liboslari va soch turmaklari mos emasligining guvohi bo‘lyapmiz. Maqomchi o‘ziga nihoyatda talabchan bo‘lishi, har bir ijro etayotgan ashulasi matni zamirida qanday mazmun mujassamligini anglashi zarur. Mumtoz sheʼriyatimiz namunalarining ayrim nashrlarida yo‘l qo‘yilgan xatolar maqom ijrosiga ham ko‘chib o‘tmoqda. Oqibatda qo‘shiq maʼnosi tubdan o‘zgarib ketishini ko‘pchilik sanʼatkorlarimiz o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Talabalarimizga, shogirdlarimizga sanʼatkor sahnada o‘zini qanday tutishi, qo‘shiqning har bir jumlasiga, kiygan libosi, xalq oldiga chiqishigacha o‘rgatib, tanbeh beramiz.
Maqomchilik sanʼati unutilayotganidan tashvishda edim... Bundan yuragim og‘riydi. Baʼzan tadbirlarda, to‘y-tomoshalarda tomoshabin sanʼatkordan maqom ashulalarini emas, yengil-yelpi qo‘shiqlar ijro etishini talab qiladi. Yurtboshimiz yaqinda qabul qilgan qarorga muvofiq, taʼlim muassasalarida (tanaffus paytida), aeroport, temir yo‘l va avtovokzallar, savdo-ko‘ngilochar majmualar, madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa tashkilotlarning lokal tarmoqlari orqali milliy kuylardan iborat musiqiy albomlar namoyishi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Ming yillardan o‘tib kelayotgan o‘lmas asarlar xalqimiz, yoshlarimiz maʼnaviyati yuksalishiga yana asrlar osha xizmat qilishiga umid uyg‘otdi.
Shahnoza TOJIDDINOVA,
oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q