Men senga emas, odamzodning dardiga ta’zim qildim.
Raskolnikovning Sonyaga aytgan
so‘zlaridan
Tavalludining 200 yilligi nishonlanayotgan Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiyning umr yo‘li va ijodiy faoliyati yozuvchi hayotligidan boshlab hozirga qadar teran tadqiq etilgan. Zero, adib qoldirgan meros shu qadar boy va ko‘p qirraliki, turli avlodlar uning durdona asarlari jilvasidan hali-hamon hayratda. Garchi XIX asr rus realistik prozasining maydonga kelishi Nikolay Gogol nomi bilan bog‘lansa-da (“Gogol shinelining yengi” haqidagi mashhur naqlni eslang!), bu noyob adabiy jarayonning haddi a’losi, shubhasiz, Dostoyevskiy ijodidir. Nobel mukofoti sohibi Alber Kamyu butun umr yozib borgan kundaliklarida biron murakkab masala qarshisida o‘yga tolganda “Bu xususda Dostoyevskiy nima degan? Albatta, topib o‘qish kerak!” mazmunidagi qaydlarni o‘nlab marotaba bitgan.
So‘z avvalida bir istiholani aytib ketmog‘imiz kerak. Modomiki, Dostoyevskiy asarlari, qahramonlarining har biri ayricha tushunuvni talab etar ekan, mo‘jazroq maqolada yozuvchining butun ijodini qamrab bo‘lmasligi aniq. Shuning uchun birgina “Jinoyat va jazo” romanining ayni kunlarda biz muhim deb bilgan ayrim qirralari xususida baholiqudrat so‘z yuritamiz.
Fyodor Dostoyevskiy asarlarining zamon va makonlararo ohori to‘kilmay o‘tib kelayotganining ikki muhim sababi, san’at durdonalariga xos mustahkam asosi bor. Adib, birinchidan, yaralganidan buyon odamzodni tinimsiz o‘ylantirib, qiynab kelayotgan muammolarga adabiyot vositasida yechim topmoqqa jiddu jahd qildi. Ikkinchidan, uning asarlarida hayot voqeligi boshqa biron ijodkorda kuzatilmagan tarz va badiiy alfozda aks etdi.
O‘sha murakkab, yechimi qiyin savollardan biri budir: odamzod kim o‘zi?
Agar odam, muqaddas kitoblarda xabar berilganidek, olamning gultoji, jamiki farishtalar qulluq qilmog‘i lozim bo‘lgan xilqat bo‘lsa, u nega “tubanlik ichra ham tanho” (Abdulla Oripov)? Nega boshqa biron bir jonzot o‘ziga ep ko‘rmaydigan, eng yirtqich hayvonlarga-da yot bo‘lmish vahshiyliklar uning tabiatida paydar-pay namoyon bo‘laveradi, baobab daraxti yanglig‘ (Antuan de Sent-Ekzyuperi) urchib-g‘ovlashdan to‘xtamaydi?
Ayni o‘rinda mening yodimga bundan yigirma yillar ilgari “Аргументы и факты” gazetasida chiqqan mo‘jaz savol-javob kelmoqda. Misrning Sharm ash-Shayx kurortida dam olib qaytgan bir ayol gazetaga savol yo‘llaydi: “Meni bir holat o‘ylantirib qo‘ydi: tumonat odam ichidan tomosha qilib o‘tishi mumkin bo‘lgan ulkan akvariumda bir vaqtning o‘zida ming turli katta-kichik baliq, suv jonivorlari, akula va delfinlar, hatto bir-ikkita akvalangist ham sokin, bexavf suzib yuribdi. Nega akula va o‘zga dengiz yirtqichlari boshqa jonivorlarga hujum qilmaydi?” Uning savoliga okeanshunos mutaxassis qisqa va aniq javob beradi: “Gap shundaki, xonim, tabiat yirtqichlari, insondan farq qilaroq, agar qorni to‘q bo‘lsa, o‘ljaga hujum qilmaydi, ular bilan ishi bo‘lmaydi...” Mutaxassisning bu izohini kamina jaydari tarzda shunday tushungan edim: “Ularda sandiq, muzlatgich, seyf, bank hisobraqami... degan narsalar yo‘q!”
Dostoyevskiy asarlari, xususan, “Jinoyat va jazo” romani mutolaasi har bir ongli o‘quvchini, u istaydimi-yo‘qmi, yuqoridagi savollar bilan yuzma-yuz qo‘yadi, o‘zini o‘sha savollar orqali idrok etishga majbur qiladi.
Darhaqiqat, agar birortamiz Rodion Raskolnikov ahvoliga tushib qolsak, nima qilgan bo‘lar edik? Faqat pulsizlik, kambag‘allik va qashshoqlik bilangina xarakterlanadigan holga emas, balki miyaga chuqur o‘rnashib olgan, bir qaraganda ezgu va gumanistik, boshqa tomondan qarasa, g‘oyat xavfli hamda yuqumli g‘oyalar, xayollar girdobidagi talvasali vaziyatga!..
Yana bir savol: Raskolnikov tafakkuri chiqqan yuksaklikka har qanday odam aqli ham bo‘ylay oladimi? Axir, Svidrigaylov, Lujin, Lebezyatnikov singari “bu dunyosinigina bergan” kimsalarni qo‘yaturaylik, hatto Dmitriy Razumixin, Avdotya Romanovna, Sonya singari ko‘ngil ko‘zi ochiq insonlar ham, garchi hayotning hadsiz shafqatsizliklariga duchor bo‘lsalar-da, huquqshunoslik fakulteti talabasi o‘ylab topgan “falsafa”ga yaqin yo‘lamaydilar-ku!
Raskolnikovni aqldan ozdirar darajada o‘ziga jalb etgan g‘oya, soddaroq qilib aytganda, bunday: odam bolalari o‘zlariga berilgan aql-zakovat, iqtidor, tabiiy imkoniyat va kuch-qudratga ko‘ra ikkita toifaga ajraladi. Birinchisi – hukmdorlar tomonidan ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riq asosida hayot kechiradigan, haminqadar shart-sharoitga ko‘nib, o‘ziga berilgan topshiriqlarni og‘ishmay bajaradigan milliardlab oddiy odamlar; ikkinchi toifa – mana shu milliardlarni boshqarish iqtidori bilan dunyoga kelgan va boshqarish asnosida hatto qon to‘kish imtiyoziga ega sara zotlar.
Raskolnikov Peterburgda chiqadigan “Muntazam so‘z” gazetasida chop etilgan “Jinoyat haqida” nomli maqolasida mazkur ikki toifaga tegishincha “odmi” hamda “favqulodda” odamlar deb nom beradi. Uning talqinicha: “Birinchi toifadagilar, ya’ni material bo‘luvchilar, o‘z tabiatiga ko‘ra yangilikka qarshi bo‘lgan, batartib, chegaradan chiqmay, tobe bo‘lib yashaydigan va tobe bo‘lishni yaxshi ko‘radigan odamlardir... Bu past toifa (odmi odamlar) o‘ziga o‘xshaganlarni urchitishdan boshqaga yaramaydi, ular urchish materialidirlar va ikkinchisi, odam deb sanasa arziydigan va hayotda, o‘z muhitida yangilik, yangi so‘z barpo qilish iqtidoriga, qudratiga ega bo‘lganlar. Ikkinchi toifadagi odam... agar o‘z g‘oyasini yuzaga chiqarish uchun birovlarni qurbon qilish, qon to‘kish lozim bo‘lib qolsa, u o‘z vijdoni oldida o‘zicha buni ado etishga izn olishi mumkin – hamma gap uning g‘oyasi bunga arziydimi-yo‘qmi, ana shunda...”
Qani, endi o‘ylaylik-chi, o‘zini ikkinchi toifaga mansub deb hisoblaydigan qay bir “favqulodda odam” o‘z g‘oyasini, ommani ishontirish uchun o‘ylab topgan da’vat va va’dalarini hech narsaga arzimaydigan, shunchaki, xashaki gaplar, o‘z harakatlarini esa populizmdan boshqa narsa emas, deb tan oladi-yu, boshqalarning o‘ziga shunday baho bermog‘iga yo‘l qo‘yadi?
Porfiriy Petrovich – jinoyatdan biron iz qolmagani, shohidlar yo‘qligiga qaramay, asl qotil Raskolnikov ekanini uning imzosiz e’lon qilingan kichik maqolasidan aniqlagan zukko izquvar. U qarashlarini rosa jo‘shib izhor etayotgan Raskolnikovga g‘oyat o‘rinli ishtiboh bildiradi: “Xudo ko‘rsatmasin, chalkashlik tug‘ilib, birinchi toifadagilar o‘zlarini ikkinchi toifadagilarning o‘rniga qo‘yib va shu asosda boya o‘zingiz qotirib aytganingizday, “hamma g‘ovlarni yo‘qota” boshlasa, bilasizmi, unda...”
Raskolnikov e’tirozga javoban bunday deydi: “Chalkashlikka faqat birinchi toifadagilargina yo‘l qo‘yishi mumkin, ya’ni “odmi odamlar”. Ularning ko‘plari o‘zini “ilg‘or odam, g‘ovlarni buzuvchi” deb tasavvur qiladi va “yangi so‘z” aytish uchun kuchanadi, yana buni juda samimiy tarzda qiladi. Aslini olganda esa, ular chinakamiga yangilikni ko‘pincha fahmlamaydi va hatto yangilik olib kiradiganlarni orqada qolgan tuban xayolli kishilar, deb tahqirlaydi ham. Lekin, menimcha, bunda birorta jiddiy xavf-xatar tug‘ilmasa kerak, siz unchalik cho‘chimasangiz ham bo‘ladi, chunki ular hech qachon uzoqqa bormaydi. Qo‘lidan kelmagan ishga uringanlari uchun gohida ularni savalab, o‘rinlari ko‘rsatib qo‘yilsa, nazarimda, shuning o‘zi yetarli bo‘ladi...” Bu javob uning boshqa aksar odamlarni ham o‘zidek vijdonli deb o‘ylashidan, soddaligidan darak beradi.
Agar bu borada masala, Raskolnikov aytganidek, bor-yo‘g‘i “gohida savalab qo‘yish” bilan hal etilganda edi, Gyote, Hegel, Heyne kabi buyuklarga ona bo‘lgan azim yurt 1933-yilda qo‘ng‘izmo‘ylovli bir yefreytor qo‘liga o‘tib qolmagan, u ilgari surgan “yangi fikr”, u boshlagan kasofat siyosat sabab qariyb yetmish million odam bolasining umri xazon bo‘lmagan bo‘lur edi.
Binobarin, hozir ham o‘zini favqulodda shaxs chog‘lab qolgan ayrim “dohiy”larning hali Sharq, hali Janubda ko‘rsatayotgan xurmacha qiliqlari bu toifaning uzoqqa bormasligi to‘g‘risidagi gaplar ancha jo‘n, hayot haqiqatidan yiroq ekanidan darak beradi...
Shu o‘rinda beixtiyor “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi” filmidagi bir epizod yodga tushadi: soxta shoh va uning kotibi fosh bo‘lishi bilan boshlangan talotumda saltanat timsoli – shohning qalpog‘i tasodifan saroy xizmatkori Feofan-Fedyaning boshiga qo‘nib qolganida uning o‘zgarishi, uning viqori... Darvoqe, mazkur film o‘zini aynan favqulodda shaxs, millionlar taqdirining egasi hisoblagan, aslida esa tirikchiligini ot o‘g‘riligidan boshlagan mo‘ylovdorga umrbod bo‘ysunmagan Mixail Bulgakov pesasi asosida ishlanganini ham yoddan chiqarmaylik!
Raskolnikov – inson zotiga benihoya shafqati, tabiatan ko‘ngilchan, rostgo‘y va vijdonli ekani bilan ibrat bo‘larli noyob shaxsdir. Uning singlisi Dunyaga, onasi va jabrdiyda Sonyaga, Marmeladovlar oilasi va hatto ko‘chada tasodifan uchratgani notanish qizga rahm-shafqati, bu ojiz va omadsiz odamlar oldida his etgan javobgarlik tuyg‘usi g‘oyat ta’sirli. Jism-u jonida, zohiri va botinida shuncha fazilat mujassam bo‘lgan bu yigit ayanchli hayot kechirib, bitday yashashga ko‘nishni, inson zotini ezib-yanchib tashlaydigan chegaralarda nest-nobud bo‘lishni, o‘zidan keyin bu dunyoni yana shu ahvolda – abgor va adolatsiz holda tashlab ketishni istamaydi. U o‘z zamonasining ulug‘ o‘zgartiruvchisi, millionlarni, kerak bo‘lsa, butun insoniyatni baxtli hayotga yetaklovchi shaxs bo‘lmoqqa sidqidildan intiladi; butun imkonini shu ezgu amalga baxsh etmoqqa ahd qiladi.
Ma’lumki, “Jinoyat va jazo” e’lon qilinganidan besh-olti yil o‘tgach – 1870-72-yillarda (1917-yil oktabrida qonli davlat to‘ntarishini amalga oshirajak Vladimir Lenin tug‘ilgan palla!) Dostoyevskiy bu asarning mantiqiy to‘ldiruvchisi bo‘lmish “Jinlar” (“Бесы”) romanini bitadi. Asarning markaziy qahramonlaridan biri Pyotr Verxovenskiy Ovrupo tomonlardan o‘zlashtirilgan sotsialistik g‘oyalarni qoloq va qashshoq Rusiyada sinash vasvasasiga berilgan. U insoniyatga baxt ato etadigan yangi jamiyatni qurish uchun yuz million boshning bahridan o‘tish kerakligiga ishonadi. “Murid”larining bu haqdagi chaqiriqlardan cho‘chib ketganini ko‘rib, ularga qarata bunday deydi: “Yuz million inson boshi” deb ayyuhannos solishyapti, bu hali majoz bo‘lsa ajabmas, ammo undan qo‘rqib o‘tirish kerakmi, axir, agar istibdod qog‘ozdagi orzularida asta-sekinlik bilan qandaydir yuz yil ichida yuz ming emas, besh yuz million boshni yutib yuborsa-chi? Yana shuni ham hisobga olib qo‘yingki, qog‘ozda qancha dori yozib bermang, tuzalmas kasal baribir tuzalmaydi, aksincha, paysalga solsangiz, shunchalar chiriydiki, bizga ham yuqtiradi, barcha yangi kuchlarni buzadi, ishdan chiqaradi va biz batamom barbod bo‘lamiz... Alalxusus, botqoqdan toshbaqadek o‘tamizmi yo qushday qanot chiqarib shitob bilan uchib ketamizmi?..”
Xo‘sh, nega biz suhbat boshidagi ahdimizga xilof ravishda adibning boshqa asariga ham yuz burmoqdamiz? Chunki... busiz iloji yo‘q! Chunki barcha bashoratgo‘y adiblar singari Dostoyevskiy ham nafaqat zamondosh-u vatandoshlarini, balki butun insoniyatni jinlardan – o‘zining xufya faoliyatini “ijodiy davra”, “hamfikrlar to‘garagi”, “hujra”, “birodarlar halqasi”, “sekta”, “partiyaviy yacheyka”larda boshlab, oxir-oqibat, millionlab taqdirlar ustida qonli siyosiy tajribalar o‘tkazadigan, terror va ekstremizmdan boshqa kurash usulini tan olmaydigan johillardan ogoh etgan.
Agar “Jinoyat va jazo” bosh qahramoni Raskolnikov bitta o‘zi, bor-yo‘g‘i bir sudxo‘r kampir qasdida harakat qilsa, “jinlar”ning saflari ham, faoliyat doirasi va ko‘zlagan qurbonlari soni ham qo‘rqinchli darajada kattadir. Agar Raskolnikov insoniylik doirasidan chiqishga bir boragina uringan bo‘lsa, Verxovenskiy va unga ergashgan kimsalar bu doiraga umuman kirmaganlar. Agar Raskolnikov qilmishidan benihoya pushaymon bo‘lib, o‘zini la’natlab, poklanish sari ongli tanlovni amalga oshirgan bo‘lsa, turli zamon-u makonlarda hokimiyatni egallab olgan “jinlar” jinoyatlari uchun birovdan kechirim so‘rashni xayoliga-da keltirmaydi.
Bundan 150 yil avval yozilgan “Jinlar” romanida tasvirlangan voqelikni deyarli o‘zgarmagan holda bugungi kun realligida ko‘rish-kuzatish mumkinligini ham hurmatli o‘quvchilarimizga eslatmoq foydadan xoli bo‘lmas.
Boyagi – sifatli konyak va totli qahva ichib o‘tirib, “umuminsoniyatni istibdoddan qutqarish” lozimligi xususida qizg‘in bahs olib borayotgan janoblar va xonimlar turli kvartiralarda uyushtiriladigan to‘garaklarda ish ko‘radilar. Muridlarga har qanday sharoitda to‘garak va uning rahnamolarini sotmaslik haqida qasam ichiriladi. O‘sha to‘daning jo‘shqin a’zosi, “viloyatdagi kuchli xumkallalardan biri” – cho‘loq murabbiy ta’rificha: “Xorijning siyog‘i kelib turgan turli-tuman varaqalar bizni safga zich turishga chaqiradi, hammasini vayronaga aylantirish uchun musht bo‘lib birlashinglar, deydi, dunyoni qancha davolayman deganing bilan baribir davolanmaydi, shuning uchun yuz million odamning boshini shartta kesib tashlasang, yuking yengillashadi, ariqchadan osongina sakrab o‘tib ketasan, deb ko‘rsatma beradi...”
Buni qarangki, bugun dunyoning turli burchaklarida o‘z to‘rini yoygan, muqaddas islom dini nomidan ish ko‘radigan ekstremistik tashkilotlar ham xuddi o‘sha Verxovenskiy to‘dasi singari xufya hujralarda “xorijning siyog‘i kelib turgan turli-tuman varaqalar” hamda chop etilgan manzillari ko‘rsatilmagan kitoblardagi g‘oyalar asosida ko‘pdan-ko‘p xudkushlarni tayyorlamoqda. Mana bunday chaqiriq va da’vatlar ham yuz ellik yil ilgarigi jinlarni bir to‘daga jamlagan varaqalar kabi siyoqqa egadir: “Hizb mamlakat aholisi bilan to‘qnashishdan o‘zini chetga olmog‘i va mustamlakachilikning yolg‘iz hizb bilan emas, balki butun ummat bilan to‘qnashuvini yuzaga keltirmog‘i lozim... Bu bilan ummat kuchli bo‘ron kabi aql-idrok va kuch-quvvat bilan bitta safda yuradi va mustamlakachilikning to‘la ta’siri yo‘q bo‘lishi uchun u bilan nafaqat ummat o‘rtasida, balki butun mamlakat aholisi o‘rtasida haqiqiy jang bo‘ladi” (qarang: Abbosxo‘jayev O., Umarova N., Qo‘chqorov R. Mafkura poligonlaridagi olishuv. Toshkent, “Akademiya” nashriyoti, 2007-yil. 58–75-betlar).
“Jinoyat va jazo” romani bosh qahramoni fikr-o‘ylari va xatti-harakatlari bilan “Jinlar”ning yetakchi personajlari ko‘zlagan yovuz niyatlar orasidagi nihoyatda jiddiy farqni, jumladan, Raskolnikov va Sonya o‘rtasida kechgan iztirobli suhbatdan ham yaqqol anglash mumkin:
“– Men faqat hech kimga keragi bo‘lmagan, palid, zararli bitni o‘ldirdim, xolos.
– Hali odam bit bo‘ldimi sizga!
– Men o‘zim ham bilaman bit emasligini...”
Ovrupoda maydonga kelgan siyosiy qarashlar, olam va odamni o‘zgartirish borasidagi targ‘ibotlar ta’siriga butun borlig‘i bilan berilgan, hatto otasi oq qilgan Pyotr Verxovenskiy boshliq jinlar vatani Rusiyaga “buyuk vazifani (“bor-yo‘g‘i yuz million” odamning boshi evaziga bajariladigan missiyani – R.Q.) ado etishga qodir bo‘lgan o‘lka deb, sirli tarzda qo‘l uzatilayotganini ham” bilishadi, bu qo‘llarning xayr-u ehsonidan umidvor ham bo‘lishadi. Keyinchalik V.Lenin boshchiligidagi bolsheviklar xuddi shunday “saxiy qo‘llar” ko‘magida hokimiyatni egalladi. Rusiya kengliklarida, jumladan, uning tarkibiga zo‘rlik bilan qo‘shib olingan bizning o‘lkamizda ham misli ko‘rilmagan xunrezliklarga bosh-qosh bo‘ldi!
Fyodor Dostoyevskiyning 1863-64-yillarga oid yondaftarida “Katolik xristianlikdan faqat sotsializm o‘sib chiqdi; biznikidan (provaslav xristianligi – R.Q.) do‘st-u birodarlik o‘sib chiqadi” degan qayd uchraydi (Неизданный Достоевский. Москва, “Наука”, 1971. Стр. 176).
Ana shu e’tiqodda sobit bo‘lgan adib “Jinoyat va jazo”ning bosh qahramoni Rodion Raskolnikovni universitetdagi do‘sti, oqko‘ngil Dmitriy Razumixin, jonidan ortiq ko‘radiganlari – mehribon onasi Pulxeriya Raskolnikova va singlisi Avdotya Romanovna, unga Sibir surgunida ham hamrohlik qilmoqni sidqidildan bo‘yniga olgan Sonyadek chinakam insonlar bilan ihotalaydi.
Qotillikka qadar va uni sodir etganidan keyin Raskolnikov ahvol-ruhiyasida kechgan to‘lg‘anishlarni xuddi zarrabin ostidagidek tiniq va jonli tasvirlagan yozuvchi bir joyda “Ruh tug‘yonga kelgan, lekin tug‘yon ichra dahshatli ojizlik ko‘zga tashlanib qolgan edi”, deydi. Bizningcha, qahramonning o‘sha lahzadagi holati, ichidan kechayotgan alamli hislari ifodasi bo‘lmish bu ta’rifdagi “ojizlik”, aslida, Raskolnikov ruhiyatidagi eng katta qudrat – uning chinakam INSON bolasi ekanidan yaqqol dalolat hisoblanadi. Zero, ana shu “ojizlik” uni cheksiz vijdoniy azobga giriftor qiladi, o‘zi yo‘l qo‘ygan, tuzatib bo‘lmas xatolikni butun dahshati bilan idrok qilishga majburlaydi. Oxir-oqibatda esa tavba-tazarru ila poklanmoq yo‘lini tanlashiga sabab bo‘ladi.
Binobarin, Dostoyevskiy asarlarida turli shakllarda ifoda etilgan, adib hayotiy e’tiqodining asosini tashkil etadigan muhim bir qarash mavjud: butun insoniyatni baxtli qilish haqidagi g‘oyalar, agar ularni amalga oshirish bir norasidaning-da ko‘zyoshlari evaziga bo‘ladigan bo‘lsa, sariq chaqalik qimmatga ega emas!
Mazkur gumanistik qarash romanning eng muhim voqealaridan biri orqali yozuvchi zamondoshlariga, siz-u bizga va kelgusi nasllarga sizdiriladi, ong va qalbimizga singdiriladi.
Raskolnikov o‘z nazdida “hech kimga kerak bo‘lmagan palid, zararli bit”ni o‘ldirishga azm qilgan, uning sandig‘idan olajak mablag‘ni qursog‘ini to‘ydirishga emas, faqat xo‘rlangan va haqoratlanganlarni xalos qilmoq yo‘lida ishlatishga niyat qilgan edi. Oqibat nima bo‘ldi?
“Faust”da aytilgan “Nazariya quruq og‘ochdir, / lekin yashnar hayot daraxti!” degan o‘jar haqiqat yana yuz ko‘rsatdi: Raskolnikov oltmishlarga borgan sudxo‘r kampir Alyona Ivanovnanigina emas, uning o‘ttiz besh yoshlardagi, birovga zarari tegmaydigan o‘gay singlisi Lizaveta Ivanovnani ham “naq qansharidan chopib, miyasini qoq ikkiga bo‘lib yuborish”ga majbur bo‘ldi. Mana shu mudhish manzara moziyda necha minglab marotaba yuz bergan, bugungi dunyoda ham to‘xtovsiz ro‘y berayotgan va nadomatlar bo‘lsinki, kelajakda ham sodir etilajak xunrezliklarning barchasini aks ettiruvchi timsol bo‘la oladi.
