Yevropa sivilizatsiyasining so‘nggi ikki asrda yuksak darajada ravnaq topgani va keng ko‘lamda quloch yozgani sabab bo‘lib, O‘rta dengizdan Hind ummoniga qadar cho‘zilgan ulkan hududdagi mumtoz Sharq tamadduni jahon tarixiy-madaniy taraqqiyotidan chetga surilib qolgandek bo‘ldi. O‘tgan ana shu davr ichida VIII-XIX asrlarda gullab-yashnagan asl san’atni teran badiiylikdan mahrum shunchaki mistika mahsuli deb baholash urfga aylandi. Bugunga kelib esa jahon madaniyatini O‘rta asrlar Sharq tasviriy san’atisiz tasavvur etish mumkin emasligi ayon bo‘lib qoldi. Shunday ekan, hozirgi san’atshunoslar ulug‘ ajdodlarimizdan qolgan bebaho merosni, umuminsoniy xazinani puxta tadqiq etmog‘i darkor.
Madaniyatlar chorrahasida
Sharq madaniyati jahonga asrlar davomida adabiyot, musiqa, me’morlik, rassomlik va amaliy san’at sohasida bir-biridan jozibador, bir-biridan hayratlanarli, bir-biridan ma’nodor durdonalarni tuhfa etdi. Birinichi Prezidentimiz Islom Karimov “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjumanning ochilish marosimida so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, “Sharq olamida, xususan, Markaziy Osiyo xalqlari hayotida rivojlangan madaniyatning mavjud bo‘lgani haqida qadimgi baqtriya, sug‘d, o‘rxun, xorazm yozuvlarida bitilgan yodgorliklar, devoriy tasviriy san’at asarlari va haykalchalar, arxitektura namunalari dalolat beradi... Milodgacha bo‘lgan II asrdan milodiy XV asrga qadar qadimiy xalqaro transport arteriasi vazifasini bajarib, Xitoy, Hindiston va Markaziy Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharq, O‘rta dengiz mintaqasi kabi hudud va mamlakatlarni bog‘lab kelgan Buyuk ipak yo‘lining ulkan, beqiyos rolini baholashning o‘zi qiyin. Mazkur yo‘l nafaqat yuqorida zikr etilgan hududlar o‘rtasida savdo-sotiq aloqalarini, balki qit’alar va davlatlar o‘rtasida axborot almashuvini ta’minlashga xizmat qildi, yangi texnologiya va ishlanmalarning (ipak, chinni buyumlar, porox, qog‘oz va boshqa ko‘plab mahsulotlar) tez tarqalishida, qishloq xo‘jaligi ekinlari va agrotexnologiyalarning, shuningdek, madaniy qadriyatlarning rivojlanishida muhim vosita vazifasini bajardi va shu tariqa sivilizatsiyalararo muloqot va texnologiyalar almashuvi uchun shart-sharoitlar yaratdi”.
E’tiborli jihati shundaki, Buxorodagi Mag‘oki Attoriy masjidi-yu Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi, Samarqanddagi Registon majmuasi-yu Rimdagi Hazrat Pyotr ibodatxonaci ikki buyuk madaniyat – nasroniy Ovro‘pasi va musulmon Sharqining o‘ziga xos jihatlarini mujassam etgan. Ularning barchasi ma’naviy ahamiyati, inson ruhiyatiga ta’siri va beqiyos go‘zalligi bilan jahon madaniyati durdonalari sanaladi. Yevropada O‘rta asrlarda barpo qilingan muhtasham imoratlar va ayni shu davrda Osiyoda bunyod etilgan obidalar o‘rtasida nafaqat shakl va me’moriy yechimdagi o‘xshashlik mavjud, balki ulug‘vorligi, ko‘tarinki tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan atmosferasi bilan ham hamohangdir.
Islom san’atining asosiy yuksalishi Amir Temur va temuriylar zamonida kuzatilgan. Mazkur fenomenal davr o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan, tasodifiy tarzda yuzaga kelib qolmagan, albatta. Adabiyot, me’morlik, tasviriy va amaliy san’at kabi ko‘plab yo‘nalishlarda insoniyatga betakror durdonalarni taqdim etgan ushbu oltin asrning “Temuriylar Renessansi” deya atalishi bejiz emas. “Tadqiqotchi-olimlarning fikricha, Sharq, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi IX–XII va XIV–XV asrlarda bamisoli po‘rtanadek otilib chiqqan ikki qudratli ilmiy-madaniy yuksalishning manbai hisoblanib, jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan Sharq uyg‘onish davri – Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan”, degan edi Islom Karimov Samarqanddagi xalqaro anjumanning ochilish marosimida. Ko‘hna va navqiron shaharda o‘tkazilgan yana bir xalqaro anjuman – UNWTO Ijroiya kengashi 99-sessiyasining ochilish marosimida BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi Taleb Rifai: “Yevropa tarixida muhim o‘rin tutgan Renessans, ya’ni Uyg‘onish davri aslida mana shu zaminda ancha ilgari boshlanganini ta’kidlamoqchiman va zamonaviy madaniyat hamda sivilizatsiya aynan shu mintaqada paydo bo‘lgan, deb ishonch bilan aytishim mumkin”, deya ta’kidlagan.
Mazkur madaniy yuksalish davrida miniatura san’ati ham rivojlanib, yevropalik rassomlar ijodiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Buxoro, Hirot, Samarqand, Isfahon, Tabrizning mashhur miniaturachilari orasida, shubhasiz, buyuk musavvir Kamoliddin Behzod alohida maqomga ega. Uning ijodi aynan temuriy hukmdorlar homiyligida gullab-yashnagani tarixdan ma’lum.
Sharqdan ilhomlanib...
Ko‘plab yevropalik rassomlar – Renessans ulug‘laridan XX asr buyuklarigacha – temuriylar davridagi sharqona miniatura va bezak san’atidan ilhom izlaganini e’tirof etgan. Ana shu e’tirofdan kelib chiqib, ikki buyuk daho – Kamoliddin Behzod va Leonardo da Vinchi ijodini qiyosan o‘rganish o‘rinlidir.
Ikki buyuk musavvir – ikki Renessans namoyandalari ijodi jahon madaniyati tarixida beqiyos iz qoldirgan. Ular deyarli tengdosh: Kamoliddin Behzod 1450 yoki 1455-yili tug‘ilgan, 1536-yili vafot etgan, qabri noma’lum. Leonardo da Vinchi 1452-yili tug‘ilgan, 1519-yili vafot etgan, uning ham qabri noma’lum. Ijodiy qismatlari-da o‘xshash – Kamoliddin Behzodning sanoqli asarlari bizgacha yetib kelgan – bugun musavvir o‘z qo‘llari bilan chizgan atigi uchta miniatura ma’lum, bu benazir durdonalar AQSH (Baltimor), Angliya (Britaniya muzeyi) va Rossiya (Sankt-Peterburg)da saqlanadi. Leonardo da Vinchining ham aksar asarlari bizgacha yetib kelmagan.
Ikki rassom ham e’tiborda bo‘lgani bois hukmdorlar saroyida ijod qilgan va hayotligidayoq bemisl shuhrat qozongan. Ular turli makonda, turli ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sharoitda faoliyat yuritgan, ular yashagan jamiyatdagi diniy-madaniy muhit ham farqli bo‘lgan. Temuriylar davri miniaturalari va Yevropada XV–XVI asrlarda yaratilgan tasviriy san’at asarlari o‘rtasida o‘lcham, uslub va fazoviy yechimda unchalik katta farq yo‘q. Ikki buyuk musavvirning asarlarida ohanglar umumiyligi va mavzular muvofiqligi ko‘zga tashlanadi.
