Yangi O‘zbekistonni yetuk ma’naviyatli jamiyat, erkin va baxtli insonlar yashaydigan yurtga aylantiramiz


Saqlash
19:09 / 17.02.2022 1598 0

Moziy sahifalariga zarhal harflar bilan bitilgan ko‘hna tariximiz, ma’naviy qadriyatlarimiz, madaniy boyliklarimizni chuqur o‘rganib, milliy taraqqiyot yo‘lini yangi bosqichlarda davom ettirar ekanmiz, davlatimiz rahbarining “Biz yangi O‘zbekistonni yetuk ma’naviyatli jamiyat, erkin va baxtli insonlar yashaydigan yurtga aylantirishimiz lozim”, degan so‘zlari zamirida ulug‘vor maqsad mujassam ekanini yanada teran anglaymiz. Xalqimizning ma’naviy qadriyatlarini qadrlash, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, ularda o‘z ajdodlari bilan g‘ururlanish tuyg‘usini shakllantirish, milliy o‘zlikni anglash hissini mustahkamlash borasida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borilmoqda. Xorazm viloyati hokimi Farxod ERMONOV bilan suhbatimiz ham shu mavzu atrofida bo‘ldi.

 

Xorazm viloyatida ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlar qay darajada? Prezidentimiz tomonidan mazkur yo‘nalishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi qanday?

 

                    Viloyatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida jamiyatda uzluksiz ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va tashviqot ishlarini tashkil etishning yettita asosiy yo‘nalishlarini belgilab olgan holda ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublar orqali targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari taqdim qilayotgan Yangi O‘zbekiston strategiyasida aholini ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan kamol toptirish g‘oyat murakkab vazifa ekanligi, ayniqsa, bugungi kunda mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olgan, hozirgi taxlikali zamonda bu masala nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi bir necha bor ta’kidlangan. Har bir hududdagi muammolarni bartaraf qilish, yechimini topish, kamchiliklarni tezkorlik bilan hal qilish, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, fuqarolarning ma’naviy-madaniy saviyasini oshirish, yoshlarni baxtli va saodatli hayot sari ildam ergashtirib borish, bularning bari Yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshirilmoqda.

 

Shunday ekan, Prezident va xalq o‘rtasida bevosita vakil sifatida bizning hududlardagi vazifalarimiz, amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xalq roziligi uchun xizmat qilmog‘i shartdir. O‘tgan yillar davomida keng ko‘lamli islohotlarning guvohi bo‘ldik. Har bir sohadagi o‘zgarishlar, zamonaviy yangi loyihalar, inson farovonligi va uning qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarning barchasi amalda bo‘y ko‘rsatdi. Turli sohalarda nafaqat aholiga qulaylik yaratildi, balki xizmat ko‘rsatishning soddalashtirilgan va zamonaviy texnologiyalar asosida tatbiq etilayotgan jihatlari ommalashdi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yo‘nalishdan iborat etib belgilanganligi esa alohida e’tiborga molik. Bu, albatta, ma’naviy-ma’rifiy sohada ham o‘z aksini topadi. Vaholanki, buyuk kelajakni sifatli ta’lim olgan yoshlar, qadr topgan inson, bugunidan minnatdor, ertangi kuniga ishonchi komil xalqimiz bilangina qurishimiz mumkin.

 

O‘tgan 5 yil davomida biz Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan barcha topshiriqlarni jumladan, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy sohalardagi vazifalarni o‘z vaqtida, ko‘ngildagidek to‘liq bajarishga harakat qildik va buning uddasidan ham chiqayapmiz. Bugun yangidan-yangi kreativ yondoshuvlarni ko‘rib, shu yuksalishlar tendensiyasining faol a’zosi sifatida  faoliyat olib borayotganligimdan mamnunman.

 

                   Joriy yilning 28 yanvar kuni Prezidentimiz maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Maktab ta’limi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin”, deya ta’kidladilar. Bu boradagi ishlar ham gazetxonlarimiz uchun qiziq...

 

                    Davlatimiz rahbari bu gaplarni bejizga aytmadilar. Zero, Mahmudxo‘ja Behbudiy “Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir” deganida mutlaqo haq edi. maktabda ertangi avlodning ong-u shuuri shakllanadi. Saboq olish barobarida eng go‘zal ezgu xislatlarni o‘zida  rivojlantirib boradi. Shuning uchun ham o‘g‘il-qizlarimizning ta’lim olish darajasi, tarbiyasiga Prezidentimiz aytganlaridek, nafaqat o‘qituvchi-pedagoglar, barchamiz mas’ul va javobgarmiz.

 

Bugungi kunda Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 576 ta ta’lim muassasasi faoliyat yuritib, shundan, 549 ta maktab, shu jumladan, 4 ta maxsus maktab-internat, 3 ta sanatoriya tipidagi maktab-internat, 13 ta ayrim fanlar chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, 43 ta ayrim fanlar chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar, 13 ta “Oilaviy bolalar uyi”, 14 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yilda jami 24 843 nafar o‘quvchimiz umumta’lim maktablarini tugatib, ularning 6 955 nafari talabalikka qabul qilindi. Bu ko‘rsatgich albatta yetarli emas. Bundan keyin bitiruvchi o‘g‘il-qizlarimizni oliy ma’lumotli qilmaguncha, sira ham tinim bilmaymiz. Buning uchun pedagoglarimizning salohiyat va imkoniyatlari yetarli. Aynan ana shu salohiyat viloyatimiz ta’lim sifatining yuqoriligi bo‘yicha respublikamizda birinchi o‘rinda bo‘lishiga zamin bo‘lmoqda. O‘tgan yili Qo‘qonda matematika fanidan olimpiada bo‘lib o‘tgan edi. Uning respublika bosqichida kuchli o‘ntalikdan viloyatimizning uch o‘quvchisi ham joy olgani fidoyi o‘qituvchilarimizning mehnati samarasidir. Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Saparboev Sarvar Javlonbek o‘g‘li aynan shu olimpiadada birinchi o‘rinni egallab, mukofot sifatida “Cobalt” avtomobili sohibi bo‘ldi. Xorazm viloyati Sifatli ta’lim olish imkoniyati tengsizligi indeksi (Index of Disparity in Access to Quality Secondary Education IDAQSE) sifatli o‘rta ta’limga ega bo‘lish reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘tgan yili viloyatlar orasida birinchi o‘rinni egallaganini han eslatib o‘tish joyiz.

 

Keyingi yillarda o‘qituvchilarga berilayotgan e’tibor, ularning maqomini ko‘tarish, qadr-qimmatini oshirish yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlar tufayli viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ustozlarda ishlashga bo‘lgan ishtiyoq ortdi, o‘z bilimlarini oshirish uchun intilish kuchaydi. Buning isboti sifatida Xorazm viloyati Respublikada oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushiga ko‘ra 2 yildan buyon birinchi o‘rinni egallab kelayotganligini qayd etish mumkin.

 

Joriy yil ham maktab bitiruvchilarini ko‘proq qamrab olish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida qabul kvotalari soni oshirildi, yangi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Urganch shahrida Malayziyaning “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti filiali o‘z faoliyatini boshladi. Umuman ta’lim sifatini oshirish eng katta maqsadlarimizdan. Buning uchun ta’lim muassasalarimizning ilmiy salohiyatini, ya’ni ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar sonini oshirish rejalashtirilgan. Hozir bunday kadrlar ulishi 29 foizni tashkil qiladi. Ayni paytda viloyatda 1500 dan ortiq xorijlik, xususan, Turkmaniston, Pokiston, Hindiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Afg‘oniston, Saudiya Arabiston va AQSh kabi davlatlardan kelgan talabalar tahsil olishmoqda. Hozirda oliy ta’lim muassasalarimizda ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar ulushi 29  foizni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatgichni yanada oshirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot ishlariga ko‘maklashish  ko‘lamini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.

 

Ilm-u ma’rifat sohasiga Prezidentimizning shaxsan bosh bo‘layotgani bugun viloyatimizdagi yosh pedagoglar va olimlarning shijoatiga shijoat qo‘shmoqda. Xorazm viloyati oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari tomonidan 2020-yil 48 ta ilmiy ishlar himoya qilingan bo‘lsa, 2021-yilda ular soni 84 tani tashkil qildi.

 

 Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari doirasidagi ishlar qanday olib borilmoqda?

 

                    Bu qarorlari asosida joriy etilgan yoshlar yetakchilari lavozimlari ham mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu borada tizimli ishlarni izchillik bilan yo‘lga qo‘yganmiz. Albatta, mahallalarga biriktirilgan ziyolilar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari – bu ulkan ilmiy salohiyat, amaliy kuch degani. Bulardan izchil va tizimli, samarali foydalanish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqin kunlarda hayotimizda, xalqimiz turmushida aks etishiga olib keladi.

 

Aynan ushbu kuchdan foydalanib, biz joriy yil fevral-mart oylari davomida viloyatdagi barcha mahallalar kesimida “Zakovat” turnirini o‘tkazishni belgilab qo‘ydik. Bu esa aholi orasida kitobxonlik madaniyati, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishga turtki bo‘ladi.

 

Davlatimiz  tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tizimning ta’sirchanligini oshirish borasida bir qator nazariy masalalarni ham rejalashtirganmiz. Yangi ish boshlagan har bir hokim yordamchisi va yoshlar yetakchilari uchun ularning vazifalari, aholi va yoshlar bilan ishlashning huquqiy, psixologik xususiyatlari aks ettirilgan ma’naviy-ma’rifiy yo‘riqnoma tayyorlash borasida ishlar boshlab yuborilgan. Ushbu yo‘riqnomalar har bir yangi lavozim egalariga yetkazilib, ularning faoliyati uchun ta’sirchan qo‘llanma bo‘lishi ko‘zlanmoqda.

 

                    Kitob ong va tafakkur sarchashmasi, qalb ziyosi, insonlarni yaxshilikka, ezgulikka chorlovchi vosita hisoblanadi. Viloyatda kitob va kitobxonlik, ularni chop etish borasida ham yangi loyihalar amalga oshirilayotganidan xabarimiz bor.

 

– Darhaqiqat, kitobxon avlodni tarbiyalash, ma’rifatli jamiyat barpo qilish davlatimizning strategik ustuvor rejasidir. Nafaqat, davlatimiz, balki xalqimizning, barchamizning eng ulug‘ ezgu niyatimiz ham shu. Bugungi kunda viloyatimizda 12 ta axborot kutubxona markazlari, ta’lim muassasalari va idora-tashkilotlarining 633 ta kutubxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 55 ta mahallamizda kutubxonalar tashkil qilingan. Viloyatning barcha kutubxona muassasalari fondida jami 3 mln. 792 ming 100 nusxada kitoblar mavjud. Galdagi rejamiz kelgusi 5 yilda Xorazmdagi barcha yurtdoshlarimiz kitobxon va xonadonlarida javon-javon kitob  bo‘lishiga erishishdir.

 

Xorazmda 10 ta nashriyot hamda 62 ta matbaa korxonasi faoliyat ko‘rsatadi. O‘tgan  yil davomida ushbu nashriyotlar tomonidan 484 nomdagi 62 mingdan ziyod yangi kitoblar nashr qilingan bo‘lsa, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda viloyat hokimligi hamkorligida 7 nomdagi 18 mingga yaqin kitoblar o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.

 

– Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasi qurilib, sarkardaning haykali o‘rnatilgan hudud atrofidagi 8 gektar maydonda qurilish ishlari davom etmoqda. Joriy yil 7-fevral kuni Prezidentimiz  qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishganida,  Jaloliddin Manguberdi majmuasi haqida ham so‘z bordi…

 

– Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chog‘ida Jaloliddin Manguberdi majmuasi mazmunini boyitish, sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha bir qancha ko‘rsatmalar berib, “Bu yer bilim, ma’naviyat, g‘urur maskani bo‘lishi kerak. Kelganlar aylanib, hordiq chiqarishi bilan birga Manguberdi bobomiz hayotini yaqqol tasavvur qilishi, bundan ruh olishi kerak. Xiyobon bo‘ylab uning janglari, qahramonliklari haqida lavhlar yozib qo‘yish mumkin. Bu tarixni va chet tillarini yaxshi bilgan gidlar tayyorlash ham zarur”, dedi. Jaloliddin Manguberdining ot ustida qilich tutib turgan haykali bronzadan yasalgan. Uning balandligi asosi bilan birga qariyb 25 metr bo‘lib, uzoqdan ham ko‘rinib turadi. Favvoralar barpo etildi. Ayni kunlarda maydonda yakunlovchi ishlar amalga oshirilmoqda.

 

2022-yil  ham milliy tariximizni tarannum etish borasida zalvorli  va shaxdam  qadamlarni tashlaymiz. Xususan, “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o‘rganish” mavzusida Urganch va Xiva shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyaga 20 davlatdan olim va tadqiqotchilar taklif qilingan. O‘tgan yili bir guruh olimlarimiz Jaloliddin Manguberdi tarixini chuqur o‘rganish doirasida Turkiyaning Diyarbakir viloyatiga ilmiy safar uyushtirdilar. Bu ilmiy guruhimiz Jaloliddin Manguberdining dafn etilgan joyini aniqlash borasida katta natijalarga erishdi. Ular buyuk sarkardaning so‘nggi manzili bo‘yicha asosli va  yangi manbalarni qo‘lga kiritdilar. Endi bu boradagi tadqiqotlarni yanada kuchaytirishni niyat qilganmiz hamda tadqiqot natijalari asosida davlat rahbariga takliflar kiritamiz.

 

Joriy  yilda olimlarimiz ishtirokida Pokistonga ilmiy-ma’rifiy ekspeditsiya tashkil qilish rejalashtirilgan. Bu yerda olimlarimiz Jaloliddin Manguberdi tomonidan barpo qilingan inshootlar bilan bir qatorda qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniy tashabbusi bilan tiklangan Nandanadagi rasadxona haqida, ajdodimizning Pokistondagi ilmiy merosi haqida ma’lumotlar to‘playdi. Zero, bu yil Abu Rayhon Beruniyning 1050 yillik yubileyi ham katta tantanalar bilan nishonlanadi, tarixiy shaxslarimiz Jaloliddin Manguberdi, Abu Rayhon Beruniylar haqida hujjatli filmlar taqdim qilinadi.

 

Baxshichilik san’atimiz YUNESKO tomonidan Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bundan bir necha yil oldin esa Xorazm san’atining yana bir tumori bo‘lgan lazgi ham bu ro‘yxatdan joy olgan edi. Joriy yil san’atimizning ustunlari – baxshichilik va lazgi, shu bilan birga, xalfachilikni targ‘ib va tashviq qilish, uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ko‘rik-tanlovlar, tantanalar o‘tkazish belgilab qo‘yilgan. Xorazm san’ati – baxshichilik, maqom, suvoralarimiz aslida xalqimizning o‘ziga xos milliy immuniteti hisoblanadi.

 

Biz bugun Prezidentimiz boshchiligida “Inson qadri uchun” tamoyil asosida astoydil ishlayapmiz. Fuqarolarni ish bilan ta’minlash, iqtisodini yaxshilash, kambag‘allikka qarshi kurashishga katta e’tibor qaratdik. Biroq ma’naviy qashshoqlikka qarshi kurash borasida ham sustkashlikka yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Demakki, befarq bo‘lishga yo‘l qo‘masligimiz shart. Chunki ma’naviyat bugungi kunning eng dolzarb masalasiga aylanib ulgurdi.

 

Gulchehra DURDIYEVA suhbatlashdi.

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022-yil 17-fevral,

35 (557)-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 120
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//