Suriyadagi talotumlarda chap kuragidan o‘q yeb, lablari ayanchli burishib, tobora vahshiylashib borayotgan insoniyatga qarata “Hammasini Yaratganga aytib beraman!” deya uvol joni taslim bo‘lgan bolajon yodingizdami?! Biz asardagi ana shu sahnani bekorga romanning eng muhim voqealaridan biri deganimiz yo‘q. Zero, romanni sinchiklab mutolaa qilgan o‘quvchi sezadiki, o‘zi qo‘l urgan qonli jinoyatdan va undan ham ko‘proq o‘zidan jirkanib, xuddi telbalardek kun o‘tkazayotgan Raskolnikovning uyg‘oqligida yodiga, alaxsib uxlaganida esa tushiga asosiy qurbon – sudxo‘r kampir emas, balki aynan “uvolgina jon” Lizaveta Ivanovna siymosi kelaveradi, uni ta’qib etaveradi. Agar Raskolnikov faqat sudxo‘r kampirnigina chopib chiqib ketganida uning o‘z qilmishi ortidan tortadigan azoblari ham, umuman, butun romanning badiiy-g‘oyaviy yo‘nalishi ham boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ana shu nuqtayi nazardan qaraganda, qahramoni Raskolnikov har qancha xohlamasin, aynan Lizaveta Ivanovna uyda bo‘lmaydigan vaqtni tanlamasin, adib baribir bu “sodda, mushtipar” ayolni unga ro‘baro‘ qiladi! O‘zicha, “Faqat birgina bitni mahv etaman-u shu bilan olamni poklashni boshlayman” deb o‘ylagan qahramoniga hamma joyda “bitlar” ham, farishtasifat insonlar ham qiyomatga qadar yonma-yon yashashga mahkum ekani, Yaratganning sirli qudrati ham, qahhorona sinov usuli ham aynan shunda namoyon bo‘lishini ko‘rsatmoq istaydi!
Nega?
Negaki, Dostoyevskiy insoniyat hayoti davomida necha-necha marta isbotini topgan achchiq bir haqiqatni nihoyatda teran idrok etgan, odamlarni shu haqiqatni unutmaslikka da’vat qilgan: “Qon qonni chaqiradi; bir jinoyat – ikkinchi, uchinchi... o‘ninchi jinoyatga yo‘l ochadi; eng dahshatlisi – bir hovuch boylarni, ekspluatatorlarni, xalq qonini zulukdek so‘ruvchilarni bir hamlada yo‘q qilish bahonasida boshlanadigan zo‘ravonliklar natijasida ularga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan oddiy xalq – beayb insonlar qurbon bo‘ladi”. Afrikadami, Osiyodami, Lotin Amerikasidami – qayerda bo‘lmasin, jamiki inqiloblar, rangli va rangsiz davlat to‘ntarishlari buni yaqqol ko‘rsatdi, ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, xalq hayotini, jamiyat boshqaruvini zo‘rlik, terror, qon to‘kishni istisnosiz talab qiladigan inqiloblar, to‘ntarishlar bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Chunki eng mushkul inqilob – inson ongidagi inqilobdir. Biroq har qancha qiyin – sobit sabrni, ma’rifiy mehnatni, aql va tafakkur kuchini talab qilmasin, ayni inson ongini yuksaltirish, undagi odamiy sifatlarni uyg‘otish orqaligina jamiyat hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirish, olomonni shaxslarga aylantirish mumkin.
Fyodor Dostoyevskiy singari insoniyatning ulug‘ mutafakkirlari, shu jumladan, millatimizning jonkuyar adiblari siz-u bizga aytgan da’vatlar, ogohlantirishlarni teran anglash; ular o‘zlari, oilalarining emas, xalqining, uning timsolida esa odamzodning dard-u o‘yi bilan yashaganlarini yurakdan his qilish ham ong va tafakkurimiz, qalb va ruhiyatimizdagi umidli o‘zgarishlarga kuch hamda samara baxsh etsa ne tong!
Rahmon QO‘CHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 4-son.
“Odamzodning dardiga ta’zim” maqolasi
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q