O‘rta asrlar san’atida Sharq-u Gʻarb aloqalari Usmonli saltanatida birmuncha kuzatilgan. Xususan, XV asr oxirlarida sulton saroyida venetsiyalik musavvir Jentile Bellini ijod qilgan. U Gʻarb rangtasviriga xos nur-soya, bo‘rtma andaza an’analaridan foydalangan holda sharqona uslubda betakror suvratlar ishlagan. Usmonlilar sultoni ushbu rassom asarlaridan Hirotga ham yuborib, adabiyot va san’atga homiyligi bilan shuhrat qozongan Husayn Boyqaroni lol qoldirmoqchi bo‘lgan. Asosiy maqsad esa Hirot maktabi san’atkorlarini ijodiy raqobatga chorlash edi. Natijada ikkala madaniy markaz namoyandalari bitta portretni o‘ziga xos tarzda chizib, mahorat sinoviga kirishgan.
Husayn Boyqaro Kamoliddin Behzodga Usmonli sultonining chaqirig‘iga munosib javob berishni buyuradi. Musavvir sharqona tasviriy san’atga xos bo‘lmagan turkum portretlar ishlagan. Bu asarlarda Yevropa rangtasviri ta’siri sezilib turar edi. Ana shunday miniaturalardan biri “Bag‘dodlik darvesh” 1500-yili chizilgan. Kamoliddin Behzod mazkur asarida usta miniaturachi sifatidagi yuksak mahoratini, rangtasvirning akademik an’analaridan yaxshi xabardorligini namoyish etib, nozik psixologik obraz yaratgan. Tavoze bilan o‘tirgan odamning yuz ifodasi va kayfiyatini juda aniq tasvirlagan. Darvesh oq qalpoq ustidan sipogina salla o‘rab, yelkasiga oddiy jun abo tashlagan, abo tagidan ko‘k ko‘ylagi ko‘rinib turibdi. Tomoshabinni xotirjam va sirli tikilgan ma’noli nigohdan – eng muhim ma’nodan hech narsa chalg‘itmaydi. Leonardo da Vinchining “Mona Liza”si ham ayni shu davrda yaratilgan. Mazkur kartina Yevropa tasviriy san’atida psixologik portret yo‘nalishidagi o‘ziga xos hodisa hisoblanadi.
“Bag‘dodlik darvesh” va “Mona Liza”ni solishtirsak, qiziq manzaralarga guvoh bo‘lamiz. Tashqi talqinda ham, ruhiyatga xos injaliklar sharhida ham umumiylik borligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Antik estetikada zohiriy olam va tana go‘zalligi muqaddaslashtirilgan bo‘lsa, Kamoliddin Behzod va Leonardo da Vinchi ichkariga – ko‘ngil olamiga kirdi, ularning asarlarida ruhiyat manzaralari birlamchi ahamiyat kasb etdi.
Ikki san’atkor ijodidagi tipologik muvofiqlik yoki asarlar yaratilishidagi umumiylik sabablarini izohlash ehtiyoji o‘sha davr tarixi va madaniyatiga xos manbalarni jiddiy tadqiq qilishni taqozo etadi. Aynan Qur’oni karim va Bibliya – ikki muqaddas kitob Yevrosiyo xalqlari dunyoqarashi mag‘zini ifoda etib, O‘rta asrlar Sharqu Gʻarb san’atining keng qamrovli xususiyatlari negizini tashkil qiladi.
Ruh va tana raqsi
Kamoliddin Behzodning “Darveshlar raqsi” miniaturasi va Anri Matissning “Raqs” kartinasida (XX asr) ma’noviy va uslubiy hamjihatlik kuzatiladi. “Zikr” marosim raqsi XVI–XVII asrlar tasviriy san’atida keng ommalashgan bo‘lib, Sa’diy, Hofiz, Navoiy kabi mumtoz shoirlar asarlari qo‘lyozmasini muzayyan etgan.
1490-yili ishlangan miniaturada tabiiy dinamika va ruhiy shiddat barcha ishtirokchilarni qurshab olgani seziladi. Raqsga tushayotgan ikki oqsoqol va ikki o‘rta yashar kishining to‘nlari ham ramziylikka yo‘g‘rilgan: rang qancha yorqin bo‘lsa, personaj shuncha yosh bo‘ladi. Zikrdagi uyurma harakat qo‘llarning buralib-eshilishi, rang-barang bo‘yinbog‘larning yengil hilpirashi orqali bo‘rttirib ko‘rsatilgan.
Anri Matiss “Raqs” kartinasida Kamoliddin Behzodga xos savlat bag‘ishlaydigan uslubni yanada takomillashtirgan. Ikkala asarning ham asosiy pafosi umumiy mazmunga ega: musiqa va harakat uyg‘unligi, ruh va tananing uyqash ritmi...
Dualizm falsafasi
Kamoliddin Behzod ijodida aks etgan yana bir muhim mavzu – ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi to‘qnashuv Yevropa tasviriy san’atida ham ifoda etiladi. Iblisona obrazlarga qahramon insonlarni qarshi qo‘yish tamoyili XV–XVII asrlarda yashagan yevropalik rassomlar ijodida ko‘p kuzatiladi. San’atkorlar shu orqali mudroq shuurlarni uyg‘otishga intilgan.
Sharq miniaturalarida, xususan, Kamoliddin Behzod ijodida ezgulik va yovuzlik dam-badam duchlashadi. Masalan, musavvirning bir miniaturasida hayvonkelbat iblis nozik gullarni payhon qilib borayotgani tasvirlangan. Yevropada esa iblis tasviri fikriy va moddiy taraqqiyot taqozosiga ko‘ra o‘zgarishga uchragan. Nemis rassomi Mixayel Paxerning “Hazrat Volfgang va iblis” (XV asr) kartinasi haqida xuddi shunday deyish mumkin.
Kamoliddin Behzodning Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”siga ishlagan “Mohan va iblislar” miniaturasida sharqona mifologiya yaqqol aks etgan. Suvratda turqi-tarovati hayvonsifat, gavdasi insonnikiga o‘xshash devlar va yetti boshli ajdar tasvirlangan. Bu miniaturani Pikassoning yovuzlik iblisona obrazlar timsolida jonlantirilgan “Gernika” pannosi bilan solishtirish qiziq. Albatta, miniatura va pannoning tragik ma’no darajasini taqqoslab bo‘lmaydi. Lekin yovuzlik tahdidi, ruhiy muvozanat dahshati va tiriklik bandasining baxt-saodati mavzusi hech qachon eskirmaydi. Ikki asarda ham nochorlik tuyg‘usi va buzg‘unchi unsurni ko‘rsatishda jonli plastik ritm tamoyilidan foydalanilgan. Pikasso mavzuni ijtimoiy norozilik darajasiga ko‘targan. Behzodda esa mavzu adabiy-poetik syujet doirasidan chiqmaydi. Lekin tomoshabinga hissiy ta’sir bobida unisi ham, bunisi ham kishini hayratda qoldiradi.
Naqshlar poetikasi
Naqshinkor uslub estetikasi Kamoliddin Behzodning ko‘plab ishlarida yorqin aks etgan va XIX-XX asrlarda ijod qilgan yevropalik rassomlar asarlarida ham betakror talqinini topgan. Naqsh-u nigorlardan bezak sifatida foydalangan Behzod mohir san’atkor sifatida ularni tasvirning asosiy mazmunini to‘ldirishga ham xizmat qildirgan. 1480-yili yaratilgan “Gullagan novdalar orasidagi o‘smir” kompozitsiyasida majoz va naqshlar uyg‘unligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Markaziy figura go‘yo naqsh-u nigorlar ila yaxlitlashib, go‘zallik tantanasini madh etuvchi yorqin qiyofa kasb etadi. Inson tanasi va naqshu nigorlarning uyqash kelishi avstriyalik mashhur rassom va monumentalist Gustav Klimt ijodida ham yetakchilik qiladi. Uning “Uch avlod” (1909) kartinasida momo, ona va qizaloq tasvirlangan. Suvratda falsafiy va plastik konsepsiyaga naqshlar san’atkorona sochilganini ko‘rish mumkin. Bu xuddi Kamoliddin Behzod miniaturasidagi kabi tabiatning jonbaxsh kuchi bilan bog‘liq nekbin ibtido ramzini ifoda etadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘rta asrlar Sharq miniatura maktabi XVII–XX asrlar Yevropa san’ati shakllanishiga, Yaqin va O‘rta Sharqning zamonaviy san’ati rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Markaziy Osiyo madaniyatiga-ku, shak-shubhasiz. Buni XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Yevropada ta’lim olgan, Sharq-u Gʻarb san’ati yutuqlarini mujassamlashtirishga intilgan Arabiston, Turkiya, Eron musavvirlari ijodida sezish qiyin emas.
