“Jadidchilar” va “qadimchilar” bir-biriga dushman bo‘lganmi? – Inkor va mushtarak maqsadlar


Saqlash
20:49 / 15.02.2022 3310 0

Turkistonning ziyoli ulamolari orasida “jadidchilik” va “qadimchilik” singari ikki g‘oyaviy oqimga ajralish o‘lkada kuchli ijtimoiy-siyosiy jarayonlar avj olgan palla – XIX asr oxiri – XX asr boshlarida sodir bo‘ldi.

 

“Qadimchilik” yoki keyingi paytlarda ilmiy muomalaga kiritilgan “an’anaviychilik”ni musulmon jamoasining asrlar davomidagi rivoji jarayonida shakllangan diniy, ma’naviy va milliy qadriyatlarni, ijtimoiy institutlarni asl holatida saqlashga yo‘naltirilgan o‘ziga xos mafkura deyish mumkin.

 

“Qadimchilik” vakillari yakka shaxslar ongiga emas, balki bir necha avlodlar tajribasi bilan sug‘orilgan jamoatchilik ongiga murojaat qilgan hamda o‘tmishdagi allomalarning boy merosi, an’analarining (asosan islomiy ilmlar va aqidalar bilan bog‘liq) inkor qilinishi jamiyatni ma’naviy tanazzulga olib keladi, deb hisoblagan. Ular shariat me’yorlarini xalq turmush tarzida qat’iy ravishda saqlab qolishni rus ma’muriyatining shovinistik siyosatiga, pravoslav missionerlik harakatiga va bahoiylikka o‘xshash boshqa oqimlarning tarqalishiga qarshi muhim to‘siq deb bilardilar, “har mo‘min muslimning kerak diniy taraqqiysi bo‘lsin, kerak dunyoviy taoliysi bo‘lsin shar’an ilm va amalsiz mumtani’ul vuqu’i (mislsiz qoqilish) bir haqiqatdir” (Mulla Shohislom. Ulum va maorif borasida // Al-Izoh. 1917-yil 21-iyul. 5-son. – B. 72), deb e’tirof etadilar. Bunga muayyan asoslar ham bor edi. Xususan, Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylantirilgach, mahalliy xalqning milliy va diniy qadriyatlari, urf-odatlari oyoqosti qilindi. Mustamlakachilar islom dini zaminida vujudga kelgan odob-axloq me’yorlari, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimini izdan chiqarishni ham o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edi. Bu xususda turli qonunlar ham chiqarilgan ediki, ular mahalliy xalq manfaatiga mutlaqo mos kelmasdi. Masalan, Turkiston general-gubernatorligida o‘rnatilgan tartib-qoidaga muvofiq, ilm va iste’dodidan qat’i nazar, 25 yoshga yetgan turkistonlik fuqaro volost boshqaruvchisi yoki qozi bo‘lishi mumkin edi. Bu tartib yetarli ilmga ega bo‘lmagan kishilarning qozi, mudarris, imom bo‘lishiga zamin bo‘lib xizmat qildi. Ushbu makkorona siyosat haqida M.Behbudiy shunday deydi: “Missionerlar tarafidan va yoyinki bizni yo‘q va nobud bo‘lishimizni va shariati muqaddasamizni hukmdan qolishini xohlatadurg‘on eski va mustabid hukumat odamlari tarafidan shunday zakonlar chiqardi” (Behbudiy M. Bizga islohot kerak // Najot, 1917-yil 17-aprel).

 

Shariatni milliy-an’anaviy qadriyatlarni saqlovchi vosita deb bilish haqidagi fikr faqatgina “qadimchilar” orasidagi g‘oya bo‘lmay, balki bunday nuqtayi nazarni ba’zi jadid namoyandalari qarashlarida ham ko‘rish mumkin. Ya’ni ayrim jadidlar ham o‘z faoliyatlarini shariatdan chetga chiqqan holda tasavvur etgan emaslar.

 

Maishiy turmushni, milliy urf-odatlarni isloh qilish borasida jadidlar talaygina ishlarni amalga oshirdi. Marosimlardagi dabdababozlik va isrofgarchiliklarni keskin tanqid qilishdi. M.Behbudiy “Oyina” jurnalining 1913-yil 6-7-sonlaridagi “A’molimiz yoinki murodimiz” maqolasida musulmonlarga qarata “Kulu va ishrabu va lo tusrifu” (“Qur’oni karim”, “A’rof” surasi 31-oyat. Ma’nosi: Yenglar, ichinglar lekin isrof qilmanglar!) oyatiga rioya qilgan holda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. “To‘y va ta’ziyaga sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib (qisqa fursatda) ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar”, deydi (Behbudiy M. Bizni kemiruvchi illatlar // “Oyina” jurnali, 1915-yil, 13-son. B. 342). Keyinchalik 1917-yili hatto “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti ham bu xususda maxsus qarornoma ham chiqardi (Sho‘roi Islomiya qarornomasi // Najot. 1917-yil 10-aprel).

 

Shu bilan birga taraqqiyparvar ulamolar asriy milliy qadriyatlar hamda mahalliy aholining mentalitetiga xos axloq-odob me’yorlarining himoyachisi bo‘lib chiqdilar. Bu xususda ma’rifatparvarlardan Cho‘lponning quyidagi so‘zlari fikrimizning dalilidir: “Ey qarindoshlar... katta iltimosimiz shuldurki, Ovro‘paning mo‘dosidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlardan namuna olib, bul jihatdan taqlid qilmoqimiz lozimdur. Ovro‘poning mo‘dosi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz!!!” (Cho‘lpon. Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar // Sadoyi Farg‘ona. 1914-yil 6-iyun).

 

M.Behbudiy musulmonlar barcha narsani shariat qolipiga solib, ilm va taraqqiyotda boshqa xalqlarga nisbatan ancha ortda qolib ketganliklaridan iztirobga tushadi. Samarqand muftiysi bo‘lgan Behbudiy islom aqidalari hamda shariat qonunlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib musulmonlarga zug‘um qilayotgan ba’zi eshon va mullalar, “qadimchi” ulamolarni qattiq qoralaydi. Haqiqiy “ulamo” barcha musulmonlar hayotini mufoviqlashtirib turuvchi ijtimoiy kuch bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. “Ulamolar va har bir millatning aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi shaxslari, – deb yozgan edi M.Behbudiy, – o‘z millatlarining kelajakdagi yo‘lini ko‘rsatib berishlari, maslahatlar berishlari, urf-odatlar islohoti uchun masjidlarda va’z-nasihat qilishlari, maktab va madrasalarda bu dunyo hamda oxiratda kerakli bo‘lgan ilmlarni o‘rgatishlari; gazeta va kitoblar yordamida millatni qay tarzda boy qilish to‘g‘risida mulohaza va mubohasalar qilishlari kerak” (Раджапов З. Из истории общественно-политической мысли таджикского народа во второй половине XIX и в начале XX вв. – Сталинабад, 1957. С. 406).

 

Shu o‘rinda “ulamo” tushunchasiga izoh berib o‘tish joiz. XX asr boshlarida “ulamo” tushunchasi ijtimoiy ma’no kasb etardi. Bunday paytda “ulamo” deyilganda, asosan, madrasalarni tamomlagan, diniy va dunyoviy ilmga ega bo‘lgan ziyoli kishilar tushunilgan. Biroq siyosiy maqsadlar sari intilishlar ham kuchayib borgach, jadidlar bilan ayrim masalalarda muxolifatda bo‘lgan o‘lka ziyolilari “ulamolar” deb atala boshlandi. Bu davrga kelib “ulamo” tushunchasi siyosiy ma’noda qo‘llaniladigan bo‘ldi (Qozoqov T. XX asr boshlarida Farg‘ona vodiysidagi ijtimoiy-siyosiy ahvol va jadidchilik harakati. Tarix f.n. dissertatsiyasi. – Toshkent. 2001. 72-bet).

 

Mazkur davrda rossiyalik tadqiqotchilar imperiya musulmonlari harakatlarini asosan uch guruhga tasniflay boshlaydilar. Bularning birinchisi musulmonchilikka yot barcha madaniyatlarni inkor etuvchi, ularni qabul qilishdan bosh tortuvchi mutaassib-konservativ musulmonlar, ikkinchisi G‘arb va Sharqdagi zamonaviy nomusulmon davlatlarga qarshi chiqa oladigan yangi musulmon davlatining tashkil etilishi masalasiga ko‘p darajada beparvo bo‘lgan taraqqiyparvar panislomchilar bo‘lsa, uchinchi guruhga imperiya hududida aholining aksariyat qismini tashkil etadigan mahalliy xalqlar tomonidan o‘zini-o‘zi boshqaradigan muxtoriyatlarning tashkil etilishiga intilgan, musulmonlarning madaniy va siyosiy taraqqiyotlari yo‘lida faoliyat olib borgan taraqqiyparvar ziyolilarni kiritganlar (Елчиев Б.И. О некоторых течениях среди мусульман. Очерк. // Свободный Туркестан. 1918 г).

 

Aynan yuqoridagi tasnifning birinchi guruhiga oid “ulamo”larni “qadimchilar” deyishimiz joizki, ular ijtimoiy hayotning barcha sohalarida azaldan shakllangan va muqim o‘rnashib qolgan aqidalarni buzilmas deb hisoblar, o‘rta asrlardan qolgan urf-odat va an’analarga biror o‘zgarish kiritilishini xayollariga ham keltirmas, o‘z manfaatlari yo‘lida dinni ham noto‘g‘ri talqin qilishga tayyor edilar.

 

Jadidlarning fikricha, “qadimchilar”ning islom aqidalarini o‘z manfaatlari yo‘lida talqin qilishdan iborat bo‘lgan konservativ qarashlari Markaziy Osiyo xalqlarini falokatli holatga, madaniy jihatdan mahdudlikka olib kelgan edi. Shuning uchun ham peshqadam milliy ziyolilar o‘z oldilariga qo‘ygan birlamchi vazifa islom ahkomlari, Qur’on oyatlari, hadislar va shariatning to‘g‘ri talqin qilinishiga erishish, maorif tizimida islohotlar o‘tkazish va zamon talabiga javob beradigan ta’lim tizimini yaratishdan iborat bo‘ldi.

 

Ilohiyot sohasida bilimga ega bo‘lgan jadidlar mavjud sharoitda islom tushunchasini takomillashtirish mumkinligi va kerakligini tushunib yetganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy (1909), Abdulla Avloniy (1910) va Abdurauf Fitrat (1915) o‘z bilimlariga tayangan holda dunyo xalqlari ma’naviy madaniyatini saqlashda islom dinining ahamiyatiga oid o‘zlarining “Muxtasar islom tarixi” kitoblarini yaratdilar.

 

M.Behbudiy o‘zining deyarli barcha ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, diniy-ma’rifiy chiqishlari (kitoblari, darsliklari, maqolalari)da millatni, ayniqsa, yoshlarni yangi, zamonaviy ilmlarni egallashga undaydi. Tom ma’nodagi ma’rifatparvar, ziyoliga xos odob bilan ulamolarning, “qadimchilar”ning ham dunyoviy ilmlardan boxabar bo‘lishlari zarurligini uqtiradi. Yangi ilmdan bebahra ulamolar ham far’iy (ikkinchi darajali) va sathiy – chuqur o‘ylamay o‘zi kabi noqillarni (naql qiluvchi, demoqchi) yomon ko‘rib, yomon ko‘z ila qarashlari noo‘rin ekanini, eski hukamo, hay’atchi va sayyohlarning so‘zi “hikoyat” maqomida tafsirlarimizgacha suqilgani uchun “oyat – faylasuf so‘zidir, hakim va rohib kalomidir”, deb bahs qiladigan hozirgi ba’zi ahli zamona va ajnabiylarga bir katta dalil va kam ilmlilar oldida dasta hujjat bo‘layotganini kuyinib ta’kidlaydi (Behbudiy Mahmudxo‘ja. Muntaxabi jug‘rofiya, 1-jild. 1905-yil. B. 27).

 

M.Behbudiyning 1905-yilda nashr etilgan “Muntaxabi jug‘rofiya” darsligining 1-jildi “Yangi hukamolarning so‘zidan namuna” bo‘limidagi fikrlar uning “jadid” va “qadim”ga bo‘lgan munosabatlarini yaqqol ifodalaydi. Jumladan, u shunday yozadi: “...hay’ati jug‘rofiy hikmati tabiyiya va kazo-kazoni bilaturgon yoshlarimiz, haqiqati islomdan bexabarlarimiz eski afsonalarni musulmon kitoblarig‘a ko‘rub musulmon kitoblaridan e’tiqodlari bo‘shaydur. Keyingi vaqtg‘a shunday kam e’tiqod yoshlarimiz tez ko‘zg‘a ko‘rinadur. Emdi bunga bir davo – chora lozimdur. Xudog‘a shukurki, yana chorasi eski va yangi ilmlarni o‘qumoq va sa’yi qilmoq ila bo‘ladur. Ammo afsuski, eskilarimiz, xususan Turkistong‘a eski holg‘a va yangilarimiz o‘z raftorlarig‘a bir-birlaridan xabarsiz va balki nafrat qiladurlar, tanimaydurlar. Ey aziz eski va yangilar, bir-biringizdan xabar olmoq va fikringiz, ilmingiz, ishtibohingizni aytmoq, eshitmoq, dardingiz davosiga chora axtarmoqingiz lozimdur va illo bu holat ila biz kundan-kun, zohiran va botinan keyin qolurmiz. Koshki faqat o‘zimiz keyin qolsak, balki ahkomi diniyamiz keyin qolganidek, e’tiqodimiz ham keyin qolib, dunyo va oxiratg‘a zomin va mas’ul bo‘lamiz” (Behbudiy Mahmudxo‘ja. Muntaxabi jug‘rofiya, 1-jild. 1905-yil. 27-bet).

