Konigildagi oltmish kunlik to‘y tantanalari ortda qoldi. Mehmonlar jo‘nab ketdi. Necha yildan beri paysalga solib kelinayotgan safarga navbat yetdi. Safarda malikalardan Saroymulkxonim, To‘kalxonim va Tuman oqa, amirzodalar Mirzo Ulug‘bek va Ibrohim Sulton birga edi.
Ular Oqsulotga yetib kelganda qattiq sovuq bo‘lib, qalin qor tushgandi. Ayozning zabti shunchalar baland ediki, ko‘plarning quloq-burunlarini sovuq urib ketdi. O‘shanda og‘izdagi til tanglayga yopishib, sovuq hatto qorindagi homilalarga ham ta’sir qilgani haqida manbalarda yozib qoldirilgan.
25-dekabrda Oqsulotdan qo‘shin yo‘lga chiqib, Uzun ota, Xo‘ja og‘a, Sutkant, Qimorshoh ota, Sultonshayx, Zarnuq manzillarini bosib o‘tdi. Toshkent atrofi va Turkistondagi qo‘shinning barong‘or va javong‘origa bahor kelishini kutmay yo‘lga chiqishga shay bo‘lib turish amr etildi. Oliy o‘rdu ilgari bosardi. Sirdaryoni qoplagan qalin muz ustidan o‘tib, 1405-yil 14-yanvar kuni O‘trorga yetib bordilar.
O‘tror (Turarband, Tarband, Farad, eramizgacha I asrdan XVI asrgacha qadimiy shahar) o‘sha paytda mavqeyi baland qal’a-shaharlardan bo‘lib, mo‘g‘ullar g‘oratidan keyin Sohibqironning o‘zi qayta tiklagan va obod qilgan edi. Undagi jome’ masjidi, eng muhimi – boy kutubxonaning shuhrati muarrixlar tomonidan manbalarda baland pardalarda madh etilgan.
Buyuk ipak yo‘lida juda qulay harbiy strategik nuqtada joylashgan bu manzil Chingizxon qo‘shinlariga jiddiy qarshilik ko‘rsatgani bilan tarixda mashhur. Ma’lumki, Chingizxonning qimmatbaho mollar ortilgan 500 tuyadan iborat savdo karvoni (uni 450 sarboz kuzatib borgan) 1218-yili O‘tror voliysi Inalchiq tomonidan qirib tashlanadi. Bunday shafqatsiz munosabatga qarshi Chingizxon ham munosib javob bermoqchi bo‘ladi, biroq sahroyi bosqinchilar deyarli birinchi marta shu joyda katta talafot ko‘radilar. Mudofaa jangi uzoq – olti oy davom etadi, oxirida qal’a yengilgach, g‘azabga kelgan Chingizxon jami tirik jonni (hayvonlarni ham) qirib tashlash, hatto g‘ishtlarni maydalab, qayta tiklanmaydigan holatga keltirishga farmon beradi. O‘tror fojiasi bosqinchilik yurishlari silsilasida eng dahshatli voqealardan biri sifatida eslanadi...
O‘trorga hokim etib tayinlangan Berdibek jiddiy tayyorgarlik bilan Sohibqironni kutib oladi. Mehmonlar to‘la joylashishga ulgurmay, bir noxush hodisa ro‘y beradi: ular qo‘ngan uyga o‘t tushadi. Shashti baland olovni arang o‘chiradilar. Bu voqea ko‘ngilga g‘ashlik solib qo‘yadi. Boz ustiga a’yonlar har kecha yomon-yomon tushlar ko‘rardi. Havo esa qahriga olib battar qor bo‘ralar, sovuq kuchaygandan-kuchayardi. Go‘yo falak kutilayotgan bir falokatdan xabar berayotgandek edi. Sohibqiron tang bo‘lar, odam yuborib yo‘llardan xabar oldirardi. Xabarchilar yo‘llarni qalin qor bosganini (ba’zi joylarda ikki-uch nayza bo‘yi), aslo o‘tib bo‘lmasligini ma’lum qilardi.
Shu kunlarda To‘xtamishxonning elchisi Qoraxo‘ja maktub bilan keladi. Xatda To‘xtamish o‘z pushaymonligini izhor etib, kechirim so‘ragan edi. Sohibqiron Xitoy yurishidan qaytgach, Jo‘jixonning ulusini unga topshirishni niyat qilib qo‘yadi. Biroq bu va boshqa niyatlar amalga oshmay qolib ketadi – qazoi qadar o‘z hukmini boshqacha o‘qiydi.
... Bu voqealar ro‘y bergandan so‘ng yillar o‘tgach, buyuk Temurning hayoti ko‘plab rivoyat-u hikoyatlarga mavzu bo‘ldi. Goh tarix haqiqatiga yaqinlashtirib, goh sof afsonaviy ruhda roviylar qissalar to‘qidi, olimlar asarlar yozdi, shoirlar qasidalar bitdi. Ular qancha go‘zal, mukammal bo‘lmasin, Sohibqironning hayoti mislsiz va yagonaligicha qolaverdi.
Xalq kitobi “Temurnoma”da naql qilinishicha, Movarounnahrda Sohibqiron tug‘ilganini, u ko‘plab mamlakatlarni fath etib, hukmdorlarni taxtdan mahrum etishini Rum, Iroq, Xuroson, Hindiston, Farang, Xitoy, O‘rus mamlakatlari podsholari tushida ko‘rib, Buxoro hukmdori Bayonqulixonga (tarixiy dalillar bo‘yicha Bayonqulixon amir Qazag‘an hukmronligi davrida qo‘g‘irchoq xon (1348–58) bo‘lib turgan) choparlar yuboradilar va alohida belgili chaqaloqni topib, o‘ldirishni talab qiladilar. Mozori Shayxda yashiringan sandiq ichidagi olti oylik Temurbekni mahv etishga kelgan elchilarni g‘oyibdan bir qo‘l paydo bo‘lib, boshini tanidan judo qilib tashlayveradi. Faqat Xitoy elchisi bu ilohiy farishtalarning ishi ekanini, farishtalar esa itdan qochishini biladi, mozorga itni kiritib yuboradi va bolani qo‘lga oladi. Voqeani bayon etar ekan, qissaxon o‘ldirilgan olti elchining mamlakati Temurga tiz cho‘kishini, Xitoy esa bundan xoli ekanini qayd etadi.
Bir manbada esa Kashmirdan topilgan “Majmu fi ahkom an-nujum” (“Yulduzlar hukmi asrori”) degan folbinlik qomusida birinchi Sohibqiron 33 yil umr ko‘radi, ikkinchisi payg‘ambarlik maqomiga erishadi va birinchisidan 30 yil ortiq umr ko‘radi, uchinchisi butun dunyoni egallaydi va ikkinchi Sohibqiron ko‘rgan umrdan (63) birinchi Sohibqiron yashagan yillar raqamlarini qo‘shgandan (33–3+3=6) ko‘p umr ko‘radi (63+6=69) deb yozilgani bayon etiladi. Balki Olloh tomonidan mislsiz kuch-qudrat bilan siylangan zotning umri poyoniga yetib borayotganini o‘zi ham sezgandir va chala qolib kelayotgan bir yumush – Xitoy bilan orani ochiq qilishni tezroq ado etishga shoshilgandir.
“Samarqanddan 76 yig‘och uzoq”likdagi (Sharafiddin Ali Yazdiy) O‘trorda qahraton sovuq davom etar, har bir o‘tayotgan kun bir sinoatdan guvohlik berardi.
Sha’bon oyining 10-sanasi – chorshanba (11-fevral) kuni Sohibqironning mizoji o‘zgarib, isitmasi ko‘tariladi. Kasallik alomatlari ancha oldin zohir bo‘lgan, hazrat tez-tez og‘rinib turardi.
Endi katta yurish arafasida tobi qochishi Sohibqironga yomon ta’sir etdi va astoydil tavba-tazarru qilib, Ollohdan shifo so‘radi. Mashhur tabib Mavlono Fazlulloh Tabriziy tinimsiz muolaja qildi. Biroq bir dardni davolasa, boshqasi xuruj etardi. Sohibqironning kasali avj olsa-da, aql-hushi joyida, qo‘shinning ahvolini muntazam surishtirib turardi.
Dard chekinavermagach, uning bedavo ekanini bildi va hazrat qazoga rizo berib oilasi va yaqin safdoshlarini huzuriga chorlab, ko‘nglidan kechayotgan iqrorini bayon etdi: “Fahm etyapmanki, ruh qushi qalb qafasini tark etishni ixtiyor qildi, Olloh dargohidan panoh tilayman va sizlarni uning marhamatiga topshiraman.
Men dunyodan ketsam, oh-u fig‘on qilmanglarki, hech foydasi yo‘qdir. Faqat Yaratgandan gunohlarim uchun kechirim so‘rangiz va ruhimni fotiha, duo, takbir bilan shod etingiz.
Alhamdulillohkim, bugun Eron-u Turonda biror kishida majol yo‘qki, bizga muxolifat qilsa. Bu hol men yuritgan siyosatning mukofotidir. Olloh taolodan umidim borki, agarchi gunohim ko‘p bo‘lsa, bir jihatdan menga rahmat qilg‘ay – mazlumlarni zolimlar dastidan himoya qildim. Mening davrimda zo‘rlardan ojizlar zulm ko‘rmadi.
