O‘zbekiston “aqllilar hijrati”ni “aqllilar qaytishi”ga aylantira oldimi?


Saqlash
19:31 / 21.02.2022 1591 0

XXI asr inson omili davri bo‘lishi bashorat qilingan edi. Darhaqiqat, postindustrial bosqichni boshdan kechirayotgan rivojlangan mamlakatlarda ham, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham yuqori malakali mutaxassislar taraqqiyotning hal qiluvchi kuchiga aylanib ulgurdi. Shu bois ham davlatlar o‘rtasida yetuk mutaxassislar tayyorlash va ularni “ovlash” bo‘yicha raqobat kuchaygandan kuchayib borayotir.

 

O‘z sohasining piri bo‘lgan muhojirlar har qanday jamiyatning iqtisodiy va madaniy ravnaqida muhim rol o‘ynaydi. New American Economy jamg‘armasi yaqinda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQShdagi eng yirik 500 kompaniyaning 45 foiziga immigrantlar yoki ularning farzandlari asos solgan. Ular orasida Apple, Google kabi gigant korporatsiyalar ham bor. Yana bir diqqatga molik fakt: 2000-yildan buyon AQSh vakili sifatida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan olimlarning qariyb 40 foizini immigrantlar tashkil etadi (“The Economist” jurnali, 2019-yil 16-noyabr).

 

Hozirda yuqori malakali migrantlarning 28 millioni (75 %) Iqtisodiy hamkorlik va iqtisodiy rivojlanish tashkilotiga (OECD) a’zo bo‘lgan mutaraqqiy davlatlarda istiqomat qiladi. E’tibor bering, o‘shalarning ham 70 hissasi inglizzabon to‘rt mamlakat – Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya va Kanadaga to‘g‘ri keladi (Kerr et al., 2016, Global Talent Flows, Journal of Economic Perspectives). Bularning bari, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun boshog‘riq bo‘layotgan brain drain – aqllilar hijrati muammosini keltirib chiqarmoqda.

 

Ilmda brain drain masalasiga o‘tgan asrning 60–70-yillaridan e’tibor berila boshladi. Mazkur hodisaga bir necha o‘n yil davomida akademik hamda siyosiy doiralarda rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan salbiy voqelik sifatida qarash hukmronlik qilib keldi. Sir emas, tolibi ilmni malakali mutaxassis darajasiga ko‘tarish ko‘p harakat-u katta xarajat talab etadi. Bunga esa, tabiiyki, o‘sha odam tug‘ilib o‘sgan davlat balogardon.  Ammo tayyor kadr – o‘z kasbining zo‘ri bo‘lib yetishgan odam biron mutariqqiy mamlakatga ko‘chib ketadi; qarabsizki, nodir ishchining rohatini katta mablag‘ sarflab o‘qitgan vatani emas, balki u qo‘nim topgan o‘lka ko‘radi. Shu sababga ko‘ra, bir zamonlar mutaxassislarning boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tishini taqiqlash taklif etilgan, ayrim mamlakatlarda bu borada amaliy choralar ham ko‘rilgan. Ammo taqiq choralari aqllilar hijratini to‘xtatish o‘rniga, bil’aks, jarayonning jadallashuviga olib kelgan.

 

90-yillar oxiriga kelibgina bu hodisa butkul salbiy emasligi, uni to‘g‘ri va oqilona yo‘naltirish mutaxassis “ega”si bo‘lgan mamlakat uchun ham, u qo‘nim topgan davlat uchun ham manfaatli bo‘lishi mumkinligi e’tirof etildi. Xususan, Lotin Amerikasining ayrim davlatlari, Osiyoda Xitoy va Hindiston tajribasi brain drainni brain gainga, ya’ni aqllilar qaytishiga aylantirish mumkinligini ko‘rsatdi. Ayni choqda, bu boradagi sa’y-harakatlar ham barcha mamlakatlarda birdek ijobiy natija bermadi.

 

Aqllilar hijrati turmush nisbatan farovon Sharqiy va Markaziy Yevropa davlatlarini ham chetlab o‘tmadi. Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lib kirgan mintaqa mamlakatlaridan yuz minglab mutaxassis yagona “Ovrupo uyi”ning boshqa hududlariga, xususan, Buyuk Britaniya va Irlandiyaga ko‘chib o‘tdi.

 

Malakalikadrlarnitayyorlash, shuningdek,munosibsharoityaratishorqaliularni jalbqilishbugun ham ko‘plab davlatlar uchun jiddiy muammo sanaladi. So‘nggio‘nyilliklardadunyoning qatormamlakatlarida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida gumanitar fanlarda brain circulation atamasi iste’molga kirdi. Istilohning ma’nosi shuki, yuqori malakali mutaxassis boshqa mamlakatga ko‘chib ketsa-da, aksar hollarda o‘zi ulg‘aygan jamiyat bilan, xususan, hamkasblari bilan aloqalarni saqlab qoladi. Vatanida qolgan oila a’zolari, yaqinlariga pul yuboradi; hatto ma’lum vaqt o‘tgach, o‘z yurtiga qaytib kelishi ham mumkin. Bu vaziyatda intellektning harakati bir tomonlama emas, balki doirasimon – sirkulyatsiya tarzida kechadi. Bundan esa har ikki mamlakat manfaatdor. Demak, aqllilar migratsiyasini faqat salbiy voqelik sifatida talqin etish to‘g‘ri emas. Salohiyatli kadrlarning chetga chiqib ketgani ularning o‘z yurti bilan aloqani butkul uzganini anglatmaydi. Xususan, birinchi avlod muhojirlari aksar hollarda o‘z vatani bilan bog‘lovchi rishtalarni mustahkam saqlaydi. Ular vatanida qolgan xesh-aqraboga yordam beribgina qolmay (aslida shuning o‘zi mamlakat taraqqiyotiga qo‘shilgan muayyan hissa), yangi ijtimoiy ko‘nikmalar shakllanishiga ham sabab bo‘ladi. Deylik, u yurtida qolgan qarindoshlarining o‘qishga kirishi, ish topishiga yordam beradi.

 

Qolaversa, yuqori malakali mutaxassis – u universitet professori, yirik kompaniya huquqshunosi yoki salohiyatli shifokor bo‘ladimi – kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi istiqomat qilayotgan mamlakatda tug‘ilib o‘sgan vatani nufuzi – imijini yaxshilash yo‘lida xizmat qiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, norasmiy elchi vazifasini o‘taydi. Bu, ayniqsa, endigina oyoqqa turayotgan davlatlar uchun muhim ahamiyatga ega.

 

Yanada aniqroq misol: deylik, gumanitar soha olimi xorijiy universitetda vatanidagi ijtimoiy masala bo‘yicha tadqiqot olib boradi. Bu orqali u ham kindik qoni to‘kilgan o‘lkaning dunyoga tanilishi, ham o‘z yurtidagi muammolarning yechilishiga hissa qo‘shadi. Yirik korporatsiyada faoliyat yuritayotgan mutaxassis esa o‘z vataniga sarmoya kiritilishi uchun harakat qiladi.

 

Bu o‘rinda masalaning moliyaviy jihatini ham unutmaslik kerak. Deylik, Buxoroda bir yilda 2000 dollar daromad topadigan tor yo‘nalishdagi shifokor shuncha pulni mutaraqqiy davlatda bir-ikki haftada topishi mumkin. Mutaxassisning xorijiy mamlakatda yuqori malaka evaziga katta daromad topishi uning vatanidagi boshqa minglab yoshlarga ham ishonch va qat’iyat bag‘ishlaydi. Ular ham kasb egallash, til o‘rganish hamda bilim-ko‘nikmalarini oshirish yo‘lida sidqidildan harakat qiladi.

 

Ma’lumki, IELTS, TOEFL kabi ingliz tili bo‘yicha imtihon tizimlari xorijiy universitetlarga o‘qishga kirishda asosiy mezonlardan sanaladi. Hozir mazkur tizimlar bo‘yicha sinov o‘tkazuvchi markazlarning O‘zbekistondagi bo‘limlarida imtihondan o‘tish uchun bir necha oy oldin navbatga yozilishga to‘g‘ri kelyapti. Chunki talabgorlar soni yildan-yilga oshib bormoqdaki, buni ham aqllilar migratsiyasining o‘ziga xos ijobiy ta’siri deyish mumkin. Albatta, xorijga ketish talabgorlarining barchasi ham murodiga yetmaydi. Ammo ushbu jarayon baribir mamlakatda umumiy bilim darajasining ma’lum foizlarda oshishiga xizmat qiladi.

 

Xorijda faoliyat yuritishni ma’qul ko‘rgan mutaxassislarning barchasi ham o‘zga yurtda tup qo‘yib-palak yozib ketmaydi, ularning ma’lum qismi vataniga qaytib keladi. Masalan, o‘tgan asrning 8090-yillarida Hindistondan chiqib ketgan axborot texnologiyalari (IT) sohasi vakillari dunyoning rivojlangan mamlakatlarida mas’uliyatli lavozimlarni egalladi, nufuzli tashkilotlarda boshqaruv a’zosi bo‘ldi. O‘sha kezlar ko‘pchilik bu hol Hindiston ravnaqiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deya xavotir bildirgan edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan jahongashta kadrlarning bir qismi yurtiga qaytdi. Amerika kompaniyalarida yuqori lavozimlarda faoliyat yurituvchi hindistonliklar esa autsors hamda akademik almashinuv orqali vatanida axborot texnologiyalarini jadal rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi. Shu tariqa Hindiston IT software (dasturchilik) eksporti borasida peshqadam davlatlardan biriga aylandi. Bugun AQShga yuqori malakali mutaxassis vizasini oluvchilarning aksari – hindistonliklardir. Xorijdagi vatandoshlari yuborgan mablag‘ evaziga millionlab hind oilasi qashshoqlik botqog‘idan chiqdi, millionlab yoshlar bilim olish imkoniga ega bo‘ldi.

 

Ayni shu holat Xitoyda ham kuzatildi. Butun dunyoga tariqdek sochilgan xitoylik mutaxassislar pirovardida vatani taraqqiyotida muhim rol o‘ynadi. Pekin hukumati 2002-yilda chop qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1990-yillarda AQShda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan xitoyliklarning 92 foizi mamlakatga qaytishni istamagan bo‘lsa, 2014 yilga kelib xorijdagi olimlarning 54 foizi qaytib kelgan. Bu so‘nggi yillarda chet eldagi minglab xitoylik olimlar vataniga qaytayotganidan darak beradi (Cao et al. 2019, Returning scientists and the emergence of China’s science system, Science and Public Policy). Bundan tashqari, axborot texnologiyalari sohasining xitoylik ko‘p sonli vakillari AQShda – Google yoki Amazon shirkatidan ko‘ra o‘z yurtida Huawei kompnaniyasida faoliyat yuritishni afzal bilmoqda.

 

Keng qamrovli tadqiqotlarga ko‘ra, xorijga chiqib ketayotgan universitet bitiruvchilarining soni 20 foizdan oshsagina bu o‘sha mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun jiddiy xavf sanaladi. 20 foizgacha bo‘lgan ko‘rsatkich esa unchalik xavfli emas va oqilona siyosat orqali uning salbiy ta’sirini kamaytirish mumkin (Docquier & Rapoport, 2009. Quantifying the impact of highly-skilled emigration on developing countries. CEPR). Bugun O‘zbekiston uchun ham xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni yurtga qaytarish, mamlakatda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va ularga munosib sharoit yaratish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Prezidentdan tortib xususiy kompaniya vakillariga qadar – katta-kichik davralarda yetuk kadrlar yetishmasligi muammo o‘laroq ochiq aytilmoqda. Darhaqiqat, mamlakatimizda bir tomondan yuqori darajada ishsizlik, ikkinchi tomondan esa mutaxassislarning yetishmasligi kuzatilmoqda. Davlat rahbari e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 13 ming shifokor, 2700 pedagog kadrga ehtiyoj bor.

 

Turli hisob-kitoblarga qaraganda, xorijda ishlayotgan yoki ta’lim olayotgan o‘zbekistonliklarning soni uch milliondan olti milliongacha yetadi. Albatta, ularning salmoqli qismini Rossiyadagi mehnat muhojirlari tashkil etadi. Ayni choqda, Qozog‘iston, Turkiya, AQSh, BAA, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda ham bir necha o‘n minglab o‘zbekistonlik bor. Tan olish kerak, ularning aksari yuqori malaka talab etilmaydigan va mahalliy aholi talabgor bo‘lmagan sohalarda band. Shu bilan birga, xorijdagi vatandoshlarimiz orasida oliy ma’lumotli, o‘z sohasida yuksak muvaffaqiyatga erishgan minglab yuqori malakali kadrlar ham borki, O‘zbekiston hukumati o‘shalarning hech bo‘lmaganda ma’lum bir qismini qaytarishga urinmoqda. Bu borada so‘nggi kezlarda talay ishlar amalga oshirildi. Eng avvalo, rasmiy doiralarda hamda ommaviy axborot vositalarida xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarga nisbatan yondashuv-munosabat o‘zgardi. Ilgari xorijga ketgan vatandoshlar haqida gap borsa, “mo‘may daromad ilinjida”, “yurtimizda yaratilgan imkoniyatlardan qoniqmagan” kabi yoqimsiz iboralar qo‘llanardi. Bunday manfiy munosabat shakllanishiga bir jihati hadik hissi, qolaversa, “Umid” jamg‘armasining tugatilishiga olib kelgan omillar ham sabab bo‘ldi. O‘zbekistonda oliy rahbar almashuvi bilan hukumat darajasidagi salbiy qarashlar ijobiy tarafga o‘zgara bordi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentabr oyida Nyu-Yorkda bir guruh yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, ularni O‘zbekistonda ishlashga taklif qilgani va bu voqea rasmiy matbuotda keng yoritilgani jamiyat, ayniqsa, amaldorlarning chetdagi vatandoshlarga munosabatini jiddiy isloh etdi.

