“Samarqand ham fath etilsa, Samarqandda oʻzing oʻtir”. Boburning Humoyunga yozgan maktubi, boshqaruv siyosati va hayotidagi muhim nuqtalar


Saqlash
12:05 / 14.02.2022 2553 0

Zahiriddin Muhammad Bobur haqida so‘z ketganda, hamisha shoh va shoir degan ta’rifga duch kelamiz. Ularning birini ikkinchisidan ustun qo‘yib bo‘lmasligini yaxshi bilamiz. Shoh va shoir Bobur degan bu ifodaga allaqachon o‘rganib bo‘lganmiz. Hamma gap qismatga bitilgan mana shu shohlik va shoirlikda ekanini ham tushunamiz. Taqdir bunday bir-biriga muvofiq kelishi qiyin bo‘lgan ikki a’molning raftoridan chigallashib, og‘ir yo‘lga kirganini ham tasavvur qilamiz: shohlik siyosati, shoirlikning hazin iztiroblari... Bu tasavvurlar Boburning yurt egallash uchun kechgan janglari, ba’zan qattiqqo‘llik bilan olib borgan siyosati mujassam voqelik va ko‘ngil o‘rtasida kechadigan katta kurash maydoniga o‘xshaydi, go‘yo.

 

Davron meni o‘tkardi sar-u somondin,

Oyirdi meni bir yo‘li xonumondin.

 

Gah boshima toj, goh baloyi ta’na,

Nelarki boshimg‘a kelmadi davrondin.

 

Shohlik azoblarini boshidan kechirgan, ularni shoir ko‘nglidan o‘tkazgan Boburning bunday hasbi hol ruboiylari, “Boburnoma” o‘zgacha fikrlashga imkon bermaydi. Dunyo kitobxonlari sevib o‘qiydigan ingliz, nemis tillaridagi “Bobur – yo‘lbars”, “Farg‘onalik shahzoda”, “Toj kiygan darvesh” kabi asarlarda ham, o‘zbeklar orasida shuhrat topgan “Yulduzli tunlar” romanida ham Bobur haqidagi bu tasavvurlar o‘zgarmaydi. Chunki ularning hammasi “Boburnoma”ga tayanib yozilgan. “Boburnoma” esa ulkan va noyob manba. Undagi ma’lumotlar, axborotlar, ta’rif, tavsif va talqinlar hamma zamonlarda qimmatli ahamiyat kasb etib kelmoqda. “Boburnoma”ni o‘qish – Boburni tanish demak. Boburni yanada yaxshiroq bilish, uning ko‘nglidagi quvonch-u hasratga oshno bo‘lish istagi uning she’rlarini o‘qishga undaydi. She’rlarni o‘qiymiz. Ko‘nglimiz ham osmon qadar yuksalgandek bo‘ladi, nimadir jonimizni o‘rtaydi, tomirdagi qonimizning shovullab oqayotganini his qila boshlaymiz... va o‘zini, taqdirini izlayotgan Boburni taniymiz.

 

Ne tole’dur, mangaki, axtari baxtim topilmaydi,

Falak avroqini har nechakim daftardek axtardim,

 

deb yozg‘iradi u.

 

Ha, falakni daftardek qancha varaqlab ko‘rmasin, shoir u yerdan o‘z baxtining yulduzini topolmadi. Taqdir bitiklaridan istaganingni topolmas ekansan, yaxshi-yu yomon ishlarni kechirgan bu bosh uchun o‘zgalarning ta’na-yu ta’riflari birdek emasmi? Boshidan shuncha savdolarni o‘tkazgan shoir o‘zgalar gap-so‘zining “qadr”i nechog‘lik ekanligini juda erta anglab yetgan edi:

 

Ulusning ta’n-u ta’rifi manga, Bobur, barobardur,

Bu olamda o‘zumni chun yamon-yaxshidin o‘tkardim.

 

Biz bularning hammasini she’rning sehri deb ham o‘ylaymiz. Bizni yuksaklikka undayotgan qanotlarimizni yig‘ib olmoqchi bo‘lamiz. Chunki she’r tugab, hayot boshlanayotgandek – Boburni tanish, anglash istagida “Boburnoma”ni o‘qishga tutinamiz. Boburning jang-u jadalga, yashash uchun kurashga, o‘zi istagandek katta bir davlatni barpo etish yo‘lidagi buyuk ishlariga hamroh bo‘lamiz. Goh jang bilan, goh sulh bilan egallangan yerlar, mamlakatlar, ...yo‘qotishlar ortidan kelgan topishlar. “Boburnoma”ni o‘qir ekanmiz, birdan qanotlarni yig‘ish emas, aksincha, ularga erk berish kerakligini anglay boshlaymiz.

 

Muallifning o‘zi “Vaqoe’” – “Voqeanoma” deb atagan bu asar Bobur ko‘nglining izhori. Unda shoh va shoir Boburning butun iste’dodi namoyon. Asarning muayyan qismida o‘zining ulkan maqsadi, orzularini amalga oshirish istagida jang-u jadallar ichra sarson-sargardon yurgan Bobur qattiqqo‘l va mohir sarkarda qiyofasida namoyon bo‘ladi. Oz sonli qo‘shini bilan Sulton Ibrohimning shu qadar ko‘psonli lashkarini yarim kunda yer bilan yakson qilishga muvaffaq bo‘lgani haqida “Boburnoma” muallifi shunday yozadi:

 

“...To‘lg‘amaga tayinlangan askarlarga o‘ng va chap qo‘ldan dushmanning orqa tomoniga o‘tib, o‘q otib urush boshlashlari, o‘ng va chap qanotlardagilar ham dushman bilan olishishlari uchun farmon bo‘ldi. To‘lg‘amadagilar dushman orqasiga o‘tib, o‘q ota boshladilar. Chap qanotdagi Mahdiy Xoja jangni hammadan oldin boshlab yubordi. Mahdiy Xojaga qarshi bir to‘da askar bir fil bilan bostirib keldi. Mahdiy Xojaning odamlari juda ko‘p o‘q otib, ularni chekinishga majbur qildi. Chap qanotga markazdan Ahmadiy parvonachi, Turdibek Qo‘chbek va Muhib Ali xalifa yordamga yuborildi. O‘ng qanotda ham jang boshlanib ketdi.

 

Muhammad Ali ko‘kaldosh, Shoh Mansur barlos, Yusuf Ali va Abdulloga markaz qo‘shini oldida turib jang boshlash buyurildi. Ustod Aliquli ham markaz qo‘shini oldida turib farangi (Farangi – Yevropadan keltirilgan otish quroli)dan otdi. Mustafo to‘pchi ham markaziy qo‘shinning chap qanotidagi arava ustidagi zarbzandan yaxshi zarbalar berdi. O‘ng qanot, chap qanot, markaz va to‘lg‘amadagilar dushmanni har tarafdan o‘rab olib, ustiga o‘q yog‘dirib, jangga astoydil kirishdilar”.

 

“Boburnoma” sahifalarida olib borilgan urushlarning bu kabi tafsilotlari ko‘p uchraydi. Lekin voqealarning bunday tasvirlanishi “Boburnoma”ni faqat jangnoma sifatida baholashga imkon bermaydi. Shu bois Boburni Yuliy Sezarga qiyoslagan katta olimlar, siyosatchilar, uning dilbar inson, go‘zal qalb egasi bo‘lganini alohida e’tirof etganlar, “Boburnoma”ni Sezarning “Kommentariylar”idan ustun qo‘yganlar. Chunki Boburning asari ulkan qalb sohibining bitiklaridir.

 

Umri asosan sarson-sargardonlikda o‘tgan Bobur o‘zini hamisha nazorat qilishga o‘rgangan edi. Har bir xatti-harakati uchun doim o‘ziga hisob berib borar, biror nojo‘ya ish sodir bo‘lsa, uning sababini qidirar va ko‘pincha bu sababni o‘zidan topar va xatosini to‘g‘irlashga harakat qilardi. Albatta, yoshlik shavqi, ruh erkinligi, qalbning jo‘shqin istaklari uni ham ko‘ngilning ko‘chalariga ko‘p bor olib kirgan. Shularni eslar ekan, adib “Boburnoma”da shunday yozadi:

 

Ilgarilari yaxshimi-yomonmi, jiddiymi yo hazilmi, nima xayolimga kelsa, mutoyiba yo‘li bilan ba’zan she’r qilib aytardim, – deb yozadi Bobur. – Juda yomon va qo‘pol she’r bo‘lsa ham yozib qo‘yilardi. “Mubayyin”ni she’rga solayotgan chog‘im, ojiz xayolimga va mahzun ko‘nglimga so‘zlarni bunday qayd etgan tilga va fikrni yomon so‘zlarga sarflagan ko‘ngilga hayf; bunday ma’noni paydo qilgan va yana qo‘pol xayollarni xotirga keltirgan unday ko‘ngilga afsuslar bo‘lsin, degan fikr keldi.

 

Bir-ikki kun o‘tib, Bigromga kelib to‘xtaganimizda tumov bo‘lib, isitmaladim. Bu shamollashim yo‘talga olib keldi. Har yo‘talganda qon tupurardim, ko‘p isitmaladim. Bu isitma qondan edi. Dard qayerdan ekanligini tushundim...

 

Ne qilayin sening bila, ey til,

Jihatingdin mening ichim qondur,

 

Necha yaxshi desang bu hazl ila she’r –

Birisi fahsh-u biri yolg‘ondur,

 

Gar desang kuymayin bu jurm bila,

Jilavingni bu arsadin yondur.

 

Tavba qilib... yana boshdan gunohlarimni kechirishini yolvorib, uzr so‘rab, ko‘ngilni bunday bo‘lmag‘ur xayollardan, nomunosib ishlardan tindirib, qalamni sindirdim...

 

So‘zga bunday munosabat uning iymon-e’tiqodi bilan bog‘liq. Shohligi kabi so‘zni ham Bobur qismat deb bildi. Shuning uchun ruhiyatidagi mahzunlik, tanasidagi dard ham so‘zga bog‘liqligini hech kimga o‘xshamagan darajada his etardi. Asarning yana bir o‘rnida to‘g‘ri – haq so‘zning tanasidagi darddan xalos bo‘lish uchun yordam berganini boshqa bir voqeaga bog‘lab shunday eslaydi: ... juma kuni tanamning harorati ko‘tarildi. Juma namozini masjidda qiynalib o‘qidim. Keyingi kuni peshin namozini ehtiyotkorlik bilan kitobxonada ancha vaqt o‘tkazib o‘qidim. Indini, yakshanba kuni isitmam chiqib, ozroq titroq tutdi.

 

Safar oyining yigirma yettinchisida, seshanba kuni kechasi hazrat Xoja Ubaydullohning “Volidiya” risolasini nazmda bitish ko‘nglimdan o‘tdi. Hazratning ruhiga iltijo qilib, ko‘nglimdan o‘tkazdimki, agar bu manzuma hazratga maqbul bo‘lsa, “Qasidai Burda” maqbul tushib, falaj kasalidan xolos bo‘lgani kabi men ham bu xastalikdan qutulgayman va bu nazmimning qabuliga dalil bo‘lgay. Shu niyat bilan risolani nazm etishni boshladim. O‘sha kecha o‘n uch bayt aytildi. Men har kuni o‘n baytdan kam yozmaslik majburiyatini oldim. Adashmasam, faqat bir kun yozolmadim. O‘tgan yili va umuman, har safar shu xastalik boshlansa, u kamida bir oy davom etardi. Tangri inoyati bilan, hazratning himmatidan oyning yigirma to‘qqizinchisida, payshanba kuni bir oz ruhsizlandim va shu bilan bu kasaldan xalos bo‘ldim. Rabi ul-avval oyining sakkizinchisida, shanba kuni risola so‘zlarini nazmga solib tugatdim. Bir kuni ellik ikki bayt yozildi.

 

“Boburnoma”dagi bunday inonchlarning ifodasi, ularning ta’biri, ayniqsa, Bobur taqdirida Xoja Ahror bilan bog‘liq voqealar talqini uning xoriquloddagi iste’dodi haqida o‘ylashga majbur qiladi. Xoja Ahror Boburning tushlariga ko‘p bor kirgan. Xoja Ahrorni o‘ziga g‘oyibona pir deb bilgan Bobur u zotdan tushlari orqali ham madad olgan. Bobur sargardonlik yillari boshidan o‘tgan bir voqeani eslaydi. Bu voqea uning dushman qo‘lida o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan va undan o‘zga chora yo‘qligini tan olib turgan payti sodir bo‘lgandi:

 

O‘rnimdan turib, bog‘ning bir go‘shasiga bordim. O‘zim bilan o‘zim mulohaza qildim. Dedimki: “Kishi agar yuz, boringki, ming yil yashasa ham, oxiri o‘lmoq kerak...

 

O‘limni bo‘ynimga oldim. O‘sha bog‘da bir suv oqib kelardi, tahorat oldim. Ikki rak’at namoz o‘qidim. Boshimni munojotga qo‘yib, tilak tilayotgan edimki, ko‘zim uyquga ketibdi. Tush ko‘ryapman: Xoja Ya’qub (Xoja Yahyoning o‘g‘li, hazrati Xoja Ubaydullohning nabiralari) ro‘paramga oq-qora tusdagi otda, shunday ot mingan ko‘p otliqlar bilan keldilar. “G‘am yemangiz. Xoja Ahror meni sizga yubordilar”, dedilar. “Biz ularga Ollohdan madad so‘rab, podshohlik taxtiga o‘lturg‘izganmiz. Har yerda mushkul ish tushsa, bizni nazariga kelturib yod etsin, biz o‘sha yerda hozir bo‘lurmiz”, deb tayinladilar. Hozir ushbu soatda fath va g‘alaba sizning tomondadir. Bosh ko‘taring. Uyg‘oning.

 

Bobur bu safar ham omon qoladi. Har gal tang ahvolga tushganida, o‘lim bilan yuzma-yuz kelganida, mag‘lubiyat ostonasida turganida uning madad topishi, kimlardir ishonishi qiyin bo‘lgan muvaffaqiyatlari zamirida ruhoniyatining butunligi va iymonining salomatligi turardi, aslida.

 

Ayni paytda, Bobur hayotsevar inson edi. Qayerga bormasin, o‘sha yerning tabiatini mehr bilan tasvirlaydi. Go‘zal manzaralarga oshiq bo‘lib qoladi. Qishning qorli bo‘ronlari, bahorning dilkash ranginligi, kuzning g‘amgin xazonlari “Boburnoma”dagi eng ta’sirli sahifalardan. Ular shoirning she’rlariga ham ko‘chgan:

 

Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,

She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati,

 

deb boshlaydi shoir bir g‘azalini.

 

Ba’zan bahor bois yozgan she’rlarining tarixini ham aytib o‘tgandek bo‘ladi, masalan: Bahorda Boron cho‘li, Choshtuba dashti va Gulbahor etaklari juda fayzli bo‘ladi. Sabzasi Kobul viloyatining o‘zga yerlariga qaraganda xiyla yaxshi bo‘ladi: turli-tuman lolalar ochiladi. Bir marotaba lola navlarini sanashlarini buyurdim: o‘ttiz to‘rt nav lola chiqdi. Chunonchi, bu yerlar ta’rifida bir bayt aytilgan edi:

 

Sabza-vu gullar bila jannat bo‘lur Kobul bahor,

Xossa bu mavsumda Boron yozisi-yu Gulbahor.

 

Mana shu sayrga kelganida yozgan boshqa bir g‘azali haqida ham gapirib, shunday deydi: Ushbu sayrga kelganda, bu g‘azalni yozib tugatdim:

 

Mening ko‘nglumki gulning g‘unchasidek tah-batah qondur.

Agar yuz ming bahor o‘lsa, ochilmog‘i ne imkondur?

 

Tabiatni, uning go‘zal manzarasini zavq bilan tomosha qilishni Bobur juda yaxshi ko‘rgan, u haqda yozishdan charchamagan: Payshanba kuni oftob chiqqanda daryo qirg‘og‘idan qo‘zg‘aldik. ...ajoyib gulzorni tomosha qildik. Sariq va qizil gullar bo‘lak-bo‘lak joyda to‘p-to‘p bo‘lib, yana ba’zi yerlarda faqat sariq gullar ochilib yotibdi. Yana ba’zi yerlarda xuddi sochib tashlagandek sariq-qizil gullar aralash ochilgan. Qarorgoh yaqinidagi tepalik ustida o‘tirib, gulzorni tomosha qildik. Xuddi rejalashtirib ekilgandek, bir tepalikning olti tarafida – bir joyida sariq va ikkinchi joyida qizil gullar qator-qator bo‘lib olti burchak shaklida ochilib yotibdi. Ikki chetda gul kamroq ochilgan, biroq ko‘zimiz ilg‘agan yerlarning hamma yog‘i gulzor edi. Parshavor atroflarida ham bahor chog‘i yaxshi gullar bunyod etiladi.

 

Bahor hammani ilhomlantiradi. Ammo “Boburnoma”dagi xazon fasli tasviri kitobxonni o‘ziga tortadi. Ayniqsa, Boburning kuzning timsol-u tashbehlariga yo‘g‘rilgan she’rlari emas, balki “Boburnoma” asarning bir necha o‘rnida kelgan xazon sayri – Boburning kuzni, xazonlarni tomosha qilish maqsadida sayrga chiqishining o‘ziyoq dilni o‘rtaydi.

 

...Dushanba kuni Istalifga xazon sayriga borildi... Asr namoziga yaqin Behzodiyga yetib keldik, xazon juda ko‘p tushgandi... to‘kilgan xazonlar shu qadar go‘zal ediki, sarg‘aygan daraxtlar ostida o‘tirdik.

 

Kuz juda yaxshi kelgandi. ...peshin namozi vaqtida Istarg‘achda bir yaxshi xazonbog‘da to‘xtab, suhbat qurdik... Ertalab osh yeb, otlarga minib, Istarg‘ach pastidagi podshohiy bog‘ni sayr qildik. Bir olma daraxti yaxshi xazon bo‘lgandi, har bir shoxida besh-olti barg qatorlashib qolgandi, agar rassomlar qancha harakat qilib chizsalar ham, bunday chizolmasdilar.

 

Xazon yafrog‘i yanglig‘ gul yuzing hajrida sarg‘ardim...

Ko‘rib rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim...

 

“Boburnoma”da tasvir etilgan voqealar ichida yashayotgan katta ko‘ngil bor. Goh bu voqealar shiddatida yongan, goh yolg‘izlikning sokin go‘shasini makon tutgan, goh vatan sog‘inchidan o‘rtangan, gohida hayotning bor shodlig-u quvonchlaridan dunyoni unutmoqchi bo‘lgan ko‘ngil u. Voqealar ichra – shoh, ko‘ngilda – shoir bo‘lib yashagan ulkan hodisadir Bobur. Boburning ko‘ngli ko‘pincha, yolg‘izlikka moyil bo‘lsa-da, podshohlik bilan yolg‘izlik muvofiq emasligini yaxshi bilgani uchun buni ko‘p eslaydi va o‘zi bilan kurashadi. O‘g‘li Humoyunga bitgan maktubida ham unga bu borada o‘gitlar beradi: ...xatlaringda yolg‘izlik, yolg‘izlik deb yozibsan. Podshohlikda bunday deyish aybdir. Axir aytadilar-ku:

 

Agar poy bandi rizo pesh gir,

Va gar yaksuvori sari xesh gir.

 

(Agar oyog‘ing band bo‘lsa, rizoni oldingga qo‘y,

Agar tanda suvora bo‘lsang, o‘z boshingga bor.

 

Ya’ni: jangga bog‘langan bo‘lsang, boshingga kelgan har narsaga rozi bo‘l, agar hech narsaga bog‘lanmagan bo‘lsang, yo‘lingdan qolma, ketaver.) Hech bir band podshohlik bandicha bo‘lmas. Podshohlik bilan yolg‘izlik muvofiq kelmas.

 

Boburning o‘zi ham yolg‘izlik haqidagi o‘ylarini, iztiroblarini ko‘ngliga yashirdi, she’rlariga ko‘chirdi, hayotda esa katta shavq va shijoat bilan yashadi, qayerga bormasin, bunyodkor bo‘lishga intildi. Boburning ta’kidlashicha, aql egasi bo‘lgan har qanday odam, ortidan yomon so‘z bilan eslanadigan ishlarga nega qo‘l urarkan, es-hushi joyida bo‘lgan har bir kishi dunyodan o‘tgach, tahsinlar bilan eslanadigan ishlarni qilishga nega urinmas ekan. Ismning yodga olinishini hakimlar ikkinchi umr deganlar.

 

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q,

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!

 

deydi shoir bir g‘azalida.

 

Bunday fikrlar, ayniqsa, uning Hindistonni egallagandan keyingi faoliyatida yana ham yorqinroq ko‘rinadi. Nimalarni boshidan kechirmadilar Bobur va uning hamrohlari Hindistonga ketib. Issiq havo, chang va shamol Movarounnahr va Xurosonning bosafo yerlaridan ketgan beklarni, mulozimlarni, askar va xodimlarni qattiq qiynadi. Kimlardir ketish taraddudiga ham tushdi. Odamlardagi bunday beqarorlikni ko‘rib, barcha beklarni chaqirib, kengash o‘tkazgan Bobur:

 

“Necha yillar harakat qilib, mashaqqat chekib, uzoq yerlarni bosib o‘tib, lashkar tortib, o‘zimizni va lashkarni jang va o‘lim xatariga soldik. Tangrining marhamati bilan shuncha ko‘p dushmanni yengib, bunday katta mamlakatni egalladik. Endi esa qanday kuch va zaruriyat munchalar jon tortib olgan yerlarimizni hech bir sababsiz tashlab ketishga majbur qilmoqda. Kim bizga xayrxoh bo‘lsa, bundan keyin bu kabi so‘zlarni aytmasin, kimki toqat qilolmay ketishni niyat qilgan bo‘lsa, ketsin, ketgach, qaytib kelmasin”, degan ta’sirli gapni aytadi. Bu siyosat ko‘pchilikni hushyor torttirgan edi.

 

Hindistonning bitta kamchiligi – unda oqar suvning yo‘qligi edi. Qayerdaki o‘rnashmoqchi bo‘lsalar, charxlar yasab, oqar suv o‘tkazib, reja bilan bog‘lar barpo qilishni o‘ylardi podshoh Bobur. Ograga kelganlaridan bir necha kun o‘tib, shu ishni amalga oshirish niyatida Juun daryosidan o‘tib, bog‘ qurish uchun yerlarni ko‘rib chiqadi. Bu yerlar shu qadar ko‘rimsiz va xarob ediki, uni ko‘ngli tortmay va qoniqmay yana suvdan kechib qaytib ketadi. Chorbog‘ haqidagi fikrlari ham xayolidan ko‘tariladi, ammo Ograga yaqin boshqa bir bo‘sh yer ham yo‘q ediki, bir necha kundan so‘ng ilojsiz shu yerning o‘zida ish boshlaydilar.

 

“Avval katta quduq qazildi, – deb yozadi Bobur, – hozir hammom suvi o‘sha yerdan olinadi. Yana anbiliy daraxtlari o‘sib yotgan va sakkiz burchakli hovuz qurilgan bir bo‘lak yerda ishladik. Undan so‘ng katta hovuz va hovli barpo bo‘ldi. Keyin tosh imorat oldidagi hovuz va tolor qurildi. Undan so‘ng “Xilvatxona” bog‘chasi va uylar bino bo‘ldi. Undan so‘ng hammom qurildi. Bunday ko‘rimsiz va betartib Hindda yaxshi tartibli binolar va tekis bog‘lar barpo etildi. Har go‘shada, har burchakda yoqimli gulzorlar, har bir gulzorda tartib bilan ekilgan yaxshi gul va nastarinlar yetildi”.

 

Hindistonni obod qildi, u yerda o‘zi istagandek yashashga harakat qildi. Lekin uning ko‘ngli o‘zi sevgan go‘zal Kobulga talpinardi, bobo yurti Samarqand bir zum ham yodidan chiqmasdi. Shu bois Humoyunga yozgan maktubida ko‘ngli tubida saqlab yurganlarini ochadi:

 

Agar Tangrining marhamati bilan Balx va Hisor viloyatlarini qo‘lga kiritish nasib etsa, Hisorga sen o‘z odamingni qo‘y, Balxda Komronning odami tursin. Agar Tangrining inoyati bilan Samarqand ham fath etilsa, Samarqandda o‘zing o‘tir... Juda ko‘p fath va zafarlarni Kobulda ekanimda ko‘rdim. Shu bois Kobulni yaxshi niyatlarimga erishgan joy deb bildim va uni o‘z ixtiyorimda qoldirdim. Hech biringiz unga ta’ma qilmagaysiz...

 

 ...Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zini Kobulga dafn etishni vasiyat qiladi. Uning bu tilagi vafotidan bir necha yil o‘tgach, xokini ko‘chirish orqali bajo etiladi.

 

“Boburnoma”ni ko‘chirgan noma’lum kotib aytganidek, qobil podshohning yaxshiliklarini aytib va yozib tugatish mahol.

 

Bobur she’rlari, “Boburnoma” kishini uyg‘oqlikka chorlaydi, unga qanot beradi, ruhlantiradi, qalbining tubiga nazar tashlashga, yaxshi-yomonni farqlashga o‘rgatadi. Xudo bergan umrni behuda sarflamaslikka, umrni qadrlashga, demak, o‘zgalarni ham sevishga, qadrlashga o‘rgatadi.

 

Ehtimol, Boburning o‘zi falakni necha bor varaqlagani bilan topolmagan baxt yulduzi uning asarlariga taqdim etilgandir.

 

Karomat MULLAXO‘JAYEVA,

filologiya fanlari nomzodi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 228
Millat qanday tarbiyalanadi?

Tarix

17:10 / 29.10.2024 0 393
General Jo‘rabekning qotili kim?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21143
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//