O‘zbekiston­­ – bag‘rikeng diyor


Saqlash
20:02 / 18.02.2022 10396 1

O‘zbekistonda kechayotgan demokratik jarayonlar, islohotlar istiqboli  millatlararo munosabatlarning holatiga, bu jabhada paydo bo‘ladigan turli tahdidlarga qarshi kurashni kuchaytirish, millatlararo totuvlikni ta’minlash, yoshlarni milliy g‘oya, demokratik qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bugungi kunda jahon geosiyosiy maydonidagi o‘zgarishlar, globallashuv jarayonlarining tobora tezlashuvi tinchlik, barqarorlikni saqlashda dunyo jamoatchiligidan muntazam ogohlikni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida millatlararo hamjihatlik va totuvlikni ta’minlash orqali tinchlik va barqaror taraqqiyot asoslarini mustaxkamlash barcha millat va elat vakillarining ustivor vazifasi bo‘lib qolmoqda. Bu haqda fikr yuritganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “...Bizning davlatimiz ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an’analari muhim rol o‘ynamoqda”, – degan so‘zlari zamirida naqadar katta ma’no mujassam ekani ayon bo‘ladi.

Bugun mamlakatimizdagi yangilanish va islohotlar haqida so‘z ketganda jahon hamjamiyati “Yangi O‘zbekiston” degan iborani bot-bot tilga olmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamkorlikka berilayotgan alohida  e’tibor mamlakatimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlanishiga zamin yaratdi. Yurtimizdagi bunday ijobiy o‘zgarishlar dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlamoqda. Xalqimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatining ravnaqida millatlararo totuvlik, konfessiyalararo hamkorlik muhitining hukm surishi fuqarolarimizni xususan, yosh avlodni ona Vatanga fidoiy va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasining yettinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga bag‘ishlangan «Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash” deb nomlangan bandida quyidagi vazifalar belgilab berilgan:

1. Milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish.

2. Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining izchil amalga oshirilishini ta’minlash.

3. Turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini yuksaltirish.

4. Xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.

5. Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida do‘stlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish.

Ijtimoiy taraqqiyot jarayoni milliy o‘zlikni anglashning o‘sishi tufayli, muayyan davlatda yashayotgan, o‘z davlatchiligiga ega bo‘lmagan etnik guruhlarda separatizm g‘oyalarini vujudga kelishi mumkinligini ko‘rsatgan. Bu esa, davlatning hududiy yaxlitligi, suverenitetiga xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun muayyan davlat o‘z hududidagi etnik guruhlarning muammo va ehtiyojlarini o‘z vaqtida aniqlash va ularni hal etishning maqbul mexanizmlarini ishlab chiqishi lozim bo‘ladi.

Jamiyat hayotining demokratlashuvi millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, milliy an’analar va qadriyatlarga jiddiy e’tibor qaratish, milliy manfaatlarni fuqarolik jamiyati institutlari kabi nodavlat tuzilmalar vositasida uyg‘unlashtirish natijasida barcha sohadagi islohotlarning umummilliy manfaatlar bilan mos kelishi ta’minlanadi.

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elatlar o‘zaro inoq, totuvlikda yashab kelmoqda. Mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, mazkur konfessiyalarning o‘z faoliyatini amalga oshirish va mamlakat hayotida faol ishtirok etishi uchun hamma imkoniyatlar mavjud. Respublika davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish 7 tilda olib borilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasi qoshida 138 ta milliy madaniy markaz, 34 ta xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik jamiyatlari faoliyat olib bormoqda. Dunyoning 18 ta mamlakatidagi hamkorlar, 29 ta o‘zbek emigrasiya va diasporalari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘zbek madaniyati kunlari, tili, xalqining o‘ziga xos milliy an’ana, urf-odatlarini, targ‘ib etishga yo‘naltirilgan anjuman, seminar, davra suhbatlari, ko‘rgazma, viktorina, konsert va boshqa tadbirlar o‘tkazilmoqda va shu orqali millatlararo munosabatlar yanada mustahkamlanmoqda.

Mamlakatimizda etnik o‘ziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda milliy madaniy-markazlarning o‘rni nihoyatda katta. Turli millat vakillari o‘z madaniyati, tili, urf-odatlarini rivojlantirib, bir-birini o‘zaro boyitishga, ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi. Yurtimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik va birdamlik muhitining hukm surishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugun kunda xalqaro terrorizm, radikalizm, mutaassiblik, ekstremizm kabi illatlarning chegara bilmasligi, bu jahon jamoatchiligida jiddiy tashvish va xavotir uyg‘otayotgani ajablanarli emas. Mazkur illatlarga qarshi kurashda millatlararo totuvlik va hamkorlik yetakchi o‘rinni egallaydi.

Yurtimizning bu borada olib borayotgan sa’y-harakatlari dunyo miqyosida o‘zga mamlakatlarga namuna bo‘layotganligi alohida e’tirof etilmoqda. Bu haqda fikr yuritilganda 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyusiya qabul qilinganligini alohida eslab o‘tish o‘rinlidir. Mazkur rezolyusiyaning qabul qilinishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida aytib o‘tish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida: O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an’analariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.  Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”,–deya bejiz ta’kidlanmagan.

Xalqimiz mayentaliteti va ma’naviyatiga xos bo‘lgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlanishi avvalo, jamiyatimizda ezgu g‘oyalar va insoniy fazilatlarni kamol toptirish, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni hukm surishining asosiy kafolati sanaladi. Va bundan keyin ham millatlararo totuvlik va hamjihatlik yurtimizda tinchlik, barqarorlikni saqlashning samarali omili bo‘lib qolaveradi.

               Xayrulla UMAROV

               siyosiy fanlar nomzodi, dotsent

 

 

 

1 Izoh

Nazokat

07:11 / 26.11.2023

Juda ham zoʻr ekan.Undan unumli foydalandim🥰

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 188
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19174
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15994
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi