Insonlarning dard-u tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezoni


Saqlash
17:02 / 17.02.2022 5772 0

Jahon tamaddunining muazzam beshigi bo‘lgan tabarruk zaminimizdan ko‘plab buyuk daholar yetishib chiqqan. Barcha zamonlarning mutafakkir shoiri Hazrat Mir Alisher Navoiy ona tili, adabiyot, san’at, madaniyat va tarix fanlari qatorida falsafa va tafakkur taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ donishmand va alloma bo‘lgan. Uning buyuk davlat arbobi sifatida amalga oshirgan insonparvarlik va bunyodkorlik ishlari hamon bashariyatni hayratga soladi. Ulug‘ shoirning komil inson haqidagi qarashlari doimo asosli, xalqchil va nihoyatda teran bo‘lgan.

 

Prezidentimiz aytganidek, “Alisher Navoiy bobomizning “Odamiy ersang demagil odami, onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor. Ya’ni, bu dunyoda insonlarning dard-u tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir, xalqning g‘amidan uzoq bo‘lgan insonni odam qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, deb ta’kidlamoqda ulug‘ bobomiz”.

 

Tarix saboqlari insonning irodasini sinaydi va chiniqtiradi. Alisher Navoiy umrini xalqni ma’rifatli qilishga bag‘ishlagan ulug‘ donishmand sifatida adolat, diyonat va iymon-e’tiqodning kuchiga ishonadi, eng og‘ir, eng murakkab sharoitda ham hukmdorlarni adolatli bo‘lishga chaqiradi. O‘sib kelayotgan yosh avlod ulug‘ shoirning komillik tarbiyasi haqidagi qarashlarini qanchalik chuqur va puxta bilsa, jamiyatda o‘zining mustaqil o‘rnini topishi shunchalik oson kechadi. Uning barcha asarlarida ta’lim-tarbiya masalalariga alohida o‘rin berilgan. U umr bo‘yi butun dunyoda tenglik, adolat, iymon, mehr-oqibat, tafakkur va ma’rifat hukm surishini orzu qildi. Farzandni oilaga baxt va saodat keltiruvchi ziyo, “hayot chirog‘i” deb ta’riflaydi, bola tarbiyasi va uni shaxs sifatida shakllantirish masalasini jamiyatning muhim muammosi, deb biladi.

 

Professor I.Haqqulning fikricha, “Alisher Navoiyning buyukligini bilmaslik o‘zbek millatining madaniyati tarixi, milliy-ma’naviy kuch-quvvati va jahon badiiy tafakkuriga qo‘shgan buyuk hissasini anglamaslik bilan barobar. Alisher Navoiyning ulug‘ siymosi ul zotning ruhoniyati, benazir shaxsiyati va so‘zni san’at darajasiga ko‘targan ijodkor ekanligi bilan belgilanadi. Uning shu zamonda –  yangi asrda ham zamonaviy shoir sifatida yodga olinayotgani behikmat bo‘lmasa kerak”.

 

Darhaqiqat, Navoiy asarlaridagi halollik va pokdomonlik mohiyati, milliy o‘zlik tuyg‘usi va falsafiy tushunchalar yangi asrda ham mudom insoniyatni ogohlikka chorlamoqda:

 

Demonkim ko‘ngli pok-u ham ko‘zi pok,

Tili pok-u, so‘zi pok-u, o‘zi pok.

Dedi: Har ishki qilmish odamizod,

Tafakkur birla bilmish odamizod.

 

Allomaning inson haqidagi diniy-ilohiy qarashlari islomiy tamoyillar ta’sirida shakllangan. U insoniyatni komillik saodati sari chorlar ekan, uning ma’naviyati, tafakkuri, odobi va axloqiy go‘zalligiga alohida e’tibor beradi. Hazrat Navoiy iymonli bo‘lishni insoniylikning eng birinchi va eng asosiy belgisi deb biladi:

 

Kimki jahon ahlida inson erur,

Balki nishoni anga iymon erur.

