Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari Aql markazlariga aylanajak


Saqlash
19:02 / 17.02.2022 1548 0

Yangilanayotgan O‘zbekistonda aholi ma’naviy dunyoqarashini yanada boyitish, yoshlar ongida milliy qadriyatlarga nisbatan hurmat hissini shakllantirish borasida keyingi yillarda amaliy choralar ko‘rilmoqda.

 

Davlatimiz rahbari 2021-yil 26-martda imzolagan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ryespublika bo‘yicha jami 195 ta Ma’naviyat va ma’rifat maskani qurish belgilangan. Shundan 48 tasi 2021-yil, 74 tasi 2022-yil, 73 tasi 2023-yillarda qurib foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

 

Prezident bu binolar kelajakda aql markazlariga aylanishi lozimligini ta’kidlagani bejiz emas. Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarida yoshlarning o‘z ustida ishlashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan: zamonaviy texnik jihozlar, elektron va bosma kutubxona, to‘garaklar xonasi, IT markaz, tadbirlar zali va boshqalar.

 

O‘tgan yil davomida Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarining ochilish marosimlari tantanali o‘tkazilib, birma-bir foydalanishga topshirildi. 2022-yil 5-yanvar holatiga ko‘ra, Respublikamizning Andijon shahri, Bo‘ston, Marhamat tumanlari (Andijon viloyati), Kogon, Qorovulbozor, Jondor tumanlari (Buxoro viloyati), Baxmal va Forish tumanlari (Jizzax viloyati), Navoiy shahri, Konimex tumani (Navoiy viloyati), Samarqand shahri, Paxtachi, Narpay, Pastdarg‘om tumanlari (Samarqand viloyati), Boyovut va Yangiyer shahri (Sirdaryo viloyati), Muzrabot va Angor tumani (Surxondaryo viloyati), Buvayda, Beshariq, Bag‘dod, O‘zbekiston, Uchko‘prik, So‘x tumanlari (Farg‘ona viloyati), Qarshi shahri va Shahrisabz tumani (Qashqaryo viloyati), Xiva shahri va Yangibozor tumani (Xorazm viloyati)da jami 28 ta Ma’naviyat va ma’rifat maskani foydalanishga topshirildi.

 

Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari orasida birinchilardan bo‘lib aholiga eshiklarini ochgan Qarshi shahridagi zamonaviy va barcha qulayliklarga ega ikki qavatli muhtasham binoning birinchi qavatida nuroniylar hordiq chiqarishi uchun dam olish xonasi, trenajyor zallari, kutubxona, oshxona, yuvinish xonalari, shuningdek, anjumanlar zali joylashgan. Yuqori qavatda esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limlari faoliyat ko‘rsatadi. Rahbar va mutaxassislar xonalari, majlislar zali, kutubxona zamonaviy jihozlar, kompyuterlar, kitoblar jamlanmalari bilan ta’minlangan.

 

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi Mahmud Torobiy nomidagi harbiy-vatanparvarlik bog‘i hududida qo‘r to‘kib turgan maskanda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, majlislar zali hamda kutubxonasi joylashgan. E’tiborga molik jihati shuki, bino bo‘ylab mumtoz musiqalar, o‘zbek adabiyoti namunalari eshittirib turiladi.

 

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Yangiyer shahrida qurilgan Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarida o‘lkashunoslik muzeyi, rasmlar ko‘rgazmalari faoliyat ko‘rsatadi. To‘garaklar tashkil etish, kitobxonlik bayramlari, turli ko‘rik-tanlov va konsert dasturlari, teatr va kino namoyishi uchun ham qulay sharoitlar yaratilgan.

 

– Ma’naviyat maskani tadbir o‘tkazib, odamlarga sovg‘a tarqatadigan joy emas, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Hayitov. – Bugungi kunda odamlarning qalbiga yo‘l topish, ularning hayotda rozi yashashi, mamlakatda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldorlik his etishi, yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, qadimiy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizga hurmat hissini yuksaltirishdek muhim vazifalarimiz borligini biz, ma’naviyatchilar qalbdan his etmog‘imiz lozim.

 

Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi Ma’naviyat va ma’rifat maskanida «IT markaz» va axborot-kutubxona markazi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Kutubxona 150 mingdan ziyod kitoblar, zamonaviy o‘quv zali, katta hajmdagi led monitor va bepul internetga ega. 

 

2021-yil davomida Farg‘ona viloyatida oltita, ya’ni Buvayda, Bag‘dod, Uchko‘prik, O‘zbekiston, Beshariq va So‘x tumanlarida Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari foydalanishga topshirildi. Jumladan, Beshariq tumanidagi maskandan anjumanlar zali, yosh bilimdonlar va kitobxonlik to‘garagi, ta’lim to‘garaklari xonasi, kutubxona, ijodkorlar, targ‘ibotchilar, hunarmandlar xonasi, tarix muzeyi o‘rin egallagan. Bino atrofi mevali daraxtlar va gulzordan iborat. Uchko‘prik tumanidagi maskanda IT-park tashkil etilgan. Bag‘dod tumanidagi maskanda 2000 dona kitob fondiga ega kutubxona, ta’lim to‘garaklari va o‘quv seminari o‘tkazishga mo‘ljallangan xonalar mavjud. O‘zbekiston tumanidagi maskan xonalariga ibratli so‘zlar aks etgan stendlar o‘rnatildi hamda milliy va zamonaviy binokorlik an’analari uyg‘unligida jihozlandi. So‘x tumanida ham ochilgan maskanda ham ijodkorlar, kitobxonlar, targ‘ibotchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

 

Jizzax viloyati Forish tumanidagi Ma’naviyat va ma’rifat maskani ham barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlandi, yoshlarning iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan 200 dona turli adabiyotlar taqdim qilindi.

 

2022-yil davomida ham bu ezgu tashabbus davom etadi. Jumladan, Nukus, Andijon, Jizzax, Chirchiq, Nurafshon, Urganch shaharlari; Mo‘ynoq, Navbahor, To‘raqo‘rg‘on, Qibray, Chilonzor kabi tumanlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari foydalanishga topshiriladi.

 

Nodira IBROHIMOVA

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

18:05 / 13.05.2024 0 277
San’at sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 638
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19413
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16686
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi