“Dasturxon oʻrtasida gul va suv bor, xolos”. Dunyo mamlakatlari toʻyni qanday nishonlaydi?


Saqlash
19:56 / 24.10.2025 24 0

Yoshidan qatʼiy nazar har bir oʻzbekning orzu, niyat, rejalaridan doimiy oʻrin oladigan muhim oilaviy tadbir bu albatta, toʻy. Yigit va qiz hayotini birga davom ettirishga qaror qilib, mana shu tantanani tashkillashtiradi. U aslida tomonlarning moddiy imkoniyatlari, jamiyatdagi statusi va boshqalarni koʻrsatib qoʻyish emas, yangi turmushni boshlash oldidan yoshlarning muhim kunini birga nishonlash tantanasi sanaladi. Shunga koʻra, toʻyga uning qahramonlari – kelin va kuyovning eng yaqin va qadrli mehmonlari taklif etiladi. Aniqrogʻi, shunday boʻlishi mantiqan toʻgʻri boʻladi.

 

Amaliyotda-chi?

 

Bizning toʻylar yangi hayot, turmush boshlanishiga bagʻishlangan tadbir emas, toʻydan keyin hayot yoʻqdek, butun umr faqat toʻy uchun yashab, mehnat qilinadigandek tasavvur beradi. Mehmonlarning aksariyatini kelin-kuyov hatto tanimasligi ham mumkin. Lekin ularsiz toʻy “oʻtmaydi”. Dasturxon haqida-ku, aytmasa ham boʻladi, unda boshqa toʻylarda yoʻq noz-u neʼmatlar boʻlishi kerak. Axir bu kun kelin-kuyov tugʻilishi bilanoq “ne-ne orzu-umidlar bilan kutilgan”…

 

Chindan, bizda farzand dunyoga kelmasidanoq uning nikoh toʻyi haqida qaygʻurib, shu tantana tashvishi boshlanadi. Kattalar ularga sarpo yigʻa boshlaydi. Duolar ham “topganing toʻyga buyursin” deb boshlanib, “yaxshi joylardan ato qilsin”, deya yakunlanadi. Oʻsha niyatlari ortigʻi bilan ijobat boʻladimi, haqiqatan oʻzbek topganini toʻylardan orttirolmaydi. Avvaliga beshik, keyin sunnat, muchal, yubiley, nikoh toʻyi. Ularning har biriga sarpo, kelganlarga dasturxon, sovgʻa-salom, boʻlganda ham eng qimmat, urfdagi ziynatlar, yo boʻlmasa qimmatbaho texnika va hatto, avtomobil… Bu hashamat tashqaridan qaraganda xonadon egalarini “tagi baquvvat”, “eski boylar” kabi koʻrsatsa-da ularning katta qismi afsuski, qarz, kredit asosiga quriladi. Qizigʻi, bu dabdabalarning na zamonaviy, na iqtisodiy, ijtimoiy, dunyoviy yo diniy asosi bor.

 

Oʻzi toʻy haqiqatan ham shuncha xarajatga arziydimi? Orzu-havas nomi ortidagi keragidan ortiq dabdaba yoshlarning yangi turmushiga qanday taʼsir qilish masalasi nega doim ochiq qoladi? Umuman, toʻyning ahamiyati hashamat darajasiga qarab belgilanadimi yo yoshlarning qadam qoʻygan yangi hayoti muhimroqmi? Bu tantana boshqa rivojlangan mamlakatlarda qanday nishonlanadi?

 

Koreyada

 

“Koreyadagi dugonam turk yigit bilan turmush qurdi. Toʻylari 30 nafar mehmon bilan juda chiroyli oʻtdi. Koreyslarda toʻy ikki soat davom etadi, dugonam xorijlik boʻlgani uchun ularga toʻrt soat nishonlash uchun ruxsat berildi”, – deydi sakkiz yildan buyon Koreyada istiqomat qiladigan Xurshida Musinjonova.

 

Oʻzbekiston vatandoshiga Koreyadagi toʻylar boʻyicha yana bir qator savollar bilan murojaat qilganimizda quyidagilar maʼlum boʻldi.