 

Iymon – faqat insonning vujudini emas, balki ruhini, ko‘nglini ham poklaydi. Inson o‘zini va o‘zligini iymon orqali anglaydi, iymon orqali yetuk ma’rifatga erishadi. Komillik – iymonga sadoqatda, iymon-e’tiqod mustahkamligida yuzaga chiqadi.

 

Shoirning fikricha, insonning ota-onasiga, atrofidagi odamlarga munosabatida uning iymon-e’tiqodi, jamiyatga munosabati, o‘zligi, axloqiy go‘zalligi namoyon bo‘ladi:

 

Boshni fido ayla, ato qoshig‘a,

Jismni qil sadqa, ano boshiga.

Bo‘lsun adab birla bori xizmating,

Ham qil adab “dol”i kibi qomating.

 

“Hayrat ul-abror” dostonidan olingan mazkur parchada ota-ona xizmatini muhabbat bilan ado etish insonning burchi ekanligi ta’kidlanmoqda. Shoir ota-onadan keyin aka-uka va opa-singillarga oqibatli bo‘lish borasida ham to‘xtalib o‘tgan. Uning nazdida o‘z yaqinlariga rahmdil bo‘lmagan odam boshqalarga ham mehr-shafqat ko‘rsata olmaydi. Ulug‘larga xizmat, kichiklarga shafqatli bo‘lish yuksak ma’naviyat belgisi ekanligini ta’kidlaydi:

 

So‘ngra rahming oilasin qarz bil,

Rahm o‘shul toifaga farz bil.

Kimki ulug‘roq anga xizmat kerak,

Ulki kichikroq anga shafqat kerak.

 

Atoqli navoiyshunos olim N.Mallayev to‘g‘ri ta’kidlagan, “Navoiy ijodiyoti u yashagan muhitning badiiy qomusi, murakkab xalq tarixining ravshan ko‘zgusidir. Unda inson hayoti va faoliyatining rang-barang sohalari o‘z ifodasini topgan. Binobarin, Navoiy merosi turli ilm sohalari uchun boy va qimmatli manbadir”.

 

Ulug‘ shoirning falsafiy fikr qamrovi juda keng – u iymon bilan bir qatorda ilmga intilishni, ilmli bo‘lishni komillikning muhim shartlaridan biri deb hisoblaydi. Jaholat va nodonlikdan o‘zini asragan inson ilm orqali dunyoni va o‘zligini taniydi, kasb-u kor va hunar o‘rganadi, oq-u qorani ajratadi.  Ilm olishga da’vat, aql va zakovatni ulug‘lash fazilati uning barcha asarlarida rang-barang ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ko‘ngilni poklab, uni yaxshi amallarga makon aylagan ilm hayot chirog‘i, insonni boshqa maxluqotlardan ajratadigan asosiy sifat. Ilm insonni g‘aflatdan uyg‘otadi, dunyoqarashini boyitadi, tafakkurini charxlaydi. Davlatmand bo‘lish yoki amaldorlik ilinjida ilm o‘rganish gumrohlikdir. Faqat komillikka, ezgulikka intilganlarga ilm saodati yor bo‘ladi. “Saddi Iskandariy” dostonida aytilganidek:

 

Bori ilm aro, o‘yla, sohib kamol,

Ki komil aningdek topilmoq mahol.

Bilik kasbini qildi to joni bor.

Hunar bildi onchaki imkoni bor.

 

Ulug‘ shoir “Hayrat ul-abror” dostonida inson umrning o‘tkinchi ekanligini tushunishini, tushunibgina qolmay, uni besamar o‘tkazmasligi, foydali ishlarga sarflashi kerakligini uqtiradi. Yaxshilik va ezgulikni, sadoqatni, mehr-u muruvvatni umrining mazmuni deb bilgan insonlarga hammaning havasi keladi. Ular fe’lining olijanobligi hayotining farovon bo‘lishini ta’minlaydi. O‘tgan ishlarga achinish befoyda, insonning salomatligi, tafakkurining kengligi, ko‘ngli xotirjamligining o‘zi oliy saodatdir:

 

Umrki xorij durur o‘tgan ishi,

Har neki o‘tti anga yetmas kishi

Kelmaganidin dog‘i oqil demas,

Ne desun ul ishniki, ma’lum emas.