 

2018-yil may oyida asli o‘zbekistonlik tadbirkorlar qo‘llovi bilan “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi tuzildi. Mazkur nodavlat-notijorat tashkilot ayni vaqtda asosan rivojlangan mamlakatlarda huquqshunoslik, moliya, tibbiyot, boshqaruv, ilm-fan kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan 300 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassisning boshini qovushtirdi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini isloh qilish dasturlari, jumladan, “O‘zbekiston – 2035” rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda kengash a’zolarining  jiddiy  o‘rni bor.

 

Bundan tashqari, 2018-yil sentabrda  mutaxassislarni xorijda o‘qitish va vatandoshlar bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi ta’sis etildi. Bu muassasa yaqin besh yilda magistratura, doktorantura, qisqa muddatli kurslar va stajirovka dasturlari orqali besh ming  nafar kadrning bilim va ko‘nikmasini oshirishni  mo‘ljallagan. Qayd etish joizki, 1998–2004-yillarda faoliyat yuritgan “Umid” jamg‘armasi ko‘magida 828 nafar yigit-qiz xorijda ta’lim olgan edi. Ammo “umid”chilarning ma’lum  qismi yurtga qaytmadi, qaytganlarning ham ishga olinishi murakkab kechdi. Sirasini aytganda, ularning aksari o‘sha kezlardagi O‘zbekiston sharoitida to‘liq ishlab ketolmadi – jamg‘armaning tugatilishiga  shu kabi omillar ham sabab bo‘lsa ajab emas. Yangi jamg‘armani tuzishda yaqin o‘tmishning achchiq tajribasi ham inobatga olingan (“El-yurt umidi”: O‘zbekiston kadrlarga, vatandoshlar madadiga muhtoj. “Amerika ovozi”, 2019-yil 7-iyun). U xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan robita o‘rnatish, ularni O‘zbekistonga taklif etishga ham mas’ul. Shu maqsadda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilindi. Mazkur konsepsiyada xorijdagi vatandoshlar – yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlik lavozimlariga jalb qilish alohida vazifa sifatida belgilangan.

 

Chora-tadbirlarning amaliy natijasi ham ko‘rinib qoldi. O‘tgan ikki yil davomida o‘nlab yurtdoshlar O‘zbekistonga qaytib, o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi boshqaruv lavozimlarini egalladi. Ular orasida agentlik rahbari hamda vazir o‘rinbosarlari bor. Qayd etish joizki, malakali mutaxassislarning aksari O‘zbekistonga hukumat vakillari bilan “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi platformasi orqali olib borilgan muzokaralardan so‘ng qaytdi. Xalq ta’limi vazirligi ham xorijda ta’lim olgan va tajriba egallagan bir guruh kadrlarni ishga jalb etdi. Shuningdek, hukumatlararo kelishuv natijasi o‘laroq Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, AQSh, Yaponiya kabi davlat vakillari turli boshqaruv idoralarimizda rahbar maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shunga  qaramay, O‘zbekiston “aqllilar hijrati”ni “aqllilar qaytishi”ga aylantira  oldi, deb xulosa qilishga hali erta. Negaki, bu jarayon hali tizimli tus olganicha yo‘q. Davlat rahbariyatining da’vati, bu borada qo‘shimcha imtiyoz va qulayliklar yaratilayotganiga  qaramay, chetga ketib qolgan aksar mutaxassislar vatanga qaytishga oshiqmayapti. Joriy yil 20-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev shu masalada gapirar ekan, “Ko‘pi qaytib kelib ishlashga rozi emas. Shuni ham bilishimiz kerak. Bu ham bizga saboq” dedi. Qolaversa, oxirgi ikki-uch yilda o‘nlab kadr yurtga qaytgan bo‘lsa, yana minglab mutaxassis munosib hayot orzusida mamlakatni tark etgan.

 

Kamina 2019-yil davomida O‘zbekistonga qaytgan hamda hozir ham xorijda istiqomat  qilayotgan  yigirmadan ortiq yuqori malakali mutaxassis bilan suhbatlar (in-depth interviews) o‘tkazdi. Bu muloqotlar yurtga qaytish  yoki qaytmaslik borasidagi fikrlar xilma-xil ekanini ko‘rsatdi: qaytganlar o‘z qarorini vatanparvarlik, pragmatizm, islohotlarga hissa qo‘shish hamda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib qolish istagi bilan izohladi. Suhbatlardan ma’lum bo‘ldiki, ko‘plab vatandoshlar eski ma’muriy buyruqbozlik tizimidan butkul voz kechilmagani, jamiyatda chuqur ildiz otgan korrupsiya, iqtisodiy va siyosiy, jumladan, davlat boshqaruvi islohotlarining sekin  kechayotgani, turmush darajasining pastligi, bolalar uchun ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari hamin qadarligi kabi omillarni qaytishga to‘siq deb hisoblar ekan. Joriy yil boshida hukumat sa’y-harakati bilan “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilarining Toshkentda o‘tgan uchrashuvida ham byurokratik muammolar hali to‘liq bartaraf etilmagani ta’kidlandi.

 

Ayni choqda, hukumat chinakam iqtisodiy, siyosiy islohotlar o‘tkazishi va ma’muriy buyruqbozlik darajasi kamayishiga umid so‘ngani yo‘q. Suhbatdoshlarimiz xorijdagilarning qaytishini tezlashtirish uchun bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur deb hisoblaydi. Masalan, davlat xizmati to‘g‘risida qonun tezroq qabul qilinishi maqsadga muvofiqdir. Bu byurokratiyaning kamayishi, xodimlarni ishga olishda meritokratiya tamoyillariga amal qilish, ya’ni jamiyatda barcha tabaqa vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratilishiga asos bo‘ladi. Pirovardida esa hamon jadal davom etayotgan aqllilar hijrati kamayib boradi.

 

Yuqori malakali mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilish xususida so‘z borar ekan, faqat xorijdagi vatandoshlar bilan cheklanib qolish to‘g‘ri emas. Har qanday davlat bunday kadrlarni ta’limga katta sarmoya yo‘naltirish orqali yetishtirishi mumkin. Lekin buning kam xarajat va oz vaqt talab qiladigan nisbatan oson yo‘li ham bor: bu – millati yoki tug‘ilgan mamlakatidan qat’iy nazar, har qanday yuqori malakali shaxslarning O‘zbekistonda yashash va mehnat qilishi uchun zaruriy shart-sharoit yaratishdan iboratdir. Yuqorida zikr etilgan konsepsiyada ham bu boradagi to‘siqlarni olib tashlash va yangi imtiyozlar yaratish asoslari belgilangan.

 

Unutmaslik kerakki, o‘z vaqtida xorijga doimiy yashash uchun ketgan ko‘plab vatandoshlarimiz bor kuchini, ta’bir joiz bo‘lsa, umrining eng gullagan damlarini o‘zi qo‘nim topgan mamlakatda muqim yashab qolish, o‘sha yerda tomir otishga sarflagan. Ularning muayyan qismi O‘zbekistonga butkul qaytish niyatida emas. Albatta, bu uchun ularni qoralab bo‘lmaydi. Aslida, xorijda muqim yashashni niyat qilgan vatandoshlar imkoniyatidan ham unumli foydalanish mumkin. Ular o‘zi yashayotgan mamlakat hamda O‘zbekiston o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, tijoriy, ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizni har jihatdan targ‘ib etishga hissa qo‘shishi mumkin. Demak, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki fuqarolikni yo‘qotgan vatandoshlar, shuningdek, ajdodlari O‘zbekiston hududida yashagan yoki o‘zini etnik-madaniy jihatdan shu hududga mansub deb bilgan chet elliklar bilan ham yaqindan aloqa o‘rnatmog‘i lozim.

 

Xulosa qilib aytganda, “aqllilar hijrati”ni “aqllilar qaytishi”ga aylantirish uchun boshlangan iqtisodiy, siyosiy islohotlarni og‘ishmay davom ettirmoq lozim. Ayni choqda, nainki vatandoshlar, xorijlik mutaxassislarni ham jalb etish uchun tizimli siyosat yuritish talab etiladi.

 

Sherzod ERALIYEV,

PhD, Xelsinki universitetining Rossiya,

Sharqiy Yevropa va Yevroosiyoni o‘rganish

Aleksanteri instituti tadqiqotchisi

 

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 1-son.

“Aqllar hijrati” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 120
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//