 

1917-yilda Turkiston o‘lkasida sodir bo‘lgan inqilobiy hodisalar jamiyatda keskin burilish yasadi. Bolshevizm tubjoy millatning “qadim” va “jadid”larga bo‘linganidan ustomonlik bilan foydalanib mahalliy xalq orasiga ham sekin-asta kirib bordi. Millatlar orasiga qutqu solib, ajratish va jamiyatni sinfiy asosga qurish harakatini kuchaytirdi.

 

Mahalliy aholi bolsheviklar ilgari surgan sinfiy kurash, proletar inqilobi va proletariat diktaturasi, “adolatli sotsialistik jamiyat”ni barpo etish g‘oyalaridan juda uzoq edi. Shuning uchun ham hokimiyatning sovetlar qo‘liga o‘tishini ko‘pchilik musulmon ziyolilar, taraqqiyparvar shaxslar qat’iyan qoralaganlar.

 

O‘lkadagi asosiy ommaning orzu-umidlari Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmidan ozod bo‘lish, mustaqil demokratik milliy davlat barpo etish, asriy urf-odatlar, an’analarning saqlanib qolishidan iborat edi. Bu maqsadlarga erishmoq uchun o‘lkadagi barcha millatparvar kuchlar bir yoqadan bosh chiqarishi, birlashishi darkor edi. Behbudiyning o‘z chiqishlaridagi “Ey hazrati ulamo! Ey tujjor, ahli kasaba va ag‘niyo (boylar)! Ey, g‘ayratli yoshlar! Nifoq va bir-biriga dushmanlikni tashlangiz. Xudo haqi, arvohi anbiyo hurmati va bu kunlarda qornini to‘yg‘azolmayturgon yetim va bevalar haqi biri-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, xoliq Xudoning naf’ig‘a, din va millat yo‘lig‘a xizmat etingiz” (Behbudiy M. Muhtaram samarqandiylarg‘a xolisona arz // “Hurriyat” gazetasi. 1917-yil 13-may) singari xitoblari aynan shunga yo‘naltirilgandi.

 

Bir maqsad yo‘lida kurash olib borayotgan millat ziyolilarining jadid va qadimchilar guruhlariga ajralishi erk va ozodlik kurashiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi muqarrarligini chuqur anglab yetgan Mahmudxo‘ja Behbudiy “...Turkiston musulmonlari, Rossiyadan ajralmagan holda qadimchilar va jadidlar o‘rtasidagi ziddiyat va ixtiloflarimizni tugatib, birlashmog‘imiz lozim... Agar biz, Turkiston musulmonlari, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan islohotlar va ittifoqqa intilsak, ziyolilar va taraqqiyparvarlarni boy va ulamolar bilan birlashtirsak, unda biz bu bilan dinimiz, millat va vatanimizning gullab-yashnashi uchun ulkan xizmat qilgan bo‘lamiz” (Behbudiy M. Bayoni haqiqat // “Ulug‘ Turkiston” gazetasi. 1917-yil 12-iyun), deydi.

 

Afsuski, Turkiston xalqlarining ham, taraqqiyparvar ulamolarning ham millat ravnaqi, yurt ozodligi, mamlakat taraqqiyoti borasidagi yuksak orzu-umidlari ushalmay qoldi. Vatanimiz yetmish yildan ziyod muddat davomida istibdod changalida qoldi.

 

Dinsizlik shior qilib olingan sotsialistik jamiyatda har qanday diniy ulamo johil, dindorlar esa jamiyat taraqqiyotini orqaga tortuvchi qora kuchlar sifatida talqin etildi. “Jadidchilik” “mahalliy burjuaziyaning millatchilik, panturkistik g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgan mafkura” sifatida qoralangan bo‘lsa, “qadimchilik” jaholat va diniy mutaassiblikni, feodalizmning og‘ir asoratlarini o‘zida ifoda etgan oqim sifatida baholandi.

 

Murod ZIKRULLAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat

muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23615
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//