 

Hazrat Navoiyning dostonlari, g‘azallari va nasriy asarlarida do‘st tutish, do‘st oldidagi mas’uliyat, do‘st sadoqati insonning eng oliy qadr-qimmati sifatida ulug‘lanadi. Zero, “Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yib, yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Mashhur “Xazoyin ul-maoniy”da ulug‘ shoir shunday deydi:

 

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.

 

Ya’ni, inson dunyoga kelgan ekan, bir-biri bilan do‘st-u birodar bo‘lgani, do‘stlik rishtalarini bog‘lagani va asragani ma’qul. Dushmanlik esa hech kimga hech qachon yaxshilik, baraka olib kelmagan. Do‘stlik shafoati va sadoqati juda ulug‘ tuyg‘u. Xususan, “Hayrat ul-abror”da do‘stlik va uning shartlari, do‘stlikning inson taqdiridagi o‘rni va qadri borasida alohida maqolat va hikoyat berilgan. Unda shunday satrlar bor:

 

Bas, kishiga umr xushi yor emish,

Umr degan yori vafodor emish.

 

Yorki, oyini vafo yo‘q anga,

Sham’ kibidurki, ziyo yo‘q anga.

 

Shamki yo‘q anda ziyo to‘shasi,

O‘tsiz erur o‘ylaki muz sho‘shasi.

 

Yorki, bor anda vafo – yor bil,

Umr degan yori vafodor bil.

 

Qadim Sharqda azal-azaldan haqiqiy do‘stlik eng bebaho ne’mat, umrning mazmuni sifatida ulug‘langan. Ulug‘ shoirning fikricha, do‘st mehri va sadoqati inson qalbini yorug‘, umr yo‘llarini munavvar qiladi. Do‘stlik shartlariga amal qilmaydigan kishi o‘zidan yorug‘lik taratmaydigan sham kabi qadrsizdir. Do‘stlikni ixtiyor etgan qalb, unga vafodor bo‘lishi, bu oliy tuyg‘uni asrashi shart. Ma’naviy jihatdan eng boy odam – do‘sti ko‘p, do‘stlik qoidalarini anglagan insonlardir. Ularga hamma havas qiladi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida  o‘tgan sammitida ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusimiz qabul qilinib, Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxr-u iftixori bo‘lgan hazrat Alisher Navoiy bobomizga, shunday ulug‘ zotlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz”, deya alohida ta’kidladi.

 

Hazrat Navoiyning purma’no asarlari turkiy tilli davlatlar bilan bir qatorda butun dunyo ahlini buyuk insonparvarlik g‘oyalari ostida birlashtirishga xizmat qilmoqda. Uning donishmandligi zamirida adolat tushunchasi, do‘stlik va birodarlik tuyg‘usi mujassam. Ulug‘ shoir nazdida chin do‘stlik ham komillik belgisidir. Shoir, “Aylasalar ikki tarafdin vafo, yetgay alar jonig‘a oncha safo”, deydi. Habiblik, birodarlik odobini ulug‘laydi, do‘st zimmasidagi burchlarni va haqlarni sidqidildan ado etmoqqa da’vat etadi. Bu borada mamlakatimizda ulug‘vor islohotlar amalga oshirilmoqda.

 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Alisher Navoiy dahosi ne-ne bo‘shliqlarni madaniy-ma’naviy xazinalar, aforizmlar, insonparvarlik g‘oyalari bilan to‘ldirmoqda. Yosh avlod ong-u shuurida milliy o‘zlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishda, zamon ziddiyatlarini bartaraf etishda, turmush mashaqqatlarini yengishda hazrat Navoiyning insonparvarlik, millatparvarlik g‘oyalari ma’naviy-ruhiy quvvat vazifasini o‘tamoqda.

 

Marhabo PARDAYEVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Buxoro viloyati bo‘limi rahbari,

falsafa fanlari nomzodi, dotsent

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

18:05 / 13.05.2024 0 171
San’at sotiladigan buyum yo musobaqa maydoni emas

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 619
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19409
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16663
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi