“Fuqarolar murojaatgohi” – olti asr oldin ochilgan xalq qabulxonasi


Saqlash
22:14 / 18.02.2022 1537 0

Alisher Navoiy Temuriylar Uyg‘onish davrining daho so‘z san’atkori, mumtoz muarrixi, qomusiy olimi, buyuk mutafakkirigina emas, balki ushbu shonli davrning aql va qo‘l ixtirolari, bunyodkorlik ishlari hamda muhtasham va innovatsion xarakterdagi umumbashariy g‘oya va ezgu niyatlarning islohotchisi ham hisoblanadi. Ulug‘ Navoiyning o‘zi, uning buyuk shaxsi, bir-biridan o‘qishli 30 dan ortiq durdona asarlari temuriylar Renessansining mahsuli hisoblanadi. Alisher Navoiy ijodiy ongining hamda yangicha fikrlashning go‘zal ixtirosi sifatida “Xamsa”dek buyuk badiiy obidani bani basharga taqdim qildi.

 

Dahoning ushbu bunyodkorlik ishlari bilan bog‘liq olmos qirralarini podshoh va shoir Bobur so‘zlari bilan e’tirof qilsak, u qizg‘in davrning tengsiz darajadagi murabbiy va muqavviysi hisoblanadi. Alisher Navoiy badiiy adabiyotda ham janrlar taraqqiyotida, takomilida, umumbashariy g‘oyalar va badiiy obrazlarning yangilanishida yoki o‘zi samarali ijod qilgan lirikaning o‘n olti janrini navoiyona uslub bilan rivojlantirdi. Badiiy va tarixiy obrazlarning go‘zal talqinlarini yaratishda ijtimoiy fikr va poetik talqinning tarannumchisi hamdir. Ma’lumki, bu yuksak e’tirof Navoiy davrida yaratilgan adabiy va tarixiy, xususan, “Matla’i Sa’din”, “Risola”, “Bahoriston”, “Tazkirat ush-shuaro”, “Badoe’ ul-vaqoe’”, “Habib us-siyar”,  “Makorim ul-axloq” singari manbalarda yaxshi yoritilgan, qimmatli ma’lumot, xabar, eslatmalar bitilgan.

 

1. Alisher Navoiy temuriylar davlatida kadrlar zahirasini ta’minlagan, iqtidorli yoshlarning qo‘l va aql ixtirolarini qo‘llab-quvvatlagan buyuk ixtirochi siymodir. Masalan, buning yorqin isboti qilib uning fozil shahar Hirotda turib, Renessans Samarqandda – Amir Temurning zalvorli taxtida  davlat boshqarayotgan yosh temuriy shahzoda Boburni izlashidir. Unga umid beruvchi maktubni yo‘llashidir. Bu haqda taniqli navoiyshunos Maqsud Shayxzoda o‘zining 1939-yilda yozgan “Alisher Navoiy va Bobur” nomli maqolasida faxr va e’tirof tuyg‘usi bilan maxsus to‘xtalgan. Haqiqatan ham, Boburdagi bor iqtidorni Alisher Navoiy sezgan edi va o‘zi tashabbus ko‘rsatib Boburga maktub yo‘llaydi. Navoiyning bu tashabbusi bizning davrimiz uchun ham go‘zal bir namunadir. Yoki shoir Shahzoda Shog‘arib Mirzo, buyuk musavvir Kamoliddin Behzod, hattotlik san’atida yakqalam deb sharaflangan Sultonali Mashhadiy, mashhur muarrix Xondamir, nazariyotchi olim Atoulloh Husayniy, adib Zayniddin Vosifiy kabilarning kamol topishida ham buyuk xizmatlari borligi aytilgan. Hatto bu haqda uning o‘zi “Majolis un-nafois” tazkirasida o‘z davrining ham ixtirochi, ham shoir, ham tabiblari haqida xabarlar bitgan. Misol sifatida biz ixtirochi olim Xoja Muhammadning “Sandiqli soat” ixtirosini yoki sehrli mo‘yqalam sohibi Kamoliddin Behzodning  Alisher Navoiyning o‘ziga bag‘ishlab chizgan “Alisher Navoiy bog‘da” miniatyura tasvirini yodga olish maroqlidir. Behzodning mazkur tasviri, ya’ni kartinasining aynan o‘zi bizga yetib kelmagan bo‘lsa-da, ammo Zayniddin Vosifiy “Badoe’ ul-voqoe’” asarida bu noyob kartinaning yaratilishi, tasviri, Navoiyga ko‘rsatilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar gapirilgan. 

 

Yana Navoiy Hirot madaniy muhitining faol va fidoyi rahbari sifatida ko‘plab shoir, adiblarning to‘g‘ri yo‘l topishida, barakali ijod qilishida, ularning moddiy-ma’naviy muammolarini o‘z vaqtida hal qilib, bir-biridan o‘qishli she’rlar,  asarlar yaratilishida va mamlakat bo‘ylab yoyilishiga sababchi bo‘lgan.  U o‘z davrida yaratilgan boshqa aql va qo‘l ixtirolarining mamlakat bo‘ylab yoyilishida ham rahnamolik qilgan.

 

2. Alisher Navoiy o‘z davrining bunyodkori va buyuk shaxsi sifatida temuriylar boshqaruvida bo‘lgan Xuroson davlatining Hirot, Mashhad, Astrobod, Marv kabi fozil shaharlarida ko‘plab ijtimoiy xarakterdagi binolar, bog‘-rog‘larning tarxi va bunyod bo‘lishiga o‘z mablag‘i hisobidan homiylik qilgan, xullas u shaharsozlik madaniyatining ravnaq topishida o‘z hissasini qo‘shgan. Buning namunalarini Bobur 1506-yilda 20 kun muddatda Hirotda bo‘lar ekan, bu xususida muhtasham “Boburnoma”da ularni ko‘zi bilan ko‘rgani, ziyorat qilgani va birma-bir sanab ko‘rsatgani fikrimiz isbotidir.

 

3. Bizga ma’lumki, ko‘plab ijodkorlarning asarlarida insonning ko‘ngil mulki, ko‘ngil obodligi bilan bog‘liq masalasi tarannum qilingan bo‘lsa, ulug‘ Navoiy esa insonning nafaqat ko‘ngil obodligi, balki mulki millat ishidagi obodlik masalasining yorqin tasvir va poetik lavhalarini yaratgan. Shuning uchun u yangilik sifatida mulk ishi va ko‘ngil ishi tushunchalarini mahorat bilan alohida qo‘llay olgan yoki ko‘ngilni Ka’baga mengzash ham ulug‘ shoirning badiiy so‘zdagi ixtirolari, topilmalaridan biri edi.

 

4. Alisher Navoiy asarlarida ijod qilgan bosh qahramonlarning fikrlash tarzidagi yangilanish ham uning ixtirosidir. Biz shoh Iskandar va hakimlar, Farhod, Shirin, Axiy kabi badiiy obrazlar yoki Amir Temur, Shohrux, Gavharshodbegim, Sulton Husayn Boyqaro, Shayx Qays Roziy, Bahouddin Naqshbandiy, Xoja Ahror, Abdurahmon Jomiy, Bibichai Munajjima kabi bunyodkor hukmdor va shaxslarning portret va tasvirini asarlarida san’atkorona, yangicha usulda bayon qilganini ko‘ramiz.

 

5. Alisher Navoiy davlat arbobi sifatida davlatchilik masalalari bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlarning ham ma’lum ma’noda islohotchisi hisoblanadi. Davlatshoh Samarqandiy u yashagan uyni, ya’ni Unsiyani mana shunday ijtimoiy-siyosiy ahamiyatidan kelib chiqib “Fuqarolar murojaatgohi” deb yuksak baholagan. Bu esa insonparvar shoir o‘z davrida xalq bilan muloqot shaklini go‘zal tarzda yo‘lga qo‘ygan, nafaqat asarlarda, balki kundalik faoliyatida ham inson qadrini ulug‘lagan, adolat va insofni guvoh sifatida, afv fazilatini nafaqat qadriyat, balki afv instituti darajasida hamda onalarning tabiiy huquqlarini badiiy talqin qilgan deyishimizga imkon beradi.

 

Xulosa o‘rnida biz yuqorida ta’kidlab ko‘rsatgan moddiy va ma’naviy bunyodkorlik masalasi bugungi davrimiz uchun, birinchidan, katta bir saboq bo‘lsa, ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonning ma’naviy va mafkuraviy sohadagi ishlariga poydevor vazifasini o‘taydi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan hazrat Alisher Navoiy ijodini yurtimizda va jahonda keng ommalashtirishga alohida  e’tibor qaratilayotgani ham buning yaqqol ifodasidir.

 

Burobiya RAJABOVA,

                   O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori

instituti yetakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari nomzodi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//