An’analar vorisiyligi
Bugun mamlakatimizda buyuk ajdodlar merosini o‘rganayotgan, ularga ergashayotgan rassomlarimiz ko‘p. O‘tgan asrning yigirmanchi yillaridayoq ayrim ijodkorlar o‘z falsafiy va badiiy konsepsiyasini yaratishda miniatura san’atiga tayanishga uringan. Ammo feodal o‘tmish an’analariga qarshi kurash avj olib, sostrealizm hukm surishi oqibatida sharqona rangtasvir uzoq muddat unutilishga mahkum etildi. Shunday vaziyatda ham yakkam-dukkam bo‘lsa-da, miniatura nafosatiga yo‘g‘rilgan asarlar yaratildi. Xususan, Javlon Umarbekovning “Navoiy va Husayn Boyqaro” kartinasida (1974) miniaturachilik va ikonanavislik usullari mujassamlashib ketgan. Mayin lirik ohangdoshlik va insoniy tuyg‘ular tafti tomoshabinga hayratomuz taassurot baxsh etadi.
Yangi asr arafasida Markaziy Osiyo xalqlarida milliy o‘zlikni anglash to‘lqini ko‘tarilib, ijodkorlar milliy tarix, an’anaviy madaniyat va diniy mavzularga bot-bot murojaat eta boshladi. Ko‘plab yosh rassomlar ijodida sharqona miniatura san’ati yangidan tug‘ildi. Zamonaviy musavvirlar qog‘oz, teri, papye-mashe kabi materiallardan foydalanib, Sharq miniaturasi ustozlarining ishini davom ettiryapti. Ularning asarlarida asriy an’analar saqlangani holda mualliflik dastxati ham sezilib turadi. Sharq miniaturasi mustaqillik yillarida sobiq sostrealizmga raqobatchi o‘laroq shakllangan rangtasvirchilarning yangi avlodiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ayni muhitda rassomlar plastik metafora va poetik istiora yaratishda miniaturachilik an’analaridan keng foydalanayotir. Shu ma’noda buyuk ajdodlar merosi o‘z hayotbaxsh kuchini bugun ham yo‘qotgan emas.
Miniatura san’ati hozirgacha asosan temuriylar davri madaniyati tarkibida, tarixiy-madaniy va geografik hudud doirasida tadqiq etilgan. Endi oldimizda bu bebaho merosni umumjahon san’ati kontekstida ko‘rib chiqish vazifasi turibdi. Temuriylar davri madaniyati jahon san’ati taraqqiyotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatgani isbot talab qilmaydigan haqiqat. XX asr yevropalik rassomlar ijodida shunday jihatlarga duch kelamizki, ayni chizgilar bundan bir necha yuz yillar ilgari yashagan osiyolik musavvirlar asarlarida ham uchraydi. Turli davrlar va turli mintaqalarning musavvirlikka doir hodisalari umumlashtirilsa, jahon san’atining mushtarak jihatlarini ko‘rsatuvchi nodir kartina namoyon bo‘ladi. Sharqu Gʻarb rassomlari ijodidagi umumiy va xususiy jihatlar, jahon san’ati taraqqiyoti an’analari shuni isbotlaydiki, haqiqiy iste’dod chegara bilmaydi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjumanning ochilish marosimidagi nutqida ta’kidlaganidek, “O‘rta asrlarda yashab, ijod etgan buyuk Sharq alloma va mutafakkirlarining tengsiz asarlari va ilmiy merosi faqat bir millat yoki xalqning emas, balki butun insoniyatning ma’naviy mulkidir. Bu – bebaho boylik, yangi va yangi avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai, kerak bo‘lsa, yangi kashfiyotlar uchun ajoyib material...” bo‘lib qolaveradi.
Akbar HAKIMOV,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va
Badiiy akademiyasi akademigi
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q