Agarchi dunyoning tayini va saboti yo‘q ekan. Negaki, menga vafo qilmadi – sizlarga ham vafo qilmaydi...”
Sohibqiron ana shu izhorida nabirasi Pirmuhammad Jahongir Mirzoni taxt vorisi etib tayinlaydi, boshqalardan unga itoatda bo‘lib, bo‘yin sunishni so‘raydi: “Sizlar, kerakki unga muti’ bo‘lib, ittifoq bilan uning aytganlarini bajarsangizlar, saltanat buzilmaydi va musulmonlarga tashvish-u zahmat yetmaydi. Shunda mening necha yillik mehnatlarim zoye ketmaydi”.
Shundan keyin hozir bo‘lgan amirzodalar va beklardan bu vasiyatga og‘ishmay amal qilishlari haqida ont ichishlarini so‘radi. Sohibqiron huzurida bo‘lgan nabiralari – Mirzo Ulug‘bek, Ibrohim Sulton; eng yaqin beklari – Shohmalik, Shayx Nuriddin va boshqalar iztirobga tushib yig‘ladilar. Ayniqsa, sadoqatli lashkarboshilari Shohmalik va Shayx Nuriddinning alami ziyoda edi. Ular Sohibqironning deyarli barcha yurishlarida safdosh bo‘ldilar, uning bir ishorasi bilan dengizlarda to‘fon qo‘pganini-yu quruqlikda bo‘ron ko‘tarilganini ko‘p bora ko‘rdilar. Muzaffar lashkar qarshisida mamlakatlar va hukmdorlarning qay taxlit ta’zimda turganiga guvoh bo‘ldilar. Bugun esa ana shunday mislsiz g‘alabalarning rahnamosi fano va baqo olamida muallaq qolgan.
Beklarning qirg‘inbarotlardan tosh qotgan diydasi yoshga to‘ldi, o‘zlarini har yonga urib: “Jonimiz sadaqa, koshki sizning emas, bizning jonlarimizni olsa”, deb faryod chekdilar. Sohibqiron: “Foydasi yo‘q, ketmoq fursati keldi. Sizlar ishlaringizda mardona bo‘linglar”, dedi. Beklar yana qayta-qayta ont ichdilar. Ular yaqin atrofdagi farzandlarga xabar yuborsak, sizning diydoringizni ko‘rsalar, deb taklif bildirdilar. Hazrat vaqt tangligini, diydor qiyomatga qolganini izhor etdi. Faqat so‘ngida “Magar farzand Shohruxnikim, bu zamonda uni ko‘rmadim”, dedi.
Bu so‘zlarni eshitgan Saroymulkxonim va boshqa ayollar tashvishga tushib, Sohibqironning ahvolidan bezovta bo‘ldilar. Hazrat Sohibqiron farzandlari tomon qarab, oxirgi nasihatlarini bayon etdi: “Mamlakat hayoti haqida aytgan har bir gapimni qulog‘ingizda tutinglar, kambag‘allar va faqirlarning tirikchiligidan boxabar bo‘linglar. Qilichning sopini mahkam ushlanglar, toki mendek podshohlikda murodga yetgaysiz...”
Kasallik xuruj qildi. Tashqarida hofizlar Qur’on tilovatini davom ettirdilar, ulardan biri Mavlono Haybatullohga ichkariga kirib, Sohibqironning bosh tarafida xatmi Qur’on qilish ishorasi bo‘ldi.
Kech tushdi. Buyuk hayot shomi yaqinlashgan, umr oftobi botib borardi. Namozshom va xufton orasida hazrat Sohibqiron “Tavhid” kalimasini qayta-qayta takrorlab, omonatini Yaratganga topshirdi. Bu voqea hijriy 807-yil, sha’bon oyining 17-sanasi (1405-yil 18-fevral)– chorshanba kuni ro‘y berdi.
Shunday qilib quyoshning ufq sari safari O‘trorda poyoniga yetdi. U o‘z sayrini jannatoro Shahrisabz (Kesh)dan boshlagan edi. To tiriklik dunyosi mavjud ekan, bu sayr-u safar, bu qahramonnoma qayta-qayta rivoyat qilinaveradi. Bu rivoyatlar kecha va kunduzning takrorlanishi singari davomiy bo‘laveradi. Zero, hayot bardavom, tiriklik bardavom. Binobarin, quyosh ham yana qayta chiqish uchun botadi, deydilar.
Hakim SATTORIY
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q