 

Koreyslar anʼanasiga koʻra ikki soat nishonlanadigan toʻyning bir soati katta zalda, oʻz marosimlarini nishonlashga, qolgan bir soati ovqatlanish zalida tamaddi qilishga sarflanadi. Bu vaqtda kelin-kuyov barcha mehmonlar bilan birma-bir salomlashib, kelganlari uchun minnatdorchilik bildiradi.

 

Toʻyxona, kema yoki koʻchada: Toʻy manzili kelin-kuyov tomonidan tanlanib, odatda 50-100 nafargacha mehmonlar taklif qilinadi. Lekin Koreyadagi oʻzbekistonliklar uchun buncha mehmon chaqirish qimmatga tushishi, qolaversa, begona yurtda taklif qilinadigan tanishlar ham koʻp boʻlmagani tufayli oʻzbeklar toʻyni kichikroq davrada, oʻrtacha 30-40 kishi bilan nishonlaydi.

 

Toʻy kelin-kuyov oʻrtasida toʻplangan pul asosida tashkillashtiriladi. Mavjud byudjetga koʻra toʻydan bir oy avval fotosessiya qilinib, toʻyxona stolining dekoratsiyasi belgilab qoʻyiladi.

 

Dasturxon menyusini ham kelin-kuyov oʻziga maʼqul darajada tuzadi. Toʻy mehmonlarining har biri oʻrtacha $50, yaqinroq doʻsti boʻlsa 100 dollargacha toʻyona puli berib kiradi.

 

 

Koreyadagi yana bir oʻzbekistonlik nikoh toʻyi Koronavirus pandemiyasi davriga toʻgʻri kelgani tufayli 30 nafar mehmon bilan, biroq koʻngildagidek oʻzbekona oʻtkazilganini aytadi. Unga koʻra, toʻy kamtarona, hech qanday hashamatlarsiz, faqat tanishlar bilan oʻtgan. Yuqori qavatda nikoh uzugi taqilib, raqs, oʻyin-kulgi boʻlgan, undan keyin pastki qavatda shved stolidagi oʻzbekcha taomlar bilan ovqatlanilgan.

 

Avstraliya

 

16-yildan buyon Avstraliyada yashab, oʻzbeklarning toʻyida 3-4-marta ishtirok etgan yana bir vatandoshga koʻra, soʻnggi mehmon boʻlgan tantanasi kamharj, kamtarona oʻtkazilgan. Yosh oila toʻydan keyin asal oyiga ketgan. U yerdan qaytgach alohida xonadonda yashaydi. Yaʼni, ular mavjud byudjetini bir kunlik toʻyga sarflashdan koʻra undan keyingi rejalariga ham taqsimlashni maʼqul koʻrgan.

 

Oʻz farzandlarining toʻyini ham shu mamlakatda oʻtkazish niyatida ekanini bildirgan, biroq oilaning kattalari Oʻzbekistonda boʻlgani uchun masalani taqdirga tavakkal qilganini aytgan ayol Avstraliyadagi yana bir toʻy haqida shunday deydi:

 

Yaqinda afgʻon doʻstimizning toʻyiga bordim. Dasturxon oʻrtasida gul va suv bor, xolos. Shved stolidan har kim oʻziga keragini olib yedi. U yerda ham ortiqcha narsa yoʻq, faqat ovqat va salat qoʻyilgan. Toʻy 50 nafar mehmon bilan juda fayzli boʻldi”.

 

Kichik soʻrovnomada shuningdek, Turkiya va AQShning turli shtatlarida istiqomat qiluvchi oʻzbeklar ham tajribalari bilan boʻlishgan. Javoblardan shuni bilish mumkinki, qayerda boʻlmasin, toʻy marosimlarini kamtarona yoki isrofgarchilik bilan oʻtkazish tanlovi mamlakat tartibidan ham avval, odamning oʻziga bogʻliq.

 

Amerika qoʻshma shtatlari

Bu katta mamlakatda toʻylarning oʻtkazilish shakli boʻyicha ixcham yoki hashamatli deb aniq aytish murakkab. Amerikadagi oʻzbekistonliklar bu marosimning har ikki koʻrinishiga ham guvoh boʻlganini, marosim shtatga qarab farqlanishi, masalan, Nyu-Yorkda dabdabaliroq boʻlishi, shunda ham mehmonlar 100 nafardan oshmasligini aytadi. Biri oʻz nikoh marosimini 35 kishi bilan oʻtkazgan boʻlsa, boshqasi AQShdagi eng isrofgarchilikka boy toʻylarni oʻzbeklar tashkillashtirishini taʼkidlaydi.

 

Lobarxon ismli AQShdagi vatandosh mamlakatdagi toʻylarning asosiy tartiblarini sanab berdi.

 

Unga koʻra, AQShdagi toʻyga begona odam kelmaydi. Har bir mehmon nomi kelin-kuyov tomonidan roʻyxatlanadi. Bunda necha kishi kelishini aniqlab olish juda muhim sanaladi. Chunki toʻyxonadagi har bir joy nomlangan boʻlib, unga boshqa birov oʻtirolmaydi. Aytilmagan odam kelsa, unga na stul beriladi, na ovqat. Hatto, u mehmonning bolasi boʻlsa ham. Baʼzan taklifnomada bolalarni olib kelish mumkin emasligi qayd etiladi. Shunga koʻra, taklif qilinmagan mehmon toʻydan chiqarib yuborilishi ham mumkin.

 

Taklifnomalar roʻyxatga koʻra joʻnatilib, qabul qiluvchi ismi va telefon raqami bilan “ha, bora olaman” deb oʻz ishtirokini tasdiqlasagina unga toʻy manzili va vaqti yozilgan rasmiy taklifnoma asosan onlayn shaklda keladi.

 

Toʻy marosimi odatda ikki yo uch xonada boʻlib oʻtadi: birinchi zalda nikohdan oʻtiladi, ikkinchi zalda yengil taomlar beriladi. Baʼzan bu zal boʻlmaydi va uchinchi xonaga oʻtiladi. U yerda mehmonlarga avvaldan tanlangan ovqatlar tartib bilan berilib, oʻyin-kulgi boʻladi. Dasturxonda esa gullar, kelin-kuyovdan kichik sovgʻacha va servirovkalar boʻladi, xolos.

 

Ishoning, bu tartibda hech kim ochidan oʻlib qolmaydi, shunchaki toʻy kuni hech kim boʻkib qolmaydi. Bu tantanada asosan maza qilib suhbatlashib, oʻynab, kulib kelinadi”, deydi u.

 

Turkiya, Iordaniya va Yaponiya

 

Mohlaroyim Abdurahimovaga koʻra, turkiyaliklarning toʻy dasturxonidan asosan meva va ichimliklar joy oladi. Koʻp xollarda, hatto servizlar boʻlmasligi ham mumkin. Keladigan mehmonlar soni esa 100 nafarga ham bormaydi. Toʻy asosan oʻyin-kulgi va marosimlar bilan kechadi.

 

Bu kabi kamtarona toʻyni ilk bor koʻrganida Matluba Arziyeva dasturxonda deyarli hech narsa yoʻqligidan avvaliga hayratlanganini, keyinchalik bu odatlarini olqishlaganini aytadi.

 

Soʻrovnomada arab mamlakatlaridan biri Iordaniyadagi toʻylar haqida maʼlumot berganlar ham boʻldi. Tarmoq foydalanuvchilardan birining taʼkidlashicha, Iordaniya toʻylarida bir boʻlak tort va ichimliklar boʻladi. Mehmonlar oʻynab, kulib, kelin-kuyovni olqishlab ketadi. Sarpo va uy buyumlarining barchasi kuyov zimmasida boʻlib, kelinga katta miqdorda mahr tillasi beriladi.

 

Yaponiyada mehmonlar soni 50 nafardan oshmas ekan. Mehmonlar toʻy egasiga konvertda 300 dollardan 500 dollargacha boʻlgan toʻyonani beradi. Restoran xarajatlari ham shu pullar bilan yopilib, kelin-kuyovga ham yaxshigina pul qoladi”, deydi Muborak Matchanova yapon toʻylari haqida.

 

Tushunganingizdek, dunyoning hech bir mamlakatidagi toʻy tomonlarning moliyaviy holatini ifodalamaydi. Ular shunchaki, bor pulini bir kunlik dabdabaga sarflashdan mantiq topmaydi. Aksincha, yiqqan daromadlarini shaxsiy rivojlanishi, masalan, taʼlimi yoki boshqa rejalariga sarmoya qilishni maʼqul koʻradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//