Olinma so‘zlar xuruji, tarjimadagi ishkalliklar, ta’viya iboralar – ona tilimiz cho‘ri maqomiga tushyaptimi?


Saqlash
15:55 / 16.02.2022 4101 0

(Davomi)

 

Endi so‘zning zavoli haqida ikki og‘iz so‘z...

 

Shunday dedim-u, ikkilanib qoldim. So‘zning zavoli bo‘ladimi? So‘z axir, bezavol bir xilqat emasmi? Nazarimda, so‘zga zavol emas, zalvor degan kalima ko‘proq yarashadi. Har bir aytgan so‘zimiz zalvorli bo‘lsa, qaniydi! Chunki bu yorug‘ olamda so‘zdan aziz, tabarruk narsa yo‘q. Shuning uchun ham Navoiy, o‘zidan avvalgi malik ul-kalomlar izidan ma’rifiy-falsafiy dostonlar bitar ekan, “Xamsa”da  so‘zga uch alohida bob bag‘ishlaydi, “So‘z gavhari vasfidakim, gavhar so‘zi aning qoshida gavhar ollida bir qatra suvdek bo‘la olg‘ay”, deya so‘z sha’nini ko‘klarga ko‘taradi. Binobarin uning qadrini baland tutish, uni huda-behuda to‘kib-sochmaslik lozim bo‘lar ekan.

 

Navoiydan besh asr o‘tib, G‘arb postmodernchilari bu ma’no ifodasini yanada konkretlashtirib, “dunyoda faqat so‘z bor, so‘zdan boshqa hech narsa mavjud emas”, deya bong urishganini ham bilamiz. Bu gapni quruq oliftagarchilik, aql o‘yini debgina qabul qilsak, falsafa sohasida ojizligimiz bilinib qolmasmikin? Zero, so‘zdan bo‘lak nima bor bu dahri dunda? Nimaiki mavjud bo‘lsa – nomiga ega, nomi yo‘q narsaning o‘zi esa, Navoiy tili bilan aytsak – “nobud-u nomavjud”. Masalan, matematika faqat so‘z: undagi raqamlar, ildizlar, tenglamalar, hosilalarning bari so‘zning qisqartmasi, shartli belgisi, xolos. Bu gapni boshqa fanlar: geometriya, fizika... tatbiq etaverish mumkin. Ijtimoiy fanlar-ku, inchunin.

 

Agar so‘z, til bo‘lmaganida odamzot hali ham o‘rmonlarda meva terib yeb, daraxt ustida yashab kun o‘tkazib yurgan bo‘lar edi.

 

Ammo so‘z – milliy hodisa. Qovun yo qog‘oz, toy yoki tuproq o‘zbekka-yu habashga, ispan-u yaponga bir xil ko‘ringani  bilan, ularning har qaysisi bu narsalarni o‘z tilida boshqacha-boshqacha nom bilan ataydi, demak, dunyoni o‘z so‘zlari bilan anglaydi, farzandlariga, o‘zgalarga anglatadi.

 

Gap faqat so‘zlarda – narsalarning otini, sifatini, miqdorini, harakatini, tarzini anglatuvchi kalimalardagina emas. Fikr-munosabatni bayon etishda turli ellarning har biri boshqacha-boshqacha so‘z va ifoda tarzini tanlaydi. Masalan, biz “xohlamayman”, desak, ruslar “не хочу” deydi. Shu oddiy bir misolda turkiy xalqlar avval predmet (xohla)ni atab, so‘ng uni inkor qilsa (+mayman), hind-yevropa til oilasiga mansub tillarda so‘zlashuvchilarda buning aksi: avval inkor etib (не), so‘ng predmet (хочу)ning nima ekanini bildirishi ayon bo‘ladi.

 

Bizda hozir bir qism odamlar ana shunday o‘ziga xosliklar borligini yo unutib yuborgan, yoki anglamaydi. Oqibat, ko‘p fikrlar hissiz, jonsiz holda boshqa odamga yetib boradi. Tarjima tili jonli so‘zlashuv nutqiga ham kuchli ta’sir o‘tkaza boshlagan hozirgi zamonda bu narsa juda sezilyapti.

 

“Men o‘ylaymanki...” (я думаю, что...), “bir so‘z bilan aytganda” (одним словом) deb gap boshlaydigan odamlarning aksari yo o‘zbek emas, yoki ona tiliga begonalashgan o‘gay o‘zbek bo‘lib chiqadi.

 

Tilning milliy tabiatini his etmagan odam nimani tarjima qilmasin, asliyat tili jodusiga berilib, “asliga to‘g‘ri” qilib ag‘darib keta beradi. Ana shunday mutarjimlar tufayli bizda “tarjima tili” degan arosat paydo bo‘lgan: o‘qisang – anglamaysan, aytsang – birov tushunmaydi. Axir, masalan, “bandlikka ko‘maklashish” nima degani? Tili buzilmagan o‘zbek bu gapni eshitsa, kimdir (ishga) band, unga yordam berish kerak ekan, deb o‘ylaydi. Yana bu almoyining “bandlikni ta’minlash” (обеспечение занятости) degan aljoyisi ham bor. Shuning o‘rniga, “ish topishga ko‘maklashish”, “ish topib berish” desak, kim nimani yutqizadi?

 

“Xizmat ko‘rsatish” degan iborani eshitgansiz, “xizmat ko‘rsatish sohasi” degan butun boshli iqtisodiyat tarmog‘i bor. Lekin, xizmat... ko‘rsatiladigan narsami? Bu... ruschadagi “оказание услуги”ning hijjama-hijja ag‘darmasi emasmi? “Оказание”ni “показание” deb tushungan qaysi bir chaqqon garang shunday deb o‘girishi hamon u ommalashib ketgan. Shuning uchun endi qayerda “xizmat” so‘zi kelsa, “ko‘rsatish” degan egizagi hozir-u nozir. Artist yoki chorvador... xizmat ko‘rsatgan bo‘lar emish. Shunaqa paytda o‘z yog‘imizga qovrilavermay, qo‘shni ellar bu atamani o‘z tilida nima deyisharkan, deb bir ko‘z tashlab qo‘yilsa, ziyon qilmasdi. Masalan, qirg‘iz birodarlarimiz “mehnat singdirgan” deyishadi (Qirg‘izistonda mehnat singdirgan artist) – uzukka ko‘z qo‘ygandek chiqqan. Shu tarzda, “xizmat ko‘rsatish”ni “xizmat bajarish” desak (xizmat bajarish sohasi), lo‘nda-yu odmiroq bo‘lmaydimi?

 

Ruscha “принимать” – eng ko‘p qo‘llanadigan, ammo g‘ij-bij xato o‘giriladigan so‘zlardan biri. Ha, uning ilk ma’nosi – “qabul qilmoq”dir. Ammo istalgan o‘rinda emas-da. «Мы приняли решение» degan kalima o‘zbek tilida “Biz shunday qarorga keldik” bo‘ladi, “Biz shunday qaror qabul qildik” emas. Axir, qarorni kimdan qabul qilib olamiz? Shu tariqa, “Парламент принял закон”ni tili buzilmagan o‘zbek “Parlament qonun chiqardi” deydi, “Указ, принятый Президентом” jumlasi “Prezident chiqargan farmon” bo‘ladi, chunki davlat rahbari farmonni birovdan qabul qilib olmaydi, aks holda, farmon bergan emas, bajarish uchun qabul qilgan bo‘lib qoladi.

 

Umuman, yuridik asarlar matnida ruschadan so‘zma-so‘z olingan ifoda shakllari ko‘p. Mana, “o‘rnatilgan tartibda” degan taraqqosni qarang. Ruscha “в установленном порядке”ning tarjimasi bu. Holbuki, “belgilangan tartibda” desak, kifoya! Ustun, simyog‘och, eshik-deraza... xullas moddiy predmetlar o‘rnatiladi, tartib esa belgilanadi. “Установить”ning birinchi ma’nosi “o‘rnatish” bo‘lsa, barcha holatga shuni joriy etib bo‘lmaydi-ku?

 

Aksar tarjimonlar boshqa tildagi har bir so‘z ma’nosini to‘g‘ri tushunib, o‘z ona tilida aniq aks ettirishga harakat qilishadi, ammo shu asnoda asliyat tiliga xos gap tuzishga berilib ketishadi. Huquqiy tarzdagi ifoda shakllaridan yana biri – “установленный законом”, “охраняемый законом” tarzidagi ifoda shakllari ko‘p. Hozirga qadar aksar o‘girmachilar bu kalimani “qonun bilan o‘rnatilgan”, “qonun bilan himoya qilinadi”, deb tarjima qilishadi. O‘zbek tilida “bilan”ning bunday vazifasi yo‘q, bu ko‘makchi birgalikni ifodalaydi. Bizningcha, uni “qonunda belgilangan”, “qonun asosida muhofaza etiladi”, deb o‘girsak, o‘zbekcha chiqadi. Ana shunda bu xildagi qonun matnini o‘qib tushunmay, boshi og‘rib yurganlarga sal ko‘maklashgan bo‘lamiz.

 

Albatta, tarjima – murakkab jarayon, u xilma-xil holatlarning har birida yagona to‘g‘ri variantni topishni taqozo etadi. Chunonchi, hozirgina aytganimiz – “порядок” va “установить” so‘zlari sal boshqacha tarzda kelib, “восстановить порядок” bo‘ladigan bo‘lsa, bunda “tartib belgilash”ni talab qilish xato, “tartib o‘rnatildi” deyish ham ruscha shaklda bo‘lib qoladi, bas, “tartibga tushirildi” desak tushunarli bo‘ladi.

 

Ko‘p tarjimonlarimiz “o‘zbek shunaqa deb gapiradimi?” deb o‘ziga savol bermaydi, aksincha, o‘rislar qanaqa gapirsa, o‘sha shaklni o‘zbek so‘zlari bilan ifoda etishga intiladi. Bu narsa ayniqsa dialoglarda yaqqol ko‘rinadi. O‘zbekchada “baqirdi”, “chaqirdi”, “javob berdi”, “o‘shqirdi”, “qichqirdi” va hokazo fe’l shakllari dialogda kelsa, albatta, uning oldiga “deb” degan yordamchi so‘z qo‘shilishi shart. Rus tilida esa bunday emas.

 

Ayni xato shunchalar ommalashdiki, endi hatto o‘zbek adiblari ham o‘ristaxlit dialog tuzishga o‘ta boshlashdi. Mana, duch kelgan bir misol:

 

Nozim, – Husniyaning zaifroq ovozi eshitildi.

Ha, nima deysiz?

O‘sha yoqdan o‘shqirasanmi, yalqov? – Husniya endi ovozini baralla ko‘tardi.

– Bu yoqqa kel. Dasturxonni yig‘ishtirib, idishlarni yuv.

 

Holbuki, o‘zbek tilida har ikki holatda ham (“Husniya”dan avval) “deb”, “deya” kabi ravishdosh qo‘yilishi shart. Busiz jumla o‘rischa chiqadi.

 

“Средство” degan jo‘ngina so‘z bor ruslarda. Istalgan lug‘atni qarang, ilk ma’nosi – “vosita” deb yozilganini ko‘rasiz. Ammo bu tilda, uning qurol, dori-darmon, mablag‘ singari yana bir necha ma’nosi ham bo‘lsa-da, bizning mutarjimlar uni faqat “vosita” deb o‘girishadi. Masalan, “средство от мух”ni pashshadori deb qo‘ya qolmay, “pashshalarga qarshi vosita” deya “aniq” tarjima qilishga urinishadi. Ana shunday hollarda bular “Gugl”dan emas, “Gugl” mana shunaqa tarjimonlarning tutumidan ibrat olganmikin, deb o‘ylaysan, kishi. Jo‘ngina “dori” ularning sharofati bilan bugun “dori vositasi”ga aylandi.

 

Tarjima asnosida til buzilishiga ko‘nika-ko‘nika, endi tarjima bo‘lmasa ham, o‘zimiz ruscha qiyofada gap tuza boshladik. Mana, bugun, 24-noyabr tongda “O‘zbekiston 24” kanalida “Jizzax viloyatida 130 ta katta ko‘priklar bor”, degan gap aytildi. Tavba, axir ikkita.. to‘rtta bo‘lsa ham, “lar” o‘lgurni o‘zbek gapiga qo‘shmaydi, 130 ta ko‘prik desa kifoya-ku.   Sedananing o‘zi qora dona (siyah dona) degan so‘zdan kelib chiqqan bo‘lsa (ruscha – чернушка), hozirgi reklama tabiblari uni... “qora sedana” deb atashyapti, buni har kun, har soatda radio-yu televideniyening hali u, hali bu kanalidan uqib turibmiz. Qora sedana – shakarni shirin deganday gap-ku?

 

Rus tilida qalampir ham, murch ham birday “перец” deb ataladi. Farqlash uchun «красный перец», «чёрный перец» deb aniqlovchi qo‘shishadi. Ana endi o‘zbek tilida paydo bo‘lgan “qizil garmdori”, “qora murch” singari ta’viya iboralarga nima deysiz. Men kuyinib, TVdagilarga “qora sedana” – tavtologiya ekanini, til buzilayotganini aytsam, yelka qisishdi – reklama roliklari allaqaysi go‘rda tayyorlanar, o‘zgartirishga haqlari yo‘q ekan...

 

Ko‘ryapsizmi, reklama hatto ona tilimizga ham zug‘um o‘tkaza boshlabdi, pul janobi oliylarining oldida onamiz – ona tilimiz bir cho‘ri maqomiga tushibdi. Ahvol shu darajada bo‘lgach, “davlat tili”, “Davlat tilini rivojlantirish departamenti” deb gapirishning o‘rni bormi o‘zi?

 

Yo‘q. Tilimiz – bizning oliy qadriyatimiz. Shunchalikki, agar dunyoning eng ulug‘ donishmandi bitgan bir shoh asar o‘zbek tiliga o‘giriladigan bo‘lsa-yu, asar uslubi taqozosiga ko‘ra tarjimada o‘zbek tilining milliy xossalarini buzishga to‘g‘ri kelsa, har qancha tabarruk bo‘lsa-da, o‘sha asarning o‘girilmay qo‘ya qolgani afzal millat uchun. Busiz... biz o‘zligimizdan ajralamiz.

 

                                             Zuhriddin ISOMIDDINOV,

                       O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,

2021-yil 26-noyabr, 48 (4655)-son.

“Tarjima va til” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//