Hamma zamonlarda ham haq so‘zni aytish oson bo‘lmagan. Xalqning vijdoniga aylanib, hamisha boshini kundaga qo‘yishga tayyor adiblargagina bu nasib etadi. XX asr boshlarida yashab o‘tgan atoqli rus shoiri Osip (Iosif) Emilevich Mandelshtam ana shunday jasoratli, jafokash shoirlardan edi.
Osip Mandelshtam 1891-yil 2 (14)-yanvarda Varshavada yahudiy oilasida tavallud topgan. Otasi Emiliy Veniaminovich qo‘lqop ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi gildiya savdogari, onasi Flora Ovseyevna musiqachi bo‘lgan.
Oila 1897-yili Peterburgga ko‘chib o‘tadi. Osip XX asr boshlarida Rossiya “madaniyat kadrlarining o‘chog‘i” sanalgan Tenishev bilim yurtida o‘qiydi. 1907-yili Sankt-Peterburg universiteti fizika-matematika fakultetiga ariza topshiradi. Ammo hujjatlarini qaytarib olib, oktyabrda Parijga otlanadi. 1908–1910-yillari Sorbonna va Geydelberg universitetlarida tahsil oladi. Sorbonnada shoir o‘z davrining yetakchi olimlari A.Bergson va J.Bede ma’ruzalarini tinglaydi. Nikolay Gumilyov bilan ko‘rishadi. Fransua Viyon, Bodler va Verlen kabi fransuz shoirlari ijodini o‘rganadi. 1911-yili oila biznesi bankrot bo‘lib, Osipning Yevropada o‘qishiga imkoniyat qolmaydi.
Shoir 1911-yili Peterburg universiteti tarix-filologiya fakulteti roman-german bo‘limiga kiradi va tanaffuslar bilan (pala-partishligi tufayli) 1917-yilgacha o‘qiydi. Shu davrda Aleksandr Blok, Anna Axmatova kabi “kumush asr”ning buyuk shoirlari bilan yaqinlashadi. Gumilyovlar oilasida tez-tez mehmon bo‘ladi.
She’rlari ilk bor “Apollon” (1910-yil 10-son) jurnalida e’lon qilingan. “Giperborey” va “Yangi satirikon” jurnallari ham shoir ijodidan bergan. 1912-yil oxirida akmeistlar guruhiga qo‘shiladi. She’riy izlanishlari birinchi kitobi – “Tosh”da o‘z aksini topadi.
Oktabr inqilobidan keyin gazetalarda, maorif xalq komissarligida ishlaydi. 1919-yili Kievda bo‘lajak rafiqasi Nadejda Yakovlevna Xazina bilan tanishadi. Fuqarolar urushi payti xotini bilan Rossiya, Ukraina va Gruziya bo‘ylab tinimsiz kezadi. Qrimda oq gvardiyachilar tomonidan qamoqqa olinadi. Xorijga chiqib ketish imkoni bo‘lsa-da, Osip Mandelshtam sovetlar Rossiyasida qolishni ma’qul ko‘radi. Gruziyada mensheviklar hukumati ikkinchi marta qamoqqa olganida yaqin tanishlari aralashuvi bilan hibsdan qutulib, Moskvaga keladi.
1922-yil 9-martda Nadejda Xazina va Osip Mandelshtam nikohdan o‘tishgan (ushbu hujjat 2019-yili Kiyev shahar arxividan topildi). Shu yillarda u yana bir zabardast ijodkor Boris Pasternak bilan tanishdi. Birinchi jahon urushi va inqilob davri she’rlari (1916–1920) Berlinda nashr etilgan ikkinchi kitobi – “Tristia” (“G‘amgin elegiyalar”)ga kiritildi. 1923-yili “N.X”ga bag‘ishlangan (rafiqasi nazarda tutilmoqda) “Ikkinchi kitob” nashrdan chiqdi. 1922-yili Xarkovda “So‘z tabiati haqida” risolasi nashr etildi.
1925-yil may oyidan 1930-yil oktabriga qadar “Davr shovqini” nasriy kitobi yozildi. Tirikchilik o‘tkazish uchun she’riy tarjimalar qildi. 1928-yili hayotlik paytidagi oxirgi to‘plami (“She’rlar”) hamda sara maqolalaridan iborat “She’riyat haqida” kitobi nashr etildi. 1930-yili “To‘rtinchi proza” ustidagi ishni yakunladi.
Osip Mandelshtam boshida xatarli bulutlar aylana boshlaydi. Stalinning yaqin safdoshlaridan N.Buxarin bunday qaltis vaziyatda uni Armanistonga ketishga ko‘ndiradi. Erivanda nazariyotchi biolog Boris Kuzin bilan tanishib, qalin do‘stlik rishtalari bog‘landi. Xotini Nadejda Xazina: “Bu uchrashuv uchalamiz uchun ham muhim bo‘ldi, – deb xotirlaydi. – Uningsiz bu she’rlar balki yozilmasdi, deb aytardi Osya ko‘pincha”. Keyinroq shoirning o‘zi Kuzin haqida shunday deydi: “Yangi nasrim va keyingi barcha asarlarim uning shaxsi bilan bog‘liq, adabiyotga yetuk Mandelshtamning kirib kelishida faqat undan qarzdorman”. Armaniston, Suxum, Tiflis safaridan so‘ng Osip yana she’r yozishga qaytdi.
1930-yillar boshida shoirning ijodi g‘oyatda gullab-yashnadi. Mandelshtam nomi VKP(b) MK siyosiy byurosi madaniyat sohasi kuratori L.M.Kaganovich tuzgan atoqli sovet adabiyotchilari ro‘yxatiga kiritildi. Inqilobdan so‘ng nashriyotlarga topshirgan kitoblarining 10 tasidan 8 tasi chiqdi. Lekin u yanayam ko‘proq asarlarga shartnoma tuzib, bo‘nak (avans) pullarini olib qo‘ygandi. Keyin qaytarishning imkoni bo‘lmadi. 1924–1931-yillarda Mandelshtamlar oilasiga oziq-ovqat, kiyim olish uchun maxsus payok berilgandi, Kreml shifoxonasida davolanish huquqiga ham ega edi.
Italyan tilini mustaqil o‘rganib, “Ilohiy komediya”ni asliyatida o‘qib chiqdi. Mashhur “Dante haqida suhbat” essesi 1933-yili qog‘ozga tushdi. “Литературная газета”, “Правда” gazetalarida va “Звезда” jurnalida shoirni qoralovchi maqolalar e’lon qilindi. U esa shu yil noyabrda Stalinga qarshi epigrammasini yozdi. Bu she’r bilan sanoqli odamlargina tanish bo‘lgan. Boris Pasternak esa “o‘z joniga qasd qilish” deb atagan.
Ikki shoir ko‘chada sayr qilarkan, xilvat bir go‘shaga borib to‘xtashadi. Mandelshtam Kremlda o‘tirgan tog‘lik (Stalinning qayerdan ekaniga ishora) haqidagi epigrammasini o‘qiydi. Pasternak norozilanib, she’rning adabiyotga, she’riyatga daxli yo‘qligini ta’kidlaydi: “Adabiy hodisa emas, o‘z joniga suiqasd qilishdir. Va buni ma’qullamayman, ishtirokchi bo‘lishni istamayman. Siz menga o‘qimadingiz, men hech nima eshitmadim. Boshqa hech kimga o‘qimasligingizni so‘rayman”.
Kimdir Mandelshtamni sotadi. Hibsga olish orderini shaxsan NKVD boshlig‘i (SSSR Ichki ishlar vaziri) Yagoda imzolagan. “Tintuv tun bo‘yi davom etdi. She’rni qidirib sandiqdagi qo‘lyozmalarni ag‘dar-to‘ntar qilishdi. Biz hammamiz bitta xonada o‘tirardik. Suv quyganday jimjit edi. Devor ortida, Kirsanovnikida gavayi gitarasi chalinardi. Tergovchi nihoyat o‘sha mash’um narsani topdi va O.E.ga ko‘rsatdi. U jimgina bosh irg‘adi”, deb eslaydi Anna Axmatova.
So‘roq paytida shoir mazkur she’rini kimlarga o‘qigan bo‘lsa, hammasini aytib berdi, biroq ulardan hech biri tergovga tortilmadi. 1934-yil 26-mayda uch yilga Cherdin (Perm oblasti)ga surgun qilish hukmi o‘qildi. 3-iyunda er-xotin belgilangan joyga yetib boradi. Mandelshtamni bir muddat kasalxonaga yotqizishadi. Bo‘lgan voqealardan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan shoir joniga qasd etish maqsadida derazadan tashlaydi.
5-iyunda Nadejda Yakovlevna barcha sovet idoralari hamda tanishlariga, jumladan, Nikolay Buxaringa ham xat yo‘llaydi. U Stalinga shunday yozadi: “Shoir Mandelshtam to‘g‘risida. Yaqinda qamoqqa olingan va surgun qilingan. Hibsdan ilgariroq xotini bilan oldimga kelib, Aleksey Tolstoy bilan urishib qolganidan tashvishda ekanini aytgan edi... Endi uning xotinidan xavotirli xatlar olyapman. Uning yozishicha, shoir juda bezovta, hatto joniga qasd qilishga uringan. O.Mandelshtamga beradigan bahoyim – birinchi darajali shoir, ammo zamonga mutlaqo mos emas; es-hushi uncha joyidamas va o‘zini g‘oyatda haqoratlangan his etmoqda... Bu haqda senga yozishga qaror qildim... P.S.Mandelshtam haqida yana yozyapman, negaki Boris Pasternak ham Mandelshtamning hibsga olinganidan juda hayron”. Stalin safdoshining xatiga quyidagi rezolyutsiyani qo‘yadi: “Kim ularga Mandelshtamni qamashga huquq berdi? Bema’nilik!..”.
Stalin Pasternakka Mandelshtam ishi qayta ko‘rilayotgani va hammasi yaxshi bo‘lishini aytadi. So‘ngra nima uchun yozuvchilar tashkilotiga yoki o‘ziga murojaat qilmagani to‘g‘risida to‘satdan so‘rab qoladi. “Agar men shoir bo‘lganimda va do‘stim boshiga shunday ish tushganida unga yordam berish uchun hatto devorga ham osilib chiqardim”, deydi. Pasternakning javobi esa quyidagicha bo‘ladi: “Yozuvchilar tashkiloti 27-yildan buyon bunday ish bilan shug‘ullanmaydi, agar men harakat qilmaganimda siz bu haqda bilmagan bo‘lardingiz...”.
Stalinning aralashuvi bilan Mandelshtamga surgunda yashashi uchun manzilni o‘zi tanlashiga ruxsat berishdi. Oila Voronejga ko‘chib o‘tib, muhtojlikda kun kechira boshladi. Jur’atliroq, oqibatliroq do‘stlar ahyon-ahyonda pul jo‘natib turishardi. Shoir mashhur “Voronej daftari” she’riy turkumini yaratdi. Darvoqe, surgun yillarida Stalinni ulug‘lovchi oda (qasida) ham bitdi.
1937-yili surgun muddati tugadi. Moskvaga qaytishdi. Ammo “hushyor” amaldorlar unga bir nafas ham tinchlik bermasdi. Jumladan, SSSR Yozuvchilar uyushmasi kotibi Vladimir Stavskiyning Ichki ishlar xalq komissari Nikolay Yejov nomiga yozgan arizasida “Mandelshtam masalasini hal qilish” taklif etilgan va uning she’rlari “axloqsiz va tuhmatdan iborat” deyilgandi.
1938-yil 1-maydan 2-mayga o‘tar kechasi Osip Emilyevich Moskva oblastidagi Samatixa sihatgohida davolanayotganda oxirgi marta hibsga olindi. Dastlab NKVDning ichki turmasiga tashlashdi, keyin Butirkaga o‘tkazishdi. 20-iyulda esa ayblov xulosasi tasdiqlandi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Osip Mandelshtam jazoni o‘tash davrida Moskvada yashash taqiqlanganiga qaramay, tez-tez kelib turgan. Tanishlarining uyiga qo‘nib, o‘zini “g‘arib” va xasta ko‘rsatib, jamoatchilik fikriga salbiy ta’sir etishga uringan. Adabiyotchilar orasidagi antisovet unsurlar o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida bundan foydalanib, undan “jafokash” yasab yozuvchilardan pul yig‘ishni uyushtirishgan. Qamoqda paytida xalq dushmanlari Stenich va Kibalchich bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Tibbiy ko‘rikda Mandelshtamga bema’ni o‘y-xayollarga moyil telba deb xulosa berilgan. U antisovet tashviqot olib borishda, ya’ni RSFSR JKning 58-10-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblanadi. Ayblov bo‘yicha ish NKVDning Alohida kengashi (OSO)da ko‘rib chiqishga taqdim etiladi.
2-avgust kuni NKVDning Alohida kengashi Osip Mandelshtamni majburiy mehnat lageriga 5 yilga hukm qiladi. 8-sentabrda Uzoq Sharqqa jo‘natiladi. Shoir Vladivostokdagi taqsimlash lagerida ukasi va ayoli nomiga quyidagi so‘nggi xatini yozadi:
“Azizim Shura!
Men Vladivostok, SVITL, 11-barakda turibman. OSO hukmiga ko‘ra, 5 yil muddat oldim. Moskvadan, Butirkadan 9-sentabrda jo‘nadik, 12-oktabrda yetib keldik. Sog‘ligim juda ham yomon. O‘ta holdan toyganman. Tanib bo‘lmas darajada ozib ketdim. Ammo biror narsa, oziq-ovqat yoki pul yuborishning yo‘li bormi, bilmayman. Harqalay, urinib ko‘ringlar. Yupun kiyimda juda sovqotyapman. Azizim Nadinka, bilmadim – tirikmisan-yo‘qmi? Shura, menga hoziroq Nadya haqida yozib yubor. Bu yer tarqatish punkti, meni Kolimaga jo‘natishmadi. Shu joyda qishlashimiz mumkin.
Azizlarim, sizlarni o‘pib qolaman.
Osya.
Shurajon, yana yozyapman. Keyingi kunlari ishga chiqdim, bu kayfiyatimni ko‘tardi.
Bizning lager orqali mahkumlar doimiy manziliga yuboriladi. Men, chamasi, “elak”dan o‘tdim. Qishga taraddi ko‘rishim kerak.
Iltimos: menga radiogramma va telegraf orqali pul jo‘natinglar”.
1938-yil 27-dekabrda hali 48 yoshga to‘lmay Osip Mandelshtam jo‘natuv lagerida tepkili terlamaga chalinib vafot etadi. Yer qalin muz bo‘lgani bois shoirning jasadi boshqa marhumlar qatori ko‘klamgacha dafn etilmadi. Bahorda hamma jasadlar to‘planib, bitta chuqurga ko‘mib yuborildi. Shu bois haligacha qabri noma’lum. Uning o‘limi to‘g‘risida guvohnoma 1940-yili ukasi Aleksandrga topshirildi. 1938-yilgi mahkama bo‘yicha 1956-yili, 1934-yilgi muhkama bo‘yicha esa 1987-yili oqlandi.
Osip Mandelshtamning ijodiy merosi saqlanib qolishida ayoli Nadejda Yakovlevna, Sergey Rudakov, Natalya Shtempel degan insonlar katta jasorat ko‘rsatdi. Qo‘lyozmalar yerto‘lada, kostryul ichida, chordoqda begona ko‘zlardan asraldi.
Anna Axmatova zamondosh shoirlar orasida faqat Osip Mandelshtam ijodidagi poetik o‘ziga xoslikdan beqiyos darajada hayratlangani aytiladi. Fransuz faylasufi Alen Badyu “Shoirlar asri” maqolasida uni XX asrning olti faylasuf shoiri – Mallarme, Rembo, Trakl, Pessoa va selan qatoriga qo‘shadi. Vladimir Nabokov esa “Stalin Rossiyasining yagona shoiri” deb ataydi.
O‘zbekistonda Osip Mandelshtam she’rlari yaqin-yaqingacha deyarli tarjima qilinmagan edi. O‘tgan yili “O‘zbekiston” nashriyotida 100 jildlik “Rus adabiyoti durdonalari” turkumida shoirning “Qora quyosh” kitobi chop etildi. Bu, albatta, o‘zbek she’rxonlari uchun munosib tuhfa bo‘ldi. Quyidagi Osip Mandelshtam ijodidan ayrim namunalarni e’tiboringizga havola etamiz:
***
O‘tib borar changli yo‘l o‘rmondan,
Atrof jimjit, cho‘ng qayg‘u-dardda.
Vatan, ko‘z yoshlarin ichib armonda,
Uxlar, go‘yo cho‘ri qizday shu onda.
Zulm-u sitam to‘la bu mamlakatda.
Titroq qayinlarning yig‘isi qonli,
Sho‘rlik qaltiraydi nogahon dir-dir,
Soyalar yiqiladi yo‘llarga to‘zonli,
Nimadir o‘rmalar, bulutday qonli
Ko‘ngilga vahima solar xavotir...
Alp qad-qomat va to‘q yuzlar bilan
Oyoqlar uzangilardan turar turtib.
Bo‘zrang to‘zon tuyoqlardan qalqir,
G‘ildiraklar qoldirar o‘nqir-cho‘nqir,
Chuvvos borar erka otlarda yo‘rtib.
Ularning cheki yo‘q, nayzalar o‘tkir,
Quyosh yorug‘ida tovlanar ola-bula.
Havoni qo‘shiq-la titratib zir-zir
Va maxluqona, vahshiy to‘lqinlarda
Qop-qora ko‘zlarda telbavor shu’la...
Yo‘qol! Soxta shovqin-la etma bezovta
O‘lik, qullar uyqusini bu choq.
Tezda sizni sevintirar yangi uy bilan.
Non va tuz, dehqon lash-lushlari bilan...
Uzangini bosing qattiqroq!
Tezlikda to‘qnashar yovvoyi kuch-la
Buyuk muhabbatning ishlari!
Tezda mozorlarga to‘ladi maydon,
Ko‘k nayzalar to‘qnashar shoxalar bilan
Va qonning rangidan bo‘yalar alvon.
***
Men o‘z shahrimga qaytdim, tanish ko‘z yoshim kabi,
Qon tomirimgacha, go‘dak – shishiq bez-toshi kabi.
Qaytding bunda, – tezroq yut, o‘kinma bu yog‘idan,
Daryo yoqada turgan fonusning baliq yog‘idan.
Dekabrning kunida bilib olgin, senga foyda,
tuxum sariq qo‘shilgan zahrolud qatron qayda.
Peterburg, men o‘lishni xohlamayman zabun, xor,
Sening telefoningda mening raqamlarim bor.
Peterburg, menda bordir hali manzil qog‘ozi,
Shu orqali toparman o‘lganlarning ovozin...
Yashayman qora zina, chakki qa’rida bu choq,
Ko‘ksimga tushiradi mushti bilan qo‘ng‘iroq.
Aziz do‘stlarni kutgum tuni bo‘yi shikasta,
Silab eshik zanjirin kishanli qo‘l-la asta.
Abdumjid AZIM
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q